Xaromi bola

Assalomu alaykum! Sizlardan  va qilayotgan ishlaringizdan Alloh rozi bo‘lsin. Bir joyda : Ikki insonning aybi bilan benikoh tug‘ilgan bola do‘zaxi bo‘ladi” deb eshitdim. Shu bor gapmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh taolo “Zumar” surasi 7-oyatida marhamat qiladi :
«...Hech bir yukli jon o‘zga jonning yukini ko‘tarmas...».
Hammaga o‘zining yuki, ya’ni gunohlari etib, ortadi. Birovning og‘irligini ko‘tarishga yo‘l bo‘lsin. Buning ustiga, oxiratda har jondan faqat o‘z amaliga javob berish talab qilinadi. Chunki:
«So‘ngra qaytishingiz faqatgina Robbingizgadir».
Qiyomatda faqat Robbingizga qaytasiz, boshqa hech kimga qaytmaysiz.
«Bas, sizga qilib yurgan amallaringizning xabarini berur».
Barchangiz Robbingiz huzuriga qaytib borganingizda, U sizga bu dunyoda qilib o‘tgan amalingizdan xabar beradi. Zarracha ishni ham hisobga olib qo‘ygan bo‘ladi. O‘zingizning esingizdan chiqib ketgan bo‘lsa ham, Allohning hisobidan chiqmaydi. Hech narsa maxfiy qolmaydi. Chunki
«Albatta, U Zot ko‘kslardagi narsalarni ham biluvchidir».
Bo‘lib o‘tgan ishlar u yoqda tursin, dildagi niyatlarni ham Alloh taolo juda yaxshi biladi. Bas, har bir banda shuni e’tiborga olib tasarruf qilsin. Buni zinhor yodidan chiqarmasin.("Tafsiri Hilol" kitobidan).
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi : "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam : Valadi zinoga ota-onasining gunohidan hech narsa yo‘q". Tabaroniy rivoyati.
Dovud ibn Ali otasidan rivoyat qiladi : “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam : Uchta yomon kishining biri valadi zinodir. Agar ota-onasining ishini qilsa” deganlar. Ibn Adiy rivoyati. Ushbu hadisga binoan, bola mo‘min bo‘lib, shariatga amal qilib, ota-onasining ishini qilmaydigan bo‘lsa, do‘zaxiy bo‘lmaydi. Vallohu a’lam.

26 Май 2022, 15:23 | Савол-жавоблар | 182 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar