22 yoshdan keyin

Assalamu alaykum! Ustozlar savol biroz nokulay bo‘lsa uzr. Bir odamning aytishcha, erkak kishi yoshi 22ga kirgach ham uylanmasa, nafsni qondirib turmasa kasallikka chalinar emish. Hozir mening yoshim 24da, uylanishga sharoit to‘g‘ri kelmasa, faxsh ish qilishga Allohdan qo‘rqaman. Nima qilish kerak? O‘sha odamning gaplari qanchalik haqiqatga yaqin? Javob uchun oldindan rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! “Erkak kishi yoshi 22ga kirgach ham uylanmasa, nafsni qondirib turmasa kasallikka chalinar emish” degan gap fosiq kishining gapi. Agar uni halol desa dindan chiqish xavfi ham bor. Lekin shariatimizda siz kabi insonlarga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarida nikohga targ‘ib juda kuchli tarzda kelgan. Ushbu haqiqatni anglab etishimiz uchun quyidagi ikki hadisni o‘rganib chiqamiz. عَنْ عَبْدِ اللهِ رضي الله عنه  قَالَ: سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِ صلي الله عليه وسلم يَقُولُ: يَا مَعْشَرَ الشَّبَابِ، مَنِ اسْتَطَاعَ مِنْكُمُ الْبَاءَةَ فَلْيَتَزَوَّجْ، فَإِنَّهُ أَغَضُّ لِلْبَصَرِ وَأَحْصَنُ لِلْفَرْجِ، وَمَنْ لَمْ يَسْتَطِعْ فَعَلَيْهِ بِالصَّوْمِ، فَإِنَّهُ لَهُ وِجَاءٌ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ. Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning:
«Ey yoshlar jamoasi, sizdan kim nikohga qodir bo‘lsa, uylansin. Albatta, u ko‘zni to‘suvchi va farjni saqlovchidir. Kim qodir bo‘lmasa, ro‘zani lozim tutsin, bu uning uchun bichilishdir», deganlarini eshitdim».
Beshovlari rivoyat qilganlar.
Ushbu hadisi sharifdagi «nikohga qodir bo‘lsa», deb tarjima qilingan ibora arabchada «bo’a» deyilib, moddiy, ma’naviy va jismoniy jihatdan nikohga qodirlik ma’nosini anglatadi.
Demak, shu ma’nodagi qudratga ega bo‘lgan har bir musulmon uyli-joyli, oilali bo‘lishga harakat qilmog‘i lozim. Agar nikohga moddiy yoki ma’naviy jihatdan qudrati etmagan, sarf-xarajatni ko‘tara olmaydigan yoki uylansa, umr yo‘ldoshiga zulm qilishdan o‘zini to‘xtata olmaydigan yoshlar bo‘lsa, ro‘za tutishlari kerak. Shu yo‘l bilan ular shahvatlarini bosadilar. Chunki ro‘za tufayli kishining shahvati pasayib, boshqa jinsdagilarga shahvat bilan qaramaydigan, farjini zinoga ishlatmaydigan holga keladi.
Oddiy holatlarda esa bu ikki xavfning oldini nikoh oladi. Nikohdagi kishi o‘z shahvatini halol yo‘l bilan qondirganligi uchun, ko‘zi nomahramlarga qarashdan tiyilgan, farji haromga yurishdan saqlangan bo‘ladi.(“Baxtiyor oila” kitobidan). Vallohu a’lam.

26 Май 2022, 15:24 | Савол-жавоблар | 131 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar