Tavakkulda qalbning holati

Assalomu alaykum! Muqaddas dinimiz Islom aqiydasi bo‘yicha "Alloh mening ishim va rizqimga O‘zi kafildir" deb barcha ishda Allohga tavakkal qilganmiz. Ba’zan ish yuzasidan hojatimiz tushib kimdandir qarz so‘rashga to‘g‘ri keladi yoki boshqa bir yordam so‘rab qoladi. Shu holatda, ya’ni bir kishidan qarz yoki yordam so‘ramoqchi bo‘lgan kishining qalbi qanday holatda bo‘lmog‘i lozim. Bir kishidan qarz olishni yoki yordam berishni so‘ramoqchi bo‘lgan kishi Allohdan boshqadan yordam so‘ragan bo‘ladimi? Ushbu savol bugungi kunda men uchun juda muhim bo‘lib qolmoqda. Qalbimda Allohdan boshqadan najot so‘rash yo‘q. Mazkur holatning nozik jihatini tushunib olmoqchiman. Javob uchun katta rahmat. 
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Bu dunyo sabablar dunyosi bo‘lib, banda sabablarni ixtiyor qilishga buyurilgan. Farzand ko‘rish uchun uylanish, chanqoqni bosish va ochlikni ketkazish uchun eb-ichish, hosil olish uchun dehqonchilik qilish kerak. Natija esa Allohdandir. Banda sabablarini ixtiyor qilib, natijani Allohga tavakkal qilishi kerak. Sabablar ham shariat ko‘rsatmalariga muvofiq bo‘lishi kerak. Muhtoj bo‘lganda qarz olish ham ehtiyojni ketkazadigan sabablardan biridir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham bir necha bor qarz olganlar. عَبْدِ اللهِ بْنِ أَبِي رَبِيعَةَ  رضي الله عنه قَالَ: اسْتَقْرَضَ مِنِّي النَّبِيُّ أَرْبَعِينَ أَلْفًا، فَجَاءَهُ مَالٌ فَدَفَعَهُ إِلَيَّ وَقَالَ: بَارَكَ اللهُ فِي أَهْلِكَ وَمَالِكَ، إِنَّمَا جَزَاءُ السَّلَفِ الْحَمْدُ وَالْأَدَاءُ. رَوَاهُ النَّسَائِيُّ. Abdulloh ibn Abu Robiy’a roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam mendan qirq ming qarz oldilar. Keyin u zotga mol kelganida uni menga qaytarib berdilar. Va:
«Alloh molingga va ahlingga baraka bersin. Albatta, qarzning mukofoti maqtov va ado etishdir», dedilar».
Nasaiy rivoyat qilgan.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muhtoj bo‘lib qolganlarida Abdulloh ibn Abu Robiy’adan qirq ming dirham qarz olgan ekanlar. Hatto vafot etgan paytlarida ham sovutlari olgan qarzlarining garovida edi. Shundan kelib chiqadiki, qarz olish tavakkulga zid emas. Qarzni ado qilish niyatida olinsa bo‘ldi. Vallohu a’lam.

26 Май 2022, 15:29 | Савол-жавоблар | 133 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar