Ehson joizmi?

Assalamu alaykum! Meni xolamning xo‘jaynini singlisini uch etim farzandi bor. Oilaviy sharoitlari biroz og‘ir. Ular bir qizlarini turmushga berishmoqchi. Qizlarining xulqi yomonroq. Biz shu oilaga moliyaviy yordam bersak bizga savob bormi yoki zakot sadaqalarimizni boshqa insonlarga berganimiz afzalmi?

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Boshqalardan ko‘ra ularga berib, ulardan uzoqlashish o‘rniga tobora yaqinlashib, hikmat ila ularga tushuntirishga, o‘nglinishlaridan noumid bo‘lmaslikka harakat qilishingiz kerak. QALBLARI ULFAT QILINGANLAR SINFI «Qalblari ulfat qilinganlar» deganda, Islomga kirishidan yoki Islomda sobit bo‘lishidan umid qilinayotgan kishilar hamda Islomdan ularning sharrini to‘sish, Islom yo‘lida xizmat qildirish, musulmonlarga yordam berish ko‘zlanayotgan kishilar ko‘zda tutiladi. Ular bir necha qismga bo‘linadilar: 1. Zakotdan ulush olsa, o‘zi ham, ahli-ayoli, urug‘-aymog‘i ham Islomga kirishi umid qilinadigan kishilar. Nabiyimiz sollallohu alayhi vasallam Safvon ibn ­Umayyaga­ shunday muomala qilganlar. Makka fath qilingan kuni unga omonlik e’lon qilib, to‘rt oy muhlat berganlar. U safarda edi. Qaytib kelib, kofir holida Hunayn urushida musulmonlar bilan birga qatnashgan. Nabiyimiz sollallohu alayhi vasallam bu urushga chiqishdan oldin uning silohini qarzga olgan edilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam unga bir vodiydagi ko‘p tuyalarni yuklari bilan berganlar. Sa’id ibn Musayyabdan rivoyat qilinadi: «Safvon ibn Umayya: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam men uchun eng yomon odam bo‘lib ko‘ringanlarida mol berdilar. Ular mol berishda davom etaverdilar va oxiri men uchun eng mahbub odamga aylandilar», dedi». Muslim va Termiziy rivoyat qilishgan. Nabiyimiz sollallohu alayhi vasallamdan Islom uchun nima so‘ralsa, shuni berar edilar. Shu tariqa Islomga kirganlar ham anchagina bo‘lgan. 2. Islom va musulmonlar uchun yomonlik qilishi ­mum­kin-u, mol olsa, o‘sha yomonligini qaytarish imkoni bor. Ba’zi odamlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelishar, ularga zakotga tushgan moldan bersalar, «Islom juda yaxshi din-da!» deb maqtab ketishar, bermasalar, yomonlab ketishar edi. 3. Islomga yangi kirgan-u, unga zakot molidan berilsa, unda sobit bo‘lishi umid qilinadigan odamlar. Chunki odatda Islomga yangi kirgan odam ota-onasi, qarindosh-urug‘i, jamiyati va eski dini ahli tomonidan turli tazyiqlarga, jumladan, iqtisodiy tazyiqlarga ham uchraydi. Shuning uchun unga yordam berish kerak. 4. Obro‘-e’tiborli, ammo kofirlardan tengdoshlari bor musulmonlar. Agar ularga yaxshi muomala qilinsa, o‘sha tengdoshlari ham musulmon bo‘lishidan umid bo‘lsa, ana shunday musulmonlarga ham zakotdan beriladi. Bunga hujjat qilib, Abu Bakr roziyallohu anhuning Adiy ibn Hotim va Zaburqon ibn Barrga yaxshi musulmon va qavmlari orasida obro‘-e’tiborli bo‘lishlariga qaramay, zakotdan berganlari misol keltiriladi. 5. Musulmonlardan o‘z qavmlarida katta obro‘ga ega bo‘lgan iymoni zaifroq boshliqlarga ham ko‘ngillarini ulfat qilish uchun zakotdan beriladi. Nabiyimiz alayhissalom ana shunday kishilarga Havazondan tushgan o‘ljalardan berganlar. Ularning ko‘plari ahli Makkadan bo‘lganlar. Keyinchalik haqiqatda ham ular yaxshi musulmon bo‘lib ketganlar. 6. Dushman bilan chegaradosh joylarda himoya-mudofaa ishini bajarib turgan musulmonlar. 7. Zakot yig‘ish ishlarida obro‘-e’tiborlari yordam beradigan musulmonlar. Albatta, ba’zi mazhab va ulamolarning bu haqda o‘zlariga yarasha mulohazalari bor. Hozirda «qalblari ulfat qilinganlar» ulushidan olishga haqli kishilar bormi? Ulamolarimiz bu haqda ko‘pgina gaplarni aytganlar. Hanbaliy mazhabi: «Bu ulushga haqlilar doimo bor», deydi. Hanafiylar esa: «Bu hukm nasx bo‘lgan. Hozir qalblari ulfat qilinganlar yo‘q», deydilar. Zamondosh ulamolardan ko‘plari: «Bu ulushni qo‘llash kerak, chunki hozir Islomga yangi kirayotgan va Islomda sobit qolishga ehtiyoji borlar ko‘p, boshqa holdagilar ham mavjud», deydilar.(“Kifoya” kitobidan). Vallohu a’lam.

26 Май 2022, 15:37 | Савол-жавоблар | 159 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar