G‘ayridinlar

Assalamu alaykum! Ustozlar. Men hozirda Moskva shahrida har xil millatlar bilan ishlayapman. Ba’zan Tojikistonliklar bilan tortishib qolaman. Ular ruslarni “kofir” deyishadi. Men “bir qavmni kofir dema, o‘zing kofir bulursan degan hadis bor” desam, yo‘q “ular kofirlar” deyishadi. Haqiqatdan xristianlar kofirmi?

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh taolo “Moida” surasi 73-75-oyatlarida marhamat qiladi :
 لَّقَدْ كَفَرَ الَّذِينَ قَالُواْ إِنَّ اللّهَ ثَالِثُ ثَلاَثَةٍ وَمَا مِنْ إِلَهٍ إِلاَّ إِلَهٌ وَاحِدٌ وَإِن لَّمْ يَنتَهُواْ عَمَّا يَقُولُونَ لَيَمَسَّنَّ الَّذِينَ كَفَرُواْ مِنْهُمْ عَذَابٌ أَلِيمٌ۝
73. «Albatta, Alloh uchtaning biridir», deganlar batahqiq, kofir bo‘ldilar. Yagona Ilohdan o‘zga hech qanday iloh yo‘q! Agar aytayotganlaridan qaytmasalar, ulardan kufr keltirganlarini albatta alamli azob tutadir.
Nasroniy dinidagilarning mantiqsiz, o‘zlari o‘ylab chiqargan, haqiqiy diniy ta’limotni buzib ko‘rsatadigan aqiydalaridan biri ushbu oyatda muhokama qilinmoqda. Ular: «Allohning tabiati bir-biriga teng uchta ko‘rinishdan – Ota xudo, o‘g‘il xudo va Muqaddas ruhdan iboratdir. O‘g‘il xudo, ya’ni Iyso vositasi ila butun maxluqot Ota xudoga ulashadi. Shu bilan birga, o‘zlarini tavhid aqiydasida ekanlarini da’vo qiladilar.
Xuddi mana shu mantiqsizlik qadimdan nasorolar o‘rtasida turli kelishmovchiliklarni keltirib chiqargan. Hozirgi kunda odamlarning masihiy dinidan chetlanishida ham xuddi shu sabab bor. Bir oz aqlini ishlatgan odam bu safsatani mutlaqo qabul qila olmaydi. Chunki sog‘lom aql dalolat qilgan narsa:
«Yagona Ilohdan o‘zga hech qanday iloh yo‘q!»
Bundan boshqa gapni aytib, buzuq e’tiqod qilib yurganlar botil fikrlaridan qaytmoqlari lozim:
«Agar aytayotganlaridan qaytmasalar, ulardan kufr keltirganlarini albatta alamli azob tutadir».
Bu muqarrar narsa. Bo‘lajak alamli azobdan hamma tiriklik paytida qutulib olishi mumkin. Buning uchun:
 أَفَلاَ يَتُوبُونَ إِلَى اللّهِ وَيَسْتَغْفِرُونَهُ وَاللّهُ غَفُورٌ رَّحِيمٌ۝
74. Allohga tavba qilib, Undan mag‘firat so‘ramaydilarmi?! Alloh o‘ta mag‘firatlidir, o‘ta rahmlidir.
U Zot tavba qilganlarning tavbasini qabul etadi. U Zot istig‘for aytganlarning gunohini kechiradi.
Fursat o‘tmasdan avval, buzuq aqiydalaridan qaytib, tavba qilsinlar, to‘g‘ri aqiyda bo‘lmish Islom aqiydasiga ishonsinlar va o‘tgan gunohlarini kechishini so‘rab, Allohga istig‘for aytsinlar.
Iyso alayhissalom haqlaridagi to‘g‘ri e’tiqod quyidagicha bo‘ladi:
 مَّا الْمَسِيحُ ابْنُ مَرْيَمَ إِلاَّ رَسُولٌ قَدْ خَلَتْ مِن قَبْلِهِ الرُّسُلُ وَأُمُّهُ صِدِّيقَةٌ كَانَا يَأْكُلاَنِ الطَّعَامَ انظُرْ كَيْفَ نُبَيِّنُ لَهُمُ الآيَاتِ ثُمَّ انظُرْ أَنَّى يُؤْفَكُونَ۝
75. Masih ibn Maryam bir rasul, xolos. Undan oldin ham rasullar o‘tgan. Uning onasi esa siddiqadir. Ikkovlari ham taom er edilar. Ularga oyatlarni qanday bayon qilayotganimizga nazar sol-u, keyin ularning qayoqqa o‘girilib ketayotganlariga nazar sol.
Masih ibn Maryam kabilar yo‘q emas. Unga o‘xshashlar dunyoda ko‘plab o‘tgan. Shuning uchun payg‘ambarlik xususiyatlari ila oddiy odamlardan bir oz ajralib turishi unga ergashganlarni u haqida turli bo‘lmag‘ur aqiydalarni qilishga, hatto uni «xudo» deb da’vo qilishga olib bormasligi kerak.
«Masih ibn Maryam bir rasul, xolos. Undan oldin ham rasullar o‘tgan».
Masih ibn Maryamdan oldin o‘tgan ko‘plab payg‘ambarlarda ham payg‘ambarlik xislatlari, mo‘’jizalari va sifatlari bo‘lgan. Lekin ularni hech kim Xudo deb da’vo qilmagan. Chunki haqiqat o‘zi shu. Shuning uchun Masih ibn Maryamni ham Allohning payg‘ambari deb bilish zarur.
«Uning onasi esa siddiqadir».
Bibi Maryam binti Imron siddiqa, ya’ni Allohning aytganlarini, amru farmonini tasdiqlovchidir. Sodiq, pok bir bandadir. Bu kishini ham «ona Xudo» deb e’tiqod qilib bo‘lmaydi. Demak, Masih ibn Maryamni ham, uning onasi Maryam Siddiqani ham xudo deb e’tiqod qilish xatodir. Birgina dalilning o‘zi ularning aslida kim ekanliklarini ko‘rsatadi.
«Ikkovlari ham taom er edilar».
Bu oddiy haqiqat. Bu haqiqatni eng ashaddiy nasorolar ham inkor eta olmaydilar. Maryam kichikligidan – ota-onasidan tug‘ilganidan boshlab odamlar ichida o‘sdi. Eb-ichdi. Buni hamma ko‘rdi. Bu hol u kishi bu dunyodan o‘tguniga qadar davom etdi. Shuningdek, Masih ibn Maryam ham onasidan tug‘ilgandan boshlab ko‘pchilikning ichida bo‘ldi. Doimo taom tanovul qildi. Uni Alloh taolo O‘ziga ko‘targungacha shunday davom etdi. Buni ham hamma ko‘rdi. Endi o‘ylab ko‘rsinlar. Boshqa narsalarni bir yoqqa qo‘yaylik-da, ushbu oyatda kelgan eng oddiy dalilni – taomni olaylik. Taomga hojati tushuvchi odam Xudo bo‘la oladimi?! Ovqat emasa, qorni ochib, zaiflashadigan kishi Alloh bo‘lishi mumkinmi?! Hojatmandlik bandaga xos sifat. Shuningdek, taomga hojat tushishi, ovqat emasa, qorin ochishi, suv ichmasa, chanqash bandaga xos sifatlardir. Binobarin, hayotlari davomida taom eb o‘tgan Masih ibn Maryam va u kishining onalari Maryam Siddiqalar ham Alloh emas, Allohning bandalaridirlar.
Bu juda ham oddiy mantiq. Hech qanday o‘ylab o‘tirishning hojati yo‘q. Ammo:
«Ularga oyatlarni qanday bayon qilayotganimizga nazar sol-u, keyin ularning qayoqqa o‘girilib ketayotganlariga nazar sol».
Juda ham ajablanarli hol.("Tafsiri Hilol" kitobidan). “Bir qavmni kofir dema, o‘zing kofir bulursan” degan hadis yo‘q. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam taraflaridan hadis to‘qimang.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam :
- حَدَّثَنَا أَبُو الْوَلِيدِ قَالَ: حَدَّثَنَا شُعْبَةُ، عَنْ جَامِعِ بْنِ شَدَّادٍ، عَنْ عَامِرِ بْنِ عَبْدِ اللهِ بْنِ الزُّبَيْرِ، عَنْ أَبِيهِ قَالَ: قُلْتُ لِلزُّبَيْرِ: إِنِّي لَا أَسْمَعُكَ تُحَدِّثُ عَنْ رَسُولِ اللهِ  كَمَا يُحَدِّثُ فُلَانٌ وَفُلَانٌ. قَالَ: أَمَا إِنِّي لَمْ أُفَارِقْهُ وَلَكِنْ سَمِعْتُهُ يَقُولُ: «مَنْ كَذَبَ عَلَيَّ فَلْيَتَبَوَّأْ مَقْعَدَهُ مِنَ النَّارِ». تحفة: 3623

107. Omir ibn Abdulloh ibn Zubayr otasidan rivoyat qiladi:
«Men Zubayr roziyallohu anhuga: «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan falonchi va falonchilar hadis aytgani kabi hadis aytganingizni hech eshitmayman-a?» dedim. U: «Men u zotdan sira ajralmaganman, biroq u zotning «Kim menga nisbatan yolg‘on to‘qisa, do‘zaxdan joyini olaversin!» deganlarini ham eshitganman», dedi».
108- حَدَّثَنَا أَبُو مَعْمَرٍ قَالَ: حَدَّثَنَا عَبْدُ الْوَارِثِ، عَنْ عَبْدِ الْعَزِيزِ: قَالَ أَنَسٌ: إِنَّهُ لَيَمْنَعُنِي أَنْ أُحَدِّثَكُمْ حَدِيثًا كَثِيرًا، أَنَّ النَّبِيَّ  قَالَ: «مَنْ تَعَمَّدَ عَلَيَّ كَذِبًا فَلْيَتَبَوَّأْ مَقْعَدَهُ مِنَ النَّارِ». تحفة: 1045
108. Anas roziyallohu anhu aytadi:
«Meni sizlarga ko‘p hadis aytishdan faqatgina Nabiy sollallohu alayhi vasallamning «Kim menga nisbatan qasddan yolg‘on to‘qisa, do‘zaxdan joyini olaversin», deganlari to‘sadi», dedi».
109- حَدَّثَنَا مَكِّيُّ بْنُ إِبْرَاهِيمَ قَالَ: حَدَّثَنَا يَزِيدُ بْنُ أَبِي عُبَيْدٍ، عَنْ سَلَمَةَ قَالَ: سَمِعْتُ النَّبِيَّ  يَقُولُ: «مَنْ يَقُلْ عَلَيَّ مَا لَمْ أَقُلْ فَلْيَتَبَوَّأْ مَقْعَدَهُ مِنَ النَّارِ». تحفة: 4548
109. Salama roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning «Kim men aytmagan narsani meni aytdi desa, do‘zaxdan joyini olaversin», deganlarini eshitganman».
110- حَدَّثَنَا مُوسَى قَالَ: حَدَّثَنَا أَبُو عَوَانَةَ، عَنْ أَبِي حَصِينٍ، عَنْ أَبِي صَالِحٍ، عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ، عَنِ النَّبِيِّ  قَالَ: «تَسَمَّوْا بِاسْمِي وَلَا تَكْتَنُوا بِكُنْيَتِي، وَمَنْ رَآنِي فِي الْمَنَامِ فَقَدْ رَآنِي، فَإِنَّ الشَّيْطَانَ لَا يَتَمَثَّلُ فِي صُورَتِي، وَمَنْ كَذَبَ عَلَيَّ مُتَعَمِّدًا فَلْيَتَبَوَّأْ مَقْعَدَهُ مِنَ النَّارِ». أطرافه: 3539، 6188، 6197، 6993 - تحفة: 12852
110. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ismim bilan nomlanavering, kunyam bilan kunyalanmang.* Kim meni tushida ko‘rsa, aniq meni ko‘ribdi, chunki shayton mening qiyofamga kira olmaydi. Kim menga nisbatan qasddan yolg‘on to‘qisa, do‘zaxdan joyini olaversin!» dedilar».(“Oltin silsila” kitobidan).
 Imom Buxoriy Ibn Umar va Abu Hurayra roziyallohu anhumodan rivoyat qilgan hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Qachon kishi o‘z birodariga «ey, kofir» desa, ikkovlaridan biri o‘shandoq bo‘ladi», deganlar.
Ya’ni haligi odam kofir bo‘lmasa, uni «kofir» degan odamning o‘zi kofir bo‘ladi. Chunki musulmonni kofir deyishning hukmi – shu. Bas, birovni kofir deyishdan oldin bu gap o‘ziga qaytishi mumkinligini o‘ylab qo‘yish kerak bo‘ladi.
 Bu hadisdan musulmonligi ma’lum yoki kofirligi noma’lum bo‘lgan insonni “kofir” deyishdan ehtiyot bo‘lishga chaqirilmoqda. Siz aytgan odamlar haqida esa Alloh O‘z hukmini chiqarib qo‘ygan. Vallohu a’lam.

26 Май 2022, 15:43 | Савол-жавоблар | 200 | Ayollarga oid masalalar
|
Boshqa savol-javoblar