Aldab pulni olib, keyin shu pulni sadaqa qilish

Assalomu alaykum! Masalan: Bir odam sadaqa qilmoqchi, lekin sadaqa qilishga imkoni yo‘q. Shu odam ota-onasidan, “shu oygi harajatlarim ko‘payib ketdi” deb yolg‘on gapirib, biroz ko‘proq pul olib, shu pulni sadaqa qilsa bo‘ladimi? Ota-onasi sadaqa uchun pul bermasligini bilsa, shunda har xil bahonalarni qilib, aldab ulardan pul olsa bo‘ladimi? Shu ish “Baqara” surasi 267-oyatga to‘g‘ri kelib qolmaydimi? Chunki bu oyatda Alloh taolo halol, pokiza narsalardan ehson qilinglar deganda. Aldab, yoki o‘g‘irlab narsalarni sadaqa qilish mumkinmi?

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Avvalo shuni yaxshi bilish kerakki, yolg‘on gapirish gunohi kabira hisoblanadi. Gunohi kabiralarni halol deb bilish, uni engil sanash, pisand qilmaslik kufr hisoblanadi. Quyida ustozimimz Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh Hazratlarining “Ruhiy tarbiya” kitoblaridan iqtibos keltiramiz. YoLG‘ONNING SABABLARI  Kishining yolg‘on ishlatishiga bir necha sabablar bor: 1. Foyda jalb qilish. Yolg‘onchi o‘ziga foyda etishini ko‘zlab, odamlarni aldab, o‘z manfaati uchun yolg‘on gapiradi. 2. Zararni qaytarish. Yolg‘onchi o‘ziga etishi mumkin bo‘lgan zararni qaytarish maqsadida ham yolg‘on to‘qiydi. U o‘zicha shu to‘g‘ri yo‘l, deb o‘ylaydi. Ammo ikki holatda ham o‘ziga bu dunyo va oxirat zararini jalb qilayotganini o‘ylamaydi. 3. So‘zini chiroyli va gapni go‘zal chiqarmoqchi bo‘lish. Bunda yolg‘onchi to‘g‘ri so‘z va rost gap ila odamlarga yoqish, ularning e’tiborini tortish imkoni yo‘q bo‘lganidan, ularga yoqadigan gap-so‘z izlab, yolg‘on to‘qiydi. Yolg‘on gapirish odatiga aylanib qolgani va nafsi shu narsani istaydigan bo‘lib qolgani sababli bu ishni qiladiganlar ham bor. 4. Dushmandan o‘ch olish maqsadi. Bunda yolg‘onchi dushmanini sharmanda qilish va undan o‘ch olib, ko‘ngli to‘lishi uchun yolg‘on to‘qiydi. 5. O‘z obro‘sini orttirish maqsadi. Bunda yolg‘onchi o‘zini ahli fazl, olim, uddaburon qilib ko‘rsatib, maqtanish uchun yolg‘on to‘qiydi. YoLG‘ONNING TURLARI  Asli yo‘q narsani to‘qish. Bor narsaga ma’noni o‘zgartirib yuboradigan darajada qo‘shimcha qo‘shish. Bor narsaga ma’noni o‘zgartirib yuboradigan darajada nuqson etkazish. Bor narsani gapirayotganda ma’noni o‘zgartirib yuboradigan darajada iboralarni o‘zgartirish. YoLG‘ONNING HUKMI  Imom Ibn Hajar va imom Zahabiy: «Uzrsiz yolg‘on gunohi kabiradir», deganlar. Alloh taologa va Rasululloh alayhissalomga qasddan yolg‘on to‘qish kufrdir. Qur’oni Karimda yolg‘on haqida bir yuz oltmish ettita oyat bor. Alloh taolo Nahl surasida marhamat qiladi: «Yolg‘onni faqat Allohning oyatlariga iymon keltirmaydiganlargina to‘qirlar. Ana o‘shalar – o‘zlari yolg‘onchilardir» (105-oyat). Aslida yolg‘onni faqat iymonsiz kofirlargina to‘qiydilar. Chunki kofirlarda savob, gunoh degan tushuncha yo‘q. Yolg‘on gapirsa, gunoh bo‘lishi, u dunyoda azoblanishi haqida e’tiqodi bo‘lmagani uchun o‘ylamasdan yolg‘on to‘qiyveradilar. Mo‘minlar esa yolg‘onni katta gunoh deb biladilar. Yolg‘on gapirish tufayli oxiratda azobga duchor bo‘lishlaridan qo‘rqadilar. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه: أَنَّ رَسُولَ اللهِ صلي الله عليه وسلم قَالَ: «آيَةُ الْمُنَافِقِ ثَلَاثٌ: إِذَا حَدَّثَ كَذَبَ، وَإِذَا وَعَدَ أَخْلَفَ، وَإِذَا اؤْتُمِنَ خَانَ». رَوَاهُ الْأَرْبَعَةُ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Munofiqning belgisi uchta: agar so‘zlasa, yolg‘on so‘zlaydi, va’da bersa, bajarmaydi va unga omonat topshirilsa, xiyonat qiladi», dedilar». To‘rtovlari rivoyat qilishgan.  عَنْ صَفْوَانَ بْنِ سُلَيْمٍ رضي الله عنه  أَنَّهُ قَالَ: قِيلَ لِرَسُولِ اللهِ صلي الله عليه وسلم: أَيَكُونُ الْمُؤْمِنُ جَبَاناً؟ فَقَالَ: «نَعَمْ». فَقِيلَ لَهُ: أَيَكُونُ الْمُؤْمِنُ بَخِيلًا؟ فَقَالَ: «نَعَمْ». فَقِيلَ لَهُ: أَيَكُونُ الْمُؤْمِنُ كَذَّابًا؟ فَقَالَ: «لَا». رَوَاهُ مَالِكٌ Imom Molik rivoyat qilgan hadisi sharifda Safvon ibn Sulaym roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan «Mo‘min qo‘rqoq bo‘ladimi?» deb so‘raldi. «Ha», dedilar. «Mo‘min baxil bo‘ladimi?» deb so‘raldi. «Ha», dedilar. «Mo‘min yolg‘onchi bo‘ladimi?» deb so‘raldi. «Yo‘q», dedilar».  عَنْ قَيْسِ بْنِ أَبِي حَازِمٍ قَالَ: سَمِعْتُ أَبَا بَكْرٍ رضي الله عنه   يَقُولُ: إِيَّاكُمْ وَالْكَذِبَ، فَإِنَّ الْكَذِبَ مُجَانِبٌ لِلْإِيْمَانِ. رَوَاهُ الْبَيْهَقِيُّ. Qays ibn Abu Hozimdan rivoyat qilinadi: «Abu Bakr roziyallohu anhuning «Yolg‘ondan hazir bo‘linglar! Albatta, yolg‘on iymondan chetlatuvchidir», deganini eshitdim». Bayhaqiy rivoyat qilgan. Yolg‘on haqidagi gaplardan namunalar: – Umar ibn Xattob: «Meni rost pastlatgani (aslida uning paslatishi nodir) yolg‘on ko‘targanidan (aslida uning ko‘tarishi nodir) yaxshiroqdir», degan. – Arvaa ismli ayol Sa’id ibn Zayd ibn Amr ibn Nufayl bilan hovli talashib, xusumat qildi. Shunda u (Sa’id ibn Zayd): «Bu ayolni o‘z holiga qo‘yinglar. Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Kim bir qarich erni nohaq olsa, qiyomat kuni etti qavat er unga tavqi la’nat bo‘ladi», deganlarini eshitganman. Allohim! Agar bu ayol yolg‘onchi bo‘lsa, ko‘zini ko‘r qilgin va qabrini hovlisida qilgin», dedi. Men o‘sha ayolning ko‘r bo‘lib, devorlarni paypaslab yurganini ko‘rdim. U: «Menga Sa’id ibn Zaydning duosi tegdi», der edi. Bir kuni hovlisida ketayotib, quduqqa tushib ketdi va o‘sha quduq unga qabr bo‘ldi». Yolg‘onning zararlari:  1. Yolg‘on o‘z egasini parchalaydi. 2. Yolg‘on o‘z egasini do‘zaxga olib boradi. 3. Yolg‘on uzoqni yaqin, yaqinni uzoq qiladigan sarobdir. 4. Yolg‘on muruvvat, jamol va chiroyni ketkazadi. 5. Yolg‘on aql o‘g‘risidir. 6. Yolg‘onchi xoru zor bo‘ladi. 7. Yolg‘on dinu dunyoni buzadi. 8. Yolg‘on pastkashlik alomatidir. Islomda yolg‘on harom va katta gunoh hisoblansa ham, undan kattaroq zararni qaytarish uchun uch holatda istisno tariqasida yolg‘on ishlatishga ruxsat berilgan. 1. Odamlar orasini isloh qilish. Musulmonlarning bir-birlari bilan urushib yurishlari juda ham yomon ish. Bu yomon ish oqibatida insonlarning va jamiyatlarning orasi buziladi. Kishilarning bir-birlari bilan xusumatlashishlari, urushishlari barcha balo-ofatlarning boshidir. Shuning uchun bu holat paydo bo‘lishi bilan qanday qilib bo‘lsa ham uni bartaraf qilishga o‘tish zarur. Bu yo‘lda hatto yolg‘on gapirilishiga ham ruxsat beriladi. Odamlarning orasini isloh qilish uchun yolg‘on gapirgan odam faqatgina yaxshilik uchun yolg‘on gapiradi. 2. Urushda g‘alaba qilish uchun. Dushman bilan bo‘layotgan qurolli qarama-qarshilik hayot-mamot jangi bo‘ladi. Bu jangda dushman qo‘lidan kelgan barcha ishlarni, jumladan, yolg‘onni ham ishga soladi. Agar askar engilsa, barcha ummat va millat dushman asorati ostida qoladi. Shuning uchun ham ko‘pchilik manfaati yo‘lida dushmanni dog‘da qoldirish uchun yolg‘on gapirishga ruxsat berilgan. 3. Oilaning ahilligini saqlab qolish uchun. Har bir jamiyatda oilaning ahilligi alohida ahamiyat kasb etadi. Ahil oilada o‘sgan bolalar salohiyatli fuqaro bo‘lib o‘sadilar. Ota-onaning janjallari sadosi ostida o‘sgan bolalar esa salohiyatli fuqaro bo‘lishlari qiyin. Shuning uchun ham er-xotin orasidagi o‘zaro ahillik juda ham muhimdir. Ana o‘sha ahillikni saqlab qolish maqsadida er-xotinga bir-birlariga yaxshilik ma’nosida yolg‘on gap aytishlariga ruxsat berilgan. Ushbu istisno tariqasida ruxsat berilgan uch holatdan boshqa hollarda yolg‘on gapirish mutlaqo mumkin emas. عَنْ أُمِّ كُلْثُومٍ بِنْتِ عُقْبَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا، وَكَانَتْ مِنَ الْمُهَاجِرَاتِ الْأُوَلِ اللَّاتِي بَايَعْنَ النَّبِيَّ صلي الله عليه وسلم، أَنَّهَا سَمِعَتْ رَسُولَ اللهِ صلي الله عليه وسلم وَهُوَ يَقُولُ: «لَيْسَ الْكَذَّابُ الَّذِي يُصْلِحُ بَيْنَ النَّاسِ وَيَقُولُ خَيْرًا وَيَنْمِي خَيْرًا». قَالَتْ: وَلَمْ أَسْمَعْ يُرَخَّصُ فِي شَيْءٍ مِمَّا يَقُولُ النَّاسُ كَذِبٌ إِلَّا فِي ثَلَاثٍ: الْحَرْبُ، وَالْإِصْلَاحُ بَيْنَ النَّاسِ، وَحَدِيثُ الرَّجُلِ امْرَأَتَهُ وَحَدِيثُ الْمَرْأَةِ زَوْجَهَا. رَوَاهُ الْأَرْبَعَةُ. وَلَفْظُ أَبِى دَاوُدَ: مَا سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِ صلي الله عليه وسلم يُرَخِّصُ فِي شَيْءٍ مِنَ الْكَذِبِ إِلَّا فِي ثَلَاثٍ: كَانَ يَقُولُ: «لَا أَعُدُّهُ كَاذِبًا»، الرَّجُلُ يُصْلِحُ بَيْنَ النَّاسِ يَقُولُ الْقَوْلَ وَلَا يُرِيدُ بِهِ إِلَّا الْإِصْلَاحَ، وَالرَّجُلُ يَقُولُ فِي الْحَرْبِ، وَالرَّجُلُ يُحَدِّثُ امْرَأَتَهُ وَالْمَرْأَةُ تُحَدِّثُ زَوْجَهَا Ummu Kulsum binti Uqba roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Bu ayol Nabiy sollallohu alayhi vasallamga bay’at qilgan birinchi muhojiralardan bo‘lgan edi: «U kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Odamlar orasini isloh qilgan kazzob emas, xayrni aytadi va xayrni etkazadi», deganlarini eshitgan ekan. U kishi aytadi: «Men u zotning odamlar «yolg‘on» deydigan narsadan biror narsaga ruxsat berganlarini eshitmaganman. Illo, uch narsada: urushda, odamlar orasini isloh qilishda va erning o‘z xotiniga va xotinning o‘z eriga gapirishida ruxsat berganlar». To‘rtovlari rivoyat qilishgan. Abu Dovudning lafzida: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yolg‘ondan biror narsaga ruxsat berganlarini eshitmaganman. Illo uch toifani «Yolg‘onchi hisoblamayman» der edilar: odamlar orasini isloh qilgan odamni. U bir gapni aytsa, unda islohdan boshqani iroda qilmaydi; urushda (hiyla bilan) so‘zlagan kishini; (mehr-muhabbatni kuchaytirish uchun) o‘z xotiniga so‘z aytgan erni hamda o‘z eriga so‘z aytgan xotinni», deyilgan. Gapni burib gapirish, ya’ni kishi og‘ir holga tushib qolganida sirtidan boshqa, ichidan boshqa ma’no beradigan gapni aytib, ochiq-oydin yolg‘on gapirmay, qutulib ketishga ruxsat bor. عَنْ عِمْرَانَ بْنِ حُصَيْنٍ رضي الله عنه ، عَنِ النَّبِيِّ صلي الله عليه وسلم قَالَ: «إِنَّ فِي الْمَعَارِيضِ لَمَنْدُوحَةً عَنِ الكَذِبِ». رَوَاهُ ابْنُ عَدِيٍّ وَالبَيْهَقِيُّ Imron ibn Husoyn roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, gapni burib gapirishda yolg‘ondan qochish imkoni bordir», dedilar». Ibn Adiy va Bayhaqiy rivoyat qilishgan. Islom olamida Qur’oni Karimni maxluq deyish fitnasi chiqqanida, xalifa hammani bu gapni aytishga majbur qilishga o‘tgan. Navbat imom Shofe’iyga kelganda u kishi: «Albatta, mana bular maxluqdirlar», deb to‘rt barmoqlarini ko‘rsatganlar. Taftishchilar o‘zlaricha, to‘rt ilohiy kitobni: Zabur, Tavrot, Injil va Qur’onni maxluq deb aytdi, deb tushunganlar. Imom Shofe’iy bo‘lsalar to‘rt barmoqni iroda qilganlar. O‘zining zolimligi bilan dong taratgan Hajjoj sahobalarning birlaridan: «Men haqimda nima deysan?» deb so‘ragan. Shunda u kishi: «Sen qositsan», degan. Arab tilida «qosit» so‘zining ikki qarama-qarshi ma’nosi bor. Bu so‘z ham odil, ham jabr qiluvchi ma’nolarini bildiradi. Mazkur sahobiy roziyallohu anhu Hajjojga: «Sen qositsan», deganida o‘sha erda turganlar unga: «Seni madh etdi», deyishgan. Ammo Hajjojning o‘zi: «Yo‘q, u meni jabr qiluvchi demoqda», degan. Vallohu a’lam.

26 Май 2022, 15:48 | Савол-жавоблар | 151 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar