Namozning ta’siri

Assalomu alaykum!Ko‘p namoz o‘qish, masalan tahajjud namozini o‘qish, yuzni chiroyli qilishi mumkinmi?

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! «Yuzlaridagi alomatlari sajda asaridir»
Ya’ni «Ibodatning asari yuzlaridan bilinib turadi».
Bu oddiy haqiqat bo‘lib, ibodatli, pok, taqvodor insonlarning yuzlaridan iymon nuri yog‘ilib turishini har bir mulohazali, ko‘zi ochiq kishi ko‘ra oladi.
Payg‘ambarimizdan qilingan rivoyatlardan birida: «Kechasi kimning namozi ko‘paysa, kunduzi uning yuzi chiroyli bo‘ladi», deyilgan. Sahobai kiromlar bu borada hammaga o‘rnak bo‘lganlar.
Alloh taolo mo‘min bandalarining sifatlaridan ba’zilarini keltiradi:
إِنَّمَا يُؤْمِنُ بِآيَاتِنَا الَّذِينَ إِذَا ذُكِّرُوا بِهَا خَرُّوا سُجَّدًا وَسَبَّحُوا بِحَمْدِ رَبِّهِمْ وَهُمْ لَا يَسْتَكْبِرُونَﮒﱹﱸ۩ 15. Albatta, oyatlarimizga ular la eslatilganda sajdaga yiqiladigan, Robblariga hamd ila tasbeh aytadigan va mutakabbirlik qilmaydiganlargina iymon keltirurlar۩. Demak, Allohning oyatlariga iymon keltiradigan odamlarning o‘zlariga xos sifatlari bo‘lar ekan.
«...ular-la eslatilganda sajdaga yiqiladigan...»
Ya’ni Allohning oyatlari tilovat qilingan chog‘da ta’sirlanib, qalblari erib, ixloslari ortib, Allohni ulug‘lab sajdaga yiqiladigan odamlargina oyatlarga iymon keltirar ekanlar.
«...Robblariga hamd ila tasbeh aytadigan...»
Alloh taologa hamdu sano – maqtovlar aytadigan va uni turli ayblardan poklab yod etadigan kishilargina Allohning oyatlariga iymon keltirar ekan.
«...va mutakabbirlik qilmaydiganlargina iymon keltirurlar».
Ushbu oyati karima Qur’oni Karimdagi sajda oyatlaridan biridir. Uni o‘qigan yoki eshitgan odamga qiroat sajdasi qilish vojib bo‘ladi.
Allohning oyatlariga iymon keltiradigan baxtli bandalarning vasfi davom etadi: تَتَجَافَى جُنُوبُهُمْ عَنِ الْمَضَاجِعِ يَدْعُونَ رَبَّهُمْ خَوْفًا وَطَمَعًا وَمِمَّا رَزَقْنَاهُمْ يُنفِقُونَﱹﱸ 16. Yonboshlari yotar joydan yiroq bo‘lur. Robblariga qo‘rquv va umidvorlik ila duo qilurlar va o‘zlariga rizq qilib bergan narsalarimizdan nafaqa qilurlar.
Bunda Allohning oyatlariga haqiqiy iymon keltirgan odamlar xos sifatlari bilan ajralib turishlari yana eslatilmoqda.
«Yoboshlari yotar joydan yiroq bo‘lur».
Mazkur mo‘min bandalar kechalari bedor bo‘lib, issiq joylarini tark etib, tahajjud namozi o‘qib, ibodat qiladilar.
Tunlari uyg‘onib, namoz o‘qishning fazilatlari juda ko‘p. Bu ish oliy maqomga erishgan har bir azizning ishidir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘zlari bu amalni qilganlar va ummatlarini ham tahajjud namozi o‘qishga targ‘ib etganlar.
«...Robblariga qo‘rquv va umidvorlik ila duo qilurlar...»
Ular doimo mas’uliyatni sezib turadigan va Alloh taoloning rahmatidan noumid bo‘lmaydigan kishilardir. Mo‘min bandalar har doim Allohning azobidan qo‘rqib va Uning rahmatidan umid etib, duoda bo‘ladilar.
«...va o‘zlariga rizq qilib bergan narsalarimizdan nafaqa qilurlar».
Ya’ni faqat ma’naviy va jismoniy emas, balki moliyaviy ibodat ham qiladilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobai kiromlarni fazilatli amallarga targ‘ib qila turib, ushbu oyatni o‘qib, dalil keltirganlarini mashhur muhaddis ulamolar ko‘p rivoyat qilganlar.
Imom Ahmad ibn Hanbal rivoyat qilgan hadisda ulkan sahobiy Mu’oz ibn Jabal roziyallohu anhu, jumladan, quyidagilarni aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga safarga chiqqan edim. Bir kuni yurib borayotib, u kishiga yaqinlashdim-da:
– Ey Nabiyulloh, menga meni jannatga kiritadigan va do‘zaxdan uzoqlashtiradigan amalning xabarini bering, – dedim. U kishi:
– Batahqiq, ulug‘ narsani so‘rading. Ammo u, Alloh oson qilgan odamga osondir, – dedilar. So‘ngra davom etib: – Allohga ibodat qilasan va Unga hech narsani shirk keltirmaysan. Namozni to‘la-to‘kis ado qilasan. Zakot berasan. Ramazon oyi ro‘zasini tutasan. Baytullohga haj qilasan, – dedilar. So‘ngra: – Seni yaxshilik eshiklariga yo‘llab qo‘yaymi?! Ro‘za – saqlovchi to‘siqdir. Sajda xatoni o‘chiradi va kishining tun og‘ushida o‘qigan namozi, – dedilar-da, «...yonboshlari yotar joydan yiroq bo‘lur» oyatini va (keyingi oyatni) o‘qidilar».(“Tafsiri Hilol” kitobidan “Sajda” surasi 15-16-oyatlar). Vallohu a’lam.

26 Май 2022, 15:52 | Савол-жавоблар | 162 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar