Odam alayhissalom

Assalomu alaykum! Nimaga hamma xalqlarning so‘zlashish tili xar xilga bo‘linib ketgan? Axir hamma bir insondan — Odam alayhissalomdan tarqalganku!
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh taolo “Hujurot” surasi 13-oyatida : Ey odamlar! Biz sizlarni bir erkak va ayoldan yaratdik va sizlarni o‘zaro tanishishingiz uchun xalqlar va qabilalar qilib qo‘ydik. Albatta, Allohning huzurida eng hurmatliyingiz eng taqvodoringizdir. Albatta, Alloh o‘ta biluvchidir, o‘ta xabardordir. Ushbu oyati karimada «Ey odamlar!» – deb barcha insoniyatga qarata nido qilinmoqda, shu bilan birga, ularning asli bir ekani eslatilmoqda. «Biz sizlarni bir erkak va ayoldan yaratdik va sizlarni o‘zaro tanishishingiz uchun xalqlar va qabilalar qilib qo‘ydik». Demak, odamlarning asli bir: hammalari Odam Ato va Momo Havvodan taralganlar. Ayni chog‘da, Alloh taolo ularni turli xalqlar va qabilalarga ajratib qo‘yganini ham ta’kidlamoqda. Insonlarning turli xalq va qabilalarga bo‘linishining sababi esa o‘zaro tanishish, ma’rifat hosil qilish ekani uqtirilmoqda. «...va sizlarni o‘zaro tanishishingiz uchun xalqlar va qabilalar qilib qo‘ydik». Insonlarning turli xalqlar, millatlar, elatlar, qabila va urug‘lar hamda turli firqalarga bo‘linishining asosiy sababi ushbu maqsad, ya’ni o‘zaro tanishish ekanini hech qachon unutmaslik kerak. Alloh taolo oyatda urishishingiz uchun, janjal uchun, faxrlanish uchun, maqtanish uchun, demayapti yoki boshqa sabablarni aytmayapti. Demak, xalqlarning turli-tumanligini ilohiy maqsaddan – tanishuvdan boshqa maqsadga ishlatish Allohning irodasiga qarshi chiqish bilan barobar bo‘lar ekan. Kishilar o‘zlaricha mezon tuzib, birlarining ikkinchilaridan afzalliklarini o‘lchab yurishadi. Kimdir molu mulkiga qarab, kimdir hasabi-nasabiga qarab, yana birlari tanasining rangiga qarab, to‘rtinchilari qabilasi yoki millatiga qarab va hokazo o‘lchovlar vositasida o‘zini ustun qilib ko‘rsatadi. Hamma bir ota va bir onadan tarqaganligini, u ota-onalar esa tuproqdan yaratilganini unutib qo‘yadi. Oqibatda turli-tuman kelishmovchiliklar, urush-janjallar va ko‘ngilsizliklar kelib chiqadi. Islom dinida bu kabi o‘lchovlarning hech qanday qiymati yo‘q. Ularning hammasi bekor qilinadi va yagona mezon sifatida ilohiy o‘lchov joriy etiladi. Bu o‘lchov insonlar qadrini faqat bitta narsaga qarab, ya’ni insonning taqvosiga qarab o‘lchaydi. (Tafsiri Hilol). Vallohu a’lam.

26 Май 2022, 16:18 | Савол-жавоблар | 145 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar