Ro‘zani boshqatdan tutaymi?

Assalamu alaykum! O‘tgan yilgi Ro‘zani boshqa o‘lkada musofirlikda tutgan edim. Musofirlikda majburan bir joyda ishlar edim. U erda qanchalik xohlamay cho‘chqa go‘shtini ro‘zadorlik holimda pishirgan edim. Undan tashqari do‘stim bilan ham gap talashib qolgan edim. Ovozni ko‘tarmaslikni, ro‘zador ekanligimizni aytdim. Men tortishmaslikka va ovozni ko‘tarmaslikka harakat qildim, lekin do‘stim menga qattiq gapirdi. Shundan so‘ng, "o‘sha kunlardagi ro‘zalarni boshqatdan tutmog‘im kerakmikin" deb o‘yladim. Aytingchi ro‘zani boshqatdan tutaymi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Qayta tutish shart emas.
RO‘ZANI BUZADIGAN NARSALAR
Kim ikki yo‘ldan biriga jinsiy yaqinlik qilsa yoki unga yaqinlik qilinsa, ro‘zasi buziladi.
Qasddan g‘izo yoki davo bo‘ladigan narsani esa yoki ichsa ham ro‘zasi buziladi.
Bu holatlarda qazosini tutadi va xuddi zihor qiluvchi kabi kafforatni ado qiladi.
Kafforatni ado qilish Ramazon farzini ado qilishni qasddan buzganda vojib bo‘ladi. Boshqasida vojib bo‘lmaydi.
Xato tufayli, majburlanish oqibatida, kechasi deb gumon qilib eb-ichganda, qorniga yoki dimog‘iga terisining teshiklaridan boshqa tarafdan dori etganda, mayda toshni yutganda, og‘zi to‘lib qusganda faqat qazosini tutadi.
Agar qusqi ro‘zadordan g‘olib kelsa, yoki esidan chiqib og‘zini ochib yuborsa, yoki ehtilom bo‘lsa, nazar solib turib maniy chiqarsa, tomog‘iga chang, tutun yoki pashsha kirsa, qazo tutmaydi.
Agar hayvonga, o‘likka yoki farjdan boshqa erga jinsiy yaqinlik qilsa yoxud o‘psa, yoki ushlasa-yu maniy nozil bo‘lsa, qazo qiladi, kafforat yo‘q.
Agar tishining orasiga kirib qolgan no‘xatdan kichikroq narsani esa, ro‘zasi buzilmaydi. Ammo o‘sha narsa og‘izdan chiqarilib, keyin eyilsa, ro‘za buziladi.
Bir dona kunjutni chaynab esa ham ro‘zasi ochilmaydi.
Qusqining ichiga qaytib ketishi, agar u ko‘p bo‘lsa, ro‘zani buzadi. Muhammadning nazdida agar qasddan qaytarib yutib yuborsa, buzadi.
Biror narsaning mazasini tatib ko‘rish yoki chaynash makruhdir. Faqatgina zarurat yuzasidan yosh bolaga ovqat chaynab berish bundan mustasno.
O‘pish, agar ortidan biror narsa bo‘lish xavfi bo‘lsa, makruhdir.
Misvok qilish va surma qo‘yish makruh emas.
O‘ta qari odam ro‘za tutishdan ojiz bo‘lsa, og‘zini ochadi va har bir tutmagan kuni uchun bir miskinga sadaqai fitr miqdorida taom beradi. Keyin ro‘za tutishga qodir bo‘lib qolsa, qazosini tutadi.
Homilador yoki emizikli ayol o‘zi va bolasiga zarar etishidan qo‘rqsa, bemor xastaligi ziyoda bo‘lishidan qo‘rqsa va musofir (ham) og‘izlarini ochadilar va fidyasiz qazo qiladilar. Zarar qilmasa, safarda ro‘za tutgan afzal.
Agar bemor tuzalganidan, musofir muqim bo‘lganidan keyin safar va bemorlik muddaticha yashab o‘lsa, merosxo‘ri qazo qilgan miqdoricha fidya beradi. Agar oz yashab o‘lsa, sog‘ va muqim bo‘lgan kunlari miqdoricha fidya beradi. Buning uchun vasiyat shartdir.
Vasiyatga amal qilish uchdan birdan bo‘ladi.
Har bir qazo qilingan namozning fidyasi bir kunlik ro‘zaning fidyasi miqdoricha.
Birovning o‘rniga boshqaning qilgan ibodati o‘tmaydi.
Nafl ro‘zani boshlagandan keyin oxirigacha tutish lozim bo‘ladi. Illo, ro‘za tutish man qilingan kunlar – iydi Fitr, iydi Azho va undan keyingi uch kun bundan mustasno.
Mazkur kunlarda nazr ro‘za tutsa bo‘ladi. Lekin uni ochib yuborib, keyin qazosini tutadi. Agar tutaversa, ro‘zasi ro‘za bo‘ladi.
Nafl ro‘za tutuvchi ziyofat uzri ila ro‘zasini ochsa bo‘ladi. Keyin qazosini tutadi.
Musofir muqim bo‘lgan, hayzli ayol pok bo‘lgan, yosh bola balog‘atga etgan va kofir musulmon bo‘lgan kuni kunning qolgan vaqtida o‘zini tiyadi. Oxirgi ikkisi qazo tutmaydi.
Muqim safarga chiqsa, o‘sha kunning ro‘zasini oxiriga etkazadi. Agar ochib yuborsa, unga kafforat lozim bo‘lmaydi.
Oyning hammasida majnun bo‘lish ro‘zani soqit qiladi. Ba’zisida emas.
Agar bir necha kun hushidan ketib yotgan bo‘lsa, o‘sha kunlarning qazosini tutadi. Illo, niyatini qilgan kunni tutmaydi.
Ro‘zaning buzilishi ikki xil bo‘ladi.
Birinchisi – qazo va kafforatni vojib qiladigan holatlar.
Ikkinchisi – faqat qazoni vojib qiladigan holatlar. (“Kifoya” kitobidan). Vallohu a’lam.

26 Май 2022, 16:33 | Савол-жавоблар | 131 | Ro‘za
|
Boshqa savol-javoblar