Dom-daraksiz yo‘qolgan erkakning ayoli

Assalamu alaykum! Hurmatli Ustozlar. Men saytda yo‘qolgan odam hukmi haqida o‘qib chiqdim. Undan yo‘qolgan odamning ayoli 90 yilgacha erini kutish kerak deb tushindim. Ya’ni boshqa erkak bilan turmush qurishiga ruxsat yo‘q. Meni tushunganim to‘g‘rimi yoki shariatda bu masala haqida yana boshqa gap bormi? Masalan: yo‘qolgan odamning ayoli yosh bo‘lsa, naxotki umr bo‘yi erini kutib o‘tadi? Savolim noo‘rin bo‘lsa uzr so‘rayman. Javobingiz uchun oldindan tashakkur bildiraman.

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Bedarak yo‘qolgan erning ayoli nikohiga oid hukmlar
Bedarak yo‘qolgan kishiga mafqudul xabar deyiladi. Masalan, bedarak yo‘qolgan yoki bedarak qochib ketib, g‘oyib bo‘lgan kishining qaerdaligi yoki qayoqqa ketganligi haqida hech qaerda ma’lumot yo‘q. Hanafiy mazhabiga ko‘ra bedarak yo‘qolgan kishining tengqurlariga qaraladi. Agar ular hayot bo‘lsa, bedarak yo‘qolgan kishi ham hayot deyiladi. Shu qoidaga binoan uning ayoliga boshqa odamga nikohlanishiga ruxsat berilmaydi.
Albatta, ba’zi holatda hali bedarak yo‘qolgan kishining tengqurlari vafot etmaslaridan oldin qozi nikohga ruxsat bera oladi. Masalan, zohiriy dalillar erning vafot etganligiga ishora qilsa, masalan, er kemada safarga chiqsa va sohilga etib borgani ma’lum bo‘lmasa yoki odatda vafot bilan yakunlanadigan kasallikka chalinib, qochib ketsa yoki jang maydonida bedarak g‘oyib bo‘lsa, bunday holatlarda qozi «Bedarak yo‘qolgan kishi vafot etdi», degan g‘olib gumonga kelgunicha kutiladi. Shundan keyin hokim izsiz yo‘qolgan kishi vafot etdi, degan hukmni e’lon qilib, ayolga vafot iddasini o‘tkazishga ruxsat beradi. Vafot iddasini o‘taganidan keyin qozining ruxsati bilan ayol boshqa erga turmushga chiqishi mumkin. Hanafiy mazhabida bedarak yo‘qolgan kishining ayoli haqida bundan boshqa imkoniyatlar mavjud emas.
Lekin mutaaxxir hanafiy olimlar zamonni va mavjud fitnalarni e’tiborga olib, bir necha shartlar bilan birga molikiy mazhabiga ko‘ra fatvo berishni ixtiyor qilganlar. Bir necha paytdan buyon Hindiston va uning atrofida joylashgan mintaqalarda barcha muftiylar ayni bedarak yo‘qolgan kishining ayoli hukmi haqida molikiy mazhabiga binoan fatvo berishni ixtiyor qilmoqdalar. Bu masala bir jihatdan hanafiy fiqhiga kirib keldi. Lekin bedarak yo‘qolgan kishining ayoli qanchagacha ersiz istiqomat qilishga sabr qila olsa, shuncha vaqtgacha hanafiy mazhabiga amal qilishi shartdir. Jiddiy zarurat tug‘ilgandagina molikiy mazhabiga amal qilinadi. Jiddiy zarurat deb quyidagilarga aytiladi:
1. Sarf-xarajatni qoplay olmaslik, ya’ni ersiz tirikchilik o‘tkazishga qiynalib qolsa;
2. Eri qaytgunicha kutib turay desa, nafsiy xohish, istak tufayli, o‘zini jilovlashga sabr-bardosh qila olmay qolishdan qo‘rqsa.
Foyda: Qaysi masalada boshqa imom mazhabiga o‘tish zarur bo‘lib qolsa, ayni ana shu masala yuzasidan imom nazdida qanday shartlar topilishi talab etilsa, ularning barchasiga rioya etish shart hisoblanadi. Asl molikiy mazhabi va unga hanafiy olimlarning fatvolari Dorul Islomda er bedarak yo‘qolsa, ayol qoziga bu haqda arizasini taqdim qiladi va ayol shar’iy guvohlar vositasida bedarak ketgan shaxsning nikohida ekanligini sobit qiladi. Nikoh vaqtida guvoh bo‘lganlar mavjud bo‘lmasa, er-xotin bo‘lib yashaganlarini ko‘rgan-bilganlar: «Bu falonchining ayoli», deb guvohlik berishlari mumkin. Shundan keyin ayol guvohlar vositasida erining bedarak yo‘qolganligiini isbotlaydi. Qozi ayol va uning yaqinlari bilan surishtirish ishlarini olib borish ila cheklanib qolmay, o‘zi ham mustaqil ravishda qidiruv ishlarini olib boradi. Qozi yoki hokimning yo‘qolgan kishi qaerga ketganligi haqidagi g‘olib gumoni bilan o‘sha joylarga odam yuboradi. Agar g‘olib gumon bo‘lmasa, xat yuborib, qidiradi. Agar ommaviy axborot vositalari orqali qidirish imkoni bo‘lsa, uni ham amalga oshiradi. Qozi yoki hokim bor imkoniyatdan foydalanib qidiruv e’lon qilganidan keyin ham biror xabar chiqmasdan, umidsizlik paydo bo‘lsa, ayolga to‘rt yil yoki undan ko‘proq muddat yo‘qolgan erini kutishga hukm qiladi. To‘rt yilda ham yo‘qolgan kishi haqida biror ma’lumot topilmasa, o‘ldi deb tasavvur qilinadi va qozi tomonidan tayin qilingan to‘rt yil muddat o‘tganidan keyin qozi ayolga to‘rt oyu o‘n kun vafot iddasini o‘tirib, ikkinchi erga turmushga chiqishga ruxsat beradi.
Molikiy mazhabida to‘rt yil o‘tgandan keyin ikkinchi bor qozining oldiga borib, ariza taqdim qilib idda uchun hukm olishi shart emas. Balki idda o‘tirib, ikkinchi erga turmushga chiqib ketaveradi. Lekin ayol imkoni boricha hanafiya mazhabiga amal qilish uchun eri o‘lganligi haqida hukm olish maqsadida qoziga ikkinchi bor ariza taqdim qiladi.
Bu hukmga yuqorida ta’kidlanganidek, dorul Islomda (Islom diyorida) amal qilinadi. Dorul harbda (Islomiy bo‘lmagan yurtlarda) esa hanafiy mazhabi kabi, molikiy mazhabi jumhur ulamolari bedarak g‘oyib bo‘lgan kishi haqida «Bedarak ketgan kishining tengdoshlari hayot bo‘lsa, u ham tirik deyiladi va uning ayoliga ikkinchi erga tegishga ijozat berilmaydi» degan hukmni chiqarganlar. Lekin imom Molikning mashhur shogirdi Ashhab Molikiy: «Bedarak ketgan kishining ayoli Dorul Islomda nima qilishi kerak bo‘lsa, Dorul harbda ham shularni qiladi», deganlar.
Tanbeh: To‘rt yilgacha kutish qozi tomonidan qidiruv amalga oshirilib, nihoyasiga etkazilganidan keyin boshlanadi. Shar’iy qozi bo‘lmasa, Diniy idorada mavjud olimlar kengashi orqali nikohni fasx qildiradi. Bilingki, bedarak ketgan erning ayoli hech narsadan-hech narsa yo‘q, o‘zicha avvalgi nikohini fasx qilib, ikkinchi erga tegib keta olmaydi. Molikiy mazhabi olimlarining fatvosidan ma’lum bo‘ladiki, Islom shiorlariga amal qilinadigan Hindiston, Misr, Shom kabi mintaqalarda bedarak ketgan kishining hukmi Dorul Islom kabidir. Musulmonlar emin-erkin o‘z dinlariga amal qilishlari uchun sharoit yaratib berilgan mintaqalarda ham bedarak ketgan kishining ayoli hukmi Dorul Islom kabi bo‘ladi. To‘rt yildan kamaytirish Ayol kishi sabrli, iffatli va xavoi nafsini jilovlay oladigan bo‘lsa, bilittifoq, to‘rt yil yoki undan ko‘proq muddat bedarak yo‘qolgan erini kutib turadi. Lekin havoi nafsi g‘olib, ma’siyatga berilib ketishi zohir bo‘lsa, ma’lum muddatgacha bedarak ketgan erini kutganidan keyin chorasizligidan qoziga ariza taqdim qiladi. Molikiy mazhabida buzilib ketishi aniq va sabr qila olmaydigan ayollarga bedarak yo‘qolgan erni to‘rt yildan kam kutish imkoni bor. Molikiy mazhabiga binoan bunday ayollar g‘oyib bo‘lgan erlarini eng kamida bir yil kutadilar va bundan keyin ajralishga ruxsat beriladi.
Bu tafriq raj’iy taloq deb e’tiborga olinadi va bedarak ketgan erning ayoli vafot iddasi o‘rniga taloq iddasini o‘tiradi. Bedarak ketgan erning qaytishi Bedarak yo‘qolgan er haqida ayol qoziga ariza taqdim etib, to‘rt yil kutganidan keyin, qozi u haqda vafot etdi, deb hukm chiqarsa, buning ikki ko‘rinishi bor:
1. Ayol ikkinchi erga tegib, hali xilvati sahiha bo‘lishidan oldin avvalgi er (xoh vafot iddasi ichida yoki undan keyin, yoki ikkinchi erga tegishidan oldin, yoki keyin) qaytib kelsa, bilittifoq, ayol avvalgi erining nikohida qoladi va ikkinchi er oldida mutlaqo qola olmaydi;
2. Ayol vafot iddasini o‘takazganidan keyin boshqa erga turmushga chiqib, u bilan xilvati sahiha bo‘lsa, molikiy mazhabiga muvofiq ayol ikkinchi er oldida qoladi va ayolda avvalgi erning hech qanday haqqi qolmaydi. Lekin molikiy mazhabi ulamolaridan Alloma Solih Tunisiyning bu masala yuzasidan fatvosi quyidagichadir: «Qoidaga muvofiq er-xotin o‘rtasida nikoh tafriq bo‘lsa, raj’iy taloq voqe bo‘ladi va ayol uch hayz miqdoricha idda o‘tiradi. Agar idda ichida bedarak ketgan er kelib, ayoliga raj’at qilsa, raj’at durust bo‘ladi va ayol erning nikohida qoladi. Agar idda tugaganidan keyin kelsa yoki avvalroq kelgan bo‘lsa ham, hali ayoliga so‘z yoki fe’l bilan raj’at qilmay turib idda tugab qolsa, ayolga boin taloq tushadi. Bundan keyin ayol avvalgi erga tegish yoki tegmaslikda ixtiyorga ega bo‘ladi. Abu Hanifa mazhabida esa yuqoridagi har ikki suratda ham ayol avvalgi erining nikohida qoladi. Hanafiylarga boshqa mazhab asosida fatvo berish juda ham noiloj bo‘lgan vaqtdagina ruxsat beriladi. Lekin yuqoridagi ikki suratda biror zarurat topilmayapti. Shuning uchun hanafiy mazhabiga amal qilish lozim bo‘ladi. Hanafiy mazhabida yuqoridagi ikki masala borasida fatvo berilgan qavl shuki, ikkinchi er bilan xilvati sahiha bo‘lsin yoki bo‘lmasin, bedarak yo‘qolgan er qaytib kelsa, ayol avvalgi erining nikohida qoladi.
Tanbeh: Bu o‘rinda bir necha masalalarni xayolda tutish lozim: 1. Avvalgi er bilan na nikoh yangilanadi va na mahr qaytadan beriladi. Chunki nikoh mavjud o‘rinda qaytadan mahr berilmaydi; 2. Ayol ikkinchi erga turmushga chiqib, u bilan xilvati sahiha qilsa, uch hayz miqdoricha idda o‘tirmay, avvalgi eriga qayta olmaydi. Agar ayol ikkinchi erdan homilador bo‘lib qolsa, homilasini tug‘magunicha, avvalgi eriga qaytmaydi; 3. Ayol iddani avvalgi erining uyida o‘tkazadi. Lekin idda mobaynida er ayolga tegajog‘lik qilmaydi hamda undan alohida yashaydi. Bu borada kelgusi idda mavzusida batafsil so‘z yuritamiz; 4. Xilvati sahiha bo‘lganidan keyin ikkinchi er ayolga mahr berishi lozim bo‘ladi. Agar xilvat bo‘lmasa, mahr berilmaydi; 5. Ikkinchi er bilan xilvati sahiha bo‘lib, undan homilador bo‘lsa, nasab ikkinchi erdan sobit bo‘ladi. Vallohu a’lam.

26 Май 2022, 16:33 | Савол-жавоблар | 184 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar