Bir oyat tafsiri
Assalomu alaykum! Qur’oni Karimning "Nur" surasi 2-oyatida : Zinokor ayol va zinokor erkak — ulardan har (birini yuz darradan uringlar. Agar sizlar Allohga va oxirat kuniga iymon keltirguvchi bo‘lsangizlar Allohning (bu) hukmida (ya’ni zinokorlarni darralashda) sizlarni ularga nisbatan rahm shafqat (tuyg‘ulari) tutmasin! Ularning azoblanishiga bir toifa mo‘minlar guvoh bo‘lsinlar! I z o h. Bu hukm bo‘ydoq yoki tul va beva (ya’ni oilasiz) zinokorlarning jazosidir. Agar oilali erkak va xotinlar zinokorlik qilsalar, ularning jazolari toshbo‘ron qilib o‘ldirilmoqdir. " Savol: Oyatning " Agar oilali erkak va xotinlar zinokorlik qilsalar, ularning jazolari toshbo‘ron qilib o‘ldirilmoqdir" degan qismini hozirda ham qo‘llasa bo‘ladimi? yoki bu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam davrlarida bo‘lganmi? Iltimos shu oyatni judayam to‘liq izohlab bersangizlar.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! الزَّانِيَةُ وَالزَّانِي فَاجْلِدُوا كُلَّ وَاحِدٍ مِّنْهُمَا مِئَةَ جَلْدَةٍ وَلَا تَأْخُذْكُم بِهِمَا رَأْفَةٌ فِي دِينِ اللَّهِ إِن كُنتُمْ تُؤْمِنُونَ بِاللَّهِ وَالْيَوْمِ الْآخِرِ وَلْيَشْهَدْ عَذَابَهُمَا طَائِفَةٌ مِّنَ الْمُؤْمِنِينَ 2. Zinokor ayol va zinokor erkak – ikkovlaridan har birini yuz darradan uring. Agar siz Allohga va oxirat kuniga iymon keltiradigan bo‘lsangiz, sizlarni ularga nisbatan Allohning dinida shafqat tutmasin. Va ularning azobiga bir toifa mo‘minlar guvoh bo‘lsinlar. Ushbu oyatda zikr qilingan yuz darra urish jazosi oila qurmaganlar uchun tayin etilgandir. Ya’ni nikohda bo‘lmay, er-xotinlik hayotini tanib olmagan kishilar zino qilsalar, ushbu oyatning hukmiga binoan, ularga yuz darradan uriladi. «Zino» shariatda quyidagicha ta’riflanadi: «Zino erkak kishining o‘z nikohida bo‘lmagan ayol bilan jinsiy aloqa qilishidir». Xuddi shu ma’noda zino barcha jamiyatlarda axloqiy jihatdan razilat, diniy jihatdan gunoh, ijtimoiy jihatdan nomussizlik sanaladi. Bu umumiy qoidadan faqat insoniyligini yo‘qotgan jamiyatlargina chetga chiqqanlar. Chunki sof insoniy tabiat hech qachon zinoni yaxshilik sifatida qabul qila olmaydi. Zero, insoniyatning boqiy qolishi, kamol topishi uchun erkak bilan ayol o‘rtasidagi aloqa doimiy va mustahkam ahdu vafo, jamiyat tomonidan kafolatlangan ahdu paymon asosida bo‘lishi kerak. Shunday bo‘lmasa, naslu nasab pokligi ham, ota-bolalik tuyg‘usi ham, oila ham, jamiyat ham qolmaydi. Insoniyat tanazzulga yuz tutadi. Zino poklik va oliymaqomlikni yo‘qqa chiqaradigan amaldir. Shuning uchun ham hamma xalqlar, hamma dinlar, hamma jamiyatlar zinoni qoralaganlar. Shu bilan birga, ayrim xalqlar, dinlar, qonunlar zino jazoga loyiqmi, yo‘qmi, degan masalada ixtilof qilganlar. Insoniy tabiati buzilmagan jamiyatlar zinoni hech ikkilanmay, «jazoga loyiq ish» deb baholab kelganlar. Tabiati buzuq, ma’naviy poklikdan ko‘ra shahvatga ko‘proq intiladigan jamiyatlarda esa zinoni ikkiga bo‘lishadi. Birinchisi: oddiy zino, ya’ni ersiz ayol bilan jinsiy aloqada bo‘lish. Bu zinoga e’tiborsiz qarashgan. Juda borsa, jarima solish bilan cheklanganlar. Ikkinchisi: eri bor xotin bilan jinsiy aloqa qilish. Bu xildagi zinoni «turmush o‘rtog‘iga xiyonat qilish» deb atashadi. «Xiyonat» qilganlarga turli jazolar tayin ham etilgan. Masalan, qadimgi misrliklar erkakni tayoq bilan qattiq kaltaklashgan, xotinning burnini kesishgan. Hindlar zinokor ayolni itlarga egizishgan, erkakni qizdirilgan temir so‘riga yotqizib turib, atrofidan olov yoqishgan. Rim qonunlari bo‘yicha, qadimda zinokorlarning mol-mulki musodara etilgan, keyinroq o‘lim jazosiga hukm qilingan, so‘ngra umrbod qamoq jazosi bilan almashtirilgan va hokazo. Yahudiylarda zinokor o‘limga hukm etilgan. Masihiylarda esa «oddiy» zinoga jazo yo‘q. Ya’ni oilali bo‘lmagan odam zino qilsa, jazo berilmagan. Ammo oilali kishi zino qilsa, turmush o‘rtog‘iga xiyonat qilgani uchun jazolangan. Agar zinokor er ustidan xotin mahkamaga arz qilsa, xohlasalar, ularni ajratib qo‘yishgan. Ammo er mahkamaga arz qilib, o‘ziga xiyonat qilgan xotinidan ajrashishi va xotini bilan zino qilgan erkakdan jarima olishi mumkin. Eng qizig‘i shuki, zino xususida mahkamaga arz qilib, ajrashgan er ham, xotin ham keyin yangi turmush qurishi mumkin emas. Hozirgi kunda zinoga oid barcha qonunlar masihiylikdagi mana shu qoidaga asoslangan. Zino qoralansa ham, u jinoyat hisoblanmaydi, jazo belgilanmaydi. Chunki mantiqsiz falsafaga binoan, ikki tarafning roziligi bilan bo‘lgan zino jinoyat hisoblanmas ekan. Faqat zo‘rlash, roziligini olmasdan turib, kuch ishlatib zino qilishgina jinoyat hisoblanar emish. Bugungi kunda zino keng tarqalib, uning kasofati hamma yoqni bosib ketgani ham shundan. Islomda esa mazkur qonun-qoidalarning aksi o‘laroq, zino ulkan jinoyat hisoblanadi. Shuning uchun ham bu jinoyat oila ko‘rgan kishilar tomonidan sodir etilsa, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga binoan, toshbo‘ron qilib o‘ldiriladi. Bu jazolar turmush o‘rtog‘iga xiyonat qilgani yoki birovning nomusini poymol etgani uchun emas, balki halol yo‘l bilan qondirishi mumkin bo‘lgan shahvatini harom yo‘l bilan qondirgani uchun beriladi. Agar odamlarga shahvatlarini tartibsiz ravishda, xohlagan yo‘l bilan qondiraverishlariga ijozat berilsa, tezda insoniyat va uning madaniyati, ma’naviyati halokatga uchraydi. Agar inson oilaviy hayotning mas’uliyati, og‘irliklari va mashaqqatlarini bo‘yniga olmasdan, faqat shahvatini qondirishga harakat qiladigan bo‘lsa, undan hech qachon bola tarbiyalashda, oilada va jamiyatda biror foydali ishni kutib bo‘lmaydi. Bunday kishilar bir lahzalik shahvatini qondirish uchun hamma narsani qurbon qilishga tayyordirlar. Shuning uchun ham ular har qanday og‘ir jazoga loyiq. Islomda jinoyatlar ikki xil – bandaning haqqiga yoki Xudoning haqqiga qilingan jinoyat, deb e’tibor qilinadi, lekin zino ham bandaning haqqiga, ham Xudoning haqqiga jinoyat hisoblanadi. Shuning uchun ham Alloh taolo oyatning davomida zinokorlarga nisbatan murosasiz bo‘lishga chorlaydi. «Agar siz Allohga va oxirat kuniga iymon keltiradigan bo‘lsangiz, sizlarni ularga nisbatan Allohning dinida shafqat tutmasin. Va ularning azobiga bir toifa mo‘minlar guvoh bo‘lsinlar». Zinokorlarga nisbatan jazoni to‘lig‘icha joriy etishga Alloh taolo O‘ziga va qiyomat kuniga bo‘lgan iymonni shart qilib qo‘ymoqda. Ya’ni bu, agar Allohga va oxirat kuniga iymoningiz bo‘lsa, zinokorlarga tayin qilingan jazoni joriy etasiz va ularga shafqat qilmaysiz, jazosiz qo‘ymaysiz, deganidir. E’tibor berib qaraydigan bo‘lsak, oyatda «sizlarni ularga nisbatan Allohning dinida shafqat tutmasin», deyilmoqda. Musulmonlarga qilinayotgan murojaatda zinokorlarga jazo joriy etish «Allohning dini» deb aytilmoqda. Ha, Allohning dini, ba’zi nobakorlar aytganlaridek, «har bir kishining qalbidagi tuyg‘u» emas. Aksincha, shariat chegarasidan chiqqanlarni jazoga tortish ham xuddi namoz, ro‘za, zakot va haj kabi ibodatlar kabi, Allohning dinidir. Jumladan, zinokorlarga shariatda belgilangan jazoni ijro etish – oilasiz zinokorlarga yuz darra urish, oila ko‘rganlarini esa toshbo‘ron qilib o‘ldirish ham Allohning dinidir. Bu gaplar qandaydir bir bandaning fikri yoki chiqargan farmoni emas, Alloh taoloning Qur’onda aytgan ochiq-oydin amridir. «…ularning azobiga bir toifa mo‘minlar guvoh bo‘lsinlar». Chunki bu hol boshqalarga ham ibrat bo‘ladi. Agar zinokorga darra urilsa, uning o‘zi ham, jazolashga guvoh bo‘lganlar ham ibrat olib, bu ishga aslo yaqin kelmaydilar. Agar zinokor toshbo‘ron qilinsa, guvohlar ibrat oladilar, boshqalarga aytib beradilar va eshitganlar ham ibrat oladilar. Shu bilan birga, zinokorlarni jazolash xalq taftishi ostida bo‘ladi. Yo‘qsa, hukmdorlar «Qamoqxona ichida darra urdik yoki toshbo‘ron qildik», deb yolg‘on axborot berib, aybdorlarni jazolamay qo‘yishlari ham mumkin. Islom dushmanlari bu hukmlarni o‘ta shafqatsiz, insonni va uning hurriyatini xorlovchi choralar, deb baholaydilar va tuhmat toshlarini otadilar. Avvalo, ularning o‘zlari zinoga berilgan, shahvatini hamma narsadan ustun qo‘yadigan odamlardir. Qolaversa, ular hamma narsani o‘z qarichlari bilan o‘lchaydilar. Islomning zinoga bo‘lgan munosabatini faqat toshbo‘rondan iborat deb tasavvur qiladilar. Lekin Islom musulmon jamiyatida zino sodir bo‘lmasligi uchun barcha choralarni ko‘rgani, shahvatni halol yo‘l bilan qondirishning hamma yo‘llarini osonlashtirib qo‘ygani, zinokorga nisbatan jazoni qanday holatlarda joriy qilishi kabi ko‘plab masalalar haqida umuman, hech narsa bilmaydilar. Islom dushmanlari o‘z sharoitlari va toshbo‘ronni ko‘z oldilariga keltiradilar, xolos. Ularning orasidan zino qilmagan odamni topish qiyin. Shuning uchun ham ular, agar Islom joriy qilinsa, hamma toshbo‘ron ostida o‘lib ketishi kerak, deb o‘ylaydilar. Lekin aslida shundaymi? Yo‘q, Islom inson hurriyatini poymol qilmaydi. Aksincha, qadrlaydi. Shuningdek, buzg‘unchilikni «hurriyat» deb emas, o‘z nomi bilan «buzg‘unchilik» deb ataydi. Zino barcha xalqlar, dinlar, tuzumlarda buzg‘unchilik sifatida baholanishi oldin ham aytib o‘tildi. Qadimdan hamma buzg‘unchilik deb kelayotgan ishni hurriyat deb atash mumkinmi?! Inson shaxsiga, sog‘lig‘iga, axloq-odobiga, oilasiga, nasliga, jamiyatiga bitmas-tuganmas zarar keltiradigan narsani hurriyat deb atab bo‘ladimi?! Islom zinoga qarshi murosasiz choralarni ko‘rib qo‘ygan. Bunda, eng avvalo, insonlarni yoshlikdan Allohdan qo‘rqish, qiyomat kunining mas’uliyatini his etish, halol-pok yashash ruhida tarbiyalaydi. Qolaversa, zino harom ish, katta jinoyat ekaniga urg‘u berib, har bir odam farzandini undan uzoqda bo‘lishga da’vat qiladi. Islom erkak va ayollarni shahvatlarini qondirishning halol yo‘li bo‘lgan nikohga qattiq targ‘ib qiladi va uning ro‘baro‘sidagi har qanday to‘siqlarni olib tashlaydi, osonlik bilan nikohli bo‘lish yo‘llarini tayyorlaydi. Hattoki qul va cho‘rilarning ham nikohsiz yurmasliklariga alohida e’tibor beradi. Shu bilan birga, Islom zinoga olib boradigan barcha yo‘llarni berkitadi. Misol uchun, ayollarni ochiq-sochiq holda yurib, jamoli va qomati bilan erkaklarning shahvatini qo‘zg‘atmaslikka buyuradi. Nomahram erkak va ayollarning aralash-quralash bo‘lib yurishlarini man qiladi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam «Agar bir nomahram erkak va xotin yolg‘iz qolsalar, uchinchilari shayton bo‘ladi», – deganlar. Ya’ni shayton ularni yo‘ldan urib, zinoga boshlashi mumkin. Shuningdek, Islomda erkaklarning ham, ayollarning ham nomahramlarga shahvat nazari ila qarashlari harom qilingan. Binobarin, fahsh gap-so‘zlar, hikoyalar va qissalar ham man etilgandir. Shuncha omillarni bosib o‘tib, yana zinoga yurishni o‘ziga ep ko‘rgan insonning insonligi qoladimi? Uning boridan yo‘g‘i yaxshi emasmi?! Bunday odamlar insoniyat tanasiga tushgan qorason xastaligiga o‘xshaydi. Ular asta-sekin tanani halokatga olib borishlari aniq-ku! Butun tanani halok qilgandan ko‘ra, qorason kasali tekkan a’zoning o‘zini kesib tashlagan ma’qul emasmi? Albatta, ana shunday qilgan ma’quldir. Islom dini kelgan vaqtda johiliyat jamiyatida zino keng tarqalgan edi. Uning turli ko‘rinishlari bor edi. Hattoki buzuq ayollar uylariga bayroq tikib qo‘yib, zinokorlarni jalb qilishgacha borib etgan edilar. Islom boshqa illatlar kabi, bu illatni ham asta-sekinlik bilan muolaja qildi. Avval zinoning yomon amal ekani tushuntirildi. Keyin «Niso» surasidagi «Ayollaringizdan fahsh ish (zino) qilganlariga o‘zlaringizdan to‘rtta guvoh keltiring. Agar guvohlik bersalar, ularni to o‘lim etgunicha yoki Alloh ular uchun bir yo‘l qilgunicha uylarida tutib turing» degan 15-oyatga binoan, ayollarni uyga qamab qo‘yish joriy qilindi. Erkaklarga nisbatan esa ushbu suradagi «Sizlardan o‘sha(fahsh ish)ni qilgan ikki erkakka ozor beringlar» degan 16-oyatga binoan ta’zir beriladigan bo‘ldi. Nihoyat, oltinchi hijriy sanada biz o‘rganayotgan ushbu oyatlar nozil bo‘lib, hamma narsa o‘z o‘rniga qo‘yildi. Avval aytib o‘tilganidek, bu oyatda belgilangan jazolar to‘laqonli, to‘g‘ri nikohda bo‘lmaganlar uchun qo‘llaniladi. Shariatda bunday jazolar «hadd» deyiladi. Oila qurgan, nikohda bo‘lgan erkak va ayollar arab tilida «muhsan» deb ataladi, ulardan zino qilganlarni toshbo‘ron qilish jazosi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bilan sobit bo‘lgan. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ko‘pgina hadislarida nikohda bo‘lib, oilaviy turmush qurgan kishilar tomonidan zino sobit bo‘lsa, ularni toshbo‘ron qilishga hukm chiqarganlari, hukmning ijrosida o‘zlari ham ishtirok etganlari aytib o‘tilgan. Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan keyin sahobalar va musulmonlarning barcha avlodlari bu hukmga og‘ishmay amal qilib kelganlar. Bu haqdagi hadislar va qissalar o‘rni bilan zikr qilinadi. Endi fiqh olimlarimiz shar’iy qonun bo‘yicha zinoni qanday tushuntirishlarini o‘rganaylik. Hanafiy mazhabi olimlari zinoni quyidagicha ta’riflaydilar: «Bir er kishi ayol kishini shar’iy aqdsiz, egalik haqqisiz va bu ikki narsaning shubhasi bo‘lmay turib, old tomonidan yaqinlik qilishi zinodir». Bu ta’rifga binoan, orqa tomondan yaqinlashsa, zino bo‘lmaydi. U ishni qilgan odamga jazo beriladi-yu, ammo toshbo‘ronga tutilmaydi. Shuningdek, shar’iy aqd – nikohning shubhasi bilan, misol uchun, noto‘g‘ri nikoh ila yaqinlik qilsa ham, toshbo‘rondan boshqa jazoga tortiladi. «Egalik huquqi» esa eski vaqtlardagi cho‘ri tutishga tegishli. Xojaning o‘z cho‘risidan xotin o‘rnida foydalanishga haqqi bor. Ammo egalik haqqi shubhasi bilan, ya’ni kimdir o‘g‘lining cho‘risini o‘ziniki deb o‘ylab, yaqinlik qilgan bo‘lsa, noto‘g‘ri hisoblanadi, lekin shubha borligi uchun toshbo‘ron qilinmaydi. Shar’iy qonunga binoan, yuz darra urish yoki toshbo‘ron qilish jazosi kimlarga nisbatan qo‘llaniladi? Bir odamning begona ayol bilan turganini, o‘tirganini yoki yotganini eshitiboq, olib borib, ularga darra urilaveradimi yoki ularni toshbo‘ron qilinadimi? Yo‘q, albatta. Shar’iy jihatdan zino jinoyati sobit bo‘lishi uchun bir qancha shartlar bor. Jumladan, jinoyat qilganlikda ayblanayotgan shaxsda ma’lum bir sifatlar ko‘rilishi ham kerak. Musulmon, balog‘atga etgan, aqlli va hur kishilar zino qilsalargina, jazoga tortiladilar. Musulmon bo‘lmaganlarning islomiy jazoga tortilishi Hanafiy mazhabi ulamolari nazdida mumkin emas. Shuningdek, balog‘atga etmaganlar ham, aqli yo‘q, jinni kishilar ham, hur bo‘lmagan qul kishilar ham jazolanmaydilar. Bular darra urish haqidagi shartlar. Toshbo‘ron qilish uchun esa yuqoridagi shartlardan tashqari, zinokor odam to‘g‘ri nikoh ila uylangan va er-xotin sifatida hayot kechirgan bo‘lishi kerak. Nikoh o‘qitgan-u, birga yashamay, ajrashib ketgan bo‘lsa ham, toshbo‘ron qilinmaydi. Demak, harom yo‘l bilan sodir etilgan jinsiy yaqinlik shar’iy-qonuniy ta’rifga to‘g‘ri kelgandagina, zino hisoblanib, uni sodir etgan shaxs uylanmagan bo‘lsa, yuz darra urish, uylangan bo‘lsa, toshbo‘ron jazosiga tortiladi. Shu o‘rinda «Jinsiy jinoyat qilgan-u, ammo ta’rifga mos kelmaydigan bo‘lsa, nima qilinadi?» degan savol tug‘iladi. Bunday holatlarda ta’zir beriladi. Ya’ni har bir zamonning musulmon hokimi sharoitga, mavjud holatga qarab, ta’zirli jazo belgilaydi. Agar darra urish bilan ta’zir bermoqchi bo‘lsa, o‘n darradan oz bo‘lishi kerak. Chunki imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «O‘n darradan ko‘p urilmaydi. Allohning haddi (belgilagan jazosi) bo‘lsagina, mustasno», – deganlar. Ta’zir banda tomonidan belgilanadigan jazo bo‘lgani uchun o‘n darradan oshmasligi kerak. Shuningdek, zinoga belgilangan jazo bu jinoyatni ixtiyoriy ravishda sodir etgan shaxsga nisbatan qo‘llaniladi. Zo‘rlangan ayolga jazo berilmaydi. Islomda, umuman, majbur qilish orqali sodir etilgan jinoyatlar uzrli hisoblanadi. Imom Termiziy Voil ibn Hujrdan quyidagi rivoyatni keltiradilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrlarida bir ayol namozga kelayotganida, bir erkak yo‘lini to‘sib, uni zo‘rladi. Xotin dod soldi. Erkak qochib ketdi. Bir guruh muhojirlar etib kelishgan edi, ayol «Anavi odam meni unday qildi, bunday qildi», – deb aytib berdi. Erkakni tutib, keltirishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayolga: «Sen ketaver, Alloh seni mag‘firat qildi», – dedilar. Uni zo‘rlagan erkakni esa toshbo‘ron qilishga buyurdilar». Boshqa jazo choralari qatori, zinokorlarni jazolash ham Islom davlati tomonidan joriy qilinadi. Buning uchun esa zino jinoyati yuqorida zikr etilgan shartlarni mujassam qilgan shaxslar tomonidan sobit bo‘lishi kerak. Zino esa zinokorning iqror bo‘lishi yoki to‘rtta musulmon odil erkak shaxslarning guvohlik berishi bilan sobit bo‘ladi. Zinokorning iqrori – zino qilganini ochiq-oydin ibora bilan aytmog‘idir. Yana u o‘ziga harom bo‘lgan ayol bilan bilib turib jinsiy aloqa qilganini e’tirof etishi kerak. Unga birov ta’sir o‘tkazmagan, majbur qilmagan, aqlu hushi joyida bo‘lishi kerak. Abu Hanifa rahmatullohi alayhi va boshqa ba’zi ulamolar «Zinokorning iqrori to‘rt marta bo‘lishi kerak», – deydilar. Zinokor oldin iqror bo‘lib turib, keyin iqroridan qaytsa ham, unga jazo qo‘llanilmaydi. Bu masalada eng mashhur hodisa Nabiy sollallohu alayhi vasallamning davrlarida bo‘lib o‘tgan Mo’iz ibn Molik Aslamiy hodisasidir. Bu hodisa barcha hadis, tafsir va tarix kitoblarimizda keltirilgan. Hodisaning qisqacha tafsiloti quyidagicha: «Mo’iz Aslamiy Huzzol ibn Nu’aym ismli kishining qaramog‘idagi etim yigit edi. O‘sha joydagi bir cho‘ri qiz bilan zino qilib qo‘ydi. Huzzol uni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga olib borib, qilgan ishini o‘zi aytib berishga buyurdi. Shoyad, buning uchun istig‘for aytsalar, deb o‘yladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidda o‘tirgan edilar, Mo’iz oldilariga keldi va: – Ey Allohning Rasuli, ta’kidlab aytamanki, men zino qildim, – dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam undan yuzlarini o‘girdilar va: – Sho‘ring qurisin! Ortingga qayt! Allohga istig‘for aytib, tavba qil, – dedilar. U esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ro‘baro‘lariga o‘tib: – Ta’kidlab aytamanki, men zino qildim, – dedi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam undan yana yuzlarini o‘girib oldilar. U esa yana ro‘baro‘lariga o‘tib: – Ey Allohning Rasuli, meni poklang! Men zino qildim, – dedi. Unga Abu Bakr Siddiq: – Agar to‘rtinchi bor iqror bo‘lsang, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam seni albatta toshbo‘ron qiladilar, – dedi. Ammo u o‘z gapida turib oldi: – Ey Allohning Rasuli, shubhasiz, men zino qildim, meni poklab qo‘ying, – dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: – Ehtimol, o‘pgandirsan, quchoqlagandirsan yoki qaragandirsan? – dedilar. U: – Yo‘q, – dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: – U bilan birga yotdingmi? – deb so‘radilar. U: – Ha, – dedi. Ul zot: – Unga yaqinlik qildingmi? – dedilar. U: – Ha, – deb javob qaytardi. Ul zot: – Uni o‘zingga jamladingmi? – deb so‘radilar. U yana: – Ha, – dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam faqat jinsiy yaqinlikka ishlatiladigan iborani qo‘lladilar. Boshqa hech erda, hech qachon bu iborani ishlatmagan edilar. Chunki birovning o‘limiga hukm chiqarish oson emas edi. U esa o‘sha savolga ham: – Ha, – deb javob berdi. Ul zot: – Surma cho‘pi surmadonga kirganiga o‘xshab-a? – dedilar. U: – Ha, – dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam undan: – Zinoni bilasanmi o‘zing? – deb so‘radilar. U: – Ha, bilaman, men unga harom aloqa qildim, erkak o‘z xotini bilan qilsa, halol bo‘ladigan aloqani qildim, – dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: – Nikohda bo‘lganmisan? – dedilar. U: – Ha, – dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam atroflaridagi sahobalardan: – Bu o‘zi jinni emasmi? – deb so‘radilar. Ular uning majnun emasligi haqida xabar berdilar. So‘ngra: – Aroq ichganing yo‘qmi? – deb so‘radilar. Shunda bir odam turib borib, uning og‘zini hidlab ko‘rdi. Undan aroq hidi ham kelmadi. Keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Huzzolga: – Agar buni berkitganingda, o‘zingga yaxshi bo‘lar edi, – dedilar. So‘ngra toshbo‘ron qilishga amr etdilar. Madinaning tashqarisida toshbo‘ron qilindi. U toshbo‘ronning alamini totganda baqira boshladi: – Ey qavm, meni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qaytarib olib boringlar! Meni qavmim halok qildi, aldashdi, meni Rasululloh qatl qilmasliklarini aytishgan edi! – dedi. Lekin odamlar uni to o‘lgunicha toshbo‘ron qildilar. So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga uning toshbo‘ronning alamidan dodlab, o‘limdan qochgani zikr qilinganida, u zot: – Qo‘yib yuborsangiz, Allohga tavba qilsa, tavbasi qabul bo‘larmidi, – dedilar». Ikkinchi qissa «G‘omidiyya qissasi» nomi bilan mashhur bo‘lgan qissadir. «G‘omidiyya qabilasidan bir ayol kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga: – Ey Allohning Rasuli, meni poklang! – dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: – Sho‘ring qurisin! Ortingga qayt! Allohga istig‘for aytib, tavba qil! – dedilar. U: – Mo’iz ibn Molikni qaytarganga o‘xshab, meni ham qaytarmoqchimisiz?! Zinodan homilador bo‘lgan ayolni-ya? – dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: – Sen-a?! – dedilar. U: – Ha! – dedi. U zinodan homilador bo‘lgani uchun Mo’izga o‘xshatib uzoq savolga tutmadilar-da: – Tuqquningcha borib tur, – dedilar. Ayol tuqqanidan so‘ng, bolasini ko‘tarib, yana keldi. Yana o‘zining toshbo‘ron etilishini talab qildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: – Boraver, bolangni emiz, sutdan ajratguningcha yurib tur, – dedilar. Bolasini sutdan ajratgandan so‘ng yana keldi. Bolasining qo‘liga bir burda non berib qo‘ygan edi. U: – Ey Allohning Rasuli, mana, uni sutdan ajratdim. O‘zi ovqatlanadigan bo‘ldi. Endi meni poklang! – dedi. Ul zot bolani boshqa bir odamga topshirdilar va ayolni toshbo‘ron qilishga amr etdilar. Ko‘kragigacha chuqurga ko‘mib, so‘ngra toshbo‘ron qilindi». Bu hodisalar ko‘rsatib turibdiki, haqiqiy musulmon kishi ba’zida ojizlik qilib, gunoh sodir etsa ham, o‘ziga kelganda, gunohini yuvish uchun har narsaga, hatto o‘limga ham rozi bo‘ladi. Chunki jinoyatchiga shar’iy jazo berilsa, gunohi yuviladi. O‘sha g‘omidiyyalik ayol toshbo‘ron qilinayotganida, qoni sachrab, kimgadir tegadi va o‘sha odam ayolni so‘kadi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘sha odamga: «Uni so‘kma, u bir tavba qildiki, agar uning tavbasini er yuzidagi barcha odamlarga bo‘lib bersa, etadi», – dedilar. Imom Abu Dovud Burayda Aslamiy roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda: «Biz, Rasulullohning sahobalari «Agar g‘omidiyyalik ayol bilan Mo’iz ibn Molik e’tiroflaridan qaytganlarida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning ortidan kutkilamas edilar»,– deb yurardik», – deyilgan. Darhaqiqat, shunga o‘xshash hodisalar ham bo‘lgan. Imom Muslim, imom Abu Dovud, imom Termiziy va imom Nasaiylar Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda quyidagilar aytiladi: «Bir odam Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: – Ey Allohning Rasuli, men shaharning chetida bir ayol bilan birga bo‘ldim, u bilan jinsiy aloqa qilmadim-u, boshqasini qildim. Mana, men turibman, nima qilsangiz, mayli, – dedi. Umar roziyallohu anhu unga: – Alloh seni berkitibdi, sen ham o‘zingni berkitganingda edi, – dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u odamga hech narsa demadilar. U o‘rnidan turib, jo‘nab ketdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning ortidan bir kishini yubordilar. U borib, haligi odamni chaqirdi-da, unga «Kunning ikki tarafida va kechaning bir bo‘lagida namozni to‘kis ado qil! Albatta, yaxshiliklar yomonliklarni ketkazadi. Bu esa eslovchilarga eslatmadir» oyatini o‘qib berdi. U erdagi odamlardan biri: – Ey Allohning Payg‘ambari, bu uning o‘ziga xosmi? – dedi. Ul zot sollallohu alayhi vasallam: – Yo‘q! Barcha odamlarga, – dedilar». Imom Buxoriy Anas roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda quyidagilar zikr etiladi: «Bir odam kelib: – Ey Allohning Rasuli, men haddga (zino jazosiga) loyiq ish qildim. Uni menga joriy qiling, – dedi. Ul zot undan u nima ekanini so‘ramadilar. Namoz vaqti bo‘ldi. Haligi odam Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga namoz o‘qidi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozni o‘qib bo‘lganlaridan so‘ng, haligi odam o‘rnidan turib: – Ey Allohning Rasuli, men haddga loyiq ish qildim, menga Allohning hukmini joriy eting, – dedi. Ul zot sollallohu alayhi vasallam: – Biz bilan namoz o‘qidingmi? – dedilar. U: – Ha, – dedi. Ul zot sollallohu alayhi vasallam: – Batahqiq, Alloh sening gunohingni mag‘firat qildi, – dedilar». Ushbu hadislarda zinokor o‘zining jinoyatiga iqror bo‘lganda, undan «Sheriging kim edi?» deb so‘ralmaganiga e’tibor qilish kerak. Xoh erkak bo‘lsin, xoh ayol, zino qilganini o‘zi e’tirof etib kelganida, so‘rab-surishtirib, uning o‘ziga jazo berilmoqda, ammo «Zinoni kim bilan qilding?» deb so‘ralgani yo‘q. Bu hol zinokorni izlab topishga, tekshirishga amr qilinmaganini ko‘rsatadi. Agar mabodo, zinokor sherigini aytsa ham, uni darhol olib kelib, jazoga tortavermaydilar, balki undan ham so‘rab-surishtiriladi. Agar iqror bo‘lsa, jazoga tortiladi. Iqror bo‘lmasa, qo‘yib yuboriladi. Imom Ahmad va imom Abu Dovud Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hodisa shu masalani aks ettirgan: «Bir odam Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, zino qilganini va ayolning nomini aytdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odam yuborib, ayolni chaqirtirib keldilar va undan erkak aytgan ish haqida so‘radilar. Ayol inkor qildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam erkakni jazoga tortdilar va ayolni qo‘yib yubordilar». Zino sobit bo‘lishining ikkinchi yo‘li to‘rtta odil, hur musulmon erkak kishining bir joyda, bir xilda guvohlik berishi bilan bo‘ladi. Guvohlar guvohlik berganlaridan so‘ng, ularning shaxslari tekshirib ko‘riladi. Agar ular odil bo‘lmasalar, ya’ni shariat ishlarida kamchilikka yo‘l qo‘ygan, yolg‘on gapirgan, avvalgi bergan guvohligi yolg‘on chiqqan bo‘lsa, guvohliklari qabul qilinmaydi. Shuningdek, guvohlar erkak bilan ayolning o‘sha ishni qilib turganlarini birdek aniq ko‘rgan bo‘lishlari kerak. Zino bo‘lgan joy, vaqt haqidagi gaplari ham bir xil chiqishi lozim. Bo‘lmasa, zino sobit bo‘lmaydi. Shu bilan birga, eri yo‘q ayol homilador bo‘lib qolsa ham, zino qilgan deb hisoblanmaydi. Unga darra urilmaydi, toshbo‘ron ham qilinmaydi. Modomiki, o‘zi iqror bo‘lmasa yoki guvohlik ila isbot qilinmasa, uni zinokor deyishga izn yo‘q. Garchi ersiz ayolning homilador bo‘lishining o‘zi kuchli dalil bo‘lsa ham, lekin mingdan bir ehtimol bilan uning bachadoniga nutfa zinodan emas, boshqa sababdan tushib qolganligi gumoni ustun qo‘yiladi. Bu xil masalalarda shariatning umumiy qoidalari shunday. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Haddlarni (shar’iy jazolarni) shubhali bo‘lsa, qaytaringlar», – deganlar. Imom Termiziy rivoyat qilgan boshqa bir hadisda esa: «Iloji boricha musulmonlardan haddlarni qaytaringlar. Biror yo‘li topilsa, qo‘yib yuboringlar. Albatta, imom(hokim)ning adashib afv qilishi adashib jazo berishidan ko‘ra yaxshiroqdir», – deganlar. O‘tgan hodisalarni o‘rganish jarayonida zinokorni toshbo‘ron qilish haqida tasavvur hosil bo‘ldi. Ko‘pchilik bo‘lib, erkak kishini o‘rtacha toshlar bilan toshbo‘ron qiladilar, ayol kishini esa avval ko‘kragigacha chuqurga ko‘mib turib, so‘ngra toshbo‘ron qiladilar. Endi darra urishga kelsak, avvalo, darra teridan yasalgan bo‘lishi kerak. Qolaversa, o‘ta qattiq ham, o‘ta yumshoq ham bo‘lmasligi lozim. Urganda alam-og‘riq bersin-u, ammo urilayotgan shaxsning a’zosiga zarar etkazmasin. Zotan, darra urishdan maqsad uni jazolashdir, o‘ldirish yoki mayib qilish emas. Shuningdek, darra tugilgan yoki uchlari ajratilib, alamni ziyoda qiladigan bo‘lmasligi kerak. Uruvchi odam o‘rtacha zarba berishi lozim. Juda qattiq ham emas, juda sekin ham emas. Shuningdek, bir joyga takror-takror urmaydi, balki tarqatib, yoyib uradi. Yuzga, avrat joyga va boshga urish mumkin emas. Erkak jinoyatchini tik turg‘izib, ayolni o‘tirg‘izib, darra uriladi. Erkak kishining qalin kiyimlari echiladi. Ayol kishining qalin kiyimlari echilmaydi. Darra juda issiq yoki juda sovuq paytda urilmaydi. Shuningdek, jinoyatchi bog‘lanib yoki yotqizib qo‘yilmaydi. Ba’zi fuqaholar yuz darrani yigirma darradan bo‘lib-bo‘lib, besh kunda urish ham joizligini aytganlar. Hazrati Abu Hanifa rahmatullohi alayhi: «Ellik darradan ikki kun ursa, etarli», – deganlar. Darra urish johil, qo‘pol kishilarga topshirilmaydi. Balki ahli ilm, shariat hukmlarini yaxshi biladigan odamlarga topshiriladi. Agar jinoyatchi bemor bo‘lsa, tuzalgunicha kutib turiladi. Agar u tuzalmaydigan kasal bo‘lsa yoki o‘ta qari odam bo‘lsa, yuzta gavronni bir bog‘ qilib, bir marta uriladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vaqtlarida shunday qilingan. Homilador ayol bolasini tuqqunicha, emizikli ayol esa bolasini ko‘krakdan ajratgunicha jazolash ortga surilishini yuqorida ko‘rib o‘tdik. Agar zino guvohlik berish bilan isbotlanib, jinoyatchi toshbo‘ron qilinadigan bo‘lsa, birinchi toshni guvohlar otadilar. Guvohsiz, faqat iqror bilan sobit bo‘lgan bo‘lsa, birinchi toshni hukm chiqargan qozi otadi. Shariat bo‘yicha, jinoyatchilarni jazolash shunday. Endi shariat dushmanlari jinoyatchilarni qanday jazolayaptilar, o‘zlari biladilar. Toshbo‘ron qilib o‘ldirilgan zinokor barcha musulmonlar kabi yuvilib, kafanlanib, janozasi o‘qilib, musulmonlar qabristoniga ko‘miladi. Yuqorida zikr etilgan Mo’iz ibn Molik haqida Nabiy sollallohu alayhi vasallam yaxshi gap aytganlar, janozasini o‘qiganlar va: «Mo’iz ibn Molik uchun istig‘for aytinglar, u bir ummatga taqsimlansa, etadigan tavba qildi», – deganlar. O‘zining mahramlari bilan zino qilgan odamni hukumat qattiq ta’qib qiladi. Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhi: «Bunday kishilarga zinokorning jazosi beriladi. Agar mahramini nikohlab olgan bo‘lsa, alamli azob-la azoblanadi», – deganlar. Kezi kelganda, zinodan boshqa jinsiy jinoyatlar haqida ham bir-ikki og‘iz so‘z aytaylik. Erkak kishi bilan erkak kishining jinsiy aloqada bo‘lishi «livota» deyiladi. Bu ish eng yomon gunohlardan ekani Qur’oni Karimda bir necha bor takrorlangan. Lut alayhissalom payg‘ambar bo‘lib borgan qavm ushbu amalga o‘ch bo‘lgan, Alloh taolo ularni halok qilgan. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bu jinoyatga qattiq qarshi turganlar. Ul zot sollallohu alayhi vasallam bu amalni qilgan odam kim bo‘lishidan qat’i nazar, uylanganmi-uylanmaganmi, ikkisini ham o‘ldirishga buyurganlar. Sahobai kiromlar esa bu jinoyatkorlarni qanday o‘ldirish to‘g‘risida turli ijtihodlar qilganlar. Hazrati Ali roziyallohu anhu ularni qilich bilan chopib o‘ldirib, jasadini kuydirib yuborishni aytganlar. Hazrati Umar va hazrati Usmon roziyallohu anhumo esa: «Eski binoning tagiga yotqizib turib, ustidan devorni yiqitib o‘ldirish kerak», – deganlar. Hazrati Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu: «Yurtidagi eng baland joydan boshini erga qilib tashlab, keyin toshbo‘ronga tutish kerak», – deganlar. Mazhab imomlari ham shunga o‘xshash fikrlar ila ijtihod qilganlar. Imom Abu Hanifa: «Har zamonning hokimi sharoitga qarab, boshqalar ham ibrat oladigan qilib jazolaydi», – deganlar. Bachchabozlikni odat qilgan odamni o‘ldirish shartligini ham alohida ta’kidlaydilar. Yana aytib qo‘yish lozim bo‘lgan gaplardan biri shuki, er kishi o‘z xotinining orqasiga yaqinlik qilishi ham haromdir. Imom Abu Dovud rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim ayol kishiga ortidan kelsa, la’natidir», – deganlar. Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda esa Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Hayzli ayolga yoki ayol kishining orqasidan yaqinlik qilgan va folbinga borib, unga ishongan odam Muhammadga nozil etilgan narsaga kufr keltirgan bo‘ladi», – deganlar. Shuningdek, hayvonlarga yaqinlik qilgan odamlar ham katta gunohkor va jinoyatchi hisoblanadilar. Ba’zi ulamolar ularni ham zinokor hisoblaydilar va zinoning jazosiga tortilishi zarurligini ta’kidlaydilar. Ammo Hanafiy mazhabi ulamolari «Bu jinoyatni qilgan odamga hokim, qozi yoki boshqa mas’ul kishilar o‘zlari bilib, ta’zir beradilar», – deganlar.("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam.
20 Апрел 2022, 20:06 | Савол-жавоблар | 279 | Turli savollar