O‘zga din vakiliga turmushga chiqmaslikka dalil bormi?

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, ahli kitoblarga uylanish mumkin deb javobda Qur’ondan oyat bilan tushuntirilgan. Qizlarni ahli kitoblarga turmushga chiqish yoki chiqmasliklariga dalil bormi? Tanishim boshka davlat fuqorosiga erga tegaman deydi (o‘zga din vakiliga). Men unga mumkinmas bu ish xato deb tushuntirish uchun kerak edi.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Alloh taolo “Baqara” surasida marhamat qiladi: وَلاَ تَنكِحُواْ الْمُشْرِكَاتِ حَتَّى يُؤْمِنَّ وَلأَمَةٌ مُّؤْمِنَةٌ خَيْرٌ مِّن مُّشْرِكَةٍ وَلَوْ أَعْجَبَتْكُمْ وَلاَ تُنكِحُواْ الْمُشِرِكِينَ حَتَّى يُؤْمِنُواْ وَلَعَبْدٌ مُّؤْمِنٌ خَيْرٌ مِّن مُّشْرِكٍ وَلَوْ أَعْجَبَكُمْ أُوْلَئِكَ يَدْعُونَ إِلَى النَّارِ وَاللّهُ يَدْعُوَ إِلَى الْجَنَّةِ وَالْمَغْفِرَةِ بِإِذْنِهِ وَيُبَيِّنُ آيَاتِهِ لِلنَّاسِ لَعَلَّهُمْ يَتَذَكَّرُونَ۝ 221...Va mushriklar iymonga kelmagunlaricha, ularga nikohlab bermang. Shubhasiz, mo‘min qul mushrikdan, gar u sizni qiziqtirsa ham, yaxshidir. Anavilar o‘t-olovga chaqirarlar. Alloh esa O‘z izni ila jannatga va mag‘firatga chaqirar hamda odamlarga O‘z oyatlarini bayon qiladir. Shoyadki, eslatma olsalar.
Mo‘mina ayollarning mushrik erkaklarga turmushga chiqishlari, ularga nikohlanishlari qat’iyan man qilinadi:
«Va mushriklar iymonga kelmagunlaricha, ularga nikohlab bermang».
Ya’ni mo‘minalarni ularning nikohiga bermang. Muslima-mo‘mina ayollar musulmon dinidagi erkakdan boshqa erkakka turmushga chiqishlari mutlaqo mumkin emas. Agar u erkak Islomga kirib, mo‘min bo‘lsagina, ruxsat bo‘ladi.
Hatto erkak yahudiy yoki masihiy dinida bo‘lsa ham, muslima ayolning unga nikohlanishi harom. Faqat musulmon erkak bo‘lishi shart. Payg‘ambarimiz alayhissolatu vassalom: «Biz ahli kitobning ayollariga uylanamiz, ular bizning ayollarimizga uylanmaydilar», – deganlar.
Xuddi ayollarga o‘xshab, erkaklar fazlining o‘lchovi ham iymondir:
«Shubhasiz, mo‘min qul mushrikdan, gar u sizni qiziqtirsa ham, yaxshidir».
Ya’ni erkak kishi qul bo‘lsa ham, mo‘min bo‘lsa, bas, boshqa iymonsiz erkaklardan yaxshidir...
Erkak bo‘lsin, ayol bo‘lsin, iymonsizligi, mushrikligi juda yomon, kim ular bilan aloqada bo‘lsa, xususan, nikoh kabi muqaddas va nozik aloqada bo‘lsa, kasofati uradi. Urganda ham, eng hassos nuqtada – aqiyda bobida uradi va inson o‘z turmush o‘rtog‘iga ergashib, dinidan chiqib ketishi xavfi bor. Shuning uchun oyatda:
«Anavilar o‘t-olovga chaqirarlar», – deyiladi.
Anavilar (mushriklar) o‘zlari bilan birga bo‘lganlarni mushriklikka, bu degani, do‘zax o‘tiga chaqiradilar. ("Tafsiri Hilol" kitobidan).
Musulmon qimor o‘ynasa ham zino qilsa ham Alloh taoloni haqorat qilmaydi. Boshqa din vakillari esa Alloh taologa shirk keltirib haqorat qilishadi. Alloh taolo ularni be e’tiqodlarini O‘ziga ozor berish deb marhamat qilgan.
Alloh taoloning farzandi bor deyishni Alloh taolo O‘ziga etkazilgan eng qattiq ozor – deb baholagan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam عن أبي موسى الأشعري رضي الله عنه قال: قال النبي صلى الله عليه وسلم: ما أحد أصبر على أذى سمعه من الله، يدعون له الولد، ثم يعافيهم ويرزقهم Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi : Nabiy sollallohu alayhi vasallam : “Hech kim eshitadigan ozorlariga Allohdan ko‘ra sabrliroq emas. Uning bolasi bor deb da’vo qilishadi, Alloh taolo esa ularni ofiyatda qilib, rizq berib turadi” dedilar.
Ushbu hadisda siz aytgan belgini Allohga beriladigan eng qattiq ozor deb aytilgan.
Agar o‘sha inson birorta inson zotidan bo‘lmagan ya’ni hamjinsi bo‘lmagan kuchukni ko‘rsatib, tinmasdan sizga “Mana shu kuchukni seni onang tuqqan” deganida siz o‘sha insonni yaxshi inson deb aytarmidingiz. Holbuki ular o‘zini yaratgan Robbisiga, Robbisining hamjinsi bo‘lmagan haykal va butlarni Allohning o‘g‘li, Allohning xotini deb aytishadi. G‘ayridinlar nima uchun Allohning nazdida o‘ta manfur inson ekanligini tushundingizmi? Vallohu a’lam!

20 Апрел 2022, 20:06 | Савол-жавоблар | 168 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar