Ovozimni yaxshilab, Qur’oni karimni yodlamoqchiman maslahat bering

Assalomu Alaykum, Hurmatli Shayx Hazratlari! Men Qur’oni karimni yodlamoqchiman. Ovozimni yaxshilash uchun nima qilsam bo‘ladi? Ovozim juda bo‘g‘iq. Iltimos maslahat bersangiz Qur’on yodlamoqchi do‘stlarimizga ham foydali maslahat bo‘lardi. Alloh ilmingizni ziyoda qilsin!
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
-Ovozni yaxshilash uchun ovozni sozlash bo‘yicha mutaxassislardan maslahat olish maqsadga muvofiq. Shu bilan birga, kishining o‘z ovoziga monand ovozda o‘qiydigan qorilar bilan mashg‘ulot qilishi ham ovozni tarbiyalashda yordam beradi. Har bir insonning ovozi o‘ziga xos bo‘ladi va qaysidir darajada imkoniyatlarga ega bo‘ladi. Birgalikda mashg‘ulot qilinmoqchi bo‘lgan qori ovozidagi ana shu jihatlarga e’tibor berish lozim. Ovozning sifati asosan uning yo‘nalish darajasiga bog‘liq. Burundan chiqqan ovoz xunuk, yoqimsiz bo‘ladi. Bu holatda o‘qish dimog‘da o‘qishdir. Tovush faqat qattiq tanglaydan chiqqanda, ya’ni tovush paychalaridan ko‘ra tanglayning ishtiroki faollashib ketganda rangsiz «oq tovush», ya’ni shang‘illagan tovush hosil bo‘ladi. Bu turdagi ovoz chidamsiz, sifatsiz va zerikarli ovoz hisoblanadi. Yumshoq tanglaydan chiqib, qattiq tanglayga tegib o‘tgan tovush jarangdor, yoqimli sanalib, bunda tovush paychalarining harakati erkin, faol bo‘ladi. Mana shu to‘g‘ri va chidamli ovozdir. Demak, to‘g‘ri tovushning vujudga kelishi uchun ovozni tovush paychalarida keragicha to‘la hosil qilib olib, so‘ng yumshoq tanglayga yo‘naltirish lozim. Buning uchun ovozni biroz do‘rillatib, yo‘g‘onroq chiqarishga harakat qilinadi. Bunday mashg‘ulot tongda, uyqudan uyg‘onganda bajarilsa, yanada foydalidir. Sof ovoz sohibi bo‘lishni orzu qilgan kishilar tovush yo‘llarini shamollashdan saqlashlari lozim. Tomoq yallig‘lanib turganida uni ko‘p ishlatish ovoz boylamlarining urinib, shikastlanib qolishiga olib keladi. Ovozni noto‘g‘ri balandlikda, ortiqcha kuch bilan ishlatish ham ovoz muskullarining o‘ziga xos bo‘lmagan holatda ishlashiga sabab bo‘ladi. Ovozni buzadigan holatlardan yana biri, uni g‘ayritabiiy ishlatishdir. Masalan, asli yo‘g‘on bo‘lgan ovozni majburlab, beo‘xshov ingichkalatish yoki aslida unchalik baland bo‘lmagan ovozni ko‘taraman deb, noo‘rin baqirish ana shunday noto‘g‘ri tasarruflardandir. Yosh bolalar va o‘smir yoshdagilarga ko‘p va qattiq baqirishdan saqlanishlari, ovozlarini jiddiy ehtiyot qilishlari tavsiya etiladi. Chunki ularning tovush hosil qilish a’zolari nozik va hali etilmagan bo‘ladi. Vallohu a’lam.

26 Май 2022, 20:21 | Савол-жавоблар | 172 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar