Mo‘’tazila mazhabi kanaka ? ? ?

Mo‘’tazila mazhabi kanaka ? ? ?
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Adashgan firqalarning ta’rifi
www. islom. uz
1- "Mushabbiha" -Alloh taoloni sifatlarida maxluqqa o‘xshatganlar. Ular nasorolarning aksidirlar. Nasorolar maxluqni-Iyso alayhis salomni-Xoliqqa o‘xshatishgan Unga ilohiylik sifatlarini berishgan. U zot, alayhis salomni iloh qilib olishgan. Ular mushriklardir.
2- "Mo‘’tazila"-Hasani Basriy rahmatullohi alayhning o‘limidan keyin, ikkinchi yuz yillikning boshlarida Ahli sunna va jamoadan chetga chiqqanlardir. Ularning boshliqlari Amr ibn Ubayd (144 hijriy sanada vafot etgan) va Vosil ibn Ato (131 hijriy sana vafot etgan)lardir. Ular Ahli sunnadan chetga chiqib o‘tirar edilar. Qatoda rahmatullohi alayhi va boshqalar ularni: «Anavilar, «mo‘’tazilalar»-chetga chiqqanlar-deb nomlashgan. Jamoatdan chetga chiqqanlari uchun shu nomni olganlar. Rivoyat qilinishiga, ularning mazhabining asoschisi Vosil ibn Atodir. Unga Hasani Basriyning (110 hijriy sanada vafot etgan) shogirdi Amr ibn Ubayd ergashgan. MO‘’TAZILA MAZHABI BESh ASOSGA BINO QILINGANDIR Horun ar-Rashid zamonida Abul Huzayl (235 hijriy sanada vafot etgan) ularning mazhabini bayon qiluvchi ikkita kitob tasnif qildi. U bu mazhabni besh asosga, Adl, Tavxid, va’da qilib qo‘rqitilgan narsaning bo‘lishi va ikki manzila o‘rtasidagi manzila, amri ma’ruf va nahyi munkarlardan iborat asoslarga bino qildi. Ular haq bilan botilni aralashtirib yubordilar. Bid’atning sha’ni o‘zi shundoq, haq va botilni o‘z ichiga oladi.
Mo‘’taziliylar adolat shiori bilan qadarni manfiy qilishlarini pardalamoqchi bo‘ldilar. Ular: «Alloh taolo yomonlikni yaratmaydi ham, unga hukm ham qilmaydi. Chunki, agar Alloh yomonlikni yaratib turib, so‘ngra uni qilganlarni azoblasa javr-zulm qilgan bo‘ladi. Alloh taolo odildir. Javr qilmas»-dedilar.
Shundoq qilib, ular o‘z asoslarining har biri bilan bir bid’atini pardalashtirdilar. Misol uchun «tavhid» bilan Qur’onning xalq qilingani haqidagi bid’atlarini pardalashtirdilar. «Va’da qilib, qo‘rqitilgan narsaning bo‘lishi» ila gunohkorlarni afv va mag‘firat qilish yo‘q, degan bid’atlarini pardalashtirdilar.
«Ikki manzila o‘rtasidagi manzila» bilan esa, gunohi kabira qilganlarning iymondan chiqib, kufrga kirmasliklari haqidagi bid’atlarini pardalashtirdilar.
«Amri ma’ruf va nahyi munkar» ila imomlarga qarshi, agar ular javr qilsalar, urush qilish joizligi haqidagi bid’atlarini pardalashtirdilar. 3- "Jahmiya" -Jahm ibn Sofvon Samarqandiyga ergashganlardir. U sifatlarni nafiy qilgandir. Jahmiylar aslida Allohning sifatlarini inkor qiladilar. Ular ta’tiyl-sifatlarni amaldan qoldirish - haqida gap yuritadilar. Jahm o‘z aqidasini 118 hijriy sanada Xolid ibn Abdulloh al-Qasriy tomonidan Vositda o‘ldirilgan al-Ja’d ibn Dirhamdan olgan.
Xolid ibn Abdulloh Qurbon hayiti kuni odamlarga xutba qilib: «Ey odamlar, qurbonlik qilinglar. Alloh qurbonligingizni qabul qilsin. Men al-Ja’d ibn Dirhamni qurbonlik qilaman. U, Alloh Ibrohimni xaliyl qilib olmagan, Musoga gapirmagan, deb da’vo qilmoqda. Alloh al-Ja’d aytayotgan narsadan oliydir», dedi. So‘ng tushib borib, uni so‘ydi. 4- "Jabriya"-Bandaning qilgan ishida o‘z ixtiyori yo‘q, deb e’tiqod qiluvchilardir. Ularning fikriga banda barcha narsani o‘z ixtiyori bilan emas, majbur bo‘lib qiladi. Ularning bu fikri ham aslida yuqorida zikr qilingan Jahmga oiddir. 5- "Qadariya" -Banda o‘z ishlarini qilishga qodirdir, ularni yaratuvchidir, deb e’tiqod qiluvchilardir. Ular har bir yaxshilik yoki yomonlik Allohning taqdir qilishi bilan bo‘lishini inkor qiladilar. Ularning nazdida bandaning ishi Allohning qadari, ilmi va irodasi bilan bo‘lmaydi.
Mo‘’tazila bilan Qadariya bir narsadir. Lekin, Ahli sunna va jamoadan chetga chiqqanlari uchun Mo‘’tazila, qadarni inkor qilib, banda o‘z ishini o‘zi xalq qiladi, deganlari uchun Qadariya, deyiladi. MAZKUR FIRQALARNING ZALOLATI SABABI Mazkur va shunga o‘xshash boshqa firqalarning zalolatga ketishi asosan, Alloh ko‘rsatgan siroti mustaqiymdan chetga chiqish ila bo‘ladi. Alloh taolo: «Bu mening siroti mustaqimimdir. Bas, unga yuringlar. Boshqa yo‘llarga yurmanglar. Yana sizlarni Uning yo‘lidan ayirib qo‘ymasin», (An’om surasi, 153) degan. Boshqa bir oyatda esa: «Sen: «Bu mening yo‘limdir. Men va menga ergashganlar Allohga ko‘rib-bilib turib chaqiramiz», - deb ayt». (Yusuf surasi, 108) deyilgan.
Rivoyat qilingan hadisda Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu quyidagilarni aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga bir chiziq chizib ko‘rsatib: «Bu Allohning yo‘lidir»-dedilar. So‘ngra uning o‘ng tomonidan, chap tomonidan chiziqlar chizdilarda: Bular-turli yo‘llar. Har bir yo‘lda unga chaqirib turuvchi Shayton bor», dedilar va ushbu oyatni tilovat qildilar».
Shuning uchun ham, banda doimo siroti mustaqimga hidoyat qilinishini so‘rab turishi hamma narsadan ko‘ra zarurroqdir. Shuning uchun ham, Alloh taolo namozning har rak’atida «Fotiha» surasini o‘qishni farzu vojib qilgan. ADAShGAN FIRQALARNING VAHIY HAQIDAGI TARIYQALARI Ular bu masalada ikkiga bo‘linadi: 1–Tabdil tariyqasi.
2–Tajhil tariyqasi. Tabdil tariyqasi ikkki turga bo‘linadi. 1-Vahm va xayol ahli
2-Tahrif va ta’viyl ahli Vahm va xayol ahli–payg‘ambarlar Alloh taolo, oxirat kuni, jannat va do‘zax haqida vahm va xayol bilan xabar berganlar. Bular voqe’likka to‘g‘ri kelmaydigan ishlardir. Payg‘ambarlar o‘z vahmi va xayolidagi gaplar bilan ummatlarga xitob qilib–Alloh degan ulug‘ va katta bir narsa bor. Bandalar yana qayta tiriladi. Jannatda hissiy ne’mat, do‘zaxda hissiy iqob bor, deyishgan. Aslida esa, ish bundoq emas, ammo, bu gaplarda ko‘pchilikka foyda bor. Ko‘pchilikning foydasi uchun yolg‘on gapirsa bo‘laveradi», deyilgan.
Tahrif va Ta’viyl ahli bo‘lsa: «Anbiyolar o‘z gaplari bilan aslida haqni qasd qilmaganlar. Haqiqiy haq, biz o‘z aqlimiz bilan bilgan narsalardir»-deganlar. Keyin esa ular anbiyolarning gaplarini o‘z fikrlariga mos qilib ta’viyl qilganlar. Aslida esa ularning bu ta’viylariga hech qanday dalillari bo‘lmagan.
«Tajhil» tariyqasidagilar esa: «Anbiyo va ularga ergashganlar johil va zalolatga ketgan odamlar bo‘lib, –Alloh o‘zini vasf qilgan oyatlarning ma’nosini tushunmaydilar»-deydilar. So‘ngra, ular o‘z johilliklarini bildirib qo‘yadilar: «Muhammad sollallohu alayhi vasallam keltirgan narsaning ta’viylini Allohdan boshqa hech kim, hatto Jibroil va Muhammadning o‘zi ham bilmaydi»-deydilar.
Alloh o‘zi saqlasin!
Alhamdu lillahi Robbil alamiyn val oqibati lil muttaqiyn va oxiri da’vono innad hamda lillahi Robbil olamiyn!

26 Май 2022, 21:40 | Савол-жавоблар | 194 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar