Islomda islohotlar xususidagi "Harakat"ning maqolasi haqida

Ushbu maqolaga nisbatan shariyat ko‘zi bilan o‘z izohlaringizni iloji boricha tushuntirib o‘tishingizni iltimos qilib so‘rab qolaman. "O‘quvchimizning Islomda islohotlar xususidagi maktubiga "Harakat"ning javobi Ismi ko‘rsatilmagan o‘quvchimiz: Azizlarim, men sizlardan g‘oyat minnatdorman. Juda ko‘pchilikka Harakat sayti haqida men yaxshi xabar berganman. Ammo ko‘pincha saytdagi ISLOMNI ISLOH QILISh, ya’ni yagona imon farzini qoldirish fikridan so‘ng ko‘pchilik "E, bu sayt bo‘maydikan" deyabdi. Shaxsan bu isloh to‘g‘ri fikr, ammo fikr mualifi qoramollardan kamida 2 yuz yil oldinda fikrlamoqda. Menimcha Islomga taaluqli har bir so‘zni saytdan uchirish lozim. Zeroki O‘ZTVda Harakatni Islomiy to‘da demasin. RESPEST. "Harakat": Avvalombor bildirgan fikringiz uchun katta rahmat. Biz "Islomni islohot qilish" fikriga juda ham jiddiy qaraymiz. Chunki, Islom dunyosi ayanchli ahvolda. So‘ngi yuz yilliklarda musulmonlar birota ilmiy yoki texnik yangilik yaratmadilar. Yaqingacha Turkiya va Erondan boshqa hamma Islom mamlakatlari G‘arbning mustamlakasi edilar. Boshqalarni qo‘ying, o‘zbeklar qanday ahvolda edi? G‘arbda poezdlar, elektr energiyasi, radio ixtiro qilinib, uchoqlar qilishga boshlangan bir paytda biz sham chiroqlar va Qo‘qon aravadan nariga o‘tolmaganmiz. Ruslar kelmaguncha butun qurilishlarimiz paxsa yoki guvala devorga asosalanardi. Hozir ham musulmonlar hamma erda G‘arbga xizmatkorlik qilishadi, xolos. Tabiiy, Yaponiya va Janubiy Koreyani ham mohiyatan G‘arbga qo‘shmoqdamiz. Shunday ekan, musulmonlar bunday qoloqligimizning sababi nimada, deb o‘ylashlari kerakmasmi? Biz shuni o‘ylayamiz. Bizdan boshqa hech kim o‘ylamayapti demoqchimasmiz. Masalan, bizning saytimizda 19 asrning axiri, 20 asrning boshlarida Afg‘onistonda yashagan Islom ulamosi Afg‘oniy haqida maqola e’lon qilingan edi. Afg‘oniy Islom dunyosining qoloqligida Islom dinining roli borligini gapirmaslik nojiddiylikdir degan ma’noda gapirishga boshlagach, zo‘rg‘a Misrga qochib qolgan. Chunki, mahalliy chala mullalar uni Islomga shak keltirishda ayblab, uni toshbo‘ron qilishga chaqirishgan. Yoki Malayziyaning sobiq Bosh vaziri Maxatxir Moxammad Islomda islohotlar kerakligini yozganda, "Birlik" lideri Abdurahim Po‘lat "Malayziyaning sobiq Bosh vaziri kabi tarafdorlarim borligidan mamnuman" nomli maqola yozgandi. Chunki, uning o‘zi ham islohotlar tarafdori. Ba’zi chalasavodlar "Islomda islohot" so‘zlarini Qur’onni islohot qilish deb tushunadilar. Mutlaqo xato. Qur’on Alloh tomonidan berilgan muqaddas kitob, uni isloh qilishni gapirish dinimizga qarshi gapirish bo‘lardi. Gap Qur’onni to‘g‘ri tafsir qilish, ya’ni uni to‘g‘ri tushuntirish to‘g‘risida ketmoqda. Kichikina bir misol olaylik. Biz o‘zbeklar "ko‘zingga qara" degan iborani ko‘p ishlatamiz. Aslida, hamma narsaga ko‘z bilan qaraladi. Ammo ko‘zingga qanday qilib qaraysan. Nima bilan qaraysan ko‘zingga: Ko‘zing bilanmi? Ammo, bu iboraning ma’nosini hamma tushunadi. Shunga o‘xshash misollar juda ko‘p. Ularning asosida hamma tushunchalarimizni so‘z bilan to‘ppa-to‘g‘ri ifodalab bo‘lmasligi, tushunchalarimiz boyligi - tilimizning boyligidan kuchli ekanligidadir. Arab tili ham shunday, uning so‘z boyligi Alloh bergan tushunchalarni to‘ppa-to‘g‘ri ifodalay olmaydi. Shu sababli, "ko‘zingga qara"ni qanday tushunsak, Qur’ondagi juda ko‘p iboralarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, boshqacharoq tushunish kerakligini tushunamiz. Aynan, shu sababdan, Qur’on tafsir qilingan. Ammo, tafsir qilganlar ham odam. Ular ham Qur’ondagi iboralarni o‘z bilimlari doirasida tafsir qilishgan. Masalan, Islomning farzlaridan biri Namoz hisoblanadi. Namozning farzlaridan yoki shartlaridan biri - nomozni Ka’baga qarab qilishdir yoki o‘qishdir. U zamonlarda Erning dumaloqligini bilmagan ulamolarimiz, bu shartni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushunishgan va Ka’ba tarafga qarab nomoz o‘qishni buyurishgan. Ammo, keyin bilsak, Alloh erni dumaloq qilib yaratgan ekan. Demak, Ka’baning gorizonti tashqarisidagi joylarda Qa’baga qarab nomoz o‘qish imkoni yo‘q. Ayniqsa, Erning orqa tarafida, masalan Amerikada turib, Ka’baga qarab nomoz o‘qishni gapirish kulgilidir. Hozir musulmonlarning mutlaqo ko‘pchiligi, Qur’onning hozirgi tafsiridan kelib chiqsak, nomoz farzini bajarayapmiz deb o‘zlarini aldab yurishibdi. Bunday ommaviy ikkiyuzlamasilik Islom dunyosining qoloqligi sabablaridan biridir. Endi 5 mahal nomoz va ro‘zani olaylik. Er yuzining shunday joylari borki, u erlarda quyosh yoki butunlay botmaydi yoki butunlay chiqmaydi. Demak, quyosh chiqishidan botishiga qadar 5 mahal nomoz o‘qish va ro‘za tutish farzlari ma’nosini yo‘qotadi. Nima, Alloh er yuzining shunday joylari borligini bilmasdan bizga 5 ta farz buyurganmi? Yo‘q, biz o‘zimiz Qur’onni to‘g‘ri o‘qiy olmaganmiz. Haj farzi ham shunday. Imkoni bor har bir musulmon Haj qilishi kerak. Hozir, masalan, O‘zbekistonda Haj qilish imkoni bor musulmonlar juda ko‘p. Ammo, hamma istaganlarga ruxsat berilsa, Haj kunlari Makkayu Madinaga odam sig‘maydi. Musulmonlarning soni bir kun shunday yuksak darajagi chiqishini Alloh bilmasmidi? Demak, biz Qur’onni to‘g‘ri o‘qimaganmiz. Zakot to‘g‘risida ham shu kabi narsalarni aytish mumkin. Xullas, Islom ulamolari to‘planib, Qur’onni qaytdan tafsir qilishlari va dinimizning yagona farzi Imon ekanligini e’lon qilishlari kerak. Nomoz, Ro‘za, Haj va Zakot esa, qilsa savob, qilmasa gunoh bo‘lmagan amaliyotlar sifatida qoladi. Bu inqilobiy, rostdan ham har kim ham tushunavermaydigan inqilobiy islohotlar masalasini birinchi bo‘lib "Harakat" tarafidan ko‘tarilayotgani uchun musulmonlar bizga rahmat deyishlari kerak. Maqsadimiz, faqat nom chiqarish va rahmat olish emas, Islom dunyosining rivojlanishi yo‘lida o‘zimiz yaratgan to‘siqlarni olib tashlash. Bu fikrlarimizni oddiy musulmonlarga tushuntirish oson bo‘lmasligini bilamiz. Mana, oddiy bir misol, nasroniylar tarixidan. Bor-yo‘g‘i 400 yil avval nasroniylar Er Quyoshning atrofida aylanadi degan Jordano Brunoni tiriklayin o‘tda yoqishgandi. Xuddi shunga o‘xshab, musulmonlar bizni toshbo‘ron qilishga tayyor ekanliklarini juda yaxshi bilamiz. Lekin, ulamolarimiz nasroniylarning tajribasini ham hisobga olib, musulmonlar ichida ish olib borishlari va Qur’onning yangi tafsirini yaratib, hammani yangi tushunchalar doirasida yashashga chaqirishlari kerak. Iloji boricha qon to‘kilmasin. Oxir-oqibat hamma narsa biz aytgandek bo‘lishi, Islom dini faqat Imon farzimiz ekanligini tan olishi shubhasizdir. Buni tushungan odamlar oddiy musulmonlar ichida to‘g‘ri tushuntirish ishlari olib borishlari maqsadga muvofiq bo‘ldadi. Darhol 4 ta farzni yo‘q qilishni emas, shunday fikrlarning asosida bir narsalar borligini tushuntirish lozim. Qaysibir darajada fatvolar berilgandan keyingina hamma musulmonlar bir farzlilikni qabul qiladilar. Aks holda, ilg‘or musulmonlar Imoniylar mazhabi deb nom oladigan yangi mazhab tuzish ishiga bel bog‘laydilar va musulmonlar ichida navbatdagi bo‘linish yuz beradi. Xudo ko‘rsatmasin. "Harakat" Xabar Agentligi - https://harakat. net/news/? id=13860"
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Bu Islomdan va uning ta’limotlaridan tamoman bexabar, g‘arbning ta’siri ostida qolganlarning fikrlaridir. “Islomni isloh qilish” degan gapning o‘zi kufrdan boshqa emasdir. Aslida musulmonlarni isloh qilish kerak va bu ish boshlanganiga ancha bo‘lgan. Bu kabi keng ko‘lamdagi ishlar katta urinish va ko‘p vaqt talab qiladi. Sabr bilan ish olib borish kerak. Yuqorida yozilgan gaplarning ko‘plari kufr va bedodlikdan o‘zga hech narsa emas. Islomni bilmagan va unga amal qilmaydiganlarning safsatasidan boshqa narsa emas.
O‘zini bilgan odam uchun kimning kim ekanini bir – ikki og‘iz gap etarlidir. “Islomni isloh qilish”ni xohlayotgan avvalo o‘zini isloh qilsin, gapini isloh qilsin!

26 Май 2022, 23:33 | Савол-жавоблар | 155 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar