Muhaddis olimlar

Rsululloh :saw ning merosxorlaridan bolmish hurmatli Ustoz! Alloh taolo dinga qo‘shayotgan bebaho hizmatlaringizni O‘zi ko‘plab ajrlar bilan mukofotlasin! Biz yosh ilmi toliblar sizning ilm bulogingizdan ko‘p yillar bahramand bo‘lishlikni nasib qilsin! Alloh taoloning bildirganicha va siz muxtaram ustozning tavsiya qilgan kitoblaringizni o‘qib bemazhablik qanchalar zalolat ekanligini bilib oldik. Bemazhablar qilayotgan iddaolarni yaxshilab o‘qigan inson, albatta, ular mazhab tutganlarga nisbatan tuxmat, bo‘xton, to‘qima gaplarni tarqatayotganlarini bilib oladi. Ming afsuslar bo‘lsinki, bu ilmko‘rlarning ( "nonko‘r" so‘zini buzdim. Meni kechiring ustoz! Bundan boshqa muloyimroq so‘z topa olmadim.) o‘zbek tiliga tarjima qilingan kitoblari, web sahifalari diniy ilmlardan unchalik bilimi yo‘q, omi insonlarni boshini garang, parishon qilyapti. Men aytmoqchi bo‘lgan narsa balki unchalik muhim emasdir, lekin men bu mavzuga e‘tibor qilishlik kerak deb o‘yladim. Ularning kitoblarida va web sahifalarida keltirilgan hadislarning tagiga "Shayh Alboniy saxix degan" yoki zaif degan iboralarni keltirishadi. Man shayh Alboniy haqida biror noo‘rin va ilmi haqida so‘z aytishdan tiyilaman. Chunki bunday narsalarni olim kishilar gapirishliklari lozim deb bilaman. Zero bu hadislarning darajalarini bir necha asr oldin muhaddis ulamolarimiz belgilab, ilmiy me‘ros sifatida qoldirib ketganlar. Endi o‘sha hadislarni bizga qoldirib ketgan ulamolarning gapi qolib bir kishining gapi yozilishi boshqa muhaddislarga nisbatan hurmatsizlik emasmi axir? Siz ustozning kitoblaringizda biror hadis kelsa kimlar tomonidan rivoyat qilinganligi aniq-tiniq qilib yozilgan. Bu ham bir omonatdorlik bo‘lsa kerak deb o‘ylayman. Ustoz, biror hadisning kim tomonidan rivoyat qilinganini bilmagan holatda o‘sha hadisni aytish yaxshimi? Hadisning kimlar tomonidan rivoyat qilinganini aniq bila turib biror bir roviysini aytmaslik qanday bo‘ladi? Bu borada mazhab ulamolarimiz biror kitob yozganmilar? Sizni har xil savollar bilan bezovta qilayotganim uchun ma‘zur tuting. Siz hurmatli ustozdan, vaqtingizni olganim uchun uzr so‘rayman! Alloh taolodan sizga va ahli oilangizga ofiyatni so‘rab duo qilib qolguvchi muxlisingiz Jahongirxon!
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- Muhtaram Jahongirxon! Maktubingiz uchun tashakkur. Alloh taologa shukrlar bo‘lsin, sizga o‘xshagan kishilarimiz ko‘p va kundan kunga ko‘payib borishmoqda. Kitoblarni va saytdagi ma’lumotlarni o‘rganib, o‘zini o‘nglab olayotganlar ham davomli ravishda ko‘payib bormoqdalar. Yaqinda bir imom domla bilan ko‘rishganimizda, tashakkur aytish asnosida, kitoblaringiz va saytdagi ma’lumotlaringiz bizga juda qo‘l kelmoqda, avallari chet eldan turib faoliyat olib borayotgan saytlardan ko‘chirib olgan narsalarini ko‘zimizga tiqib ta’na qilayotgan bemazhablar, haqiqatqni anglab, bizga uzr aytishmoqda, dedilar. Bunga o‘xshash gaplar juda ham ko‘p. Hozirgi paytda bemazhablikning gapini tarqatayotganlar, mazhab haqida kerakli ma’lumotni olmay, birdaniga bemazhablarning ta’limini olganlar. O‘qishni bitirganlaridan keyin homiylari ularga sayt ochib, boshqa imkonlar taqdim qilganlar. Shuning uchun ular o‘z homiylarining aytganini qilishdan boshqa ish qila olmaydilar.Ana o‘sha ishlardan biri har bir hadisga Alboniyning bahosini berishdir. Ular o‘zlarining fiqhiy mazhablar va ularning imomlarini inkor qilishlariga hadis ilmining imomlarini ham inkor qilishlarini qo‘shdilar. Bu bilan ular hadis ilmining asoslarini ham inkor qilib, barcha narsani sanadi ham, ustozi ham, ilmiy darajasi ham ma’lum bo‘lmagan bir shaxsga bog‘lab qo‘yishmoqda. Shuning uchun ham, sizga o‘xshagan mulohazali kishilar ularning bu safsatalarini darhol anglab olmoqdalar. Alloh taolo shu yo‘l bilan ham mazhabni tutgan bandalariga yordam bermoqda.Albatta, hadisning roviylarini yaxshilab o‘rganish juda muhimdir. Isnod mo‘min-musulmon ummatning faziylatli xususiyatlaridan biridir. Bu ummatdan boshqa ummatlarga va undan oldin o‘tgan ummatlarga bu narsa berilmagandir. Isnod o‘ta muhim ta’kidlangan sunnatdir. Har bir musulmon biror hadisni va xabarni naql qilish uchun, albatta isnodga suyanmog‘i lozimdir. Ibn Muborak, “Isnod dindandir. Agar isnod bo‘lmasa, kim nimani xohlasa gapiraverar edi”, degan. Sufyon Savriy, “Isnod mo‘minning silohidir”, degan. Shunindek, isnodni oliy bo‘lishini talab qilmoq ham sunnatdir. Ahmad ibn Hanbal, “Isnodning oliy bo‘lmog‘ini talab qilish o‘tgan salafi-solihlarimizdan qolgan sunnatdir”, degan.Hadisni shayxlardan va mudarrislardan olmay, kitoblardan va sahifalardan olish katta muhaddislar inkor qilgan ishdir. Shuning uchun ham, katta imomlar ogohlantirib «Hadisni sahofiylardan olmanglar», deganlar. Ya’ni, hadisni kitobdan - sahifadan o‘rganganlardan olmanglar, deb aytganlar. Demak, katta muhaddis bo‘lib etishish uchun hadisni hamma taraflarini biladigan katta ustozlarni oldida o‘qish, yodlash kerak va ularning ruxsatini olish kerak. siz aytgan va bemazhablar barcha hadis ulamolarini inkor qilib o‘ziga “muhaddis” qilib olgan odam anashunday o‘zini o‘zi saylab olgan odamdir. Uning hadislar haqidagi gaplaridagi xatolari borasidagi kitob olti jilddan ortib qoldi.Hammamiz yaxshi bilishimiz lozim bo‘lgan narsa bu kabi holatlar avvallari ham bo‘lgan. Ammo o‘tkincha narsa. Ma’lum sababalarga ko‘ra vaqtincha davom etib turadi. Mazkur sababalar yo‘qolganda hamma narsa o‘z o‘rnini topadi.

27 Май 2022, 01:41 | Савол-жавоблар | 146 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar