Kuz tegishi xakida

Assalomu aleykum Shayx janoblari , kilvotgan ishlarizdan Allox rozi busin . Savolga utsam , men bir kichik biznesni boshlagan edim ya’ni kichgina ferma ochib kisman busayam xalkni sut bilan tamirlavomman lekin xoz ovkat masalasi muammo bulib koldi. iloji boricha , kulimdan keganicha ovkat topib kevomman. Lekin sigirlarimni suti kamayib koldi, tugri sut berishi ovkatgayam boglik. Kup Fermalaga borganimda axamat bergan narsam sigir , mol xoli kursatishmagan (kuz tegib koladi deyishgan) shunga uyladim shu narsa tugrimi yu yuk . Avvalam bor xamma narsa Alloxdan.Manga issirik , garimdori , tumor kabi bulmagan narsalarni maslaxat berishdi lekin man bularga umuman IShONMIMAN.Uzi "kuz tegadi" dgan gap tugrimi??? Shunga Shayx janoblari sizning maslaxatiz va duoyingiz kere zori Alloxim sizni sabab kilib ishlarimni xayrli kilsa. Oldindan sizga kattakon Raxmat!!! Allox rozi busin sizdan!!!
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:«Ko‘z tegishi haqdir», dedilar».To‘rtovlari rivoyat qilishgan. Muslim va Termiziy quyidagilarni ziyoda qilishgan:«Agar biror narsa qadardan o‘tadigan bo‘lsa, albatta, ko‘z tegishi o‘tar edi. Qachonki sizdan g‘uslga yordam so‘ralsa, g‘uslga yordam bering», dedilar».G‘uslning bayoni Ahmad, Nasaiy va Ibn Hibbonlar rivoyat qilgan hadisda quyidagicha bayon qilinadi:«Ko‘zi tekkan kishi yuzini va ikki qo‘lini chig‘anog‘i bilan yuvadi. Keyin kindigidan jismining pastigacha yuvadi. Suvni qadahga quyib turib, ko‘z tekkanning boshidan va elkasidan quyiladi. So‘ngra qadahni to‘ntarilib qo‘yiladi. Allohning izni ila tuzalib ketadi».Shu joyda avvalo ko‘z tegishi haqida bir oz to‘xtalib o‘tishga to‘g‘ri keladi.Ba’zi toifalar, xususan, zamonamiz moddaparastlari ko‘z tegishi degan narsani umuman inkor qiladilar. Ular bu gapni bid’at, deydilar.Ammo barcha elat va millatlarning oqillari ko‘z tegishini inkor qilmaydilar. Biz musulmonlarga bu haqdagi bilim shariatimiz ta’limotlaridir. Ana o‘sha narsalardan ba’zilarini hozir o‘rganmoqchi bo‘lib turibmiz. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:«Ko‘z tegishi haqdir», dedilar».Ya’ni, bu narsani inkor qilib bo‘lmaydi. Agar aqlni bir oz ishlatilsa, tadabbur qilinsa, bu masala oydinlashadi.Alloh taolo insonlarning jismlarida va ruhlarida turli quvvatlarni yaratgandir. Ba’zi jism¬larga zahar ta’sir qilmaydi. Hozirda ham zaharli ilonlar yoki chayonlar ichida uxlaydigan, ularga o‘zini chaqtirsa ham hech ta’sirlanmaydigan kishilar haqidagi xabarlar tez-tez chiqib turadi. Bunga o‘xshash Alloh taolo g‘aroyib xususiyatli jismga ega qilgan turli bandalarni ko‘p uchratamiz.Shuningdek, kishilarni Alloh taolo ruhiy qobiliyatlarini ham turli quvvatlarga ega qilib yaratgan. Agar ko‘pchilik oddiy holatda bo‘lsa ham ba’zi kishilar odatdan tashqari ruhiy quvvatga ega bo‘ladilar. Oqil inson ruhiy ta’sirni hech inkor qilmaydi. Bu oddiy haqiqatdir. O‘zi uyaladigan odamni unga nazar solib turganini ko‘rgan shaxsning yuzi o‘z-o‘zidan qizara boshlaydi. O‘zi qo‘rqadigan odamning unga tikilib turganini sezgan odamning yuzi o‘z-o‘zidan oqarib ketadi. O‘sha paytda ta’sirlangan odamning es-hushi yo‘qolib, quvvati ketib oyog‘i qaltirab qolishiga nima deysiz?Hayvonlar ichida ilonlarning ba’zi turlari ana shu ta’sirga ega. O‘zi tegmasa ham, chaqmasa ham nazari ila ta’sirini o‘tkazishi mumkin. Buni xalq ichida, ilon avrashi deyiladi. O‘shandoq ilonlar nafaqat o‘zi uchun ov hisoblangan hayvonlarga, balki, kezi kelsa, insonlarga ham ta’sirini o‘tkazadi. Homilador ayollarning homilasini tushishiga, ba’zida insonning ko‘ziga zarar etkazishga sabab bo‘ladi.Shundoq ekan, insonlardan ma’lum ruhiy quvvatga ega bo‘lganlari o‘zlari uzoqdan turib bosh¬qalarga ta’sir o‘tkazishi mumkin emasmi? Odamlarga qarab turib uxlatib qo‘yadigan, turli harakatlar qildiradigan kishilarni hamma ko‘rib-bildi-ku!Ana shundoq ishlarni bo‘lishi uchun faqat jism jismga tegishi yoki yaqindan tikilib qarash shart emas. Balki, ko‘zi tegadigan kishi ko‘r bo‘lishi ham mumkin. Unga bir kishi vasf qilinganda undagi hasad ruhi yomonlik ila qo‘zisa, mazkur kishiga ko‘zi tegishi mumkin. Aslida ko‘z tegishning asosida hasad bor.Alloh taolo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga xitob qilib:«Va kofirlar zikrni eshitayotganlarida seni ko‘zlari bilan toydirmoqchi bo‘ldilar va, albatta, u jinnidur, derlar», degan.«Ko‘z bilan toydirish»ning ikki xil ma’nosi bor.Birinchisi, adovat va dushmanlik nazari bilan haq yo‘ldan toydirish, adashtirish. Kofirlar Payg‘ambar alayhissalomga ma’naviy zarar etkazishni xohlaganlar.Ikkinchisi, ko‘z tekkizish bilan Payg‘ambar alayhissalomga jismoniy zarar etkazish, u kishini yiqitish, halok qilish ma’nosi.Bu oyatning nozil bo‘lish sabablari haqidagi rivoyatlarda, mushriklar Quraysh qabilasida ko‘zi bor bir kishini olib kelib, Payg‘ambar alay¬hissalomga yomon ko‘z bilan qaratib zarar etkazmoqchi bo‘lganlar. Shundoq ko‘zli odamlar Bani Asad qabilasida bo‘lar ekan.Agar ulardan birortasi semiz tuyani ko‘rganda yomon ko‘z bilan qarab qo‘yib, «hoy qiz, idishni olib borib manavining go‘shtidan olib kel», desa, tuya tezda kasal bo‘lib yiqilar, egasi uni so‘yib yuborishga majbur bo‘lar ekan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning:«Agar biror narsa qadardan o‘tadigan bo‘lsa, albatta, ko‘z tegishi o‘tar edi», deganlari ham shunga o‘xshash narsalarning bo‘lishi mumkinligini tasdiqlaydi.Ko‘z tegishi, undan ba’zi kishilar zararlanib xasta bo‘lib qolishi mumkinligi bayon qilingandan keyin, uni davolash vasfiga o‘tilmoqda.«Qachonki sizdan g‘uslga yordam so‘ralsa, g‘uslga yordam bering».Imom Termiziyning ziyodalarida kelgan bu jumlaning ma’nosini to‘g‘ri tushunish uchun ko‘z tekkanni davosi uchun qilinadigan g‘uslning bayoni kelgan Imom Ahmad, Nasaiy va Ibn Hibbonlar rivoyat qilgan hadisni o‘rganishimiz lozim:«Ko‘zi tekkan kishi yuzini va ikki qo‘lini chig‘anog‘i bilan yuvadi. Keyin kindigidan jismining pastigacha yuvadi. Suvni qadahga quyib turib, ko‘z tekkanning boshidan va elkasidan quyiladi. So‘ngra qadahni to‘ntarilib qo‘yiladi. Allohning izni ila tuzalib ketadi».Demak, g‘uslga yordam berish ko‘zi tekkan odamdan so‘raladi. U yuzini va ikki qo‘lini chig‘anog‘i bilan yuvadi. Keyin kindigidan jismining pastigacha yuvadi va o‘sha suvni ko‘z tegib xasta bo‘lgan kishiga beradi. Bemor o‘sha suv ila g‘usl qilsa, Alloh taoloning izni ila tuzaladi.Oisha roziyallohu anho aytadilar:«Ko‘zi tekkanga amr qilinardi. U tahorat qilardi. Keyin o‘sha suv ila ko‘z tekkan g‘usl qilardi».Abu Dovud rivoyat qilgan.Bu erda ham sirni tushunmaganlarimiz, bemor boshqa bo‘lsa-yu, uning bemor bo‘lishiga sabab bo‘lganni tahorat qildirishdan nima foyda bor, deyishimiz mumkin. Ulamolarimiz bu shubhaga ham qoniqarli javob berganlar.Ilonning zahariga qarshi dori tayyorlash uchun o‘sha ilonning go‘shti ishlatilar ekan. Zaharli narsa chaqqanda uni o‘ldirilsa, chaqqani alami kesilishi hammaga ma’lum.Ko‘z tegishi ham xuddi shunga o‘xshagan narsa. Ko‘zi bor odam qo‘lida birovni kuydirish uchun olov ushlab turgan odamga o‘xshaydi. Uning qo‘lidagi olovni o‘chirsang xavf-xatar ketadi. Bir narsaning davosi unga zid narsa ila bo‘ladi. Modomiki ko‘z tegish ila paydo bo‘lgan xastalik ko‘zi bor odamning yomon ruhiy ta’siridan kelib chiqqan ekan, uning o‘zidagi o‘sha yomon ruhiyatni o‘zgartishga harakat qilinadi. Avvalo, undan bemorning haqiga duo qilish so‘raladi. Bu bilan uning bemorga nisbatan bo‘lgan ruhiy holati yaxshilik tomon burila boshlaydi. So‘ngra undan ushbu rivoyatda aytilgan joylarini yuvish va tahorat qilish so‘raladi. E’tibor beradigan bo‘lsak, o‘sha yuvishda uning badanidagi eng hassos, qalbga ta’sir qiladigan joylari yuviladi. Shu bilan qalbidagi yomonlik o‘ti o‘chadi va bemorga ta’siri tugaydi. Ana o‘sha suvni bemorning ustidan quyilsa, xuddi dorini quygandek bo‘ladi.Shu bilan birga, ko‘z tegishini oldini olish ham tavsiya qilinadi. Buning uchun ko‘zga yaqin joylarni to‘sib yurish maslahat beriladi.Imom Bag‘aviy «Sharhi Sunna» kitobida qu¬yidagi rivoyatni keltirgan ekanlar:«Usmon roziyallohu anhu bir xushsurat bolani ko‘rib qolib, bunga ko‘z tegmasligi uchun kuldirgichini berkitib qo‘yinglar, dedi».Yana ko‘z tegishining oldini oladigan narsalardan biri biror narsani ko‘rib ajablangan odamning, mashaallohu, la quvvata illa billahi, demog‘ligidir.Hishom ibn Urva roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, u kishi o‘zlarini ajablantiradigan biror narsani ko‘rsalar yoki o‘z bog‘laridan biriga kirsalar, mashaallohu, la quvvata illa billahi, der ekanlar.Alloh taolo Qur’oni Karimda o‘z bog‘i ila faxrlangan kofirga nasihat qilgan banda tilidan:«Bog‘ingga kirganingda: «Allohning xohlagani, Allohdan boshqada quvvat yo‘q», desayding», degan. Ey kofir, sen faxrlanayotgan bog‘ni senga Alloh bergan, agar Alloh bermaganida, sening qo‘lingdan hech narsa kelmas edi. Shuning uchun bog‘ingga kirsang:«Mashaallohu, la quvvata illa billahi» — «Allohning xohlagani, Allohdan boshqada quvvat yo‘q», desayding».Bunday deyishing senga ne’mat bergan Zotni tan olishingni va Uning quvvatiga ishonishingni bildiradi. Shu bilan birga, ojizligingni ham tan olishing bo‘ladi. Ana shunda senga Alloh bergan ne’mat ham bardavom bo‘ladi.Shu oyat ma’nosiga binoan musulmonlar o‘zlarini ajablantiradigan, xursand qiladigan bir narsani ko‘rsalar yoki eshitsalar, xabar topsalar ko‘z tegmasin degan maqsadda: «Mashaallohu, la quvvata illa billahi», derlar. Bu ham musulmon inson madaniyatining belgisidir.Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:«Nabiy sollallohu alayhi vasallam u kishining uylarida yuzi qoramtir qizarib ketgan bir joriyani ko‘rib:«Bunga dam soldirib yuboringlar. Unga nazar tegibdi», dedilar».Ikki Shayx rivoyat qilishgan.Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislarida, binobarin, sahobai kiromlar istilohida, kitoblarimizda «nazar tegish» istilohi jinning ko‘zi tekkanini bildiradi. Ushbu hadisi sharifda zikr qilinayotgan joriyaga jinning ko‘zi tekkan ekan.Asma binti Umays roziyallohu anho:«Ey Allohning Rasuli, Ja’farning bolalariga birpasda ko‘z tegib qolaveradi. Ularga dam soldirib yuboraymi?» dedi. U zot:«Ha, agar biror narsa qadardan o‘tuvchi bo‘lsa, ko‘z tegishi o‘tar edi», dedilar».Termiziy va Muslim rivoyat qilishgan.Albatta, dam solish kohin, folbinlar orqali va turli xurofot yo‘llari bilan emas, islomiy tariqada bo‘ladi.Imom Abu Dovud qilgan rivoyatda Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhu quyidagilarni aytadilar:«Bir selxona oldidan o‘tdik. Shunda kirib g‘usl qildim. Isitmalab chiqdim. Bu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga etib borganda u zot: «Abu Sobitga aytinglar, unga dam solib qo‘ysin», dedilar. Men:«Ey sayyidim, dam solish mumkinmi?» dedim.«Ko‘z tekkan, ilon yoki chayon chaqqandan boshqada dam solish yo‘q», dedilar u zot.Bunday paytlarda ikki «qul au’zu» suralarini va oyatul kursiyni o‘qish tavsiya qilinadi. Yana Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan bir qancha duolar bor.

20 Апрел 2022, 20:14 | Савол-жавоблар | 214 | Islam
|
Boshqa savol-javoblar