Qorilarga ta’qiqlar

Hurmatli qorilar! Ilm yo‘lida qilayotgan hayrli ishlaringizda ALLOH :jj AJRU MUKOFATLARNI ziyoda qilib bersin! Kelajakda yurtimizda SIZ AZIZLAR kabi QORILAR ko‘payaversin!!! QUR‘ONi KARIYMni yod olgan Qoriga nimalar ta‘qiqlanadi, shular haqida ma‘lumot bersangiz?! Qori o‘g‘limizni haqqilariga Duo qililar, kelajakda Etuk Qorilardan bo‘lsin?! Maslahatlaringiz uchun oldindan TASHAKKUR!!!
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom.Qur’on qorisiga har bir mo‘min­musulmon kishi uchun ta’qiqlangan barcha narsalar ta’qiqlanadi va bu narsa ularga yana ta’kidli bo‘ladi, ularga gunoh ko‘proq yoziladi. Shu bilan birga, Qur’on qorisi Qur’onni unutishdan, unga nisbatan beodobli qilishdan, unga beparvo bo‘lishdan, Qur’on axloqlarini buzishdan ham qat’iy saqlanishi lozim. Xususan, o‘zining qoriligini, kishilarning Qur’onga bo‘lgan ixlos va muhabbatini suyistimol qilmasligi kerak. Qur’on qorisi Qur’onni o‘z manfaati yo‘lida xizmat qildirmasligi, aksincha, bor imkoniyati bilan Qur’on manfaati uchun xizmat qilishi, Qur’on bilan e’tibor qozonib, o‘z sha’nini ko‘tarishga emas, balki, o‘z axloqi bilan kishilarning Qur’onga bo‘lgan e’tiborlarini ko‘tarishga intilishi lozim. Alloh ana shunday bandasini O‘z Kalomi bilan dunyou oxiratda aziz qiladi, inshoolloh.Sahobai kiromlar ichida qoriligi va faqihligi bilan ajralib turgan buyuk sahobiy Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu Qur’on qorilariga quyidagicha nasihat qilgan edilar.Alqamadan rivoyat qilinadi: «Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu: «U (Qur’on)ni boshini silkitganda sochilib ketadigan sifatsiz quruq xurmo kabi sochib tashlamanglar va uni she’r aytgandek tez o‘qimanglar. Balki, uning ajoyibotlarida to‘xtalinglar, u bilan qalblarni harakatga keltiringlar. Birortangizning o‘y-hayoli suraning oxiri bo‘lmasin», ‒ dedilar».Arablar biror narsaning o‘ta beqadr qilinishini sifatsiz xurmo yoki xurmoning po‘stlog‘iga o‘xshatish bilan ifodalashgan. Ibn Mas’ud roziyallohu anhu Qur’onning qadrini joyiga qo‘ymaslikni uni ana shunday xurmo po‘chog‘idek qadrsizlash deb tushuntirmoqdalar. Shu bilan birga, u kishi Qur’onni «she’r aytgandek» bee’tiborlik bilan o‘qishdan ham qaytarmoqdalar. Chunki arablar odatda she’r va qasidalarni ularning bahr va qofiyalarini bildirish maqsadida tez aytishar edi. Demak, bu narsa ham Qur’onga to‘g‘ri kelmas ekan.Musayyib ibn Rofe’dan rivoyat qilinadi: Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu: «Qur’on homili odamlar uxlaganida bedorligi bilan, odamlar og‘zi ochiq bo‘lganlarida ro‘zasi bilan, odamlar shubhalarga aralashib yurganlarida o‘ta parhezkorligi bilan, odamlar gerdayib turganlarida tavozu’i bilan, odamlar xursand bo‘lganlarida mahzunligi bilan, odamlar kulayotganlarida yig‘isi bilan, odamlar turli gaplarga shumg‘ib turganlarida jim turishligi bilan ajrab turishi lozim», deganlar. Ulug‘ muhaddislardan Muhammad ibn Husayn Ojurriy ushbu va shu kabi ma’lumotlarni keltirgach, ularga shunday xulosa yasaydi: «Bu xabarlarning barchasi shunga dalolat qiladiki, yuqorida aytib o‘tganimizdek, Qur’on ahlining axloqi ulardan boshqa ular biladigan narsalarni bilmaydigan kishilarning axloqidan ajrab turishi lozim. Ular boshlariga qiyinchiliklar tushganida maxluqlarga emas, Allohga iltijo qiladilar, ularning qalblariga Allohning yodi yaqinroq bo‘ladi. Zotan ular Qur’on va sunnat odobi ila xulqlangan bo‘ladilar. Ular ishlariga ergashilinadigan daholardir. Chunki ular Allohning xos bandalari va U zotning ahllaridir. «Ana o‘shalar Allohning jamoasidir. Ogoh bo‘ling, albatta Allohning jamoasi, ha, ana o‘shalar najot topuvchilardir». Vallohu a’lam.

27 Май 2022, 02:13 | Савол-жавоблар | 164 | Qur’oni karim
|
Boshqa savol-javoblar