Sunnatga qanchalik amal qilish lozim?

Assalomu alaykum fazilatli Shayx Hazratlari. Ramazon oyi muborak bo‘lsin! Hazrat biz odatda sunnatga amal qilmasa gunoh bo‘lmaydi-ku deb uylab sunnatlarga ko‘p e’tibor qilmaymiz. Lekin hammamiz biladigan mashhur hadis: uch kishi Payg‘ambarimiz alayhissalomning amallaridan ortiq amal qilishga harakat qilaman deganlarida Payg‘ambarimiz alayhissalom "kim mening sunnatimga amal qilmasa bizdan emas" degan ma’noda gapirganlar. Shaxsan man sunnatdan ortiq amal qilish u yoqda tursin, sunnatga ham to‘liq amal qilolganim yo‘q. Shuning uchun qo‘rqib ketaman. Imkon boricha sunnatga amal qilish kerak deb o‘ylayman. Ammo yana sunnatning ba’zilariga amal qilmasa gunoh bo‘lib qolmasmikan deb xavotirlanaman. Hech bo‘lmaganda Payg‘ambarimiz alayhissalomning malomatlariga qolish mumkinmi deb o‘ylayman. Alloh asrasin. Hazrat sunnatga qanchalik amal qilish lozim? Javobingiz uchun tashakkur.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- Sunnat bilan sunnatning orasida farq bor. Bu haqda kitoblarimizda yozganmiz. Aftidan, siz o‘sha yozilganlarni o‘qimagan ko‘rinasiz. Kitob o‘qimaslikning oqibati shunday bo‘lishi turgan gap.HADIS ILA SOBIT BO‘LGAN HUKMNING DARAJASIAgar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning amallari Qur’onda kelgan hukmni bayon qiladigan bo‘lsa, o‘sha hukmning darajasi Rasuli Akramning amallariga ham daraja bo‘ladi.Agar mazkur amallar Qur’on hukmini bayon qilib emas, o‘zi mustaqil ravishda kelsa, ularning farz, vojib, mandub yoki muboh ekanini bilib olish uchun maxsus qoidalarni ishga solish kerak bo‘ladi. Bu qoidalar boshqa shar’iy dalillar uchun ham birdir. Lekin bizning bahsimiz hadis bo‘lgani uchun «hadis» so‘zini ishlatsak bo‘laveradi, deb o‘ylaymiz.Farz – shariat tomonidan qilinishi jazm ila, shubhasi yo‘q qat’iy dalil ila talab etilgan narsadir. Hadis bilan sobit bo‘lgan farz amallarning misoli namozda Qur’on qiroat qilishdir. Bundoq tarzda sobit bo‘lgan hukmni ado qilish lozimu lobuddir. Uni bajargan odam ulkan savobga erishadi. Qilmagan odam esa gunohkor bo‘lib, ikki dunyo iqobiga uchraydi. Mazkur hukmni inkor qilgan odam esa kofir bo‘ladi.Vojib Vojib – shariat tomonidan jazm ila qat’iy bo‘lmagan dalil bilan talab qilingan narsadir.Buning misoliga vitr va hayit namozi, sadaqai fitrga o‘xshash amallar kiradi. Chunki bu hukmlar ohod hadislar ila sobit bo‘lgan. Vojibning hukmi farz bilan barobar. Faqat vojib narsani inkor qilgan odam kofir emas, fosiq bo‘ladi, xolos.Sunnat yoki mandub – shariat tomonidan jazm bo‘lmagan ravishda talab qilingan narsa. Bundoq hukmga amal qilgan odam savob oladi, unga amal qilmagan odamga esa, iqob qilinmaydi. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomonidan unga malomat va itob bo‘lishi mumkin.Hanafiy mazhabi ulamolari sunnatni uch darajaga bo‘ladilar:a) Sunnati muakkada, ya’ni ta’kidlangan sunnat.Misol uchun, jamoat bilan namoz o‘qish. Bu darajadagi sunnat vojibdan keyingi o‘rinda turadi.b) Sunnati mashru’a – dushanba va payshanba kunlari ro‘za tutish va shunga o‘xshash amallar.v) Sunnati zoida – emoq-ichmoq, yurib-turmoq, uxlash kabi ishlarda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga iqtido qilishlik.Harom – shariat tomonidan jazm hamda shubhasiz, qat’iy dalil ila qilmaslik talab qilingan narsa. Odam o‘ldirish, aroq ichish, zino qilish, o‘g‘rilik kabi ishlar shunga kiradi. Harom ishni qilmaslik lozimdir. Kim uni qilsa uqubatga uchraydi. Shariatimiz harom degan narsaning haromligini inkor qilgan odam kofir bo‘ladi.Makruhi tahrimiy, ya’ni haromga yaqin mak- ruh – shariat tomonidan qilmaslik jazmiy ravishda talab qilingan, lekin qat’iy bo‘lmagan dalil bilan sobit bo‘lgan narsa. Misol uchun, birovning savdosi ustiga savdo qilish, ya’ni xaridor savdoni bitirmay turib, boshqa bir xaridorning savdoga aralashishi, birovning sovchiligi ustiga sovchilik qilish, erkaklarga tilla va ipakli kiyim kiyish haromligi kabi hukmlar. Mazkur ishlarni qilmaslik jazm ila talab etilgan. Ammo ohod hadislar bilan sobit bo‘lgan. Shuning uchun harom emas, makruhi tahrimiy hukmini olgan. Bu ham harom hukmidagi gap. Faqat bundoq hukmni inkor qilgan odam kofir bo‘lmaydi, xolos.Makruhi tanzihiy – shariat tomonidan qilmaslik jazmsiz va uqubat tahdidisiz talab qilingan narsa. Bunga mushuk va yirtqich qushlar tekkan suvda tahorat qilish kiradi. Bunday ishlarni qilmaganlar savob oladi, maqtaladi, qilganlar esa malomat ham, iqob ham qilinmaydilar.Muboh Muboh – shariatimiz qilish yoki qilmaslikni kishilar ixtiyoriga qo‘ygan ishlar. Insonning biologik hojatlariga bog‘liq ishlarning barchasi (masalan, emoq, ichmoq, uxlamoq kabi) muboh doirasiga kiradi. Bunda shariat ko‘rsatgan chegaradan chiqmay tasarruf qilmoq mubohdir. Muboh amalni qilgan-qilmagan barobar, gunohi ham, savobi ham yo‘q.Demak, o‘qigan hadislarimizda kelgan narsalar farz, vojib, sunnati muakkada, sunnati mashru’a, sunnati zoida, harom, makruhi tahrimiy, makruhi tanzihiy va muboh narsalarga bo‘linar ekan. Lekin hadisni o‘qib-o‘rgangan odam bularni farqlay olmaydi. Bu ishlarni umrlarini ilmga tikkan, unda katta darajalarga erishgan ulamolarimiz farqlaganlar. Ular shar’iy dalillarni, jumladan, hadisi shariflarni diqqat bilan, atroflicha va chuqur o‘rganib chiqqanlar. Hamma ham ularning darajasidagi ilmga ega bo‘la olmasligini e’tiborga olib, ko‘pchilik uchun o‘zlarining mashaqqatli mehnatlarining samarali xulosasini aytib ketganlar. Misol uchun, namozda Qur’on qiroat qilish farzdir, deganlar. Bu faqihlarimizning ichidan chiqarib aytgan gaplari emas, balki shariatning qat’iy hukmidir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan mutavotir hadis bilan sobit bo‘lgan hukmdir. Ehtimol fuqaholar bu hukmni aniqlash uchun yillab mehnat qilgandirlar. Hamma oyat va hadislarni atroflicha qayta-qayta ko‘rib chiqqandirlar?! Namozda Qur’on qiroat qilish to‘g‘risidagi hadisni mutavotir ekanini aniqlash uchun ozmuncha harakat qilmagandirlar?! Agar ular mazkur ilmiy urinishlarini birma-bir yozib, oxirida namozda Qur’on qiroat qilish farz ekanligini aytsalar, biz uchun bu hukmni bilish maqsadida bir necha kitobni o‘qishimiz zarur bo‘lar edi. Bu esa hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Osongina qilib, namozda Qur’on qiroat qilish farzdir, deb qo‘yilgan jumlani o‘qishga dangasalik qilayotganlarga o‘sha hukmni bilish uchun bir necha kitobni o‘qishi yo‘l bo‘lsin! Qolgan boshqa hukmlar haqida ham ayni shu gaplarni aytish mumkin.Hozirgi kundagi ko‘pgina tushunmovchilik, kelishmovchilik va turli ixtilofu janjallarimizning asosiy sabablaridan biri ham mazkur haqiqatlarni to‘la tushunib etmasligimizdir. Gohida qilinsa ham, qilinmasa ham baribir bo‘lgan muboh hukm haqida tortishib janjal qilamiz, bir-birimizni kofir, deb fatvo chiqarishgacha borib etamiz. Holbuki, farz, fojib, sunnati muakkada amallarga parvo ham qilmaymiz. Gohida mansux (amaldan qolgan) hadisni o‘qib olib, «nimaga amal qilmayapsizlar?» deb hammaning boshini aylantiramiz. Gohida esa, umuman, hadis bo‘lmagan gaplarni Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning hadislari, deb aytib yuborish hollari ham uchrab turadi. Ko‘pincha esa zaif hadislar bo‘rttirib ko‘rsatiladi. Bu borada, ayniqsa, kishilarga va’z-nasihat qiladigan, dars aytadigan, maqola va kitob yozadigan odamlar hushyor bo‘lishlari kerak. Bugungi kunda sunnati mutahhara atrofida ba’zi kishilar tomonidan chiqarilayotgan ixtiloflarning sabablari anchagina bor. Bu haqiqatni oldingi sahifalarda ham qisman bayon qilishga urinildi. O‘sha aytilganlarga qo‘shimcha o‘laroq, mazkur ixtiloflarning asosiy sababi bu ishga aralashganlarning ilmiy darajalari past ekanligini yana bir bor alohida ta’kidlash lozim. Shuningdek, bu holatning kelib chiqishi va avj olishiga sabab bo‘lgan omillardan yana biri tartibli diniy-ilmiy tarbiyaning yo‘qligini aytmoq kerak.Imkoni topilgan joyda har bir musulmon Qur’on va Sunnatga amal qilib yashamog‘i lozimligi qayta-qayta ta’kidlab turilibdi. Musulmon inson uchun, musulmon jamiyat uchun Qur’on va Sunnatdan boshqa amal qiladigan narsa yo‘qligiga alohida urg‘u berilayotir. Ikki dunyo saodatiga faqatgina shu ikki narsaga to‘liq amal qilibgina erishish mumkinligini ta’kidlashdan charchamaganimiz yaxshi.Shuningdek, har bir musulmon inson uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan o‘zga o‘rnak bo‘ladigan shaxs yo‘qligi, U zot sollallohu alayhi vasallamdan o‘rnak olish esa, sunnati mutahharalariga to‘liq amal qilish bilangina bo‘lishi ommaning ongiga iloji boricha mustahkamroq singdirishga harakat qilinmoqda. Bu ham yaxshi. Bu juda kerakli va savobli ishni yanada rivojlantirish lozim. Ammo shu bilan birga, Sunnat o‘zi nima, unga amal qilish qandoq bo‘ladi, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan qandoq o‘rnak olmoq kerak kabi ko‘plab zarur masalalar ham borki, ularni batafsil bayon etib berishga to‘g‘ri keladi.Afsuski, hozirda faqat Sunnatga amal qilishga targ‘ib qilib, qolgan ma’lumotlarnietarlicha bayon qilib berishga ilmimiz ham, imkonimiz ham etishmayapti. Natijada hozir ko‘rib turganimizdek noqulayliklar vujudga kelmoq-da.Sunnatga amal qilish lozimligi haqidagi qayta-qayta targ‘ibotlarni eshitgan inson albatta, unga amal qilmoqchi bo‘lib, hadislarni o‘rganishga kirishadi. Ana shunda turli savollar, tushunmovchiliklar kelib chiqa boshlaydi. Bu savollarga javob topish, tushunmovchiliklarni hal etish uchun etarli ilmli kishilar topish ham oson emas. Ba’zilar bu to‘siq oldida hayron bo‘lib turib qolishadi. Boshqalar esa, to‘siqni aylanib o‘tib, o‘z bilganicha ish ko‘rib ketadi. Oqibatda turli kelishmovchiliklar, urush-janjallar, bir-birini ayblashlar va boshqa turli noqulay holatlar yuzaga chiqadi.Bunday noqulaylikdan chiqishning eng ishonchli yo‘li kerakli darajadagi ilmdir. Shuning uchun bu omilga alohida ehtimom berish o‘ta muhim. Alloh taolo bu sa’y-harakatimizni ana o‘sha ezgulik yo‘lidagi dastlabki qadam bo‘lishiga muyassar etsin, degan umidimiz bor.

27 Май 2022, 03:04 | Савол-жавоблар | 193 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar