QURON QROATLARI

hazrat,qur‘oni karimni odamlar 7 hil olimlar qroati bilan o‘qishadi deyishadi 1.biz o‘zbeklar qaysi olim qiroatida o‘qiymiz ?2.o‘qiyotgam qiroatimizni olimi haqida qaerdan ma‘lumot olsak bo‘ladi?
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Ittifoq qilingan etti qiroat va ularning imomlari kimlar ekanligi haqida qisqacha ma’lumot olaylik.1. Amr ibn al-Alo’ qiroati.Imom Zayyon ibn al-Alo’ Mozaniy Basriy. 154 hijriy sanada vafot qilgan.U kishining ikki roviylari–Davriy va Susiylar bor.Qiroat imomining roviyi uning qiroatini ilmiy ravishda qabul qilib, boshqalarga etkazishda xizmat qilgan bo‘ladi.Davriy–Abu Amr Hafs ibn Umar ibn Abdulaziz Davriy bo‘lib, 246 hijriy sanada vafot etgan.Susiy esa, Abu Shu’ayb Solih ibn Ziyod ibn Abdulloh Susiydir. 261 hijriy sanada vafot qilgan.2. Ibn Kasir qiroati.Imom Abdulloh ibn Kasir Makkiy. 120 hijriy sanada vafot qilgan.U kishining ikki roviylari–Bazziy va Qunbullar bor.Baziy–Ahmad ibn Muhammad ibn Abdulloh ibn Abu Bazza Makkiy. 250 hijriy sanada vafot etgan.Qunbul–Muhammad ibn Abdurrohman ibn Muhammad ibn Xolid ibn Sa’id Makkiy. 291 hijriy sanada vafot etgan.3. Nofe’ qiroati.Imom Abu Ruvaym Nofe’ ibn Abdurrohman ibn Abu Nu’aym Laysiy. 169 hijriy sanada vafot etgan.U kishining ikki roviylari–Qolun va Varsh¬lar bor.Qolun–Iyso ibn Minyaya Madaniy. 220 hijriy sanada vafot etgan.Varsh–Usmon ibn Sa’id Misriy. 197 hijriy sanada vafot etgan.4. Ibn Omir qiroati.Imom Abdulloh ibn Omir Yahsibiy. 118 hijriy sanada vafot etgan.U kishining ikki roviylari–Hishom va Ibn Zakvon bor.Hishom–Hishom ibn Ammor ibn Nusayr Qoziy. 245 hijriy sanada vafot etgan.Ibn Zakvon–Abdulloh ibn Ahmad ibn Bashir ibn Zakvon Qarashiy. 242 hijriy sanada vafot etgan.5. Osim qiroati.Imom Osim ibn Abu Najjud Kufiy. Imom Osimning kunyalari Abu Bakr. U kishi mashhur qori bo‘lganlar. Muharrirlik, balog‘at, fasohat va shirin ovoz ila qiroat qilish bilan mashhur bo‘lganlar. Imom Osim tobe’inlardan bo‘lib, Qur’oni Karim qiroatini Zirr ibn Hubaysh va Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhulardan olganlar. U kishi yana imom Hasan va Husayn roziyallohu anhumoning ustozlari Abu Abdurrohman Abdulloh ibn Habib Silmiydan ham Qur’oni Karim qiroatini olganlar. Bu kishi esa qiroatni hazrati Ali roziyallohu anhudan olganlar. U kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan olganlar.Imom Osim ibn Abu Najjud Kufada 128 hijriy sanada vafot etganlar.U kishining ikki roviylari–Hafs va Shu’balar bor.Hafs–Hafs ibn Sulaymon ibn Mug‘iyra al-Bazzoz Kufiy. Kunyasi Abu Amr. Bu kishi imom Osimning o‘gay o‘g‘li bo‘lgan. U kishining tarbiyasida o‘sgan. Yoshligidan imom Osimdan Qur’oni Karim qiroatini o‘rgangan. Shuning uchun qiroatni juda ham daqiq ravishda o‘rgangan.Hafs ibn Sulaymon rahmatullohi alayh 150 hijriy sanada vafot etgan.Aynan imom Osimdan Hafs rivoyat qilgan qiroat hozirgi kunda butun olam bo‘ylab tarqagan. Bizning diyorimizda ham qadimdan shu qiroat joriy bo‘lgan. Bizning qiroat imomimiz imom Osim, roviymiz Hafsdir.Shu’ba–Abu Bakr Shu’ba ibn Abbos ibn Solim Kufiy. 193 hijriy sanada vafot etgan.6. Hamza qiroati.Imom Hamza ibn Habib ibn Ammora Zayyat Taymiy. 156 hijriy sanada vafot etgan.U kishining ikki roviylari–Xalaf va Xallodlar bor.Xalaf–Xalaf ibn Hishom Bazzoz. 229 hijriy sanada vafot etgan.Xallod–Xallod ibn Xolid Sayrafiy Kufiy. 220 hijriy sanada vafot etgan.7. Kisoiy qiroati.Imom Ali ibn Hamza Kisoiy. 189 hijriy sanada vafot etgan.U kishining ikki roviylari–Abu Horis va Hafs Davriylar bor.Abu Horis–Lays ibn Xolid Bag‘dodiy. 240 hijriy sanada vafot etgan.Hafs Davriy–Abu Amr Hafs ibn Umar ibn Abdulaziz Davriydir. 246 hijriy sanada vafot etgan.Ba’zi bir ulamolar mazkur etti qiroatga yana uchni qo‘shib o‘n qiroat, yana boshqalar o‘nga to‘rtni qo‘shib, o‘n to‘rt qiroat ham qilishgan. Aslida esa, ulardan boshqalari ham bo‘lgan.Bu qiroatlar, ularning xususiyatlari, oralaridagi farqlari va yana shunga o‘xshash narsalar haqida alohida-alohida kitoblar ham yozilgan.Agar qiroatlar orasidagi farqlar asosan ba’zi bir so‘zlarni talaffuz qilish ohangida ekanligini e’tiborga oladigan bo‘lsak, musulmon ummatining Qur’oni Karimga qanchalar ahamiyat berganiga qoil qolmay iloj yo‘q. Faqat Qur’oni Karimning talaffuzi uchun shunchalar katta va mislsiz ilmiy ishlarni amalga oshirish hech bir kitobning, hech ummatning tarixida bo‘lmagan.Hozirga kelib, mazkur qiroatlar ichida ko‘pchilik tomonidan qabul qilinib, amalda qolgani ikkitadir.Birinchisi–Imom Osimdan Hafs rivoyat qilgan qiroat.Bu qiroat Islom olamining mashriq va markaziy tarafining barchasiga keng tarqalgan. Bizning diyormiz musulmonlari ham shu qiroatdalar.Ikkinchisi–Imom Nofe’dan Varsh rivoyat qilgan qiroat. Bu qiroat Liviyadan boshlab, Islom olamining mag‘ribiga tarqalgan.Bu ikki qiroatdagi farqlarni faqat mutaxassis bo‘lgan odamlar aniq farqlashlari mumkin. Farqli joylarning o‘zi ham juda oz. Misol uchun, Osim qiroatida «Yaa ayyuhannabiyuyu» deb o‘qilsa, Nofe’ qiroatida «Yaa ayyuhannabiy’u» deb o‘qiladi. Osim qiroatida «Vazzuhaa» deb o‘qilsa, Nofe’ qiroatida «Vazzuhee» deb o‘qiladi. Holbuki, bu so‘zlar mushafi sharifda bir xil yoziladi.Albatta, har bir qiroatning imomi o‘z ustozidan eshitganini shogirdlariga aynan o‘zini naql qilgan. Biror harfning talaffuzida boshqacha bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmagan. Shundoq tarzda silsila davom etib kelavergan.Qaysi bir talaba qiroatni to‘g‘ri qiladigan bo‘lib etishsa, ustozi unga «ijozat» deb ataluvchi hujjat bergan. O‘sha hujjatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamgacha etib boradigan o‘z ustozlari sanadi ham aniq keltirilgan. Bu esa, har bir qorining Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bog‘lanishini ta’minlagan. Ustozdan rasmiy shahodatnoma olgan qori Nabiy sollallohu alayhi vasallamga etadigan sanadga ega bo‘lgan.Shuning uchun ham ustoz ko‘rmagan, o‘zicha Qur’oni Karimni o‘qib olgan yoki ustozidan «ijozat» olmagan kishilar qori deb hisoblanmagan.Bu borada musulmon ummati qilgan tengi yo‘q ulkan mehnat, tengi yo‘q ehtiyotkorlik va tengi yo‘q fidokorlik har qancha maqtovga sazovordir.Dunyoda hech bir kitob bu shakldagi ehtimomga sazovor bo‘lgan emas.Dunyoda hech bir ummat o‘z kitobiga bu shaklda fidokorlik qilgan emas.

27 Май 2022, 04:49 | Савол-жавоблар | 197 | Qur’oni karim
|
Boshqa savol-javoblar