Fetal mahsulotlarning tibbiyotda kullanilishi

Assalomu Alaykum, shayx Janoblari.Muslimaat.uz saytidagi "Go‘zallik ostiga yashiringan qabohat" maqolasini o‘qiyotib bir savol paydo bo‘lib qoldi.Kasbim Vrach-neyroxirurgman. Hozirgi kunda turli avtoxalokat, shikastlanishlar va turli kasalliklar tufayli orqa miya lat eyishi yoki orqa miyaning ba’zi kasalliklari tufayli inson tanasidagi qo‘pol sezgi va xarakat buzilishlari bilan kechadigan xolatlar zamonaviy tibbiyotimizning dolzarb muammolari xisoblanadi. Bu kabi kasalliklar bilan dunyoning juda ko‘p insonlari aziyat chekmoqda. Nerv xujayralarining ko‘paymasligi, o‘lgan nerv xujayralarining o‘rniga yangilari xosil bo‘lmasligi sababidan aksariyat bemorlar bir umrga nogironlikka maxkum bo‘lib qolmoqda. Ushbu muammoni echimini izlash maqsadida ko‘pdan ko‘p turli ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilmoqda.Tugrisi Yurtimiz olimlari va Rus olimlari bilan birgalikda o‘tkazilgan juda ko‘p tadqiqotlarimiz kutilgan samara bermadi(Jaroxatlangan segmentdagi nervlarni ulash operatsiyalari). Xozirda garb olimlari shikastlangan yoki kasallikka uchragan orka miya segmenti (qismi) ga xomila(o‘zak, boshlangich) xujayralarini joylashtirish operatsiyalarini o‘tkazishmoqda. Bu tadqiqotlar xozirda katta ijobiy natijalar bermayapti, lekin xomila xujayrasining turli boshqa xujayralar (kon-tomir, nerv va boshq.) ga aylana olish qobiliyatidan umid qilinmoqda. Bu tadqiqotlarga ishlatiladigan materiallar asosan ayollik va erkaklik xujayralarini sun’iy urchitish yuli bilan yoki olib tashlangan xomila, tugrukdan keyingi yuldoshdan tayyorlangan materiallar xisoblanadi. Shu kabi ilmiy tadqiqotlar olib borishning diniy xukmi qanday bo‘ladi.Xozirda yurtimizda bunday operatsiyalar o‘tkazilmagan, lekin ayrim garb mualliflari maqolalari va ularning o‘zlari bilan suxbatlashganimizda ma’lum darajada ijobiy o‘zgarishlar kuzatilayotganini urgulashmoqda.Javobingiz uchun oldindan RaxmatOllox Sizdan va dinimiz rivoji uchun qilayotgan xizmatlaringizda Rozi bulsin.Madaminjon Tursunov
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Makkai mukarramadagi «Robitatul olamil islomi» tashkiloti huzurida ish olib boruvchi «ISLOM FIQHI AKADEMIYaSI» o‘zining 1424 hijriy sana, 19-23 shavvol kunlari bo‘lib o‘tgan majlisida bir qancha masalalar qatori mana shu masalani ko‘rib chiqqan. Ko‘rib chiqib, «ISLOM FIQHI AKADEMIYaSI» a’zolari bu masala bo‘yicha kerakli qarorlarni qabul qilganlar. Insonning jismidagi hujayralardan hozirgi kunda turli maqsadlarda, xususan tibbiy maqsadlarda foydalanishni ulamolar yo‘lga qo‘yganlar. Bu ba’zi bir bemorliklarni davolash uchun ishlatilishi mumkin, yoki turli ilmiy tajribalarni olib borish uchun ishlatilishi mumkin. Tajribalarni o‘tkazib, har xil holatlarga solib ko‘rib, ma’lum bir kasalliklarni davolash imkoni bor. Ana shu ma’noda, misol uchun saraton–rak kasalini tuzatishga ham ishlatish mumkin ekan. Qand kasalligi, buyrak, jigar kasalliklarini tuzatishda ham insondan olingan hujayralarni ishlatish imkoni bor ekan. Bu hujayralar bir necha taraflardan bo‘lar ekan. Birinchisi: homila yangi paydo bo‘lgan holatdagisi bo‘lsa, ana shundan hujayralarni olsa, uni turli narsalarga aralashtirib, bu narsani muolajaga ishlatishi mumkin ekan. Misol uchun, hozirgi kunda bolalarni probirka-naychalarda urchitish tajribalari bor. Ana shunda ortib qolgan jismlarni, hujayralarni olib yuqorida aytilganidek tajribaga qo‘yish yoki davolash ishlarida ishlatish mumkin ekan. Shuningdek, ba’zi bir homilalar tushib ketadi, o‘sha homiladan ham hujayralarni olib muolaja uchun ishlatish mumkin ekan. Uchinchisi, dastlab aytganimizdek, bola tug‘ilganida u bilan qo‘shilib tushadigan yo‘ldoshi, kindik ipidan ham hujayralarni olib ishlatish mumkin ekan. To‘rtinchisi, yosh bolalar yoki katta yoshdagi tirik odamlarning ba’zi bir joylaridan hujayralarni olib yuqorida aytilgan maqsadlarda ishlatish mumkin ekan. Mana shu holatlarni «ISLOM FIQHI AKADEMIYaSI» ulamolari diqqat bilan o‘rganganlar, bu sohaning mutaxassislari gaplariga quloq osganlar, ularga savollar berganlar va oxiri fatvo chiqarganlar. O‘sha fatvoda aytiladiki: birinchidan insonning hujayrasini olish, uni rivojlantirish va muolaja–davolash uchun ishlatish, turli ilmiy tajribalarga ishlatish mumkin. Shart shuki, o‘sha hujayralarni olish ruxsat berilgan, shar’an joiz bo‘lgan manbadan bo‘lsin. «Bu manbalar qanday manbalar» desa, birinchisi katta yoshdagi–tirik yurgan kishilardan hujayralarni olib ishlatish ularning o‘zining roziligi bilan va o‘sha jismidan kerakli hujayrani olganda o‘ziga zarar etmaslik sharti bilan. Ikkinchisi: xuddi shu narsalarni yosh bolalardan ham olish mumkin, bu ham shar’iy bir maqsad uchun bo‘lishi kerak. Bunda o‘sha narsalarni olgandan keyin mazkur bolaga zarar etmasin va ota-onasining ruxsati bo‘lsin. Uchinchidan: ana shunday hujayralarni kindikka ulanib turadigan yo‘ldoshdan olish mumkin, albatta uni ishlatishga ota-onaning roziligi bo‘lishi kerak. Bolaning yo‘ldoshi qo‘shilib tug‘ildi, o‘sha yo‘ldoshni olib yuqoridagi maqsadda ishlatish uchun ota-onaning roziligi kerak. To‘rtinchisi: o‘z-o‘zidan tushib ketgan homilalardan hujayralarni olib yuqorida zikr qilingan maqsadlarda ishlatish mumkin, albatta bunda ham ota-onaning roziligi kerak. Shuningdek, naycha-probirkada urug‘likni olib, urchitib, homila hosil qilib, keyin onaning rahmiga qo‘yib qo‘-yish ishlari bajarilgan bo‘lsa-yu, o‘sha naychada ba’zi bir chiqindilar qolgan bo‘lsa, buni ham ota-onaning roziligini olib, keyin ishlatish mumkin. Endi shu narsalarni olish, ularni hujayra sifatida ishlatish mumkin bo‘lmagan holatlaridan bittasi: bola homila paytida tug‘maslik yoki boshqa shar’iy sababsiz tushirib yuborgan bo‘lsa, unda mazkur narsani qilib bo‘lmaydi, ikkinchisi: ota-onaning ruxsatisiz qilib bo‘lmaydi, bularga ham e’tibor berish lozim bo‘ladi. Bu narsalar o‘ta ilmiy masalalar bo‘lsa ham, baribir savol tug‘ilganidan keyin hammamiz bilib qo‘yishimiz lozim narsalardir. Vallohu a’lam.

27 Май 2022, 05:39 | Савол-жавоблар | 135 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar