Ustalarga dallollik qilish

Assalomu alaykum! Chet mamlakatda bosh ustaga mijoz o‘z uyida remont ishlari borligini va shu ishni qilish kerak ekanligini aytadi. Bosh usta mijoz bilan ish uchun ustalarni topib berib, ishni ustalar orqali tugallab berishini aytadi va kvadratini 200 000 ming so‘mdan gaplashadi. Bosh usta esa ustalar bilan 180 000 so‘mdan kelishadi. Ustalarning ham mijozning ham bundan xabari bo‘lmaydi. Ya’ni ustalar kelishuv 180 000 so‘mdan bo‘lgan deb, mijoz esa bosh usta ustalar bilan 200 000 so‘mdan kelishgan deb o‘ylaydi. Bosh ustaning qiladigan ishlari: - Ustalarni hujjat ishlariga yordam berish; - Mijoz pul bermagan taqdirda pulni yonidan to‘lash; -Bosh usta ustalar uchun o‘zining asbob-anjomlarini ishlatish uchun berib turishi; - Ora-orada ish jarayonidan xabar olib turishi: -Ish yakunlangandan so‘ng bosh usta ishni ko‘rib chiqib, mijozga topshirib, ustalar o‘z yurtiga ketgandan so‘ng qilingan ishda kamchiliklar chiqib qolsa bosh usta o‘zi borib to‘g‘irlab berishi; Shunday kelishuv islom shariatida halolmi? Agar halol bo‘lmasa halol bo‘lishi uchun qanday shartlari bor?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Prorab mijoz buyurayotgan ishni to‘liq bajarib berishni o‘z zimmasiga olib u bilan bitim tuzsa joiz. Mijoz oldida ishning bajarilish javobgarligi to‘liq prorab zimmasida bo‘lishi shart. Bunday holatda mijozdan olayotgan pul miqdorini ustalarga, ustalarga berayotgan pulini mijozga aytishi shart bo‘lmaydi. Chunki mijoz bitimni ustalar bilan emas balki prorab bilan tuzgan. Ammo shunchaki mijozni ustalar bilan tanishtirib qo‘yib, ular o‘zaro bitim tuzgach o‘rtalarida vositachilik qilib yuqoridagidek pulni har-xil aytishi esa joiz emas. Vallohu a’lam!

27 Май 2022, 06:51 | Савол-жавоблар | 156 | Moliya va tijorat
|
Boshqa savol-javoblar