Xaj puli

Assalomu alaykum! Men ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p ko‘rayapman odamlar Haj ziyorati uchun to‘plagan pulini mahallaga aspalt, elektr uchun transformator va hklarni olib berishmoqda. Qaysi biri afzalroq?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Ikkisining o‘rtasida taqqoslashga imkon bermaydigan darajada katta tafovut bor. Kimki yo‘lga qodir bo‘lsa albatta haj qilishi shart. Kimning zimmasiga haj farz bo‘la turib uni tark qilsa gunohkor bo‘ladi. Boshqa birorta ham savobli amal undan o‘rinbosar bo‘la olmaydi.Alloh taolo:
«Odamlardan yo‘lga qodir bo‘lganlariga Alloh uchun Baytni haj qilmoq vojibdir. Kimki kufr keltirsa, albatta, Alloh olamlardan behojatdir», degan («Oli Imron» surasi, 97-oyat).
Ushbu oyati karima ila haj ibodati farz bo‘lgan. Ma’noning o‘zidan bilinib turibdiki, haj ibodati hammaga ham farz bo‘lavermaydi. Balki «Odamlardan yo‘lga qodir bo‘lganlariga» farz bo‘ladi. Ular kimlar? Ular sog‘lig‘i yaxshi, hajga borib-kelishga oilasidan orttirgan mablag‘i bor, yo‘lida xavf-xatar yo‘q, ayol kishi bo‘lsa, mahrami bor kishilardir.
Ushbu shartlarni o‘zida mujassam etgan har bir musulmonga umrida bir marta haj qilish farzdir. Ular imkoni bo‘la turib, haj qilmasalar, katta gunoh qilgan bo‘ladilar. Shuning uchun ham oyatning oxirida:
«Kimki kufr keltirsa, albatta, Alloh olamlardan behojatdir», deyilmoqda.
Ya’ni kimki imkoni bo‘la turib, haj qilmasa, Alloh taolo haj qilmaganning toatiga ham behojatdir. Bu erda imkoni bo‘la turib, haj qilmaslik kufrga tenglashtirilmoqda.
Hadisi shariflardan birida:
«Kim hajga qodir bo‘lsa-yu, haj qilmasa, xohlasa yahudiy bo‘lib o‘lsin, xohlasa nasroniy bo‘lib o‘lsin», deyilgan.
Haj ibodati musulmonlarning yillik umumiy yig‘ilishidir. Ular yilda bir marta o‘zlariga hidoyat nuri taralgan markazda to‘planib, ko‘plab foydalarga ega bo‘ladilar.عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: خَطَبَنَا رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ: أَيُّهَا النَّاسُ قَدْ فَرَضَ اللهُ عَلَيْكُمُ الْحَجَّ فَحُجُّوا، فَقَالَ رَجُلٌ: أَكُلَّ عَامٍ يَا رَسُولَ اللهِ؟ فَسَكَتَ حَتَّى قَالَهَا ثَلَاثًا، فَقَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: لَوْ قُلْتُ نَعَمْ لَوَجَبَتْ وَلَمَا اسْتَطَعْتُمْ، ثُمَّ قَالَ: ذَرُونِي مَا تَرَكْتُكُمْ، فَإِنَّمَا هَلَكَ مَنْ كَانَ قَبْلَكُمْ بِكَثْرَةِ سُؤَالِهِمْ وَاخْتِلَافِهِمْ عَلَى أَنْبِيَائِهِمْ. فَإِذَا أَمَرْتُكُمْ بِشَيْءٍ فَأْتُوا مِنْهُ مَا اسْتَطَعْتُمْ، وَإِذَا نَهَيْتُكُمْ عَنْ شَيْءٍ فَدَعُوهُ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَالنَّسَائِيُّ وَالتِّرْمِذِيُّ.Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga xutba qilib:
«Ey odamlar! Batahqiq, Alloh sizga hajni farz qildi. Bas, haj qiling!» dedilar.
Shunda bir kishi:
«Har yilimi, ey Allohning Rasuli!» dedi.
Bas, u zot o‘sha gapni uch marta aytguncha jim turdilar. So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Ha, desam, vojib bo‘lib qolar edi va qodir bo‘lmas edingiz». 
So‘ngra «Sizni tark qilgan narsamda meni tek qo‘ying. Albatta, sizdan oldin o‘tganlar savollarining ko‘pligi va anbiyolariga ixtilof qilganlari tufayli halok bo‘lganlar. Qachon sizga bir ishni amr qilsam, uni qudratingiz etganicha qiling. Qachon sizni bir narsadan nahiy qilsam, uni tark qiling», dedilar».
Muslim, Nasoiy va Termiziy rivoyat qilganlar.
Sharh: Bu hadisi sharifda haj ibodati ilojini topgan, shartlarini o‘zida mujassam qilgan mo‘min-musulmonga umrida bir marta farz bo‘lishi haqida so‘z ketmoqda.
Shu bilan birga, Islom osonlik dini ekanligi yana bir bor ta’kidlanmoqda. Agar Alloh taolo istasa, hajni har yili farz qilib qo‘yishi mumkin edi. Ammo bandalariga mehribon Zot bu ibodatni ularga umrlari davomida bir marta ado etishni farz qildi.
Shariatda bayoni kelmagan narsani gap yoki savol qilib ko‘tarib yurish yaxshi emasligi ham ushbu hadisi sharifdan ma’lum bo‘lmoqda. Modomiki, shariat bir ishni o‘ziga kiritmadimi, uni unday qilsa nima bo‘ladi, bunday qilsa nima bo‘ladi degan savollar bilan surishtirmaslik kerak. Aks holda bandalar o‘z boshlariga o‘zlari mashaqqatni ko‘paytirib olishlari mumkin.
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga xutba qilib:
«Ey odamlar! Batahqiq, Alloh sizga hajni farz qildi. Bas, haj qiling!» dedilar.
Shunda bir kishi:
«Har yilimi, ey Allohning Rasuli!» dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Ha, desam, vojib bo‘lib qolar edi va qodir bo‘lmas edingiz».
So‘ngra «Sizni tark qilgan narsamda meni tek qo‘ying», dedilar».
Ha, bir og‘iz so‘z bilan butun boshli bir ummatga qiyomat kunigacha katta mashaqqat yuklanib qolishi mumkin edi. Ammo Alloh taolo lutf ko‘rsatdi va Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam «Ha», demadilar. Aksincha, bunday paytlarda nima qilish kerakligi haqida umumiy ta’limot berib, bunday ishning oqibati nima bilan tugashi haqida xabar berdilar:
«Albatta, sizdan oldin o‘tganlar savollarining ko‘pligi va anbiyolariga ixtilof qilganlari tufayli halok bo‘lganlar».
Shuning uchun musulmon ummati o‘zidan oldin o‘tganlardan ibrat olib, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga ko‘p savol bermasligi va ixtilof qilmasligi lozim. U zotdan keyin ham Payg‘ambar alayhissalomning merosxo‘rlari bo‘lgan ulamolarga ko‘p savollar bermaslik va ularga qarshi ixtiloflar qilmaslik kerak.
«Qachon sizga bir ishni amr qilsam, uni qudratingiz etganicha qiling. Qachon sizni bir narsadan nahiy qilsam, uni tark qiling», dedilar».
Demak, amrni qudrat etgancha qilish kerak. Ammo bu ma’noni suiiste’mol qilishga ham hech kimning haqqi yo‘q. Misol uchun, namoz o‘qish haqida amr bor. Hech kim «Men faqat Bomdodni o‘qishga qodirman», deb, qolgan namozlari o‘qishdan bosh torta olmaydi. U shariat bayon qilganidek farz namozlarning barchasini o‘qishi farz. Ammo «Besh vaqt namozdan boshqa yana farz namoz bormi?» deb so‘rash to‘g‘ri emas.
Nahiy qilingan narsaning hammasini tark qilish kerak. «Bu ishning qudratim etmaganini qilmayman, qolganini qilaveraman», deyishga hech kimning haqqi yo‘q.
Ushbu hadisi sharifdan olinadigan foydalar:
1. Hajning farz ekanligi.
2. Har yili haj qilish farz emasligi.
3. Ko‘p savol va ixtilof halokatga olib borishi.
4. Shar’iy amrni qudrat etgancha qilish kerakligi.
5. Nahiy qilingan narsani butunlay tashlash lozimligi.عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ الْأَقْرَعَ بْنَ حَابِسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ، الْحَجُّ فِي كُلِّ سَنَةٍ أَوْ مَرَّةً وَاحِدَةً؟ قَالَ: بَلْ مَرَّةً وَاحِدَةً فَمَنْ زَادَ فَهُوَ تَطَوُّعٌ. رَوَاهُ أَبُودَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ وَأَحْمَدُ وَالْحَاكِمُ وَصَحَّحَهُ.Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
Aqra’ ibn Hobis:
«Ey Allohning Rasuli! Haj har yilimi yoki bir martami?» dedi.
«Yo‘q. Faqat bir marta. Kim ziyoda qilsa, nafl bo‘ladi», dedilar».
Abu Dovud, Nasoiy, Ahmad va Hokim rivoyat qilganlar. Hokim sahih degan.
Sharh: Demak, hajning farzligi har yili bir marta emas, balki umr davomida bir marta. Kim undan ortiqcha haj qilsa, bu nafl haj o‘rniga o‘tadi.وَعَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ أَرَادَ الْحَجَّ فَلْيَتَعَجَّلْ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَأَحْمَدُ وَزَادَ: فَإِنَّهُ قَدْ يَمْرَضُ الْمَرِيضُ وَتَضِلُّ الرَّاحِلَةُ وَتَعْرِضُ الْحَاجَةُ.Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kim hajni iroda qilsa, shoshilsin», dedilar».
Abu Dovud va Ahmad rivoyat qilganlar.
Ahmad:
«Chunki kishi bemor bo‘lishi, ulov yo‘qolib qolishi va uzr chiqib qolishi mumkin», jumlasini ziyoda qilgan.
Sharh: Ushbu hadisi sharifdan kelib chiqib, ko‘pchilik ulamolar «Kishida imkon paydo bo‘lishi bilan unga haj qilish farz bo‘ladi. Uni kechga surish mumkin emas», deydilar.
Ammo Imom Abu Yusuf, Imom Muhammad va boshqalar «Bir muddat kechga sursa ham joiz. Haj beshinchi yoki oltinchi hijriy sanadan farz bo‘lgan bo‘lsa ham, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam o‘ninchi hijriy sanaga kelib, haj qilganlar», deydilar.عَنْ عَلِيٍّ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ مَلَكَ زَادًا وَرَاحِلَةً تُبَلِّغُهُ إِلَى بَيْتِ اللهِ وَلَمْ يَحُجَّ فَلَا عَلَيْهِ أَنْ يَمُوتَ يَهُودِيًّا أَوْ نَصْرَانِيًّا، وَذَلِكَ لِقَوْلِ اللهِ فِي كِتَابِهِ - وَلِلّهِ عَلَى النَّاسِ حِجُّ الْبَيْتِ مَنِ اسْتَطَاعَ إِلَيْهِ سَبِيلاًAli roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kim zod va uni baytullohga eltadigan rohilaga ega bo‘lsa-yu, haj qilmasa, uning yahudiy yoki nasroniy holida o‘lishining farqi yo‘q. Bu Allohning O‘z Kitobida «Odamlardan yo‘lga qodir bo‘lganlariga Alloh uchun Baytni haj qilmoq vojibdir», degani uchundir», dedilar».
Sharh: «Zod» – hajga borib kelguncha etadigan maishat uchun kerakli bo‘lgan sarf-harajat.
«Rohila» – hajga borib kelguncha etadigan yo‘l harajatlari.
Bu hadisdan imkon bo‘la turib, haj qilmaslik katta gunoh ekanligi kelib chiqadi. Bas, o‘zida haj shartlarini mujassam qilgan odam imkonini topib, tezda haj ibodatini qilishga shoshilishi lozim. Keyin turli bahonalar chiqib, haj qila olmay o‘lib ketsa, katta xayr va barakadan mahrum bo‘lgan holida ketadi. Hadisi sharifning ta’biriga e’tibor bersak, haj qilish imkoniga ega bo‘lib, uzrsiz haj qilmagan odam nafaqat xayr va barakadan mahrum bo‘ladi, balki o‘ta noqulay holda qoladi. Chunki u Allohning amrini bajarmagan bandadir.عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: جَاءَ رَجُلٌ إِلَى النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ مَا يُوجِبُ الْحَجَّ؟ قَالَ : الزَّادُ وَالرَّاحِلَةُ. رَوَاهُمَا التِّرْمِذِيُّ وَأَحْمَدُ.Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib:
«Ey Allohning Rasuli! Hajni nima vojib qiladi?» dedi.
«Zod va rohila», dedilar».
Ikkisini Termiziy va Ahmad rivoyat qilgan.
Sharh: Ana shu ikki narsaga ega bo‘lgan kishiga, albatta, boshqa shartlar ham mavjud bo‘lgach, haj ibodatini ado etish farz bo‘ladi.عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: كَانَ أَهْلُ الْيَمَنِ يَحُجُّونَ وَلَا يَتَزَوَّدُونَ وَيَقُولُونَ: نَحْنُ الْمُتَوَكِّلُونَ، فَإِذَا قَدِمُوا مَكَّةَ سَأَلُوا النَّاسَ، فَأَنْزَلَ اللهُ تَعَالَى -  وَتَزَوَّدُواْ فَإِنَّ خَيْرَ الزَّادِ التَّقْوَى -. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَأَبُو دَاوُدَ.Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Yaman ahli hajga ozuqa olmay kelishar, «Biz tavakkal qiluvchilarmiz», deyishar edi. Makkaga kelgandan so‘ng odamlardan tilanchilik qilishga tushishardi. Bas, Alloh taolo: «Ozuqa oling, eng yaxshi ozuqa taqvodir» (oyati)ni nozil qildi».
Buxoriy va Abu Dovud rivoyat qilganlar.
Sharh: Boshqa bir rivoyatda kelishicha, yamanliklar «Allohning uyini haj qilamiz-u, bizni och qo‘yarmidi?» deyishar ekan. Bu gaplar Islom ta’limotiga xilof, shu bilan birga, hajini Allohga minnat qilishga kiradi. Shuning uchun ham Alloh taolo bandalarni ham ruhiy, ham moddiy ozuqa bilan ozuqalanib, taqvodor bo‘lishga amr qilmoqda.
 Ushbu hadisi sharifga amal qilib, haj yoki umraga boruvchi har bir kishi ham ma’naviy, ham moddiy ozuqani etarli miqdorda olib bormog‘i lozim. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

29 Июн 2022, 15:36 | Савол-жавоблар | 253 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar