Qurbon hayitda qanday hayvon so‘yiladi

Assalomu alaykum! Qurbon hayit bayramida qanday jinsli qo‘y eki qo‘chqor so‘yiladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Qurbonlik qilinadigan jonivorlar
Masala: Agar faqir va miskin kishilar ko‘p bo‘lsa, ko‘p go‘sht qiladigan jonivorni qurbonlik qilish afzaldir. Agar zaruratmand kishilar oz bo‘lsa, qimmat va go‘shti shirinini so‘yishi afzaldir
Masala: Bitta semiz jonivorni so‘yish ikki ozg‘in hayvonni so‘yishdan afzaldir. Agar mol yoki tuyani ettidan bir qismining go‘shti bitta qo‘yning go‘shtini qiymatidan yoki go‘shtidan ozroq bo‘lsa, ettidan bir hissani qurbonlik qilish afzaldir. Agar ikkisi ham barobar bo‘lsa, bir butun qo‘yni qurbonlik qilish afzaldir
Masala: Urg‘ochi jonivorni qurbonlik qilish joiz, erkagini qurbonlik qilish esa afzaldir. Birovni omonatga qo‘ygan mablag‘iga jonliq olib qurbonlik qilish joiz bo‘lmaydi. Avval ijozat olib, keyin sotib olsa, joiz bo‘ladi
Masala: Qurbonlikka deb sotib olingan qo‘yni yungini olish joiz emas. Agar yungini olib qo‘ysa, yungini qiymaticha sadaqa qilishi vojib bo‘ladi. Qari sigir va soliq qo‘ylarni qurbonlik qilish joiz
Masala: Gangir qo‘yni gangirboshligi o‘t-o‘lanni eyishdan man qilmasa, ularni qurbonlik qilish joiz bo‘ladi
Masala: Mol to‘liq ikki yoshga to‘lmagan bo‘lsa yoki ikki yoshga to‘lishiga ikki kun qolgan bo‘lsa, uni qurbonlik qilish joiz bo‘lmaydi
Masala: Nasiyaga olingan jonivorni qurbonlik qilish joiz bo‘ladi
Masala: Qurbonlik qilinadigan jonivorni oldin sotib olib boqib turishi afzal. Toki, unga muhabbat qilib qoladi va yaxshi ko‘rgan narsasini qurbonlik qilishda savob ko‘proq bo‘ladi
Masala: Qurbonlik qilinadigan jonivorlarni yoshi mol va qo‘toslarda to‘liq ikki yosh, tuya besh yosh, qo‘y va echki bir yoshdir. Agar bulardan bir kun ham kam bo‘lsa, qurbonlik qilish joiz bo‘lmaydi. Lekin, bir yoshga kirmagan qo‘yning jussasi bir yosh qo‘y jussasichalik bo‘lsa, ya’ni olti oylik qo‘zi bir yoshlik qo‘y jussasichalik gavdasi bo‘lsa, uni qurbonlik qilish joiz bo‘ladi. Lekin, olti oyga to‘lmagan qo‘zini jussasi bir yoshlik qo‘y kabi bo‘lsa, uni qurbonlik qilish joiz bo‘lmaydi
Masala: Bir yoshga kirgan qo‘yning jussasi kichik bo‘lsa-yu, lekin bir yoshga to‘lganligi aniq bo‘lsa, qurbonlik qilish joiz bo‘ladi. Agar xonaki xayvon vahshi hayvondan homilador bo‘lib, bola tug‘sa, tug‘ilgan bola qurbonlik yoshiga kirgandan keyin qurbonlik qilish joiz bo‘ladi. Chunki, jonivorlarda e’tibor onaga bo‘ladi, otaga emas. Agar vahshiy hayvon xonaki hayvondan homilador bo‘lsa, undan tug‘ilgan bolani qurbonlik qilish joiz bo‘lmaydi. Bir qavlda esa, qo‘y kiyikdan homilador bo‘lsa, tug‘ilgan bolaga qaraladi. Agar bola qo‘y bo‘lsa, qurbonlik qilish joiz bo‘ladi. Agar bola kiyik bo‘lsa, uni qurbonlik qiish joiz bo‘lmaydi
Masala: Qurbonlik qilinadigan jonivorlarni terisi kuyib qolsa va u go‘shgacha etib borgan bo‘lsa, qurbonlik qilish joiz bo‘lmaydi. Agar jarohat go‘shtga ta’sir qilmagan bo‘lsa, qurbonlik qilish joiz bo‘ladi(65).
Masala: Homilador hayvonlarni qurbonlik qilish joiz. Lekin, tug‘ishga yaqin qolgan jonivorlarni so‘yish makruhdir. Agar homilador jonivorni qurbonlik qilgandan keyin bolasi tirik chiqsa, uni so‘ygandan keyin eyishlik halol bo‘ladi. Agar so‘yishidan oldin o‘lib qolsa, go‘shti harom bo‘ladi. Agar homilador hayvonni qurbonlik qilgandan keyin bola tirik chiqsa va so‘yilmay yashab ketsa, uni sadaqa qilish vojib bo‘ladi. Agar uni boqib katta bo‘lganda qurbonlik qilsa, zimmasiga vojib bo‘lgan qurbonlik ado bo‘lmaydi va go‘shtini hammasini sadaqa qilib yuboradi.
Masala: Qo‘tir tushgan hayvon semiz bo‘lsa, qurbonlik qilish joiz bo‘ladi. Qo‘tir go‘shtga ta’sir qilib, hayvon ozib ketgan bo‘lsa, u hayvonni qurbonlik qilish joiz bo‘lmaydi.
Masala: Bichilgan qo‘y, xo‘kizlarni qurbonlik qilish hech qanday karohiyatsiz joizdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham bichilgan jonivorni qurbonlik qilganlar. Chunki, bichilgan qo‘yning go‘shti shirin bo‘ladi va u tez et oladi.
Xunasa jonivorni qurbonlik qilish joiz emas.
Masala: Tamg‘a bosilgan jonivorni qurbonlik qilish joiz.
Masala: Qo‘y bir yoshga, mol ikki yoshga va tuya besh yoshga to‘lgan bo‘lsa-yu, lekin ba’zi bir chiqishi kerak bo‘lgan tishlari chiqmagan bo‘lsa, qurbonlik qilish joiz bo‘ladi. Chunki, muddat to‘liq bo‘lishi shart, tishlarni to‘liq chiqqan bo‘lishi esa shart emas.
Masala: Qurbonlik qilinadigan jonivorlarni suti sog‘ilmaydi. Agar sog‘ib qo‘yilsa, sutini yoki uning qiymatini sadaqa qilib yuborish lozim.
Masala: Qo‘y bilan qo‘shib olingan arqonni sadaqa qilib yuborish mustahabdir.
Masala: It, cho‘chka kabi go‘shti halol bo‘lmagan jonivorlarni emib katta bo‘lgan, hayvonni qurbonlik qilish joiz.
Masala: Tug‘ma shoxsiz jonivorni qurbonligi durust bo‘ladi. Shuningdek, shoxi singan bo‘lsada. Lekin, shox tag-tubi bilan singan bo‘lsa, uni qurbonlik qilish joiz bo‘lmaydi.
Masala: Nisob egasi bo‘lgan kishi qurbonlik qilish maqsadida hayvon sotib olsa, so‘ng qurbonlikka yaramaydigan ayb bilan ayblanib qolsa, zimmasiga aybsiz boshqa qurbonlik qilish vojib bo‘ladi. Agar faqir kishi qurbonlik niyatida jonivor sotib olsa-yu, lekin qurbonlikka yaramaydigan bo‘lib, aybdor bo‘lib qolsa, boshqa sotib olishi joiz emas.
Masala: Boy, faqir ikkisi ham qurbonlik qilishni nazr qilib, hayvon sotib olsalar, kegin u hayvon qurbonlikka yaramaydigan ayb bilan ayblansa, ikkisini zimmasiga boshqasini sotib olishi joiz bo‘ladi. Qurbonlikka yaroqli jonivor sotib olib, so‘yish vaqtida qurbonlikka yaramaydigan bo‘lib qolsa, masalan yiqitayotib oyog‘i sinib qolsa, ko‘zi ko‘r bo‘lib qolsa, boshqa olishi joiz emas.
Masala: Hayvonlarni yoshini to‘lishi qamariy hisob e’tiboridan bo‘ladi. Masalan ramazondan ramazongacha. Qamariy yil shamsiy yildan o‘n bir yoki o‘n ikki kunga farq qiladi.
Masala: Qurbonlik qilinadigan jonivorlar uch qismga bo‘linadi:
1. Tuya (erkak, urg‘ochisi);
2. Mol, qo‘tos (erkak, urg‘ochisi);
3. Qo‘y, echki (erkak, urg‘ochisi).
Bulardan tashqari jonivorlarni, jumladan ot, g‘uli, kiyik, tovuq, xo‘roz kabilar qurbonlik qilish bid’atdir.
Savol : Tovuq , g‘ulilarni qurbonlik qilish joizmi?
Javob: Qurbonlik qilinadigan hayvonlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomonidan tayin qilib berilgan. Ular tuya, qoramol, qo‘y, echki. Undan boshqalarni qurbonlik qilish makruhi tahrimiydir. Zimmasiga qurbonlik vojib bo‘lganlar g‘uli yo tovuq qurbonlik qilsalar qurbonligi ado bo‘lmaydi. Alloma Askafiy rohmatullohi alayh : Qurbonlikning rukni( farzi) qurbonligi joiz bo‘lgan hayvonlarni qurbonlik qilishdir. Tovuq , xo‘rozlarni qurbonlik qilish tahrimiy makruhdir. Chunki bu o‘zini majusiylarga o‘xshatishdir. ( Bazzoziya) . Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan :” Jumaga erta kelguchining misoli badana qurbonlik qilgan kishining misolidir. So‘ng kelgani qoramol, so‘ng kelgani qo‘y echki , so‘ng kelgan tovuq, so‘ng kelgani tuxum “ deyilgan hadisdan murod savobning miqdorini bayon qilish bo‘lib , tovuq va tuxumlarni ham qurbonligi joiz bo‘ladi degani emas. (Hidoya hoshiyasi). Vallohu a’lam!

4 Июл 2022, 19:29 | Савол-жавоблар | 172 | Administrator
|
Boshqa savol-javoblar