Musibatdan qochish

Assalomu alaykum! Hayotimda musibat ko‘p hattoki juda ko‘p. Atrofga qarab taqvoli kishilarni nochor kambag‘al holda ko‘raman. Taqvosiz kishilarni esa boy kengchilikda ko‘raman. Ulamolarning ham bir biriga tosh otishi haqoratlashi va shunga o‘xshash gunoh ishlarini ko‘rib dindan ham ancha sovudim. O‘zimni ham boshimda musibat ko‘p. To‘g‘risi charchadim. Dinga ham qo‘l siltab yuborgim kelyapti. Chunki yoshligimdan turli qiyinchliklar bo‘lishiga qaramay hayotim yaxshi edi. Adashmasam 9 sinfdan dinga amal qila boshlaganimdan keyin shu qadar balo musibatlar keldiki, eslasam yig‘lab yuborgim keladi. Inson zotini bardoshi toshdanda qattiq ekan. Qizig‘i ko‘p yil bo‘ldiki, oxiri ko‘rinmayapti. Bu din insonga baxt saodat keltirishi kerakmasmidi axir? Kuyib ketdiku yuragim.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Siz o‘zingizni taqvodor deb bilasizmi? Dinga to‘liq amal qilayapman deb o‘ylaysizmi? Allohga noma’qul ishlar qilmayapman deysizmi? Dinni to‘g‘ri tushundim deb ayta olasizmi? Yozganlaringizga qaraganda siz dinni hali tushunmagansiz. Alloh taolo taqvodor bandasiga boylik berishi majburiy emasligi, yoki osiy bandasini faqir qilishi majburiy emasligi, qo‘yinki boylikning o‘zi bu dunyoda mukofot emasligini bilmas ekansiz. Agar dunyo Allohning nazdida pashshaning qanotichalik qadrga ega bo‘lganida kofirga undan bir qultum suv ham ichirmas edi. Boylik bu sinov vositasi xolos. Boylik kelganda qalbingiz yorishib, u ketganida esa mahzun bo‘layotgan bo‘lsa bilinki siz hali Allohdan ancha uzoqsiz. Bunday ilm bilan taqvodorlar va ularning hayotlaridagi holatlar haqida xulosa qila olmaysiz. Ehson maqomi haqidagi hadisi sharif va uning sharhini topib o‘qing. “Xislatli hikmatlar sharhi” kitobini ham o‘qing. Alloh taolo "Fajr" surasida marhamat qiladi: فَأَمَّا الْإِنسَانُ إِذَا مَا ابْتَلَاهُ رَبُّهُ فَأَكْرَمَهُ وَنَعَّمَهُ فَيَقُولُ رَبِّي أَكْرَمَنِ۝وَأَمَّا إِذَا مَا ابْتَلَاهُ فَقَدَرَ عَلَيْهِ رِزْقَهُ فَيَقُولُ رَبِّي أَهَانَنِ۝ 15. Bas, qachon insonni Robbisi sinash uchun ikrom qilsa va nemat bersa, «meni Robbim ikrom qildi», deydir.
16. Bas, qachon Robbisi sinash uchun rizqini tor qilib qo‘ysa, u «Robbim meni xorladi», deydir.
Kishilarda boylik va kambag‘allik haqida noto‘g‘ri tushuncha bor. U ham bo‘lsa boylikni Alloh tarafidan izzat-ikrom, Alloh roziligining alomati, yaxshi ko‘rgani uchun mol-dunyo berdi, deb etiqod qiladilar.
Aksincha, kambag‘allikni esa Alloh tarafidan xo‘rlash, xush ko‘rmaganlik alomati, deb tasavvur qiladilar. Aslida esa undoq emas.Alloh taolo molu dunyo, boylikni yaxshi ko‘rgan bandasiga ham, yomon ko‘rgan bandasiga ham beraveradi, shuningdek, yaxshining ham, yomonning ham rizqini tor qilib qo‘yishi mumkin. Boylik Alloh tarafidan bo‘lgan izzat-ikrom emas, balki imtihon–sinovdir, shuningdek kambag‘allik ham. Sinovdan maqsad esa Allohning itoati: banda boy bo‘lsa, shukr qilib, boylikni Alloh ko‘rsatgan yo‘lga sarflaydimi, yo‘qmi? Yoki kambag‘al bo‘lsa, sabr qiladimi, yo‘qmi? Shuning uchun ham keyingi oyatni «Kallaa» deb rad bilan boshlayapti.كَلَّا بَل لَّا تُكْرِمُونَ الْيَتِيمَ۝17. Yo‘q! Balki Sizlar etimlarni ikrom qilmaysizlar.
Yo‘q! Sizlarning bu fikringiz noto‘g‘ri. Alloh bergan nematni sinov, deb bilmasdan, men o‘zim zo‘r bo‘lganim uchun ikromlab berdi, deyishingiz noto‘g‘ri. Ana shunday noto‘g‘ri fikrda bo‘lganingiz uchun ham etimlarni ikrom qilmaysizlar. Ularga Alloh sizga bergan nematdagi haqlarini bermaysizlar. Holbuki, o‘sha nematda etimning ham haqqi bor edi. Agar etimga undan o‘ziga tegishli haqqini berganingizda sinovdan yaxshi o‘tgan bo‘lar edingiz. Siz esa sinovdan o‘ta olmadingiz. Shuningdek...وَلَا تَحَاضُّونَ عَلَى طَعَامِ الْمِسْكِينِ۝18. Bir-birlaringizni miskinlarga taom berishga undamaysizlar.
Bu ham Alloh taolo tomonidan o‘zingizga berilgan nematni sinov emas, shaxsingizga ikrom, deb kerilganingizdandir. Alloh taolo sizga o‘sha nematni shukr qilarmikin, men ko‘rsatgan yo‘llarga sarf qilarmikin, miskinlarga haqlarini berarmikin, deb sinash uchun bergan edi. Siz esa, Alloh meni sinash uchun bu nematni berdi, agar Alloh xohlasa, meni miskin qilib, miskinni nematlantirib qo‘yar edi, demadingiz. Miskinga Alloh sizga omonat uchun bergan nematdan bermadingiz, hattoki bir-biringizni unga taom berishga ham undamadingiz. Bu ham etmaganidek sizlar...وَتَأْكُلُونَ التُّرَاثَ أَكْلًا لَّمًّا۝19. Va merosni shiddatla eysizlar.
Siz molu dunyoga shunchalik o‘chsizki, Alloh bergan nematga to‘ymay, birovlarning haqqi bo‘lmish merosni ham shiddatla-xaris bo‘lib eysiz. Bu narsa birovning haqqi, bu men uchun harom, demaysiz. Chunki, siz...وَتُحِبُّونَ الْمَالَ حُبًّا جَمًّا۝20. Va molni ko‘p yaxshi ko‘rasizlar.
Chunki, sizning vujudingizni molu dunyo muhabbati qamrab olgan. Qalbingizda molu-dunyo muhabbatidan boshqa narsa yo‘q. Ko‘zingiz molu dunyodan boshqa narsani ko‘rmaydi. Qulog‘ingiz molu dunyoga oid gapdan boshqa gapni eshitmaydi.
Alloh taolo boylikka berilganlarning yomon ishlarini fosh qilgandan so‘ng, qo‘rqituvchi oyatlarni keltiradi. Shoyadki, bular tavba qilib, to‘g‘ri yo‘lga tushsalar. (“Tafsiri Hilol” kitobidan). Vallohu a’lam!

14 Июл 2022, 14:24 | Савол-жавоблар | 162 | Ruhiy tarbiya
|
Boshqa savol-javoblar