sajdai sahv

Assalaamu alaykum muhtaram Ustoz.Mening bitta savolim va bitta iltimosim bor edi,savolim sajdai sahv to‘g‘risida.iltimos,sajdai shahv to‘g‘risida qisqacha ma‘lumot berib o‘tsangiz.ba‘zan namozda hatoliklarga yo‘l qo‘yishimiz tabiiy."MEN HAM NAMOZ O‘QIYMAN " kitobidan namozni mustaqil o‘rganganman,o‘sha kitobda sajdai sahv to‘grisiudagi sharhga yahshi tushunmaganman.namoz tugagandan so‘ng o‘ng elkaga salom bergach ikki marta sajda qilinadi,keyin chap elkaga salom berib namoz tugatiladimi yoki yana boshqatdan attahiyot surasi,salovot va duo qilib yana salom beriladimi .iltimosim esa shuki,qalbimda ozgina bo‘lsa ham kibr borday tuyuladi o‘zimga,o‘zim kibrdan hazar qilaman,shu narsadan ko‘nglim hira,iltimos duo qiling barcha mo‘minlar qatori mening qalbimda ham zarracha kibrga joy qolmasin,Olloh taolo barchamizdan rozi bo‘lsin.Oldindan rahmat.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
SAJDAI SAHV Agar namozxon ruknni oldinga yoki orqaga sursa yoxud takror qilsa yo vojibni o‘zgartirsa yoki unutib tark qilsa, bir salomdan keyin ikki sajda, tashahhud va salom vojib bo‘ladi. Misoli qiroatdan oldin ruku’ qilish, uchinchi rak’atga turishni tashahhuddan ziyoda orqaga surish, maxfiy narsani oshkora qilish, qa’dai ulaani tark qilishlardir. Bularning hammasi tarki vojibga kiradi.Muqtadiyning unutishi sababli sajdasi sahv vojib bo‘lmaydi, balki imomining unutishi va sajda qilish ila bo‘ladi. Keyin kelib qo‘shilgan imomi bilan sajdai sahv qiladi va keyin o‘zi qolganini qazo qiladi. Agar imom o‘tirmay turib ketsa, o‘tirishga yaqin holdan qaytib o‘tiradi va tashahhudni o‘qisa, unutgan bo‘lmaydi. O‘tirishga yaqin bo‘lmagan holda bo‘lsa, turadi va sajdai sahv qiladi. Agar namozxon qa’dai oxirga o‘tirmay turib ketsa, modomki sajda qilmagan bo‘lsa, qaytib o‘tiradi va sajdai sahv qiladi. Agar sajda qilgan bo‘lsa, farzi naflga aylanadi va agar istasa oltinchi rak’atni qo‘shadi. Agar namozxon qa’dai oxirga o‘tirgandan keyin unutib turib ketsa, modomiki sajda qilmagan bo‘lsa, qaytib o‘tirib salom beradi. Agar sajda qilgan bo‘lsa, farzi tamom bo‘ladi va oltinchi rak’atni qo‘shadi hamda sajdai sahv qiladi. Ikki rak’at nafl bo‘ladi. Ular Peshinning sunnati o‘rniga o‘tmaydi. Kim unga o‘sha ikki rak’atda iqtido qilsa, ikkisini o‘qiydi. Muqtadiy ikkisini buzsa, qazo qiladi.Gar sajdai sahvni qilgan bo‘lsa, ulardan keyin qo‘shimcha o‘qimaydi. Mabodo qo‘shib qo‘ysa, namozi bo‘laveradi.Birovga sajdai sahv lozim bo‘la turib sajda qilsa, namozda turgan bo‘ladi. Sajda qilmasa, namozda bo‘lmaydi. Birinchi bor qancha o‘qigani haqida shakka tushgan odam namozni yangitdan o‘qiydi. Agar shakki ko‘paygan bo‘lsa, gumonining g‘olib tarafini oladi. Agar g‘olib bo‘lmasa, ozini oladi. Lekin namozining oxiri deb o‘ylagan joyida o‘tiradi.«Sahv» so‘zi lug‘atda «unutish» ma’nosidadir. Namozda ma’lum bir amallarni unutilsa, undan hosil bo‘lgan nuqsonni sahv sajdasi qilish ila to‘g‘rilab olish imkoni bor. Bu ham Islom dini, engillik dini ekanligi, Alloh taolo musulmonlarga mehribon ekanligining yorqin dalilidir. Namozda xato qilgan odam uni yana qaytarib o‘qimasdan yoki boshqa biror javobgarlikka qolmasdan, ikki marta ortiqcha sajda qilib qo‘yish bilan hamma ish to‘g‘ri bo‘lib ketaveradi.Endi, sajdai sahv haqidagi «Muxtasari Viqoya»da keltirilgan matnni sharhlashga o‘taylik.Agar namozxon ruknni oldinga yoki orqaga sursa yoxud takror qilsa yo vojibni o‘zgartirsa yoki unutib tark qilsa, bir salomdan keyin ikki sajda, tashahhud va salom vojib bo‘ladi. Sajdai sahvning vojibligiga dalil;Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Birortangiz turib namoz o‘qiy boshlasa, albatta, shayton kelib uni adashtira boshlaydi, hattoki, u qancha namoz o‘qiganini bilmay qoladi. Biringiz qachon shundoq holni topsa, o‘tirgan holida ikki marta sajda qilsin», dedilar». Beshovlari rivoyat qilgan. Sajdai sahvning salomdan keyin bo‘lishiga dalil;Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Peshinni besh rak’at o‘qidilir. Bas, u zotga: «Namozda ziyoda bo‘ldimi?» deyildi. «Nima uchun?» dedilar. «Besh rak’at o‘qidingiz», dedi. U zot salom berganlaridan keyin ikki sahv sajdasini qildilar».Beshovlari rivoyat qilishgan.Misoli qiroatdan oldin ruku’ qilish, uchinchi rak’atga turishni tashahhuddan ziyoda orqaga surish, maxfiy narsani oshkora qilish, qa’dai ulaani tark qilishlardir. Bularning hammasi tarki vojibga kiradi.Bu jumlada sajdai sahvning bir necha sabablariga misollar kelmoqda.Qiroatdan oldin ruku’ qilish ruknni oldinga surishdir. Bu holda sajdai sahv qilish vojib bo‘ladi.Uchinchi rak’atga turishni tashahhuddan ziyoda orqaga surish ruknni orqaga surishdir.Agar birinchi qa’dada tashahhudni takror o‘qisa yoki Allohumma solli ala Muhammadgacha o‘qivorsa uchinchi rak’atga turishni kechga surgani uchun sajdai sahv qilish vojib bo‘ladi.Maxfiy narsani oshkora qilish vojibni o‘zgartishga misoldir.Umuman, jahriy yoki sirriy qiroat qilish qoidasiga xilof qilib peshin va asr namozlarida ovoz chiqarib, boshqa namozlarda ovoz chiqarmay qiroat qilish imom uchun sajdai sahvni vojib qiladi.Qa’dai ulaani tark qilish vojibni tark qilishdir. Umuman, namozda har bir vojib amalni tark qilish sajdai sahvni vojib qiladi.Muqtadiyning unutishi sababli sajdai sahv vojib bo‘lmaydi, balki imomining unutishi va sajda qilishi ila bo‘ladi. Agar muqtadiy o‘zi sajda qilsa, imomiga xilof qilgan bo‘ladi. Shuning uchun, muqtadiy imomga iqtido qilib turib sajdai sahv qilishga loyiq xato qilsa ham sajdai sahv vojib bo‘lmaydi. Ammo imom bir narsani unutsa, xatoga yo‘l qo‘ymagan muqtadiyga ham sajdai sahv vojib bo‘ladi. Buning uchun, unutgan imom sajdai sahvni qilishi shart. Agar unutib qo‘yib keyin sajdai sahvni qilmasa muqtadiy o‘zicha sajdai sahv qila olmaydi. Keyin qo‘shilgan imomi bilan sajdai sahv qiladi va keyin o‘zi qolganini qazo qiladi. Namoz boshlangandan keyin kelib qo‘shilgan odamni masbuq deyiladi. O‘sha masbuq kelib qo‘shilgandan oldin yoki keyin imom sahv qilgan bo‘lsa va sajdai sahv qilsa masbuq ham u bilan qo‘shilib qilaveradi. Imom sajdai sahvni ham qilib namozni tugatganidan keyin masbuq turib qolganini o‘qib oladi.Imom Ahmad Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan quyidagilarni rivoyat qiladi:«Ular namozga kelganlarida Nabiy sallollohu alayhi vasallam namozning ba’zisini o‘qib bo‘lgan bo‘lsalar, bir kishi boshqasidan ishora bilan bir rak’at o‘tdimi, ikki rak’atmi deb so‘rardi. Keyin o‘sha o‘tganini o‘qib olib qavmning namoziga qo‘shilar edi. Bir kuni Muoz keldi va u zotni qaysi holda topsam o‘sha holga qo‘shilaman, keyin eta olmaganimni qo‘shaman dedi. U kelganda Rasululloh sallollohu alayhi vasallam namozning ba’zisini o‘qib bo‘lgan edilar. Bas, u zot bilan sobit bo‘ldi. Rasululloh sallollohu alayhi vasallam namozni tugatganlaridan keyin turib qolganini o‘qidi. Shunda Rasululloh sallollohu alayhi vasallam «Batahqiq, Muoz sizga bir sunnat qildi. Bas, siz ham shundoq qiling», dedilar.Agar masbuq imom bilan sajdai sahvni qilmagan bo‘lsa, namozining oxirida o‘zi sajdai sahv qiladi. Agar imom o‘tirmay turib ketsa, o‘tirishga yaqin holdan qaytib o‘tiradi va tashahhudni o‘qisa, unutgan bo‘lmaydi. Imom qa’dai ulaada o‘tirmay turib ketdi. Turayotganda esiga kelib qoldi yoki qavm takbir aytib unga eslatdi. Shunda u o‘zining holiga qaraydi. Agar holi o‘tirshga yaqin bo‘lsa, qaytib o‘tiradi va tashahhudni o‘qib namozini davom ettiradi. Bu holda u unutgan bo‘lmaydi va sajdai sahv qilmaydi. Imom Tahoviy qilgan rivoyatda Nabiy sallollohu alayhi vasallam:«Biringiz g‘oz tik turgan bo‘lsa, namozni o‘qiyversin va sajdai sahv qilsin. Agar g‘oz tik turmagan bo‘lsa, o‘tirsin va unga sajdai sahv yo‘qdir», deganlar.O‘tirishga yaqin bo‘lmagan holda bo‘lsa, turadi va sajdasi sahv qiladi. Chunki u ma’nan ham, jisman ham tik turib bo‘lgan bo‘ladi. Endi qaytib o‘tirishi mumkin emas. Agar g‘oz tik turgan odam qaytib o‘tirsa, namozi buziladi. Chunki u farz bo‘lgan qiyom amalidan, farz bo‘lmagan qa’dai ulaaga qaytgan bo‘ladi.Ziyod ibn Iloqa roziyallohu anhudan rivoyat: «Mug‘iyra bizga namozga o‘tdi. Ikki rak’at o‘qigandan keyin, o‘tirmay turib ketdi. Bas, orqasida turganlar tasbih aytdilar. U esa ularga, turinglar, deb ishora qildi. Namozdan forig‘ bo‘lganida, salom berdi va ikki sahv sajdasini qildi va: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shundoq qilganlar», dedi». Termiziy va Abu Dovud rivoyat qilgan.G‘oz tik turib qolgan odam namozini davom etdiradi va tarki vojib qilgani uchun sajdai sahv qiladi. Imom Abu Dovud rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sallollohu alayhi vasallam:«Qachon imom ikki rak’atdan keyin turganda g‘oz turishidan oldin eslab qolsa o‘tiradi. Agar g‘oz turib qolsa o‘tirmaydi va ikki marta sajdai sahv qiladi», deganlar. Abdulloh ibn Buhayna roziyallohu anhudan rivoyat: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Peshinni o‘qiyotib ikki rak’atni o‘qigandan keyin o‘tirmay turib ketdilar. Namozni tamomlaganlarida ikki marta sajda qildilar. Undan keyin salom berdilar. U ikki sajdani u zot bilan odamlar ham qildilar. Bu unutgan o‘tirish o‘rniga edi». Beshovlari rivoyat qilgan.Agar namozxon qa’dai oxirga o‘tirmay turib ketsa, modomki sajda qilmagan bo‘lsa, qaytib o‘tiradi va sajdai sahv qiladi. Chunki u farz amal bo‘lgan qa’dai oxirni kechga surdi.Agar sajda qilgan bo‘lsa, farzi naflga aylanadi va argar istasa oltinchi rak’atni qo‘shadi. Beshinchi rak’atning sajdasini qilishi bilan farz namozi naflga aylanadi. Besh rak’atli namoz bo‘lmagani uchun oltinchi rak’atni ham o‘qib qo‘ysa, olti rak’atli nafl o‘qigan bo‘ladi.Agar namozxon qa’dai oxirga o‘tirgandan keyin unutib turib ketsa, modomiki sajda qilmagan bo‘lsa, qaytib o‘tirib salom beradi. Chunki tik turgan holda salom berib bo‘lmaydi.Agar sajda qilgan bo‘lsa, farzi tamom bo‘ladi va oltinchi rak’atni qo‘shadi hamda sajdai sahv qiladi. Chunki uning uchun namozidan salom berishdan boshqa narsa qolmagan edi. Sajdai sahvni qilishi naflni odatdagidek boshlamagani uchun bo‘ladi. O‘sha ortiqcha namoz uning uchunIkki rak’at nafl bo‘ladi. Ular Peshinning sunnati o‘rniga o‘tmaydi. Ya’ni, o‘sha ikki rak’at ortiqcha namoz Peshinning farzidan keyingi ikki rak’at sunnati o‘rniga o‘tmaydi. Ularni alohida o‘qiydi.Kim unga o‘sha ikki rak’atda iqtido qilsa, ikkisini o‘qiydi. Kim imomga o‘sha ikki ziyoda rak’atda iqtido qilsa faqat ularnigina o‘qiydi. Avval o‘tgan rak’atlarni o‘qib to‘lg‘azmaydi.Muqtadiy ikkisini buzsa, qazo qiladi.Mazkur ziyoda ikki rak’atni muqtadiy buzsa, ularning qazosini o‘qiydi. Gar sajdai sahvni qilgan bo‘lsa, ulardan keyin qo‘shimcha o‘qimaydi. Mazkur ziyoda ikki rak’at naflning oxirida sajdai sahv qilgan bo‘lsa, ularga yana qo‘shimcha rak’atlarni qo‘sha olmaydi. Mabodo qo‘shib qo‘ysa, namozi bo‘laveradi.Yana qaytadan sajdai sahv qiladi.Birovga sajdai sahv lozim bo‘la turib sajda qilsa, namozda turgan bo‘ladi. Shuning uchun, unga iqtido qilsa bo‘ladi.Sajda qilmasa, namozda bo‘lmaydi. Chunki u salom berishi bilan namozdan chiqadi. Shuning uchun, unga iqtido qilib bo‘lmaydi.Birinchi bor qancha o‘qigani haqida shakka tushgan odam namozni yangitdan o‘qiydi. Namozda necha rak’at o‘qiganini bilmay shak qilib qoldi. Uchmi, to‘rtmi bilmaydi. Agar bu uning umridagi birinchi unutishi bo‘lsa, namozni yangitdan boshlaydi. Agar shakki ko‘paygan bo‘lsa, gumonining g‘olib tarafini oladi. Agar unutishi ko‘p bo‘lsa, g‘olib gumonga bino qiladi. Agar g‘olib gumoni bo‘lmasa, ozini oladi. Abu Sa’id al-Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Qachon biringiz namozda shakka tushib qolsa, bas, qancha o‘qiganini bilmay qolsa, uch rak’atmi, to‘rt rak’atmi? Bas, shakni tashlasin va o‘zi qattiq ishongan tomoniga bino qilib o‘qisin. So‘ngra salom berishidan oldin ikki marta sajda qilsin. Agar besh rak’at qilgan bo‘lsa, o‘sha ikki sajda uning namozini juftga aylantiradi. Agar to‘rt rak’atni tamom qilish uchun o‘qigan bo‘lsa, u ikki sajda shaytonning burnini erga ishqagan bo‘ladi», dedilar». Muslim, Abu Dovud va Ahmad rivoyat qilgan.Agar g‘olib bo‘lmasa, ozini oladi. Abdurrahmon ibn Avf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Qachon biringiz namozida unutib qolib bir rak’at o‘qidimi, ikki rak’at o‘qidimi bila olmay qolsa, bir rak’at o‘qidim, deb olsin. Agar ikki rak’at o‘qidimi, uch rak’at o‘qidimi bila olmay qolsa, ikki rak’at o‘qidim, deb olsin. Agar uch rak’at o‘qidimi, to‘rt rak’at o‘qidimi bila olmay qolsa, uch rak’at o‘qidim, deb olsin va salom berishidan oldin ikkita sahv sajdasi qilsin», dedilar. Ahmad va Termiziy rivoyat qilgan.Lekin namozining oxiri deb o‘ylagan joyida o‘tiradi.Agar o‘tirmasa qa’dai orxirni tark qilgani uchun namozi botil bo‘ladi.Sajdai sahv haqidagi barcha dalil va hujjatlarni atroflicha o‘rganib chiqqan hanafiy ulamolar bu masalani namozxonlarga osonlashtirish uchun harakat qilib quyidagi xulosaviy hukmlarni o‘z kitoblarida yozib qoldirganlar.«Lozim bo‘lganda sajdai sahv qilmoq vojibdir. Lozim bo‘lganda sajdai sahvni qilmagan namozxon gunohkor bo‘ladi. Ammo namozi botil bo‘lmaydi. Sajdai sahv imomga ham, yolg‘iz namozxonga ham vojib bo‘ladi. Ammo muqtadiy o‘z namozida sahvga yo‘l qo‘ysa, unga sajdai sahv vojib bo‘lmaydi. Chunki u o‘zicha sajdai sahv qilsa imomiga xilof qilgan bo‘ladi.Agar imom sahvga yo‘l qo‘ysa, muqtadiy ham iqtidoni qachon boshlaganidan qat’iy nazar, unga qo‘shilib sajdai sahv qiladi. Agar imom sajdai sahvni qilmasa, u muqtadiydan soqit bo‘ladi. Sajdai sahvning vojibligi vaqtning namoz uchun solih bo‘lishiga bog‘liqdir. Agar Bomdod namozining salomini bergandan so‘ng quyosh chiqib qolsa, Asr namozidan so‘ng botib qolsa, sajdai sahv qilinmaydi. Agar sajdai sahv qilishdan oldin namozni ulab ketishga mone’ bo‘ladigan amal qilsa; gapirsa, kulsa, qasddan tahoratini ketkazsa, masjiddan chiqsa, yuzini qibladan o‘girsa sajdai sahv soqit bo‘ladi.Ba’zi ulamolar, jamoati katta bo‘lgani va odamlarni mushavvash qilmaslik uchun juma va iyd namozlarida sajdai sahvni tark qilmoq ma’quldir, deganlar.Sajdai sahvga sabab bo‘ladigan narsalar;Bir narsani qasddan yoki unutib tark qilsa yoki bir narsani esdan chiqib ziyoda qilsa yoxud bir narsaning joyini unutib o‘zgartsa sajdai sahv qiladi. Bular esa quyidagi holatlarda bo‘ladi;1. Qasddan qilingan xatoda uch narsada sahv sajdasi qiladi; birinchi qa’dani tark qilganda, birinchi rak’at sajdasidan birortasini namozning oxiriga qoldirganda va qasddan tafakkur qilib turib bir rukn miqdoricha vaqtni o‘tkazib yuborganda.2. Namozning vojiblaridan birini unutib tark qilganda, oldin yoki keyin qilib qo‘yganda va ziyoda yoki nuqson qilib qo‘yganda sahv sajdasi qiladi. U o‘n bir joyda vojibdir.Birinchisi; farzning birinchi ikki rak’atida Fotihani yoki uning ko‘p qismini qiroatini tark qilish.Ikkinchisi; farzning birinchi ikki rak’atida Fotihadan so‘ng sura o‘qishni yoki uch qisqa, bir uzun oyat o‘qishni tark qilish.Uchinchisi; jahriy yoki sirriy qiroat qilish qoidasiga xilof qilish; Peshin va Asr namozlarida ovoz chiqarib, boshqa namozlarda ovoz chiqarmay qiroat qilish. Albatta, imom uchun.To‘rtinchisi; uch yoki to‘rt rak’atli namozda birinchi qa’dani qilmaslik.Beshinchisi: oxirgi qa’dada tashahhudni tark qilish.Oltinchisi; bir rak’atda takrorlanadigan amalda tartibga rioya qilmaslik. Bunda sajdani bir marta qilib ikkinchisini unutish haqida so‘z ketmoqda. O‘shani namoz oxirida qilib, keyin sahv sajdasi qilinadi.Ettinchisi; ruku’ va sujuddagi vojib xotirjamlikni unutib tark qilish. Ba’zi ulamolar nazdida.Sakkizinchi; farzda qiroat joyini o‘zgartirish. Zam surani oldin, Fotihani keyin, to‘rt rak’atli namozning oxirgi ikki rak’atida Fotihadan boshqa sura o‘qish yoki ikkinchi va uchinchisida o‘qish kabi.To‘qqizinchisi; Vitrning qunut duosini tark qilish. Kim doi qunutni o‘qimay ruku’ga ketgan bo‘lsa, sahv sajdasi qiladi.O‘ninchisi; qunutning takbirini tark qilish.O‘n birinchisi; ikki iyd namozining barcha takbirlarini yoki ba’zi takbirlarini yoxud ikkinchi rak’at ruku’i takbirini tark qilgan kishi sajdai sahv qiladi. 3. Namozning jinsidan bo‘lmagan va namozdan bo‘lmagan amalni ziyoda qilsa, sajdai sahv qiladi. Misol uchun ikki marta ruku’ qilsa.

20 Апрел 2022, 20:20 | Савол-жавоблар | 285 | Boshqa ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar