Nikoh

Assalomu alaykum! Ustozlar, barchangizdan Alloh rozi bo‘lsin. Savolim: qanday hollarda er-xotin orasiga taloq tushadi? Janjallashganda jahl bilan xotinga «seni menga keraging yo‘q, uyingga ketaver» kabi va shunga o‘xshash gaplardan taloq tushadimi? Ammo «taloq» so‘zi ishlatilmagan. Javob uchun katta rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Boin taloq voqe bo‘ladigan kinoya so‘zlar Kinoya lafzlari turlicha bo‘lib, «Sharhul viqoya», «Fatavo olamgriya» va boshqa shu kabi kitoblarda zikr qilingan. Masalan, er ayoliga qarab, quyidagi lafzlardan birini aytsa, ular bilan bir boin taloq   voqe bo‘ladi. Agar bir yoki ikki taloqni niyat qilsa, bas, bir boin taloq tushadi. Agar uch taloqni niyat qilsa, uch taloq voqe bo‘ladi. U lafzlar quyidagilar: «Bir-birimizdan ayrildik», «aloqalarimiz uzildi», «alohida-alohida yashaymiz», «menga harom bo‘lding», «o‘zing qolaver», «sendan bezor bo‘ldim», «ixtiyoring qo‘lingda», «uyingga ket», «seni ota-onangga bag‘ishladim», «men senga ruxsat berdim», «ishing qo‘lingda», «erking qo‘lingda», «ozodsan», «yopinchig‘ingni tashlab ol», «mening olidimda ro‘molingni o‘rab ol», «o‘zingni mendan olib qoch», «chiq», «ket», «tur», «o‘zingga boshqa er top». Er ayoliga uch marta: «Iddangni sana», deb aytib, «Avvalgisidan bir taloqni, ikkinchi, uchinchisidan hayzni sanash muddatini aytganman», desa, erning gapi e’tiborga olinadi va ayolga bir raj’iy taloq voqe bo‘ladi. Agar er: «Uch lafzni ham hech qanday niyatsiz aytganman», desa, uch taloq voqe bo‘ladi. Boin taloq voqe bo‘ladigan turli jumlalar Yuqorida boin taloq voqe bo‘ladigan qoidalar va uning turli suratlari bayon qilindi. Quyida esa xulosa tarzida «Fatavo» va boshqa turdagi kitoblarda keltirilgan boin taloqning suratlari zikr qilinadi: 1. Bir kishi ayoliga: «Uning menga keragi yo‘q», desa, taloq niyati bilan bir boin taloq voqe bo‘ladi. Aksincha bo‘lsa, taloq tushmaydi; 2. Bir kishi ayoliga: «Men seni qo‘ydim», desa, Muftiy Mahmud sohib rahmatullohi alayhining qavliga binoan, raj’iy taloq voqe bo‘ladi. Lekin ba’zi fatvo kitoblarida bu lafz vositasida bir boin taloq voqe bo‘lishi zikr qilingan; 3. Bir kishi ayoliga uch marta: «Men seni qo‘ydim, qo‘ydim, qo‘ydim», desa, bu bilan bir boin taloq   voqe bo‘ladi. Chunki boin taloqdan keyin boin taloq voqe bo‘lmaydi 4. Bir kishi taloqni niyat qilib, ayoliga: «Menga yuzingni ko‘rsatma, endi men bilan sening o‘rtangda aloqa yo‘q», desa, bir boin taloq voqe bo‘ladi. Aksincha, ya’ni taloqni niyat qilmagan holatda taloq voqe bo‘lmaydi; 5. Bir kishi ayoliga: «Men bilan sening o‘rtangda bog‘lab turuvchi biror narsa qolmadi», deb, taloqni niyat qilsa, bu bilan bir boin taloq voqe bo‘ladi; 6. Bir kishi ayoliga: «Men sening ering emasman, sen esa mening xotinim emassan», deb taloqni niyat qilsa, bir boin taloq voqe bo‘ladi; 7. Bir kishi ayoliga: «Qaerga ketishni xohlasang, ketaver», deb taloqni niyat qilsa, bir boin taloq tushadi; 8. Bir kishi ayoliga: «Sen menga haromsan yoki seni o‘zimga harom qildim» deb taloqni niyat qilsa, bir boin taloq voqe bo‘ladi; 9. Ayol eriga: «Menga qoidaga binoan taloq qo‘y, bo‘lmasa, boshqa erga tegib ketaman», desa, er unga javoban: «Tegmoqchi bo‘lsang, tegib ketaver», deb taloqni niyat qilsa, bir boin taloq voqe bo‘ladi; 10. Bir kishi ayoliga: «Xotinlikdan chiqding», deb taloqni niyat qilsa, bir boin taloq voqe bo‘ladi; 11. Bir kishi ayoliga: «Seni o‘zim bilan olib qolsam, o‘zim bilan singlim yoki onamni olib qolgan bo‘laman», deb taloqni niyat qilsa, bir boin taloq tushadi; 12. Bir kishi ayoliga: «Kimga erga tegishni istasang, tegaver», deb taloqni niyat qilsa, bir boin taloq tushadi; 13. Bir kishi ayoliga: «Ishimga yaramaysan. Hinddan boshqa biror ayol mening ishimga yaramaydi», deb taloqni niyat qilsa, bir boin taloq tushadi; 14. Bir kishi ayoliga: «Ro‘zg‘orimiz boshqa-boshqa bo‘ldi», deb taloqni niyat qilsa, bir boin taloq tushadi; 15. Bir kishi ayoliga: «Senga hojatim yo‘q», deb taloqni niyat qilsa, bir boin taloq tushadi; 16. Bir kishi ayoliga: «Mening unga xohishim yo‘q», deb taloqni niyat qilsa, bir boin taloq tushadi; 17. Bir kishi ayoliga: «Unga tabiatim moyil emas», deb taloqni niyat qilsa, bir boin taloq voqe bo‘ladi; 18. Bir kishi ayoliga ishora qilib: «Men u bilan yashamayman, u menga loyiq emas», deb taloqni niyat qilsa, bir boin taloq voqe bo‘ladi; 19. Bir kishi ayoliga: «Xotinim emassan», deb taloqni niyat qilsa, bir boin taloq voqe bo‘ladi; 20. Bir kishi ayoliga: «Menga aloqang yo‘q», desa, taloq niyati bilan bir boin taloq tushadi; 21. Bir kishi ayoliga: «Boshqa erga tegib ol», deb taloq niyatida aytsa, bir boin taloq tushadi; 22. Bir kishi taloqni niyat qilib, ayoliga: «Ket», deb aytsa, bir boin taloq tushadi; 23. Bir kishi ayoliga: «Sen bilan yashab ketishga umidim qolmayapti», deb taloqni niyat qilsa, bir boin taloq tushadi; 24. Bir kishi qaynotasiga: «Men tomondan ruxsat, qachon xohlasangiz, qizingizni nikoh qilavering», deb taloq niyatida aytsa, bir boin taloq voqe bo‘ladi; 25. Bir kishi ayoliga: «Men seni ozod qildim», deb uch bor aytsa va bu bilan taloqni niyat qilsa, bir boin taloq   voqe bo‘ladi; 26. Bir kishi ayoliga: «Endilikda o‘rtamizda er-xotinlik aloqasi qolmadi», deb taloq niyatida yoki taloq zikr qilinayotgan paytda aytsa, bir boin taloq tushadi. Aksincha bo‘lsa, taloq tushmaydi; 27. Bir kishi ayoliga: «Men tomondan unga javob», deb taloq niyatida aytsa, bir boin taloq voqe bo‘ladi; 28. Qaynotasiga: «Qizingizni olib, kimga xohlasangiz, o‘shanga nikoh qilib bering, men unga taloq qo‘ydim», deb aytsa, bir boin taloq tushadi; 29. Bir kishi: «Men uni ayolim qatoridan chiqardim», deb taloq niyatida aytsa, bir boin taloq tushadi; 30. Bir kishi ayoliga: «Haromsan», deb aytsa, bir boin taloq tushadi; 31. Bir kishi (qo‘shilish niyatida) ayoliga: «Kel», dedi. Ayol: «Yo‘q», dedi. Shunda er: «O‘zing ham, ishing ham kerak emas, ket», deb taloq niyatida aytsa, bir boin taloq tushadi; 32. Bir kishi ayoliga: «Xotinim ekanliginga da’voyim yo‘q», deb taloq niyatida aytsa, bir boin taloq tushadi; 33. Bir kishi ayoliga: «Ayolimni tinch qo‘ydim», deb taloq niyatida aytsa, bir boin taloq tushadi; 34. Er ayoliga ishora qilib: «Uni ayolim hisoblamayman», deb taloq niyatida aytsa, bir boin taloq tushadi; 35. Er g‘azab bilan ayoliga: «Sen ozodsan», deb aytsa, qazoan, bir boin taloq voqe bo‘ladi. Bunda niyatga e’tibor qilinmaydi; 36. Er ayoliga: «Men senga loyiq emasman. Qachon xohlasang, boshqaga nikohlanaver», deb taloq niyatida aytsa, bir boin taloq tushadi; 37 . Er ayoliga: «Men seni sof qildim», deb taloq niyatida aytsa, bir boin taloq tushadi; 38. Er ayoliga: «Ayolim menga singildek. Mening undan biror maqsadim yo‘q», deb taloq niyatida aytsa, bir boin taloq tushadi; 39. Er ayoliga: «Nikohimiz uzildi», deb taloq niyatida aytsa, bir boin taloq tushadi; 40. Er ayoliga: «O‘rtada biror bog‘lovchi rishta qolmadi», deb taloq niyatida aytsa, bir boin taloq tushadi; 41. Kuyov qaynotaga: «Qizingizga yarim davlatingizni xatlab bermasangiz, boshqa kuyovingiz uchun idda o‘tiraversin», deb taloq niyatida aytsa, bir boin taloq tushadi; 42. Er ayolga: «Men tomondan qo‘yilding», «chiqding», deb taloq niyatida aytsa, bir boin taloq tushadi; 43. Er ayoliga: «Sen men uchun tugagansan», deb taloq niyatida aytsa, bir boin taloq tushadi; 44. Janjal paytida ayol eridan talog‘ini so‘radi, er: «Ketaver, shu bilan janjal tugaydi», deb taloq niyatida aytsa, bir boin taloq tushadi; 45. Er umrbod qamoqqa mahkum qilingan holatda ayoliga: «Senga ruxsat, mening kichik ukamga turmushga chiqaver», deb taloq niyatida aytsa, bir boin taloq tushadi; 46. Er ayolga: «Nikohimdan chiqding», deb taloq niyatida aytsa, bir boin taloq tushadi; 47. Er ayolga taalluqli qilib: «Men u bilan ajrashdim», deb taloq niyatida aytsa, bir boin taloq tushadi; 48. Er ayolga qarata: «Men sen bilan ajrashyapman», deb taloq niyatida aytsa, bir boin taloq tushadi; 49. Ayol tomonidan bir kishi erga: «Uni o‘zing bilan olib qol yoki talog‘ini ber», dedi. Shunda er: «Olib qolmayman», deb taloq niyatida aytsa, bir boin taloq tushadi; 50. Qaynota kuyoviga: «Biror ish bilan shug‘ullaning», dedi. Shunda kuyov: «Mening qo‘limdan hech narsa kelmaydi. Mana qizingiz, xohlasangiz, boshqasiga uzating. Men ketdim», deb taloq niyatida aytsa, bir boin taloq tushadi; 51. Er ayoliga taloq niyatida: «Bor! Bir, ikki, uch» deb aytsa, g‘aliza taloq voqe bo‘ladi. Agar niyat qilmasa, hech narsa bo‘lmaydi; 52. Er ayoliga: «Nikohimda qolma», deb taloq niyatida aytsa, bir boin taloq tushadi. Vallohu a’lam!

20 Апрел 2022, 21:03 | Савол-жавоблар | 203 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar