Jin bilan muloqot qilgan domla iymonidan ajrab qoladimi?

Bizning qishlog‘imizda bir necha domlalar bor.  Ulardan bittasi jin o‘qib va amal qilganlarni o‘qiydi.  Meni bir do‘stimni o‘qiganda unga jin ilashkan ekan.  Uni o‘qigandan keyin, do‘stimi ichidagi jin musulmon bo‘libdi.  Ana shu jin orqali qolgan odamlarni o‘qib, kimga amal qilishgan, kimga jin kirgan, shular haqida, shuningdek, odamlarga kirgan jinlarni qandoq qilib chiqarishni so‘raydi.  O‘sha jin bilan tez-tez muloqot qilib turadi.  Kim ozgina og‘rib qolgan bo‘lsa, ana shu domlani oldiga boradi, u domla "ertaga, falon soatga keling" deb jo‘natadi.  Keyin o‘sha kuni meni do‘stimni chaqirib o‘qiydi va ichida musulmon bo‘lgan jin bilan muloqot qilib, u jinni yoki amalni qandoq qilib chiqarishni so‘raydi.  Shu ish to‘g‘rimi?  Allohdan emas jinga suyanganligi uchun u domla iymondan chiqib qolmaydimi?

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- Bu ish noto‘g‘ri. Bunga o‘xshash savollarga ko‘p javob berilgan. Ammo odamlarimiz o‘sha javoblarni topib o‘qishdan erinib, savolni qayta beraverishadi. Agar odam o‘zining ichiga jin kiradi, degan e’tiqodni qilsa, unga o‘sha narsa bo‘lganga o‘xshab ko‘rinaveradi. Aqidasi mustahkam, Alloh taologa qattiq ishongan, “bu narsa bo‘lishi mumkin emas” deb yurgan odamlarning ichiga jin ham kirmaydi, ular bunday vasavasalarga uchrashmaydi ham. “Jin odamning ichiga kiradi” degan gapni savolingizda zikr qilingan kabi “qori”lar aytsa, omi odamlar bu safsataga “qori odam aytmoqda-ku”, deya yana ham qattiqroq ishonishadi. Bir katta qori odamning shogirdi shu ishni qilgan ekan, bu dinga, Qur’oni Karimga to‘g‘ri kelmaydi, gunohkor bo‘libsan, deb mening oldimga o‘sha shogirdini boshlab keldi. Men unga hammasini tushuntirdim. Ammo Qur’oni Karimdan bir oz yod olib, “qori” bo‘lgan odamning ilmi yo‘q ekan, keyin yana o‘sha ishini davom ettiribdi. Aytmoqchimanki, birovning qori bo‘lishi odamlarni aldab qo‘ymasligi kerak. Ming afsuslar bo‘lsinki, ba’zi imomlar ham shu ishni qilishadi. Bu ham ko‘pchilikni aldab qo‘ymasligi kerak. Shuningdek, o‘sha jin chiqarish da’vosini qilayotgan kishilar odamlarga ko‘rsatayotgan, telefonlarga yozib olgan ko‘rinishlar ham odamlarni aldab qo‘ymasligi kerak. Ko‘p marta takrorlanganidek, bu narsalar odamning ishonishiga bog‘liq. Keyin fitna va sinov ham bo‘ladi. Qadim zamonlardayoq mujtahid ulamolarimiz “jin bilan gaplashishni da’vo qilgan odamning shahodati (guvohligi) soqit bo‘ladi” deb fatvo chiqarganlar. Shunday bo‘lgandan keyin jinkashlik qilish, bunday noshar’iy yo‘l bilan pul topish obro‘ keltirmaydi, bu or-nomusni bulg‘aydi, sharmandalikka sabab bo‘ladi. Chet ellarda ham avvallari bu kabi holatlar bo‘lgan. Jin chiqarish, azayimxonlik va bularga o‘xshash narsalar avj olib ketgan edi. Hozirda jinkashlik va boshqa ishlarni qilganlar tavba qilib, odamlarga uzr aytdilar. Saudiya Arabistonida hukumat mahalliy hokimiyat vakili, mirshablar, diniy olimlar, ommaviy axborot vositalari vakillari va boshqalardan iborat maxsus hay’atlar tuzib, jinkash, folbin va shularga o‘xshash toifalarga qarshi katta safarbarliklar o‘tkazdi. Mazkur jinkash, azayimxon, folbin va boshqalarning hiyla-nayranglarini ommaviy axborot vositalari orqali xalqqa etkazib, ularni sharmanda qilishdi. Bizga bu gaplar o‘sha taraflardan kechroq kelgani uchun hamon davom etmoqda, xolos. Bizda ham ularga qarshi qattiq choralar ko‘rilsa, yaxshi bo‘lar edi. “Odamning ichiga jin kirib oladi” degan gap bizda yaqinda paydo bo‘ldi. Avvallari umuman bunday gaplar yo‘q edi. Misrda o‘qib kelganlardan ba’zilari o‘sha erdagi “jin chiqaruvchi”lardan bu ishni o‘rganib kelishdi. Men bu gapni jin bilan o‘ralashganlarga aytgan edim, ular tan olishdi. Nimaga boshqalarning ichiga emas, faqat musulmonlarning ichiga jin kiradi, degan savolga ham javob bera olishmadi. Eng yomoni, bu ishlarning hammasi pul uchun qilinadi. Go‘yo jin kirganga bepul dam soladigan “jin chiqaruvchi”ni ko‘rganimiz-bilganimiz yo‘q. Shariatda jinga qarshi dam solishni kasb qilib olish mutlaqo mumkin emas. Avval aytib o‘tilganidek, Allohni zikr qilish, har doim eslab yurish jin va shaytonga qarshi eng ishonchli va kuchli quroldir. Odamlar o‘zlari bilgan suralarini o‘qib, o‘zlariga dam solib yurishlari kerak. Ayniqsa, hadislarda kelgan Fotiha, Kafirun, Ixlos, Falaq, Nas kabi suralarni va “Kursiy oyati”ga o‘xshash oyatlarni o‘qib o‘ziga dam solib yurish juda ham manfaatlidir.

20 Апрел 2022, 21:03 | Савол-жавоблар | 249 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar