Bir hadis haqida

Assalomu alaykum!  Alloh Odam alayhissalomni yaratganda “zuryodlaringdan do‘zaxning haqqini ajratib qo‘ydim” degan ekan.  Ya’ni mingtadan bittasi jannatda  999 tasi do‘zaxda.  Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan  shunday  hadis bormi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! حَدَّثَنَا عُمَرُ بْنُ حَفْصٍ، حَدَّثَنَا أَبِي، حَدَّثَنَا الْأَعْمَشُ، حَدَّثَنَا أَبُو صَالِحٍ، عَنْ أَبِي سَعِيدٍ الْخُدْرِيِّ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: يَقُولُ اللهُ عَزَّ وَجَلَّ يَوْمَ الْقِيَامَةِ: يَا آدَمُ. يَقُولُ: لَبَّيْكَ رَبَّنَا وَسَعْدَيْكَ. فَيُنَادَى بِصَوْتٍ: إِنَّ اللهَ يَأْمُرُكَ أَنْ تُخْرِجَ مِنْ ذُرِّيَّتِكَ بَعْثًا إِلَى النَّارِ. قَالَ: يَا رَبِّ وَمَا بَعْثُ النَّارِ؟ قَالَ: مِنْ كُلِّ أَلْفٍ - أُرَاهُ قَالَ - تِسْعَمِائَةٍ وَتِسْعَةً وَتِسْعِينَ، فَحِينَئِذٍ تَضَعُ الْحَامِلُ حَمْلَهَا، وَيَشِيبُ الْوَلِيدُ، (وَتَرَى النَّاسَ سُكَارَى وَمَا هُم بِسُكَارَى وَلَكِنَّ عَذَابَ اللَّهِ شَدِيدٌ). فَشَقَّ ذَلِكَ عَلَى النَّاسِ حَتَّى تَغَيَّرَتْ وُجُوهُهُمْ، فَقَالَ النَّبِيُّ  صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «مِنْ يَأْجُوجَ وَمَأْجُوجَ تِسْعَمِائَةٍ وَتِسْعَةً وَتِسْعِينَ، وَمِنْكُمْ وَاحِدٌ، ثُمَّ أَنْتُمْ فِي النَّاسِ كَالشَّعْرَةِ السَّوْدَاءِ فِي جَنْبِ الثَّوْرِ الْأَبْيَضِ، أَوْ كَالشَّعْرَةِ الْبَيْضَاءِ فِي جَنْبِ الثَّوْرِ الْأَسْوَدِ، وَإِنِّي لَأَرْجُو أَنْ تَكُونُوا رُبُعَ أَهْلِ الْجَنَّةِ». فَكَبَّرْنَا، ثُمَّ قَالَ: «ثُلُثَ أَهْلِ الْجَنَّةِ». فَكَبَّرْنَا، ثُمَّ قَالَ: «شَطْرَ أَهْلِ الْجَنَّةِ». فَكَبَّرْنَا. قَالَ أَبُو أُسَامَةَ: عَنِ الْأَعْمَشِ (وَتَرَى النَّاسَ سُكَارَى وَمَا هُم بِسُكَارَى) وَقَالَ: مِنْ كُلِّ أَلْفٍ تِسْعَمِائَةٍ وَتِسْعَةً وَتِسْعِينَ. وَقَالَ جَرِيرٌ وَعِيسَى بْنُ يُونُسَ وَأَبُو مُعَاوِيَةَ: (سُكَارَى وَمَا هُم بِسُكَارَى) Bizga Amr ibn Hafs so‘zlab berdi: «Bizga otam so‘zlab berdi: «Bizga A’mash so‘zlab berdi: «Abu Solih bizga Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilib, so‘zlab berdi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Alloh azza va jalla qiyomat kuni: «Ey Odam», deydi. U: «Labbay, Robbimiz! Amringga muntazirman!» deydi. Shunda ovoz bilan nido qilinadi: «Alloh senga zurriyotingdan do‘zaxga yuboriladigan to‘pni chiqarishingni buyuradi», deydi. U: «Ey Robbim! Do‘zaxga yuboriladiganlar qancha?» deydi. U Zot: «Har mingtadan – menimcha,* – to‘qqiz yuz to‘qson to‘qqiztasi», deydi. Ana o‘shanda homilador homilasini tashlab qo‘yadi, go‘dakning sochi oqarib ketadi «...va odamlarni mast holatda ko‘rasan, holbuki ular mast emaslar. Lekin Allohning azobi qattiqdir». Bu odamlarga og‘ir kelib, hatto ularning yuzlari o‘zgarib ketdi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ya’juj va Ma’jujdan to‘qqiz yuz to‘qson to‘qqiztasi, sizlardan esa bir kishi. Qolaversa, sizlar odamlar orasida qora ho‘kizning biqinidagi bir dona oq tukka yoki oq ho‘kizning biqinidagi bir dona qora tukka o‘xshaysizlar. Men jannat ahlining to‘rtdan biri sizlar bo‘lasiz deb umid qilaman», dedilar. Biz takbir aytdik. So‘ng u zot: «Uchdan biri», dedilar. Biz takbir aytdik. So‘ngra u zot: «Jannat ahlining yarmi», dedilar. Biz takbir aytdik». Abu Usoma A’mashdan rivoyat qiladi: «Va taron naasa sukaaroo va maa hum bisukaaroo»... Har mingtadan to‘qqiz yuz to‘qson to‘qqiztasi». Jarir, Iyso ibn Yunus va Abu Mu’oviyalar esa: «Sakroo va maa hum bisakroo» degan. * Bu ikkilanish Amr ibn Hafsning otasi Hafs ibn G‘iyosga tegishli. Izoh: Imom Buxoriy ushbu tavobe’larda yuqoridagi hadisning ayrim iboralariga aniqlik kiritmoqda. Ushbu hadisni A’mashdan Abu Usoma (Hammod ibn Usoma) ham rivoyat qilgan ekan. U yuqoridagi hadisni, jumladan, u erdagi oyatni ham ayni bir xil aytish bilan birga, Hafs ikkilanib aytgan jumlani qat’iylik bilan rivoyat qilgan ekan. Jarir, Iyso ibn Yunus va Abu Mu’oviyalar ham A’mashdan xuddi shu hadisni oldingi rivoyatlardagidek naql qilishgan ekan, faqat oyatdagi bir so‘zni – «sukaaro» kalimasini «sakroo» deb aytishgan ekan. «Sakroo» (mast alast) so‘zi «sukaaro»ning birligidir. Qorilardan Hamza, Aliy va Xalaf «sakroo» deb, qolganlar «sukaaro» deb o‘qishgan. (“Oltin silsila” kitobidan Sahihul Buxoriy). Vallohu a’lam!

21 Апрел 2022, 06:58 | Савол-жавоблар | 167 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar