Poshshalar tabaqasi haqida

Assalomu alaykum! Bizning qishloqda «poshshalar» ko‘p. Ular o‘zlarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davridagi poshshalar avlodidanmiz deb sanaydilar va aholi o‘rtasida o‘zlarini yuqori olib yurishadi. Aslida bu «poshshalar» yoki shunga o‘xshagan tabaqa mavjudmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! O‘zlarini yuqori olib yuruvchi tabaqaning umuman bo‘lishi joiz emas. Agar ular haqiqatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning avlodlaridan bo‘lishsa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdek tavozu’li, dinni mahkam ushlagan, o‘zidan boshqani haqir sanamaydigan bo‘lishadi. يَا أَيُّهَا النَّاسُ أَلَا إِنَّ رَبَّكُمْ وَاحِدٌ وَإِنَّ أَبَاكُمْ وَاحِدٌ أَلَا لَا فَضْلَ لِعَرَبِيٍّ عَلَى أَعْجَمِيٍّ وَلَا لِعَجَمِيٍّ عَلَى عَرَبِيٍّ وَلَا لِأَحْمَرَ عَلَى أَسْوَدَ وَلَا أَسْوَدَ عَلَى أَحْمَرَ إِلَّا بِالتَّقْوَى Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hajjatul vadoda xutba qilib  : “Ey odamlar, ogoh bo‘ling, Robbingiz yagona zotdir, otalaringiz ham bitta(Odam alayhissalom)dir. Arabni ajamdan, ajamni arabdan, qizilni qoradan, qorani qizildan(ajralib turadigan) fazilati yo‘q. Magar taqvo bilan birga farqi bo‘ladi” deganlar. Alloh taolo “Hujurot” surasida : يَا أَيُّهَا النَّاسُ إِنَّا خَلَقْنَاكُم مِّن ذَكَرٍ وَأُنثَى وَجَعَلْنَاكُمْ شُعُوبًا وَقَبَائِلَ لِتَعَارَفُوا إِنَّ أَكْرَمَكُمْ عِندَ اللَّهِ أَتْقَاكُمْ إِنَّ اللَّهَ عَلِيمٌ خَبِيرٌ۝ 13. Ey odamlar! Biz sizlarni bir erkak va ayoldan yaratdik va sizlarni o‘zaro tanishishingiz uchun xalqlar va qabilalar qilib qo‘ydik. Albatta, Allohning huzurida eng hurmatliyingiz eng taqvodoringizdir. Albatta, Alloh o‘ta biluvchidir, o‘ta xabardordir. Ushbu oyati karimada «Ey odamlar!» – deb barcha insoniyatga qarata nido qilinmoqda, shu bilan birga, ularning asli bir ekani eslatilmoqda. «Biz sizlarni bir erkak va ayoldan yaratdik va sizlarni o‘zaro tanishishingiz uchun xalqlar va qabilalar qilib qo‘ydik». Demak, odamlarning asli bir: hammalari Odam Ato va Momo Havvodan taralganlar. Ayni chog‘da, Alloh taolo ularni turli xalqlar va qabilalarga ajratib qo‘yganini ham ta’kidlamoqda. Insonlarning turli xalq va qabilalarga bo‘linishining sababi esa o‘zaro tanishish, ma’rifat hosil qilish ekani uqtirilmoqda. «...va sizlarni o‘zaro tanishishingiz uchun xalqlar va qabilalar qilib qo‘ydik». Insonlarning turli xalqlar, millatlar, elatlar, qabila va urug‘lar hamda turli firqalarga bo‘linishining asosiy sababi ushbu maqsad, ya’ni o‘zaro tanishish ekanini hech qachon unutmaslik kerak. Alloh taolo oyatda urishishingiz uchun, janjal uchun, faxrlanish uchun, maqtanish uchun, demayapti yoki boshqa sabablarni aytmayapti. Demak, xalqlarning turli-tumanligini ilohiy maqsaddan – tanishuvdan boshqa maqsadga ishlatish Allohning irodasiga qarshi chiqish bilan barobar bo‘lar ekan. Kishilar o‘zlaricha mezon tuzib, birlarining ikkinchilaridan afzalliklarini o‘lchab yurishadi. Kimdir molu mulkiga qarab, kimdir hasabi-nasabiga qarab, yana birlari tanasining rangiga qarab, to‘rtinchilari qabilasi yoki millatiga qarab va hokazo o‘lchovlar vositasida o‘zini ustun qilib ko‘rsatadi. Hamma bir ota va bir onadan tarqaganligini, u ota-onalar esa tuproqdan yaratilganini unutib qo‘yadi. Oqibatda turli-tuman kelishmovchiliklar, urush-janjallar va ko‘ngilsizliklar kelib chiqadi. Islom dinida bu kabi o‘lchovlarning hech qanday qiymati yo‘q. Ularning hammasi bekor qilinadi va yagona mezon sifatida ilohiy o‘lchov joriy etiladi. Bu o‘lchov insonlar qadrini faqat bitta narsaga qarab, ya’ni insonning taqvosiga qarab o‘lchaydi: «Albatta, Allohning huzurida eng hurmatliyingiz eng taqvodoringizdir». Er yuzida insonlarning qadr-qiymati ushbu ilohiy o‘lchov bilan o‘lchangandagina turli nizolar, urush-janjallar va kelishmovchiliklar barham topadi. Xuddi shu oyatning ma’nosida Payg‘ambarimiz alayhissolatu vassalomdan ko‘plab hadislar kelgan. Imom Muslim Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda: «Albatta, Alloh suratlaringizga va molu dunyolaringizga qaramaydi, balki qalbingiz va amalingizga qaraydi», – deyiladi. Nabiy alayhissalom Abu Zarr G‘iforiy roziyallohu anhuga: «Nazar sol, agar sening taqvoda ortiqliging bo‘lmasa, qizildan ham, qoradan ham yaxshi emassan», – deganlar. Bu ma’nodagi hadislar juda ham ko‘p. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

21 Апрел 2022, 07:11 | Савол-жавоблар | 178 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar