Farz namozi haqida

Assalomu alaykum! Alloh qilayotgan yaxshiliklaringizni chiroyli ajrini bersin. Meni 2 ta yosh bolam bor, ko‘pincha ishlarga ulgurolmay qolaman. Shu vaqtda faqat farz namozlarni o‘qisam bo‘ladimi? Keyin sunnat namozlari qazo bo‘lib qoladimi?
2). Ayollarda hayz kelgan vaqtda Qur’on tilovat qilish mumkin emas, lekin telefonda qiroatni tinglasa bo‘ladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! 1). Holatingizga qarang. Bu namozlarga va’da qilingan savoblar ko‘p. Bu namozlar nafl, tatovvu’, mandub, rotib namozlar ham deyiladi. Bizda farz namozlarga tobe bo‘lgan namozlarni sunnat, boshqalarini nafl namoz deyish urf bo‘lib ketgan. عَنْ أُمِّ حَبِيبَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: مَا مِنْ عَبْدٍ مُسْلِمٍ يُصَلِّي ِللهِ كُلَّ يَوْمٍ ثِنْتَيْ عَشْرَةَ رَكْعَةً تَطَوُّعًا غَيْرَ فَرِيضَةٍ إِلَّا بَنَى اللهُ لَهُ بَيْتًا فِي الْجَنَّةِ. قَالَتْ أَمُّ حَبِيبَةَ: فَمَا بَرِحْتُ أُصَلِّيهِنَّ بَعْدُ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا الْبُخَارِيَّ. وَزَادَ التِّرْمِذِيُّ: أَرْبَعًا قَبْلَ الظُّهْرِ وَرَكْعَتَيْنِ بَعْدَهَا، وَرَكْعَتَيْنِ بَعْدَ الْمَغْرِبِ، وَرَكْعَتَيْنِ بَعْدَ الْعِشَاءِ، وَرَكْعَتَيْنِ قَبْلَ صَلَاةِ الْفَجْر Ummu Habiyba roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Qaysi bir musulmon banda har kuni farzdan tashqari o‘n ikki rak’at ixtiyoriy namoz o‘qisa, albatta, Alloh unga jannatda uy qurib beradi», dedilar. Ummu Habiba: «Shundan keyin ularni doimo o‘qib kelmoqdaman», dedilar». Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan. Termiziy: «Peshindan oldin to‘rt va keyin ikki rak’at, Shomdan keyin ikki rak’at, Xuftondan keyin ikki rak’at, Bomdoddan oldin ikki rak’at»ni ziyoda qilgan. Sharh: Hanafiy mazhabi mana shu rivoyatni mahkam ushlab, hayotga yaxshilab tatbiq qilgan mazhabdir. Ushbu hadisda farz namozlariga tobe bo‘lgan sunnatlarni qo‘ymay, o‘qib borishga qattiq targ‘ib va ulkan va’da bordir. Bu va’da bo‘yicha, ushbu namozlar uchun mukofot tariqasida Alloh taolo tomonidan jannatda alohida uy qurib berilishi ta’kidlanmoqda. Farz namozlarga tobe bo‘lgan sunnat namozlarini qo‘ymay, o‘qib borishga bundan ortiq targ‘ib bo‘lmasa kerak. Shuning uchun ham Ummu Habiyba onamiz ushbu hadisni eshitganlaridan boshlab, u namozlarni aslo qoldirmaganlar. Biz ham xuddi shunday qilishimiz lozim. Farz namozlaridan oldin o‘qiladigan sunnat namozi o‘ziga xos ravishda farz namozga tayyorlanish vazifasini ham o‘taydi. U namozni o‘qib, ancha tayyorlanib olgan namozxon uchun farz namozining xushu’ va xuzu’sini joyiga qo‘yish oson bo‘ladi. Farz namozlaridan keyin o‘qiladigan sunnat namozlari esa farz namozda ba’zi qusur va kamchiliklar sodir bo‘lsa, o‘rnini to‘ldirish vazifasini o‘taydi. Shuning  uchun  ham  shariatda  bu  namozlar «mukammilot» — «to‘ldiruvchi namozlar» deb ataladi. عَنْ عَائِشَةَ رَضِي الله عَنْهَا، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: رَكْعَتَا الْفَجْرِ خَيْرٌ مِنَ الدُّنْيَا وَمَا فِيهَا. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَالتِّرْمِذِيُّ وَأَحْمَدُ. وَلِأَبِي دَاوُدَ وَأَحْمَدَ: لَا تَدَعُوهُمَا وَإِنْ طَرَدَتْكُمُ الْخَيْلُ Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Bomdodning ikki rak’ati dunyo va undagi narsalardan yaxshidir», dedilar». Muslim, Termiziy va Ahmad rivoyat qilganlar. Ahmad va Abu Dovud: «Agar sizni otliqlar quvib tursa ham ikkisini qo‘ymanglar»ni ziyoda qilganlar. Sharh: Ushbu hadisda Bomdodning ikki rak’at sunnati haqida so‘z bormoqda. U ikki rak’at namoz eng fazilatli vaqtda o‘qiladi. Uning savobi nihoyatda ulkandir. Agar Bomdoddagi ikki rak’at sunnat namozning savobini bu dunyoning o‘lchovi bilan o‘lchaydigan bo‘lsak, dunyoning hammasidan va undagi narsalarning hammasidan ham yaxshiroqdir. Demak, har kuni sahar turib, yaxshilab tahorat qilib, Bomdod namozining ikki rak’at sunnatini o‘qigan odam dunyodagi eng ko‘p savobni olgan kishi bo‘lar ekan. Namozxonlar o‘zlaridagi bu fazlni anglab etishlari lozim. Bomdodning sunnatini o‘qish qanchalar zarur ekanligini Nabiy sollallohu alayhi vasallamning «Agar sizni otliqlar quvib tursa ham ikkisini qo‘ymanglar» degan so‘zlaridan tushunib olsak bo‘laveradi. Ya’ni, agar dushman bostirib kelib tursa ham, Bomdodning ikki rak’at sunnatini tark qilmaslik lozim. ("Hadis va Hayot" kitobidan). 2). Bo‘ladi. Vallohu a’lam!

21 Апрел 2022, 07:28 | Савол-жавоблар | 172 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar