Qabrda bo‘ladigan savol-javob haqida

Assalomu alaykum hurmatli shayx hazratlari. Menga qabrda bo‘ladigan savol-javoblar haqida ma’lumot bersangiz. Qabrda nechta savol beriladi va berilayotgan savollarga nima deb javob berish kerak? Iltimos, batafsilroq javob bersangiz. Javobingiz uchun oldindan rahmat.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
QABR SAVOLI
Vafot etgan odamning qabrda farishtalar tomonidan so‘roqqa tutilishiga jazm ila e’tiqod qilish har bir musulmon uchun vojibdir. Bunga dalillar juda ham ko‘p. Usmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam qachon mayyitning dafnidan forig‘ bo‘lsalar uning (qabri) ustida turib: «Birodaringiz uchun istig‘for ayting. Unga sabot so‘rang. Chunki hozir u so‘raladi», der edilar».
Abu Dovud va al-Bazzor rivoyat qilgan. Al-Hokim, sahih, degan.
Demak, o‘lganning qabrda savolga tutilishi haq ekan va tirik musulmonlar o‘lganlar haqqiga duo qilishlari kerak ekan. Yangi ko‘milgan odamga so‘roq-savol vaqtida sabot so‘rab, duo qilmoq lozim ekan.
Baro roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Qachon mo‘min qabrida o‘tqazilsa, unga kelinadi. So‘ngra, Ashhadu allaa ilaha illallohu va anna Muhammadan Rasulullohi, deb shahodat keltiradi. Ana o‘sha Allohning: «Alloh iymon keltirganlarni hayoti dunyoda va oxiratda subutli so‘z ila sobit qiladi», deganidir», dedilar».
Bu hadisdagi «Qachon mo‘min qabrida o‘tqazilsa», deyilgani uning dafni va ustiga tuproq tortilganidan keyin bo‘ladi. Uni qabrida o‘tqazib so‘roq-savol qilish boshlanadi.«Unga kelinadi», ya’ni uning oldiga so‘roq-savol qilingani kelinadi. Bu ishni bajargani ikkita qoramtir ko‘k rangdagi farishta keladi. Ularning ismlari Munkar va Nakiyr bo‘ladi. Ularning yaratilishi farishtaga ham, odamga ham o‘xshamaydi. Mo‘min - musulmon kishining iymoni va amali solihi tufayli uni ikki farishta so‘roqqa tutganda Alloh taolo unga yordam berib, subutli so‘z bilan sobit qiladi. U kalimai shahodatni aytishga muyassar bo‘ladi. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni Karimda ham xabar bergan ekan. Alloh taolo hammamizni ana shundoq sabotli kalima egasi bo‘lgan bandalaridan qilsin.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, banda qachon qabriga qo‘yilsayu, undan sohiblari qaytib ketsa, u ularning kovushlari taqqillaganini eshitib turganida oldiga ikki farishta kelib, uni o‘tqazishadi va: «Bu odam – Muhammad sollallohu alayhi vasallam haqida – nima der eding?» deyishadi. Mo‘min bo‘lsa: «Shahodat beramanki, U Allohning bandasi va Rasulidir», deydi. «Do‘zaxdagi o‘rnigga nazar sol, batahqiq, Alloh senga uni jannatdagi o‘ringa almashtirib berdi», deyiladi unga. U ikkovini ham ko‘radi. Ammo kofir yoki munofiqqa esa: «Bu odam haqida nima der eding?» deyiladi. «Bilmadim, odamlar aytadigan narsani aytar edim», deydi. Bas Unga:«Bilmading ham, (bilganlarga) ergashmading ham»-deyiladi va temirdan bo‘lgan gurzi bilan bir uriladiki. Shunda shundoq ham qichqiradiki, insu jindan boshqa hamma eshitadi», dedilar».
Beshovlari rivoyat qilgan.
Ushbu hadisda Ahli sunna va jamoa aqiydasi bo‘yicha Qur’on va Sunnat bilan sobit bo‘lgan aqiydaviy masala, qabr savoli va azobi haq ekani va uning qay yo‘sinda bo‘lishi haqida so‘z bormoqda. Bu hadisni diqqat bilan o‘rganishimiz va undagi har bir masalani aqiyda ma’nosida singdirib olishimiz va har lahzada undagi holatni eslab turishimiz kerak. Xuddi ushbu biz o‘rganayotgan hadisi sharifda aynan qabrda nimalar kechishi haqida so‘z bormoqda. Keling, bir-bir o‘rganib chiqaylik:
1. Qabrdagi yangi ko‘milgan kishi o‘zini ko‘mib ketayotgan kishilarning oyoq tovushlarini eshitishi. Bu haqiqat hozirgi zamon ilmi orqali ham tasdiqlanadi.
2. Qabrning savoli ko‘mib qaytayotgan kishilarning qabrdan uzoqlashmay turiboq boshlanishi.
3. Qabr savoli ikki farishta tomonidan olib borilishi.
4. Qabrdagi kishini o‘tqazib olib so‘roq qilinishi.
5. Beriladigan savollardan biri Payg‘ambar Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam haqida bo‘lishi.
6. Bu dunyoda mo‘min-musulmon bo‘lib, iymoni va amali joyida bo‘lgan kishi qabr savoli vaqtida dadil bo‘lib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam haqlaridagi savolga dadil va aniq javob berishi.
7. Mo‘min-musulmon kishining dadil va aniq javobidan keyin haligi ikki farishta unga agar mo‘min-musulmon bo‘lmaganida do‘zaxdagi joyi qaysi bo‘lishini ko‘rsatishi. So‘ngra mo‘min-musulmonligi tufayli unga jannatdan beriladigan joyni ko‘rsatishlari. Alloh barchamizni ana o‘shandoq baxtli kishilardan qilsin.
8. Kofir va munofiqlardan ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam haqlarida so‘roq qilinishi. U dunyoda bu odam haqida nima der eding? deb so‘ralishi.
9. Kofir, bilmasam, deb javob berishi. Tilida, musulmonman, deb yurgan odam esa odamlar nima desa o‘shani aytar edim, deyishi. Demak, Muhammad sollallohu alayhi vasallam haqida odamlar nima desa o‘shani aytib yurish kifoya qilmas ekan. Kishining qalbida U zot sollallohu alayhi vasallam haqlarida mustahkam e’tiqod bo‘lishi zoti shariflarini aniq bilishi kerak ekan.
10. Kofir va munofiqqa savolga javob bera olmaganidan keyin, qattiq so‘z aytilib, boshiga temir gurzi bilan urib azob berish boshlanishi. Azobi qabr, degani shu bo‘ladi. Qabr azobining bayonotlari kelgusi hadislarda ham keladi.
11. Qabrida temir gurzidan kaltak egan kofir va munofiqning dod - voyini odam va jinlardan boshqa hamma mavjudot eshitishi. Ushbu narsalarga to‘liq iymon keltirish va hayotda hali imkon borida qabrga kirganda yaxshi holda bo‘lishga loyiq ishlarni qilishga o‘tish kerak.
Asmaa roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Allohga hamdu sano aytganlaridan so‘ng: «Albatta, men o‘zimga ko‘rsatilmagan har bir narsani ushbu makonimda ko‘rdim. Hatto, jannat va do‘zaxni ham. Menga sizlar, albatta, qabrlaringizda Masiyhi dajjolning fitnasichalik yoki shunga yaqin fitnaga uchrashlaring vahiy qilindi. «Bu odam haqida qandoq ilming bor?» deyiladi. Mo‘min yoki aniq ishongan odam: «U Allohning Rasuli Muhammaddir. Bizga ochiq-oydin bayonotlar va hidoyat ila keldi. Biz uning (chaqirig‘iga) javob berdik va unga ergashdik. U Muhammaddir», deb uch marta aytadi. Shunda unga:«Solih holingda uxlayver. Biz seni unga qattiq ishonishingni bilar edik», deyiladi. Ammo munofiq yoki shubhali kishi esa: «Bilmayman. Odamlar bir narsa deganini eshitgan edim. O‘shani aytganman», deydi», dedilar.
Ikki shayx va Nasaiy rivoyat qilgan.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ushbu hadisda kelgan gaplarini Kusuf namozidan keyin qilgan xutbalarida aytganlar. Kusuf namoziga oid hadisi shariflarni o‘rganganimizda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga o‘sha namozni bir o‘qishlarida U zot sollallohu alayhi vasallamga ko‘p narsalar kashf qilinganligi va ulardan ba’zi namunalar ham aytib o‘tilgan edi. Bu hadisi sharifda esa o‘sha kashf qilingan narsalardan qabr savoliga tegishli bo‘lagi keltirilmoqda. Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:
1. Qabrning fitnasi Dajjolning fitnasi yoki unga yaqin bir fitna ekanligi. Bundan unga zinhor e’tiborsizlik bilan qarab bo‘lmasligi kelib chiqadi.
2. Mo‘min, aniq ishongan odamning: «U Allohning Rasuli Muhammaddir. Bizga ochiq-oydin bayonotlar va hidoyat ila keldi. Biz uning chaqirig‘iga javob berdik va unga ergashdik», deb javob berishida katta ahamiyat bor.
Demak, og‘iz bilan Muhammad Allohning Rasuli, degan bilan kifoyalanib bo‘lmas ekan. U kishi Alloh tomonidan nimalar keltirganini yaxshi bilish ham kerak ekan. U kishi chaqirgan narsaga, labbay deb javob berish va U zot sollallohu alayhi vasallamga ergashish ham kerak ekan. Bu esa Islom diniga to‘liq e’tiqod va amal qilish bilan bo‘ladi.
3. Farishtalarning mo‘min odamga uning dadil va ishonchli javobidan keyin solih holingda uxlayver. Biz sening unga qattiq ishonishingni bilar edik, deyishlaridan ikkita xulosa chiqadi:
Birinchisi: Qabr savolidan keyin mayyit qiyomat qoim bo‘lguncha uxlab turadi.
Ikkinchisi: Qabrdagi so‘roq bir narsani bilish uchun emas, bilib bo‘lingan narsani bandaning o‘ziga iqror qildirish uchun bo‘ladi.
4. Munofiq, dinga ishonchi sobit va mustahkam bo‘lmagan odamning qabr so‘rog‘iga, «Bilmayman. Odamlar bir narsa deganini eshituvdim. O‘shani aytganman», deb javob berishida, hayotda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam va Islom haqidagi odamlardan eshitgan gapini tilidagina aytib o‘zini musulmon sanab yurganlarning hammasi munofiq va shubha egasi ekanliklari anglashiladi.
Alloh shularga o‘xshashdan O‘zi saqlasin.Qabrda beriladigan savollardan: Robbingi kim?ga, Robbim Alloh, deb, Nabiying kim?ga Muhammad alayhissalom, deb Dining nima?ga dinim Islom» deb javob beriladi.

20 Апрел 2022, 19:14 | Савол-жавоблар | 314 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar