Salovat duosi

Assalomu alaykum! Ustozlar Alloh xohlasa Payg‘ambarimizga salovat aytishni boshlamoqchiman. Yordam tariqasida bir salovat duosini keltirsangizlar. Toki yod olib o‘qib yuray. Javob uchun oldindan rahmat.

«Zikr ahlidan so‘rang» hayʼati:

Va alaykum assalom!

عَنِ كَعْبِ بْنِ عُجْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: كَانَ النَّبِيُّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم يَقُولُ فِي الصَّلَاةِ: اللَّهُمَّ صَلِّ عَلَى مُحَمَّدٍ وَعَلَى آلِ مُحَمَّدٍ، كَمَا صَلَّيْتَ عَلَى إِبْرَاهِيمَ وآلِ إِبْرَاهِيمَ، وَبَارِكْ عَلَى مُحَمَّدٍ وَآلِ مُحَمَّدٍ، كَمَا بَارَكْتَ عَلَى إِبْرَاهِيمَ وَآلِ إِبْرَاهِيمَ إِنَّكَ حَمِيدٌ مَجِيدٌ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ وَالشَّافِعِيُّ وَاللَّفْظُ لَهُ

Kaʼb ibn Ujra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam namozda: «Allohumma solli ʼalaa Muhammadiv va ʼalaa ali Muhammad. Kama sollayta ʼalaa Ibrohiyma va ali Ibrohiym. Va barik ʼalaa Muhammadiv va ali Muhammad. Kama barokta ʼalaa Ibrohiyma va ali Ibrohiym. Innaka hamiydum majid», der edilar».

Beshovlari va Shofeʼiy rivoyat qilganlar. Lafz o‘sha kishiniki.

Sharh: Avvalo hadisning roviyci Kaʼb ibn Ujra roziyallohu anhu bilan yaqindan tanishib olaylik: Kaʼb ibn Ujra ibn Umayya ibn Adiy al-Balaviy, kunyalari Abu Muhammad. Ansorlar boshliqlaridan bo‘lib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan barcha g‘azotu bayʼatlarda ishtirok etgan ulug‘ sahobalardan edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan 47ta hadis rivoyat qildilar. Bu kishidan Ibn Umar, Jobir ibn Abdulloh, Abdulloh ibn Amr ibn Oss, Abdulloh ibn Abbos, Toriq Abu Laylo, Abdulmalik, Muhammad, Robiyʼ, o‘g‘illari Isʼhoq va boshqalar rivoyat qilganlar. U kishi uchun Qurʼonda Baqara surasining 196-oyati nozil bo‘lgan. Kaʼb ibn Ujra Kufada istiqomat qilganlar, hijratning 51-yili 75 yoshlarida Madinada vafot etganlar. Kaʼb ibn Ujra roziyallohu anhuga tashahhuddan ke¬yin salovot siyg‘asini aytishni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari, sahobai kiromlar so‘raganlaridan keyin o‘rgatganlar. Shofeʼiy mazhabiga ko‘ra, tashahhuddan keyin salovat aytish vojib, boshqa mazhablarga ko‘ra sunnatdir. Salovotning siyg‘asi ham turli hadislarda turlicha kelgan. Quyida ulardan birini keltiramiz.

«Allohumma solli ʼalaa Muhammad». «Allohim, Muhammad alayhissalomga O‘zingning ziyoda rahmatlaringni nozil qilgin».

«Va ʼalaa ali Muhammad». «Muhammad sollallohu alayhi vasallamning oila aʼzolariga ham».

«Kama sollayta ʼalaa Ibrohiyma va ali Ibrohiym». «Xuddi Ibrohimga va Ibrohimning ahli baytlariga o‘z rahmatingni nozil qilganingdek».

«Va barik ʼalaa Muhammadiv va ʼalaa ali Muhammad». «Muhammadga va Muhammadning ahli baytlariga o‘z barakangni nozil qil».

«Kama barokta ʼalaa Ibrohiyma va ali Ibrohiym». «Xuddi Ibrohim va Ibrohimning ahli baytlariga o‘z barakangni nozil qilganingdek».

«Innaka hamiydum majidun». «Albatta, Sening O‘zing maqtalgan, ulug‘langan zotsan». (“Hadis va Hayot” kitobidan).

حَدَّثَنِي رُوَيْفِعٌ الأَنْصَارِيُّ ، أَنَّهُ سَمِعَ النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ : مَنْ قَالَ : اللَّهُمَّ صَلِّ عَلَى مُحَمَّدٍ ، وَأَنْزِلْهُ الْمَقْعَدَ الْمُقَرَّبَ مِنْكَ يَوْمَ الْقِيَامَةِ ، وَجَبَتْ لَهُ الشَّفَاعَةُ

Ruvayfiʼ Ansoriy Nabiy sollallohu alayhi vasallamning:

“Kim “Allohumma solli ʼalaa Muhammadin va anzilhul maqʼadal muqorroba minka yavmal qiyamah” desa, unga shafoatim vojib bo‘ladi” deyayotganlarini eshitganini so‘zladi. (Imom Ahmad rivoyati). Vallohu aʼlam!

20 Aprel 2022, 18:02 | Duolar / Savol-javoblar | 398
Boshqa savol-javoblar