"Zamonaviy erkakchilik"

Assalomu alaykum! Ayrim «yigitlar» kelin tarafdan mazar, mebellarni indamay olaverishadi(ba’zan buyurtma berishadi). Bir toshkentlik qori akamizning ajrimlarni oldini olish haqidagi videosini ko‘rgandim. Alloh rozi bo‘lsin, yaxshi gaplarni aytibdi. Ayniksa, kelin taraf kuyov tarafga mebel va turli latta-puttalarni beryaptimi, kelinning qadri tushyapti. Yana bir siyosat qilsa, keyingi buyurtma qelaveradi» dedi. Iltimos yuqoridagi savolga echim topib bersangizlar. Alloh rozi bo‘lsin.

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! KELINNING SEPI VA UY ANJOMLARI Barcha faqihlar kelin tushadigan uyni jihozlash va kelinning sepi kuyovning zimmasida ekaniga ittifoq qilganlar. Er kelin tushadigan uyni ikkovlari yashashlari uchun muvofiq va loyiq ravishda jihozlashi shart. Undagi ko‘rpa-to‘shak, qozon-tovoq, gilamlar – barcha narsalar kuyov tomonidan olib berilgan kelinning mulki hisoblanadi. Kuyov ulardan o‘z mulki sifatida foydalanishga haqli emas.
– Hanafiy mazhabida uy jihozlarini tayyorlash xuddi ayolga nafaqa va kiyim berish kabi erga vojibdir.
– «Mahr» deb berilgan narsaning sepga hech aloqasi yo‘q. Chunki mahr sep va jihoz sotib olish uchun emas, kelindan huzurlanish muqobiliga beriladigan narsa.
Bir odam mahrga ming dinor berdi. Odatda, bunchalik ko‘p mahr olgan kelin ko‘p sep bilan kelar edi. Ammo bu kelin oz sep bilan keldi. Shunday holatda er: «Sen ko‘p jihoz bilan kelishing kerak edi», deyishga haqqi yo‘q.
– Kelin o‘zi bilan olib kelgan sepiga o‘zi ega hisoblanadi. Erning u narsalarda haqqi yo‘q.
– Agar er mahrdan tashqari, jihoz olishga alohida pul bergan bo‘lsa, kelin hech narsa olmay kelsa, er talab qilishi mumkin. Ammo ma’lum muddat indamay yursa, rozi bo‘lgan hisoblanadi va keyin talab qilishga haqqi qolmaydi.
– Agar ota, urf-odatga binoan, qiziga sep olib bergan bo‘lsa, keyin uni qaytarib olishga haqqi yo‘q. Ota vafot etgandan keyin boshqa merosxo‘rlar ham ololmaydilar.
– Ota qizi kichkinalik paytida unga sep bo‘ladigan narsani sotib olib bergan bo‘lsa, keyinchalik orada nizo chiqib, ota: «Omonatga bergan edim», desa, qiz esa: «Sepga berilgan edi», desa, hujjat-dalillari bo‘lmasa, qizning gapi o‘tadi. Agar qiz vafot etganidan keyin nizo chiqsa, uning erining gapi o‘tadi.
– Agar ona uydagi narsalardan ba’zisini otadan so‘ramay qiziga bersa, ota indamasa, u narsalar qizga sep bo‘ladi, qaytarib olish mumkin emas.
– Agar kuyov qizning valiylariga to‘yni tezlashtirish uchun biror narsa bersa, keyinchalik: «O‘sha narsani qaytarib beringlar», deyishga haqqi bor. Chunki u narsa rishva – pora hisoblanadi.
Agar kelinga ota‑onasi sep va uy jihozlari tayyorlab berishni istasalar, bu ularning muruvvati hisoblanadi, majburiyati emas. عَنْ عَلِيٍّ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: جَهَّزَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَاطِمَةَ فِي خَمِيلٍ وَقِرْبَةٍ وَوِسَادَةٍ حَشْوُهَا إِذْخِرٌ .رَوَاهُ النَّسَائِيُّ. وَاللهُ أَعْلَى وَأَعْلَمُ Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Fotimaga bir chiyduxoba, bir mesh va ichiga izxir solingan bolishni jihoz (sep) qilib berdilar».
Nasaiy rivoyat qilgan.
Olamlarning sayyidi bo‘lmish zot – Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘z jigargo‘shalari, ahli jannat ayollarning sayyidasi Fotimai Zahro roziyallohu anhoga qilib bergan seplari qanchalik kamtarona, qanchalik sodda.
Bu holatni bilgandan keyin bugungi kunga bir nazar solaylik. Boshqalarni qo‘yib turib, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ummatlik da’vosini qilayotganlarga ko‘z tashlaylik.
Qiz bola tug‘ilganidan boshlab emay-ichmay, edirmay-ichirmay sep to‘plab, bo‘lgan-bo‘lmagan narsani yig‘ib, jamlab yuradiganlarga nima deyish mumkin?
Sep masalasini nikohning asosiy va markaziy masalasiga aylantiruvchilarga nima deymiz?
Kelinning epiga emas, sepiga qaraydigan qudalarga nima deymiz?
Sep tufayli kelib chiqayotgan urish-janjallarga-chi?
Nima ham der edik. «Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan o‘rnak oling, otalar!» – deymiz.
«Fotimai Zahrodan o‘rnak oling, qizlar!» – deymiz.
«Hazrati Ali karramallohu vajhahudan o‘rnak oling, kuyovlar!» – deymiz.
Sep masalasida oilaviy kelishmovchiliklar ko‘p chiqishini ko‘zda tutib, ulamolarimiz bu masalani batafsil yoritib berganlar.
Endi bu masalada bugun yuz berayotgan mashmashalarga bir nazar tashlaylik, insof bilan mulohaza qilaylik.
Bugungi kunda bu masalada ishlar shariat ko‘rsatmalariga tamoman teskari. Kelinga sep tayyorlash hamda yosh kelin-kuyovga atalgan uyni (nechta xona bo‘lsa ham) jihozlash kelin tarafga ham «farz», ham «vojib» qilingan. Agar kelin taraf bu masalada bir oz beparvolik qilsa, bu dunyoda kuyov tarafning la’natiga uchraydi, bechora kelin ular «tayyorlab qo‘ygan do‘zax»iga tushadi. Bunga hamma ko‘nikib ham qolgan. Birov bu ayanchli holatga qarshi biror og‘iz gapirishga ham jur’at qila olmaydi.
Imom domlalarimizdan birlarining aytishlaricha, bir oilaga kelinning sepi va tayyorlangan jihozlari keltirilgan. Quda xola narsalarni sinchiklab taftish qilgan. Taftish natijasida bir choyshabning Toshkentda tayyorlanganligi, «importniy» emasligi ayon bo‘lgan. Quda xola buni o‘z oilasi va o‘g‘lining sha’niga «or» deb bilgan va qiz tarafga qarshi ayovsiz urush ochgan. «Mani bolam Toshkentda tayyorlangan choyshabda yotadigan bo‘ldimi?!» – deb ayyuhannos solgan. Bu janjal avj olib, ikki taraf to‘yni bekor qilib, ajralib ketganlar. Bundan voqif bo‘lgan imom domla minbardan turib: «Xotini olib kelgan choyshabda yotishni o‘ziga ep ko‘rgan erkaklar orqamdan namoz o‘qimasin!» deb va’z qilishga majbur bo‘lgan.
Bunga nima deyish mumkin?! Bu kabi noma’qulchiliklarni qaerdan o‘rganishdi odamlar?! Nahotki kelin olayotgan ona uyni jihozlash o‘z oilasining burchi ekanini tan olish o‘rniga, quda tarafning bir choyshabi o‘z vatanining poytaxtida chiqqanligini ayb qilib, qudalar bilan ajrashib ketsa?! O‘zimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar bolasiga baxt keltira olmasmikan?! O‘zganiki bolasini baxtli qilib qo‘yarmikan?!
Insof qilish kerak! Or-nomusli bo‘lish kerak! Oilaning obro‘si kelin keltiradigan choyshabda emasligini anglaydigan bo‘lish kerak!
Farg‘onada tug‘ilib, o‘sib, Moskvaga turmushga chiqqan tatar millatiga mansub ayol o‘sha tarafda umumiy xojatxonada farroshlik qilayotgan ayollarimizdan birini ko‘rib, unga achinib, nima uchun bu holga tushib qolganini so‘rabdi. Javob har qanday odamni larzaga soladigan darajada bo‘libdi. «Qizimni turmushga uzatishimiz kerak. Mebel va boshqa kerak narsalarni olgani pulimiz yo‘qligidan begona yurtlarda shu holga tushib yuribman», – debdi ayol.
O‘sha ayolning bu holga tushishiga sabab bo‘lgan bosh aybi qiz tug‘ib, qiz boqqanidir. Agar onasining bunday holga tushishiga sabab bo‘lgan o‘sha farzand qiz emas, o‘g‘il bo‘lganida onasi kelin tarafdan «importniy» mebel va choyshab talab qilgan holda uyida gerdayib o‘tirgan bo‘lar edi. Agar imkonini topsa, kelin tarafdan o‘g‘liga «mahr» ham talab qilgan bo‘lardi.
Mebel savdosi bilan shug‘ullanadigan ustalardan ajabtovur qissani eshiting: «Qiz chiqarayotgan oilalardan biri mebel sotib oldi va uni o‘rnatadigan joyimizni aytdi. Aytilgan erga borib, ishni boshlayotgan edik, quda xola kirib qoldilar. «Janobi oliyalari» viqor bilan bizdan mebel qaerniki ekanini so‘radilar. Biz o‘zimizniki ekanini aytdik. «Tezda ashqol-dashqolingni yig‘ishtir! Ko‘tar o‘zingning mebelingni!» degan farmoni oliy bo‘ldi».
Ba’zi bir «ilg‘or» viloyatlarda kuyov taraf kelinlik uyini jihozlash uchun «uy bo‘shatish»ni qoyillatib bo‘lishibdi. «Uy bo‘shatish» – kuyov tarafning kelin taraf to‘ldirishi uchun bir necha xonalarni ship-shiydam qilib qo‘yishidir. Ba’zi holatlarda quda xola qiziqib ketib, o‘zi yashaydigan xonani ham bo‘shatib qo‘yishi mumkin. Kelin taraf o‘sha «bo‘shatilgan» uylarni to‘ldirmasa, enasini ko‘radi!
Ular kelin tarafni talon-taroj qilishning barcha uslublarini o‘zlashtirib, to‘yni, uy anjomlarini, hatto kuyovga ichki kiyim, dastro‘molgacha «importniy» bo‘lishi kerakligini kelin tarafning bo‘yniga osib bo‘lishibdi. Agar kelin taraf qo‘lga suv quyadigan oftobani esdan chiqarsa ham, baloga qoladigan bo‘libdi.
Keyin kelin tarafdan yana nima talab qilish mumkinligi haqida butun zehnu zakovatlarini, aqlu farosatlarini ishga solib, o‘ylay boshlashibdi. Qarashsa, kelinning o‘zi bilan olib kelgan, uylarni to‘ldirib yuborgan narsalar, sarpolar qorinni to‘yg‘azmas ekan. Nima, kuyov taraf kelinning uy jihozlariga, asbob-anjomlariga, qilgan sarpolariga tikilib, och o‘tirishi kerakmi?! Bu holatga aslo chidab bo‘lmaydi! «Kelin taraf kuyov tarafning qornini to‘yg‘azishi farz!» – deyishibdi. Shunday qilib, kelin tarafning to‘ydan keyin qirq kungacha kuyov tarafni uch mahal oziq-ovqat bilan ta’minlashi farzu vojibga aylanibdi.
Kelin bo‘lgandan keyin, kuyovni va uning oila a’zolarini boqishi kerak-da! Shuni qila olmaydigan kelin kelinmi?! Kelinning ota‑onasi ham o‘ylab qo‘ysin-da! Kuyovni, uning ota‑onasi, xesh-aqrabosini qirq kun uch mahaldan boqa olmasa, qiz tug‘ib nima qiladi?!
Kamina xodimingiz ushbu masalada bir to‘yda gapirganimdan keyin tanishlardan biri oldimga kelib, tashakkur aytdi va: «Qizimni chiqarganimda qarz bo‘lib qoldim. Buning ustiga, qudanikiga to‘rt oy ovqat tashiganimdan so‘ng hisob-kitob qilsam, yana olti yuz ming so‘m ketibdi», – dedi. «Shuni qilmasangiz bo‘lmaydimi?» – desam, «Unda baloga qolamiz. Quda taraf: «Men qarindoshlar, mahalla-ko‘y orasida nima degan odam bo‘laman, hamma, Falonchining kelininikidan nima kelar ekan deb, qarab turibdi», deb qizimga kun berishmaydi-da», – dedi ma’yus bo‘lib.
Qanday kunga qoldik o‘zi! Shariatimizda kelinni boqish kuyovga vojib bo‘lsa-yu, odamlarimiz uning mutlaqo teskarisini qilib, kelindan kuyovni va uning oilasini boqishni talab qilib tursalar!
Buning oqibati nima bo‘larkin? Shariatga xilof ishning oqibati yaxshi bo‘lmasligi aniq. Buning ba’zi alomatlari ham ko‘rinib qolganga o‘xshaydi.
Kuni kecha bir majlisda shu mavzuda suhbat bo‘lgan edi, ko‘pchilik bunday holatni tanqid qilib gapirdi. Har kim o‘zi bilgan, ko‘rgan va eshitgan narsalar bilan ham o‘rtoqlashdi. Shunda imom domlalarimizdan birlari quyidagi gaplarni aytdilar. U kishi mebel savdosi bo‘yicha ish yuritadigan kishi bilan suhbatlashgan ekanlar. U odam achinish bilan quyidagilarni aytibdi:
«Odamlarda uyat qolmadi. Kelin tarafdan talab qilinadigan narsalar tobora ko‘payib bormoqda. Avvaliga mebel talab qilishdi. Keyin mebel chet elniki bo‘lishini talab qilishga o‘tishdi. Chet elniki bo‘lmasa, qaytarib yuboradigan bo‘lishdi. So‘ngra, chet elniki bo‘lsa ham, modadan qolganini qaytaradigan bo‘lishdi. Endi esa, kuyov taraf o‘zi kelib, uyalmasdan, bizning oldimizda kelin tarafga: «Ana o‘shanisini olinglar, mana bunisini qo‘yinglar», deb ko‘rsatib beradigan bo‘lishdi. Eng achinarlisi, o‘nta mebelni sotgan bo‘lsak, bir muddatdan so‘ng, oilalar buzilganligi uchun, ulardan sakkiztasini o‘zimiz o‘rnatgan erdan qaytarib olib kelib, yana savdoga qo‘ymoqdamiz».
Menga qolsa, bu gaplarga, ayniqsa, oilalar buzilayotganligi haqidagi gapga mutlaqo ishonmas edim. Ammo, afsuski, bu gap, qisman bo‘lsa ham, rostga o‘xshaydi. Hozir avvalgidan ko‘ra oila buzilishi ko‘payganligi haqida boshqa ma’lumotlar ham mavjud. Albatta, bunga o‘xshash ijtimoiy muammolarning bir qancha sabablari bo‘ladi. Ularni mutaxassislar o‘rganishadi va holatni yaxshilash uchun o‘z takliflarini kiritishadi. Ammo mutaxassis bo‘lmagan kishilarning ham yaqqol ko‘rinib turgan ba’zi sabablar haqida bir oz mulohaza qilishlari durust bo‘lsa kerak.
Menimcha, oila buzilishiga sabab bo‘layotgan narsalar ichida uylanish o‘ta oson bo‘lib qolganligi ham bor. O‘ylab ko‘raylik-chi, yangi oila qurish uchun kuyov taraf nima sarf qilmoqda? Ba’zi sarpolar, mahrga bir dona uzuk, sut pulimi yoki yana boshqa nom bilan bir oz mablag‘.
Kelin taraf-chi? Deyarli barcha sarf-xarajatlar kelin tarafga yuklangan. Qiz boqqanning jazosi – shu! Sarpoga undan ko‘ra qimmatroq qilib sarpo qaytarish kerak. Sut puli yoki to‘y puliga o‘n barobar qo‘shib to‘y qilish kerak. Kelin tarafning to‘ydagi bosh tashvishi – kuyov taraf jamlab kelgan ko‘plab mehmonlarni yaxshilab kutib olish, yaqinlariga sarpo kiydirish va kuyov taraf «bo‘shatib qo‘ygan» xonalarni qimmatbaho asbob-anjomlar bilan to‘ldirish kerak.
Yuqorida zikr qilingan viloyatga o‘xshash joylarda kuyovni qarindosh-urug‘i bilan qirq kun uch mahal boqish ham kerak...
Arzonning qadri bo‘lmas, deganlaridek, arzonga va osonga kelgan kelinlarning ham qadri bo‘lmay qolishi hech gap emas. Qadri yo‘q xotinni haydab, yangi xotin olishdan osoni ham yo‘q. Yangi xotin, yangi sarpo-suruq, yangi uy jihozlari kimga yoqmaydi, deysiz?!
Ehtimol, shuning uchundir qadimda ulamolarimiz hech kimdan so‘ramasdan, «Falonchi o‘g‘li Fistonchi, bir uy, dahlizi va ayvoni bilan, sigir buzog‘i bilan mahr berish sharti ila Falonchixon Fistonchi qizini tan mahramlikka qabul qildingizmi?» deb nikoh qilishni yo‘lga qo‘ygan bo‘lsalar kerak.
Haqiqatda hozirgi bo‘lar-bo‘lmasga xotinini «qo‘yib yuborayotgan» erlar, kelinini haydayotgan qaynona va qaynotalar kelinga uning turar joyini va kundalik hayot kechirish manbasini mahr qilib berganlarida hamda ro‘zg‘orga ishlatiladigan barcha asbob-anjomlar bilan ta’minlab qo‘yganlarida va ular kelinning mulkiga aylanganini, endi ularni qaytarib ololmasliklarini bilganlarida edi, kelinni haydashdan oldin obdon bir o‘ylab ko‘rishlari aniq edi. Yangi kelin olish uchun yana avvalgicha narsa sarf qilish lozimligini o‘ylab, bo‘lar-bo‘lmasga oilalarni buzishga jur’at qila olmas edilar.
Har bir inson ushbu aytilgan gaplarni o‘ylab ko‘rishi kerak. Oilaning sepi, mebeli, choyshabi va mol-dunyosining emas, baxtu saodatining tashvishini qilish kerak. Oilada savodsiz qaynonalarning istagi emas, shariatning ko‘rsatmalari ustun bo‘lishi lozim.
Islom shariati bo‘yicha, ayolni uy-joy bilan ta’minlash, o‘z darajasida boqish, kiyintirish hamda turmush uchun zaruriy bo‘lgan buyumlar, asbob-anjomlarni hozirlab berish, ayni chog‘da, jufti halolining sog‘ligi uchun qayg‘urish, uning ta’lim olishi, istirohati va boshqa shaxsiy ehtiyojlari uchun nafaqa qilish erning zimmasidagi vojib amallardan ekanini har bir musulmon er va har bir qaynota-qaynonalar yaxshi bilib olmoqlari zarur. Shu bilan birga, bu talablar bajarilgan taqdirda, uni minnat qilishga hech kimning haqqi yo‘q. Zero, zimmasidagi vojib amalni ado etgan kishi o‘z burchini ado etgan bo‘ladi, xolos.
Bu masalani hal qilishda, to‘g‘ri yo‘lga solishda hammamiz qo‘limizdan kelganini qilishimiz lozim. Ana shunda oilalarimiz mustahkam bo‘ladi, kishilarimizning hayoti baxtli, saodatli bo‘ladi, inshaalloh.
Kelinning sepi va bo‘lajak oilasiga kerakli barcha narsalar shariat ko‘rsatmasi bo‘yicha tayyor ham qilindi, deylik. Endi kelin-kuyovlarning o‘zlarini oilaviy hayotga tayyorlashimiz kerak. Har bir oila uchun o‘ta muhim bo‘lgan bu ish haqida kelasi bobda suhbat o‘tkazamiz. ("Baxtiyor oila" kitobidan). Vallohu a’lam!

21 Aprel 2022, 07:42 | Savol-javoblar | 190 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar