Jumani jipslashib o‘qish

Assalomu alaykum! Juma namozida qattiq qor yoki yomg‘ir yog‘ganda masjid hovlisidagi hamma ichkariga kirib (huddi janoza namozi kabi turib) o‘qish joizmi? Sajdani hamma bir birlarini elkalariga qilishsa, namoz rukni topilmagan hisoblanmaydimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Unday yomg‘irda jumaga chiqmaslikka ruxsat berilgan. Qaytarib peshin o‘qib olishadi. Agar tizzasi erga tegib o‘zidan oldingining beliga sajda qilishni imkoni bo‘lganida edi namozi ado bo‘lar edi. Bayhaqiy rivoyat qilgan hadisda Umar ibn Xattob roziyallohu anhu “Tiqilinch bo‘lganida biringiz o‘z birodarining beliga sajda qilaversin. O‘zidan avvalgisi izn bermasa ham” deganlar. Agar o‘zidan avvalgisi sajda qilib turganida orqasidagi sajda qilib olishining imkoni bo‘lsa sajda qilmasdan kutib turadi. O‘zidan oldingisi qiyomga turgach tezdan sajda qilib etib oladi. Bu kabi holat bo‘lganida katta jamoa alohida biror pana joyga borib o‘zlari birining imom qilib o‘qib olishlari ham joiz. Imom o‘z noibini tayinlab qo‘ysa yanada yaxshi. Shu o‘rinda bir masalani ham aytib o‘tmoqchimiz, bu kabi holatlarda imomlar xutba va namozni qisqaroq qilishlari, ortidan qilinadigan duolarni tark qilib hamma o‘zi qilishi kerak. Xususan janoza hozir bo‘lsa duolarni har kimning o‘ziga qoldirib tezroq janoza o‘qishga turishi kerak. Hanafiy mazhabining barcha fiqhiy kitoblarida janozani masjidga olib kelingan bo‘lsa farzni o‘qib bo‘lgach sunnatni o‘qimasdan avval janozani o‘qish tavsiya qilingan. Bunday holatda namozdan keyingi tilovat qilishni ham tark qilish kerak. Asr namozi o‘qilganidan keyin nafl namozlarni o‘qish makruhi tahrimiy hisoblanadi. Mabodo shu vaqtda janoza hozir bo‘lsa o‘qish vojib hisoblanadi. Vallohu a’lam!

3 May 2022, 19:41 | Savol-javoblar | 182 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar