Maxr so‘raganda noto‘ri narsani aytib qo‘ydim
Assalomu alaykum! Kecha tongda biz nikohlandik lekn men bu nikoh vaqtida og‘zmdan Baqara surasini yodlasin deb yubordm. Olloh guvoh men buni hohlamagandm Agar iloji bo‘lsa maxrimni bir bo‘lagi bolmsh Baqara surasini yodlamasa zino qilib olgan bo‘lasan deyshdi. Kiyov esa agar yodlab bermasam senga qo‘shilolmayman zinokor bo‘lib qolaman deb qo‘rqayaptilar. To‘g‘ri yo‘l ko‘rsatinglar.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Mahr moddiy narsa bo‘lishi shart. Siz so‘ragan ishingiz mahr bo‘la olmaydi. Eringiz mahr misl berishi vojib bo‘lgan. Mahrni berishidan oldin ham yaqinlik qilishi joiz. MAHR VA UNING HUKMLARI «Mahr» aqdi nikoh yoki er‑xotinlik qilish barobarida ayol haqdor bo‘ladigan narsaning ismidir.Mahr turli nomlar bilan nomlanadi. Qur’oni Karimda unga nisbatan «sadoq», «sadaqa», «ajr», «fariyza», «nihla» ismlari ishlatilgan. Bizda mahrning o‘rniga «qalin», «sut puli» kabi iboralar qo‘llanadi.Ba’zi ulamolar: «Mahrning o‘nta ismi bor», deganlar. Bizda «mahr» ismi mashhur bo‘lganligi uchun shu ismni qo‘llashni ma’qul ko‘rdik.Alloh taolo «Niso» surasida quyidagicha marhamat qiladi: وَآتُواْ النَّسَاء صَدُقَاتِهِنَّ نِحْلَةً «Ayollarga mahrlarini ko‘ngildan chiqarib bering» (4‑oyat).
Ushbu oyati karima erga mahr berish vojib ekanini anglatuvchi to‘rtta oyati karimadan biridir. Aqdi nikoh bo‘lishi bilan mahr berish vojib bo‘ladi, agar qovushmay turib ajrashadigan bo‘lsalar ham.
Berilganda ham, kuyov tomonidan chin qalbdan chiqarib berilishi talab etiladi va mahr kelinning shaxsiy mulki bo‘ladi. Bu shar’iy hukm kelinlarni hurmatlash, taqdirlash va erkalashning muhim bir ko‘rinishidir.
Mahr berish farz amal hisoblanadi. Hatto shundayki, kelin-kuyov o‘zaro kelishib, ikkimiz ham rozimiz, bu hukmga amal qilmay qo‘yaveramiz, deyishga ham imkonlari yo‘q. Agar bilimsizlik oqibatida yoki boshqa sabablarga ko‘ra mahr belgilanmay, nikohlanib ketgan bo‘lsalar ham, keyin baribir mahr berilishi kerak. Hattoki, er mahrni berishdan oldin vafot etib qolsa ham, merosxo‘rlari mahrni ado etishlari lozim bo‘ladi.
Ushbu oyatda er o‘ziga xotin bo‘lishga rozi bo‘lgan ayolga mahrni og‘rinib emas, chin ko‘ngildan chiqarib berishi lozimligi uqtirilmoqda va mahr kelinning o‘z mulkiga aylanishiga ham ishora qilinmoqda.
Ayol mahrni olganidan keyin nima qilsa, o‘zi biladi. Jumladan, ushbu oyatda zikr qilinganidek, eriga qaytarib bersa ham o‘zining ishi.
Agar kelin o‘z ixtiyori bilan rozi bo‘lib erining bergan mahrining hammasini yoki bir qismini qaytarib bersa, er uni bemalol olib, tasarruf qilsa bo‘laveradi.عَنْ سَهْلِ بْنِ سَعْدٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ:...فَالْتَمِسْ وَلَوْ خَاتَمًا مِنْ حَدِيدٍ.... رَوَاهُ الْخَمْسَةُSahl ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uylanmoqchi bo‘lgan kishiga:
«...Agar bir temir uzuk bo‘lsa ham top...», – deganlar».
Beshovlari rivoyat qilganlar.
Nabiy alayhissalom biror nikohni mahrsiz qo‘ymaganlari sobitdir.
Musulmonlarning barchasi nikoh mahrsiz bo‘lmasligiga ijmo’ qilganlar.
Mahrning ozi o‘n dirhamdir.
O‘n dirham bir dinorga teng keladi. Bu – nisobga etgan molning yigirmadan biri deganidir. Ushbu ma’lumotga suyanib, har bir davrdagi mahrning eng oz miqdorini belgilash oson bo‘ladi. Buning uchun o‘sha davrning zakot nisobi, mazkur miqdorning yigirmadan biri aniqlansa, eng oz mahr miqdori chiqadi.عَنْ جَابِرٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لَا مَهْرَ أَقَلَّ مِنْ عَشْرَةِ دَرَاهِمَ. رَوَاهُ الدَّارَقُطْنِيُّ وَالْبَيْهَقِيُّJobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«O‘n dirhamdan oz mahr yo‘q», – dedilar».
Dora Qutniy va Bayhaqiy rivoyat qilganlar.
Agar o‘n dirham miqdoridan ozni aytgan bo‘lsa ham, o‘n dirham miqdorini berish vojib bo‘ladi.
Mahr pul bo‘lishi shart emas. Kiyim, taqinchoq yoki shunga o‘xshash mulk bo‘ladigan va halol narsa bo‘lsa joiz. Kuyov taraf o‘n dirham yoki uning qiymatidan oz miqdordagi narsani mahr deb aytgan bo‘lsa, baribir o‘n dirham yoki uning qiymatidagi narsani berishi lozim bo‘ladi.
Agar undan boshqani aytgan bo‘lsa, ikkovlaridan biri vafot etganda yoki sahih xilvat bo‘lganda atalgan narsani berish vojib bo‘ladi.
Ya’ni, er taraf kelinga o‘n dirhamdan oz bo‘lgan mahrdan boshqani, o‘n dirham yoki undan ko‘pni mahrga berishni atagan bo‘lsa, birlari vafot etgan chog‘ida yoki ikkovlari sahih xilvatda qolganlaridan keyin o‘shani berish vojibga aylanadi.
Sahih xilvat deganda, aqdi nikohdan keyin eru xotin bir joyda xoli qolib, ularni jinsiy aloqadan to‘suvchi hissiy, shar’iy va tabiiy mone’liklar bo‘lmasligi ko‘zda tutiladi.
Xoli joy deganda, hamma tomoni yaxshi to‘silgan, ikkovlarining iznisiz oldilariga birov kira olmaydigan makon ko‘zda tutiladi.
Hissiy mone’lik deganda, er bemorligi tufayli vaqtincha jinsiy aloqaga yaramay turganligi ko‘zda tutiladi. Shuningdek, ayolning farjida to‘siq bo‘lib, jinsiy aloqaga mone’ bo‘lishi ham hissiy mone’likka kiradi.
Shar’iy mone’lik deganda, ayolning hayzli yoki nifosli bo‘lishi, ikkisidan biri ro‘zador yoki ehromda bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Tabiiy mone’lik deganda, er‑xotindan boshqa shaxsning ular bilan birga bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Ana o‘sha shartlar to‘liq bo‘lib, sahih xilvat yuzaga kelgandan keyin erga mahrni to‘liq berish vojib bo‘ladi, agar xotinning aybi bilan nikoh buzilsa ham. Misol uchun, qovushgandan yoki sahih xilvatdan keyin ayol dindan chiqib, murtad bo‘lsa ham, mahrni to‘liq olish haqqiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, avval ham aytib o‘tilganidek, er‑xotinning birining o‘limi bilan ham to‘liq mahr vojib bo‘ladi. O‘lim qovushganlaridan oldin sodir bo‘ladimi, keyinmi, baribir.
Jinsiy olatning kesilgan bo‘lishi, jinsiy zaiflik va bichilganlik man qiluvchi omil emas.
Bunday holatlarda ham kelin-kuyov yolg‘iz qolsalar, sahih xilvat hisoblanaveradi.
Sahih xilvatdan oldingi taloq atalgan mahrning yarmini vojib qiladi.
Bu hukm Qur’oni Karimda kelgan.
Alloh taolo «Baqara» surasida shunday deb marhamat qiladi:َإِن طَلَّقْتُمُوهُنَّ مِن قَبْلِ أَن تَمَسُّوهُنَّ وَقَدْ فَرَضْتُمْ لَهُنَّ فَرِيضَةً فَنِصْفُ مَا فَرَضْتُمْ إَلاَّ أَن يَعْفُونَ أَوْ يَعْفُوَ الَّذِي بِيَدِهِ عُقْدَةُ النِّكَاحِ«Agar ularga qo‘l tekkizmay turib taloq qilsangiz va mahrni belgilab qo‘ygan bo‘lsangiz, belgilanganning yarmini berasiz, magar ular afv qilsa yoki nikoh tuguni qo‘lida bo‘lgan kishi afv qilsa», (bermaysiz) (237‑oyat).
Agar mahr atalmagan bo‘lsa, sahih xilvatdan oldingi taloqda «mut’a», undan keyingida «mahri misl» vojib bo‘ladi.
Bu hukm ham Qur’oni Karimda kelgan.
Alloh taolo «Baqara» surasida shunday deya marhamat qiladi: لاَّ جُنَاحَ عَلَيْكُمْ إِن طَلَّقْتُمُ النِّسَاء مَا لَمْ تَمَسُّوهُنُّ أَوْ تَفْرِضُواْ لَهُنَّ فَرِيضَةً وَمَتِّعُوهُنَّ عَلَى الْمُوسِعِ قَدَرُهُ وَعَلَى الْمُقْتِرِ قَدْرُهُ مَتَاعًا بِالْمَعْرُوفِ حَقًّا عَلَى الْمُحْسِنِينَ «Agar xotinlarni, ularga qo‘l tekkizmay turib yoki ular uchun mahrni belgilamay turib, taloq qilsangiz, sizga gunoh yo‘q. Ularni boy boricha, yo‘q holicha ma’ruf ila bahramand eting. Yaxshilik qiluvchilar zimmasiga burch o‘laroq» (236‑oyat).
Bu oyatda nikohdan keyin, mahrni aniqlamagan holatda, duxuldan oldin taloq qilganda nima bo‘lishi haqida so‘z ketmoqda. Avvalo, shunday holatda taloq qilish gunoh emasligi bayon qilindi.
«Agar xotinlarni, ularga qo‘l tekkizmay turib yoki ular uchun mahrni belgilamay turib, taloq qilsangiz, sizga gunoh yo‘q».
Chunki insongarchilik yuzasidan turli holatlar bo‘lib turadi. Albatta, bu taloq kelin uchun, uning ahli uchun og‘ir bo‘ladi. Umid bilan nikohdan o‘tib, orzu-havas bilan yangi turmushni ko‘zlab turganida, oilaviy hayotni boshlamay turib, taloq bo‘lishi katta musibat. Buning ustiga, do‘stu dushman, yoru birodarlarning oldida nima degan gap bo‘ladi?! Ana shu holatlarni hisobga olib, mahr hali tayin bo‘lmaganligi uchun bu kelinga «mut’a» (foyda) deb nomlangan moliyaviy taqdirlash berish shariatda ushbu oyati karima asosida joriy qilingan.
Beriladigan mut’aning miqdori kuyov tarafga bog‘liq, imkoniga qarab, ko‘proq narsa bersa, yaxshi bo‘ladi. Rivoyat qilishlaricha, imom Hasan roziyallohu anhu mut’a uchun o‘n ming dirham bergan ekanlar.
Ulamolarimiz: «Mut’a o‘z davrlarining o‘lchovida beriladi: boy bir xizmatchi olib beradi, kambag‘al uch sidra kiyim-bosh bersin», deganlar.
Shunday qilinsa, kelin tarafga engil bo‘ladi, ko‘ngillari taskin topadi. Do‘st-dushmanning gap-so‘zidan ham qutuladilar. Chunki shunchalik mol-dunyo berish qizda ayb yo‘qligining, yigit taraf uni hurmat qilishining, ammo noilojlikdan ajralayotganining alomati bo‘ladi. Shu bilan birga, kuyov tarafni ham qiynab yuborish kerak emas.
Oyatda:
«Ularni boy boricha, yo‘q holicha ma’ruf ila bahramand eting», deyilyapti.
Kuyov taraf «yaxshilik ila» harakat qilishi kerak, shuningdek, kelin taraf ham. Oyatning oxirida foyda berish yuqori maqom ekani:
«Yaxshilik qiluvchilar zimmasiga burch o‘laroq», deb yana bir bor ta’kidlanyapti.
«Mahri misl» o‘sha yurtda, o‘sha zamonda boshqa kelinlarga odat bo‘yicha qancha mahr berish joriy bo‘lib turgan bo‘lsa, o‘sha miqdordagi mahrdir.سُئِلَ ابْنُ مَسْعُودٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ عَنْ رَجُلٍ تَزَوَّجَ امْرَأَةً وَلَمْ يَفْرِضْ لَهَا صَدَاقًا وَلَمْ يَدْخُلْ بِهَا حَتَّى مَاتَ، فَقَالَ: لَهَا مِثْلُ صَدَاقِ نِسَائِهَا لَا وَكْسَ وَلَا شَطَطَ، وَلَهَا الْمِيرَاثُ وَعَلَيْهَا الْعِدَّةُ، فَقَامَ مَعْقِلُ بْنُ سِنَانٍ الْأَشْجَعِيُّ فَقَالَ: قَضَى رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فِي بَرْوَعَ بِنْتِ وَاشِقٍ مِثْلَ الَّذي قَضَيْتَ، فَفَرِحَ ابْنُ مَسْعُودٍ. رَوَاهُ أَصْحَابُ السُّنَنِIbn Mas’ud roziyallohu anhudan bir ayolga uylanib, unga mahr tayin etmagan, u bilan qovushmay turib vafot etgan kishi haqida so‘raldi.
Shunda u kishi:
«U ayolga o‘z ayollari mahri mislicha mahr beriladi. Kam ham emas, ko‘p ham emas. Unga meros ham beriladi. Unga idda o‘tirish vojib bo‘ladi», dedilar.
Shunda Ma’qil ibn Sinon al-Ashja’iy turib:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Barva’a bintu Voshiq haqida sen chiqargan hukmga o‘xshash hukm chiqargan edilar» dedi.
Ibn Mas’ud bundan xursand bo‘ldi».
«Sunan» egalari rivoyat qilganlar.
Mahrni zikr qilmasdan, uni nafiy qilib, mol bo‘la olmaydigan narsa ila, jinsi yoki sifati noma’lum narsa ila qilingan nikoh durustdir.Bu jumlada mahrga bog‘liq besh xil holat haqida so‘z bormoqda:
1. Mahrni zikr qilmay, u haqda biror og‘iz ham gapirmay tuzilgan nikohning joriy bo‘laverishi. Chunki nikohga amr qilingan oyatda mahr zikr qilinmagan.
2. Mahrni nafiy qilib, ya’ni «orada mahr yo‘q», deya kelishilgan nikohning sobit bo‘lishi.
Alloh taolo «Baqara» surasida marhamat qiladi: لاَّ جُنَاحَ عَلَيْكُمْ إِن طَلَّقْتُمُ النِّسَاء مَا لَمْ تَمَسُّوهُنُّ أَوْ تَفْرِضُواْ لَهُنَّ فَرِيضَةً «Agar xotinlarni, ularga qo‘l tekkizmay turib yoki ular uchun mahrni belgilamay turib, taloq qilsangiz, sizga gunoh yo‘q» (236‑oyat).
Mahr atalmagandagi taloq joiz bo‘lganidan keyin, mahr atalmay qilingan nikoh ham joiz bo‘ladi. Chunki taloq faqat sahih nikohgagina tushadi.
3. Mahrga mol bo‘la olmaydigan narsani atab qilingan nikohning ham joizligi. Misol uchun, bir musulmon bir muslimaga uylanayotib, mahrga xamr yoki cho‘chqa beraman, degan bo‘lsa ham nikohlari o‘taveradi. Ular mahrga atash mumkin bo‘lmagan narsani ataganlari uchun, bu – xuddi hech narsa atamagan bilan barobar bo‘ladi.
4. Mahrga jinsi noma’lum narsani atab qilingan nikohning ham joizligi. Misol uchun, kuyov: «Kelinning mahriga kiyim yoki taqinchoq beraman», dedi. Qay turdagi kiyim yoki taqinchoqligi noma’lum. Bu ham hech narsa atamaganga o‘xshash, bo‘laveradi.
5. Mahrga sifati noma’lum narsani atab qilingan nikohning ham joizligi. Misol uchun, kuyov: «Mahrga sigir beraman», dedi-yu, qay sifatdagi sigir berishini aytmadi.
Ammo, bunday nikohlar bo‘laveradi, deyish er mahr bermay ketaveradi, degani emas. Balki, nikoh bog‘lanadi, undan keyingi munosabatlar zino bo‘lmaydi, deganidir. Nikoh aqdi durust bo‘laveradi, ammo ayolning mahr haqqi poymol bo‘lmaydi, erga mahr berish farzligi o‘z o‘rnida turaveradi. Bu holatlarda, avval aytib o‘tilganidek, o‘sha narsalarning o‘rtachasi yoki qiymati miqdoridagi «mahri misl» vojib bo‘ladi.
Bunda narsaning o‘zini yoki qiymatini berish kuyovning ixtiyorida. Kelin uning berganini olishga majbur.
Agar er ayolini yurtidan chiqarmaslik sharti bilan mingni atab, nikohlab olgan bo‘lsa yoki nikohda «muqim tursa, ming berasan, olib chiqsang, ikki ming» deb shart qo‘yilgan bo‘lsa, u holda er aytganiga vafo qilsa yoki muqim tursa, ayoliga mingni berish vojib bo‘ladi. Aks holda «mahri misl»ni beradi. Bu esa, ikki mingdan oshmaydi va mingdan kam bo‘lmaydi.
Agar bokiralikni shart qilgan bo‘lsa-yu, juvon chiqib qolsa ham, mahrning hammasini berish lozim bo‘ladi. Chunki qizligi zinodan boshqa sabablarga ko‘ra ketgan bo‘lishi mumkin. Bu holda yaxshi gumon qilgan afzal.
Fosid nikohda, agar yaqinlik qilmagan bo‘lsa, hech narsa vojib bo‘lmaydi. Agar yaqinlik qilsa, yaqinlik qilgan vaqtidan boshlab, atalgandan ziyoda bo‘lmagan «mahri misl» vojib bo‘ladi, nasab sobit bo‘ladi.
Fosid nikohga opa‑singilga birdaniga uylanish, guvohlarsiz uylanish, opasining iddasida singlisiga uylanish, boshqaning iddasida o‘tirgan ayolga uylanish va to‘rtinchi xotinning iddasida beshinchisiga uylanish kabilar kiradi.
Kelinga beriladigan «mahri misl» uning ota qavmi e’tiboridan yoshiga, jamoliga, moliga, aqliga, diyonatiga, yurtiga, zamoniga, bokiraligi yoki juvonligiga qarab bo‘ladi. Shuningdek, kelinning odob va axloqiga qarab bo‘ladi.
«Mahri misl»ni belgilashda mazkur omillarni hisobga olib, kelinning mahri uning ota yurtidagi o‘ziga eng o‘xshash kelinga beriladigan mahr miqdorida bo‘ladi. Agar ularda – ota taraf qarindoshlarda bo‘lmasa, begonalardan olinadi. Ya’ni «mahri misl»i aniqlanishi lozim bo‘lgan kelinga o‘xshash kelin uning otasining qarindoshlari ichidan topilmasa, onasi tarafdan va uning qavmidan emas, begonalardan izlab topiladi. Agar ona otaning qavmidan bo‘lmasa.
Bir kelinga beriladigan «mahri misl»ni aniqlashda uning qaysi kelinga teng ekanini belgilash uchun ikki er kishi yoki bir er va ikki ayol kishi tayinlanadi.
Mahrni berish muddati (erta yoki kech berilishi) ana shu tayinlangan kishilar tarafidan belgilangan bo‘lsa, o‘shandoq bo‘ladi, agar ular tayin qilmagan bo‘lsalar, urfdagiga qarab bo‘ladi.
Mahrni ikkiga bo‘lib to‘lash ham mumkin. Dastlabkisi avval beriladi va «mahri mu’ajjal» – «erta mahr» deb ataladi. Keyingisi keyin beriladi va «mahri muajjal» – «kechiktirilgan mahr» deb ataladi.
Agar ikki taraf aqdi nikoh paytida erta mahr qancha va qachon berilishini, kech mahr qancha va qachon berilishini kelishib olgan bo‘lsalar, o‘sha kelishuvga binoan ish tutadilar.
Aqdi nikoh paytida bunday kelishuv bo‘lmagan bo‘lsa, o‘z qavmlarida mazkur miqdordagi mahrni o‘sha ayolga o‘xshash kelinlarga qay tarzda berishga odatlangan bo‘lsalar, o‘sha tarzda beriladi.
Erta mahrni olishdan avval ayol jinsiy yaqinlikni va o‘zining safarga olib chiqilishini man qilishga haqli. Agar o‘z roziligi bilan bo‘lgan yaqinlikdan keyin man qilsa ham, joiz. Bu holatda uning nafaqasi soqit bo‘lmaydi.
Ya’ni, mahrini o‘z vaqtida berilmaganiga norozi bo‘lib, kuyovni o‘ziga yaqinlashtirmayotgan kelinning nafaqasi erga vojib bo‘lib turaveradi. Er: «Xotinim meni o‘ziga yaqinlashtirmayapti, shuning uchun uning nafaqasini bermayman», deyishga haqli emas.
Shuningdek, u erning iznisiz hojat yuzasidan safar qilishga va tashqariga chiqishga haqli. Mahrni vaqtida bermagan er ayolni bu narsalardan man qilishga haqli bo‘lmaydi.
Ayol erta mahrni olganidan keyin uni boshqa yoqqa olib ketsa, bo‘ladi. Uni safarga olib ketmaydi, deganlar ham bor va fatvo shunga berilgan.
Ulamolar «Erta mahrni yoki to‘la mahrni bergandan keyin er xotinning roziligisiz uni boshqa yurtga olib ketsa bo‘ladimi, yo‘qmi?» degan masalada turli gaplarni aytganlar. «Olib ketishi mumkin emas», deganlar ko‘proq zamonning fasodini e’tiborga olganlar. «Olib ketishi mumkin», deganlar Alloh taoloning «U (ayol)larga o‘zingiz yashab turgan joydan imkoningiz boricha joy bering», degan qavlini dalil qilib keltirganlar. Mana shunisi to‘g‘ri.
Agar er unga bir narsa yuborgan bo‘lsa-yu, xotin uni «hadya» desa, er «mahr» desa, erning gapi qabul bo‘ladi. Illo, emoq uchun tayyorlangan narsada uning gapi qabul qilinmaydi. MAHR HAQIDA MULOHAZAAlloh taoloning erlarga nikohda mahr berishni farz qilgani va ayollarga mahr olishni haq qilgani bejiz emas. Bu amalning to‘rt oyat va bir necha hadislar bilan shariatga kiritilishi ham uning ahamiyati qanchalik katta ekanini ko‘rsatadi. Barcha narsalarni hikmat bilan qiladigan Zot – Alloh taoloning bu ishi ham, albatta, behikmat emas.
Alloh azza va jalla mahrni ayol-qizlarning qadrlarini oshirish, ularning o‘z ota‑onalari, tug‘ilib o‘sgan oilalarini tashlab, yolg‘iz o‘zi boshqa tarafga borib, yangi oila qurishga ko‘rsatgan jasoratlarini taqdirlab joriy qilgan. O‘ziga turmush yo‘ldoshi bo‘layotgan shaxsdan, hali birga bo‘lmasdan turib, ma’lum miqdorda mulkni qabul qilib olgan kelinda o‘ziga bo‘lgan ehtirom tuyg‘ulari jo‘sh uradi. Ham kelinda, ham uning yaqinlarida kuyovga nisbatan ishonch kuchayadi. Kelajakda kelinning moliyaviy ta’minoti o‘z joyida bo‘lishiga nikohda ko‘zlari etadi. Shu boisdan ham, kuyov tarafdan himmatsizlikka yo‘l qo‘yilmasli gi uchun mahrning ozi belgilab qo‘yilgan. O‘ta oz mahr ila kelinning izzat nafsiga tegmaslik uchun o‘n dirhamdan oz mahr bo‘lmasligi shariatda ta’kidlangan.
Shu bilan birga, mahr berayotgan er ham o‘zining erligini, oilaning og‘irligini zimmasiga olishi lozimligini, kelinga mehr-muruvvat ko‘rsatishi kerakligini, oila qurish o‘z-o‘zidan bo‘laveradigan narsa emasligini anglab etadi. Aslini olganda, kelinga mahr berish orqali kuyovga – bo‘lajak oila rahbariga o‘zining yaxshi niyatini, oilasi va ayoliga molu dunyo sarflashdagi himmatini namoyish qilishga yo‘l ochiladi. Shuning uchun ham mahrning ko‘pi chegaralanmagan va uni chegaralashga birovning haqqi ham yo‘q bo‘lgan.
Alloh taolo «Niso» surasida quyidagicha marhamat qiladi: وَآتَيْتُمْ إِحْدَاهُنَّ قِنطَارًا فَلاَ تَأْخُذُواْ مِنْهُ شَيْئًا«Va ularning biriga behisob mahr bergan bo‘lsangiz ham, undan hech narsani qaytarib olmang!» (20‑oyat).
Faqihlar xuddi shu oyati karimani dalil qilib, mahrga har qancha ko‘p mol bersa bo‘ladi, deydilar.
Ulamolarimiz bu mavzuda so‘z ketganda hazrati Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning mashhur qissalarini eslatadilar.
Hofiz Abu Ya’lo Sha’biydan, u kishi Masruqdan rivoyat qiladilar:
«Umar ibn Xattob roziyallohu anhu xalifalik davrlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning minbarlariga chiqib:
«Ey odamlar! Ayollarning mahrini juda oshirib yubordingiz-ku! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va u kishining sahobalari to‘rt yuz dirhamdan oshirmas edilar. Undan ham oz bo‘lar edi. Agar mahrni ziyoda qilish Allohga taqvo yoki karamli ish bo‘lganida, ulardan o‘tib keta olmas edingiz. Hech kimning bir ayolning mahrini to‘rt yuz dirhamdan ortiq qilganini bilmayin!» – dedi-da, minbardan tushdi. Qurayshlik bir ayol uning yo‘liga ko‘ndalang chiqib:
«Ey mo‘minlarning amiri, odamlarni ayollarning mahrini to‘rt yuz dirhamdan ortiq qilishdan qaytardingmi?» – dedi. Umar:
«Ha», – dedi. Ayol:
«Alloh Qur’onda tushirgan hukmni eshitmaganmiding?!» – dedi. Umar:
«U qanday hukm ekan?» – deb so‘radi. Shunda ayol:
«Allohning: «...va ularning biriga haddan ziyod mahr bergan bo‘lsangiz ham..» degan oyatini eshitmaganmisan?!» – dedi. Umar:
«Robbim, O‘zing kechir! Odamlar Umardan ko‘ra faqihroqdirlar», – dedi-da, qaytib borib, yana minbarga chiqdi va:
«Ey odamlar, men sizlarga ayollarning mahrini to‘rt yuz dirhamdan ortiq qilmaslikka amr qilgan edim. Endi kim o‘z molidan qancha xohlasa, beraversin. Umar xato qildi, ayol to‘g‘ri aytdi», – dedi».
Uylanayotgan vaqtida ozmi, ko‘pmi mahrini berib qo‘yib, ajrashayotganda uni qaytarib olishga urinish musulmon insonga hech to‘g‘ri kelmaydigan ish. Ushbu oyatda bu ishni ochiq man etish bilan birga, uning hikmati ham bayon qilinib, erkaklar vijdonida nozik hissiyotlar qo‘zg‘atilmoqda. Qur’oniy ta’birga e’tibor bering-a, qanday ham hassos, qanday ham ta’sirli!
«Va qanday ham olursiz?! Axir, bir-biringizga qovushdingiz va ular sizdan mustahkam ahdu paymon olganlar-ku?!» (21‑oyat).
Nikoh tufayli er‑xotin nafaqat jisman, balki ruhan ham qo‘shiladi. Ularning his-tuyg‘ulari, orzu-umidlari, vijdonlari, sir-asrorlari, dardu g‘amlari, baxtu saodatlari – barcha-barcha narsa qo‘shiladi, qovushadi. Islomda nikoh va oila Alloh taoloning ismi ila va uning Rasulining sunnatlari ila quriladigan muqaddas robita va oshyondir. Ana o‘sha qudsiyat hurmati, birga o‘tkazgan hayot hurmati, qovushib ketgan narsalar hurmati, ajrashganda ham yaxshilik bilan ajralmoq kerak. Bir vaqtlar rozi bo‘lib bergan mahrni o‘zi bilan bir yostiqqa bosh qo‘yib yashagan ayoldan qaytarib olishga urinish musulmon odamga, qolaversa, erkak zotiga hech yarashmaydi.
Oyati karimada kelgan: «...ular sizdan mustahkam ahdu paymon olganlar-ku?!» jumlasidagi «ahdu paymon»ning ma’nosi haqida Sufyon Savriy: «Yaxshilik bilan tutib turish yoki yaxshilik bilan ajrashish haqidagi ahd», – deganlar.
Rabi’ ibn Anas esa: «Bu, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning:
«Siz ularni Allohning omonati ila oldingiz va farjlarini Allohning kalimasi ila o‘zingizga halol etdingiz» degan hadislaridan iboratdir», – degan.
Demak, mahr, avvalo, nikohning hurmati, qolaversa, erkaklarning ayollarga bergan mustahkam ahdu paymonlari belgisidir.
Shuning uchun ham bu ishga alohida e’tibor berish kerak. Mahr masalasida shariat ko‘rsatmasiga amal qilmaslik, unda haddan oshish yoki unga nisbatan beparvo bo‘lish yaxshi oqibatga olib bormasligini tajriba ko‘rsatgan.
Bir vaqtlar odamlar mahrni «qalin» deb atab olib, qizlari uchun katta miqdorda molu dunyo talab qilishgan. O‘zlari talab qilgan miqdordan kam molga ko‘nmaganlar. Bechora qizlarning bunga daxli ham bo‘lmagan. Ularning qo‘liga bu narsadan hech qanday ulush berilmagan.
Shariatning mahr borasidagi ko‘rsatmasini buzib, haddan oshish oqibatida oila qurish ko‘pchilik uchun og‘ir mashaqqatga aylangan. Voyaga etgan yigit-qizlarning oila qurishlari qiyinlashgan. Jamiyatda qari qiz va qari yigitlarning soni ortib boravergan. Buning oqibatida jamiyatlar ham, yakka shaxslar ham zarar ko‘rgan.
O‘sha vaqtdagi bu noxush holatni yoqtirmaganlar «qizini sigirni sotgandek sotmoqchi bo‘lyapti» degan iboralarni ishlatishgan. Ushbu noshar’iy holatni muolaja qilmoqchi bo‘lgan ulamolar «Mahrning ozi yaxshi» shiori ostida ma’ruzalar qilganlar, tushuntirishlar olib borganlar va boshqa choralar ko‘rilgan.
Hozirga kelib, yuqoridagiga teskari holat vujudga keldi. Odamlarning ko‘pchiligi mahrni bilmaydi yoki unga ahamiyat bermaydi. Bilgani, ahamiyat bergani ham bu ishga oxirgi o‘rindagi ishlar kabi nazarda bo‘ladi. Imom domla yarim soat mahrning ahamiyati haqida ma’ruza qilib bo‘lganidan keyin bo‘lg‘usi kuyovdan: «Kelinning mahriga nima ataysiz», deb so‘rasa, «Uzuk», degan javobni eshitadi. Ba’zida bizlarga boshqa millatlardan meros bo‘lib o‘tgan o‘sha «uzuk»ning qimmati eng oz mahrning miqdoridan ham kam bo‘ladi. Hatto, ba’zi tushunmagan shaxslarda «mahr» degani nikoh uzugi bo‘lsa kerak» degan tasavvur paydo bo‘lgan bo‘lsa, ajab emas. Kelinlar esa mahr so‘rash Alloh taolo bergan shar’iy haqlari ekanini tushunmaydilar. Tushunsalar ham, so‘rash ular uchun beodoblikka o‘xshab tuyuladi. Onda-sonda mahr so‘raganlaridan esa kuyov taraf xafa ham bo‘ladi.
Shariatning mahr borasidagi ko‘rsatmasini buzib, farz bo‘lgan bu muhim narsaga beparvo bo‘lish oqibatida ko‘pgina muammolar paydo bo‘lmoqda. Eng yomoni, er tarafning oilaning moliyaviy og‘irligini ko‘tarish va boshqa javobgarliklar borasidagi mas’uliyat hissi yo‘qolmoqda. Nari borsa, bir dona nikoh uzugini berib, birovning 17–20 yil boqib, katta qilgan guldek qizini xotin qilib olgan shaxs bo‘lgan-bo‘lmagan narsa uchun uni haydab, yangi uylanish payidan bo‘lmoqda. «Jazosi bir dona nikoh uzugida», deydiganlar yo‘q emas.
Oqibatda, bitta-ikkita bolasi bilan taloq qilingan yosh ayol otasinikiga qaytib borishga majbur bo‘lmoqda. U erda esa, yana yangi muammolar paydo bo‘lishi turgan gap. Agar o‘sha noinsof erkak tuzukroq mahr berib uylanganida edi, yana qayta uylanish uchun etarli miqdorda mahr berish kerakligini his qilganida edi, taloq qilishdan oldin o‘ylab ko‘rar, hisob-kitob qilar, natijada o‘zini tiyib olar edi.
Ehtimol, shuning uchun bo‘lsa kerak, vatanimizning avvalgi faqihlari nikoh qilishayotganda birovdan so‘ramay-netmay, kuyovga qarata: «Mahriga bir uy, bir dahliz, oldida ayvoni bilan va bir sigir buzog‘i bilan berish sharti ila Falonchini tan mahramlikka qabul qildingizmi?» deyishga o‘tishgan. Ular o‘z vaqtlaridagi sharoitni yaxshi o‘rganishgan, mabodo ayol kishi taloq qilinadigan bo‘lsa, ko‘chada qolishining, tirikchilik o‘tkaza olmaydigan darajaga tushib qolishining oldini olishgan. Mana shu omil erkaklarni ham jilovlab turgan. Ular xotinlarini taloq qilishdan oldin xotinining mahriga atalgan narsalar – oldida ayvoni bilan bir uy, bir dahlizni va buzog‘i bilan bir sigirning hisobini qilishgan.
Biz ham bu masalani, bizning dinimiz barcha narsada mo‘’tadil din ekanini hisobga olib, mahrning ham mo‘’tadil ravishda joriy bo‘lishini o‘ylab ko‘rmog‘imiz zarur. Shariatda mahrning eng ozi qancha ekani ko‘rsatilgani bilan birga, ko‘pining chegarasi yo‘qligi ham ma’lum. Ammo kelin tarafga mahrning ozi yaxshiligini uqtirish bilan birga, kuyov tarafga himmatni baland qilish aytiladi. Hech kim, hech qachon kelinga «Mahr so‘rasang, uyat bo‘ladi», demagan. Shuningdek, kuyovga ««Nikoh uzugi»dan ortiqcha mahr bersang, gunohkor bo‘lasan», deyilgan ham emas. ("Baxtiyor oila" kitobidan). Vallohu a’lam!
27 Iyul 2022, 09:29 | Savol-javoblar | 189 | Oila va turmush