3-shaxs

Assalomu alaykum ustoz. Alloh Taolo o‘zining so‘ngi dini bo‘lmish islom dinini barcha olamlar va makonlarga ilohiy dastur qilib tushirgan. Xozirgi davrda hamma ilmiy texnologiyalar evolyusiyasida yashamoqda, deyarli hamma uyali aloqa vositalari, internet, chatlar va boshqa axborot vositalaridan foydalanadi. Alloh Taolo o‘zi yaratgan borliqdagi barcha mahluqot haqida o‘zi istagancha bilimga ega va uni chegarasi yo‘qdir va Alloh Taoloning bu sifatini hech kimni ayblashga haqqi yo‘qdir, shu qatori farishtalarni ham ular ham Alloh izni bilan bandalarning ko‘p narsalaridan xabardordirlar. Lekin bandalarning bandalar ishiga maxfiy aralshishiga qanday qaraladi. Ya‘ni 2 yoki undan ko‘p kishilarning o‘zaro suhbatlarini, internet sahifalarini, pochtalarini, chatlarini boshqa 3 shaxs maxfiy tarzda eshitsa, ko‘rsa bu ish dinimiz ko‘rsatmalariga qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri? Yana shuni ham ta‘kidlash lozimki ba‘zi rivojlangan davlatlarda bu ishlarni superkompyuterlar boshqaradi, ya‘ni ular dunyodagi barcha aloqa vositalarini eshitib raqamli tarzda yozadi, tahlil qiladi va saqlaydi oddiy telefon qurilmasidan tortib himoyalangan su‘niy yo‘ldosh to‘lqinlarini ham. Buni Eshelon tizimi deb ataladi va bu ham maxfiylashtirilgan.Iltimos ustoz bular haqda hozirda biror fatvo yoki ulamolarning fikri haqida ma‘lumot bersangiz? Sizning uzoqdagi o‘quvchingiz R.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Ma’lumki, kimning o‘yiga badgumonlik o‘rnashsa, u odam o‘sha gumonini tasdiqlash uchun hujjat va dalil qidira boshlaydi. Natijada, gumon ostidagi odamning o‘ziga bildirmasdan, aybini axtarishga tushadi. Buni esa josuslik deyladi. Shuning uchun ham, Qurhoni Karimning “Hujurot” surasidagi oyati karimada gumondan chetlanishga amr qilingandan so‘ng «Josuslik qilmanglar», deb bu qabih ishdan qaytarilgan. Odatda, josuslik deb birovga yomonlik etkazish niyatida ayblarini va zaif joylarini o‘ziga bildirmay yashirincha axtarishga aytiladi. Bu ish ham katta gunohlardandir. Chin musulmon kishining qalbi bu kabi jirkanch odatlardan pok bo‘lmog‘i zarur. Boz ustiga, bu ish Islom dinining asosiy g‘oyalaridan biri bo‘lmish insonning karomatini, hurmat, izzati va obro‘yini himoya qilish masalasiga chambarchas bog‘liqdir. Islom mazkur huquqlarning muqaddasligini e’tirof etadi, ularning hech bir holda poymol bo‘lmasligining chorasini ko‘radi. Islom jamiyatida insonlarning jonlari, molu mulklari, uy-joylari omonlikda, sir-asrorlari-yu yashirin narsalari bexatar bo‘lishi zarur. Xatto jinoyatning oldini olish bahonasi bilan ham odamlarning ortidan josuslik qilishga ijozat yo‘q. Ochiq-oydin ko‘rinib turgan ishga qarab hukm chiqariladi. Gumon qilishga, shubhalanishga va poylashga hech kimning haqqi yo‘q.

4 May 2022, 03:31 | Savol-javoblar | 156 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar