Namozdan so‘ng jamoat bo‘lib tasbex va takbir aytish

Bir birodarmiz so‘ragan ekan... Assalomu alaykum Shayx hazratlari, avvalo Allohdan umringizni ziyoda qilib qilayotgan ishlaringizni xayrli qilishini so‘rab qolaman.Savolim shuki, islomiy saytdagi forumlarning birida "namozdan keyin "jamoaviy" bo‘lib tasbeh va takbir aytib duo qilish" dinda yo‘q narsa, bu bid’at degan mavzuni o‘qib qoldim. Go‘yoki Payg‘ambarimiz bu narsaga ko‘rsatma bermagan emishlar. Shu mavzu bo‘yicha juda ko‘p tortishuvlar bo‘lyapti, shu forumda. Shu narsaga aniklik kiritib bersangiz iltimos!!! Javobiz uchun oldindan rahmat!!!
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Bu bemazhablarning navbatdagi xuruji. Bundan bir muddat oldin ularga o‘z markazlaridan ushbu masalani ko‘tarib musulmonlar orasida ixtilof chiqarish haqida ko‘rsatma keldi. Ular bu haqdagi ko‘rsatmani qog‘ozga chiqarib olib har tarafga yugurishni boshladilar. Bu haqda bizdan tashqari qo‘shni davlatlardan, MDH davlatlaridan va hatto AQShdan ham xabarlar keldi. Unda siz aytganda tashqari o‘sha holatdagi jamoaviy duo qilish ham bor. Bu bemazhablarning eski nag‘malaridan biridir. Uni bashqa nag‘malari qatori vaqti – vaqtida ko‘tarib turishadi.- Payg‘ambarimiz alayhissalom ko‘rsatma bermaganlari hamma narsaga qarshi hujjat bo‘lavermaydi. Misol uchun U zot alayhissalom taroveh namozini bugungi ko‘rinishda o‘qishga ko‘rsatma bermaganlar. Ammo barcha musulmonlar, jumladan, bemazhablar ham uni hammamizga ma’lum holatda o‘qishadi. Eng muhimi, Payg‘ambarimiz alayhissalom bu ishni qilishdan qaytargan ham emaslar. Bunga o‘xshash narsalar anchagina bor. Chunki, dinimizning hukmlari faqat Sunnatdangina olinmaydi. Balki, to‘rtta ittifoq qilingan va oltita ba’zisida ixtilof qilingan manbalardan olinadi. Shariat hukmlari quyidagi manbahlardan olinadi:1. Qur’on.2. Sunnat.3. Ijmo’.4. Qiyos.5. Amali sahobiy.6. Masolihul mursala.7. Istihson.8. Shar’u man qablana.9. Urf.10. Istishob.Ulamolarimiz bemazhablarning bu nag‘malariga ham o‘z o‘rnida qoyillatib javob berganlar. Bu haqda alohida risolalar ham bitilgan. Dinimiz ta’limotlarida, xususan, sunnati mutohharada, tasbeh, takbir va duoga targ‘ib bor. Bu haqda alohida risolalar ham bitilgan. Xuddi shu narsalarni namozdan keyin qilishga ham targ‘ib bor. Undan so‘ng bir kishi duo qilib qolganlar “omiyn” deb turishi haqida ham rivoyatlar bor. Demak, mazkur uch narsani qilish sunnatda bor. Sunnatda bor uch narsani birdaniga qilish mumkin emas degan kim bor?! Faqat siz aytayotgan bemazhablar bor. Ular ko‘tarib yurgan varaqlarga imzo chekkanlar bugungi kunning odamlari. Ana o‘shalar bu nag‘mani ko‘targanlar. Asl ulamolar yoki ummatning mujtahidlari emas.Ehtiboringizga bu haqdagi mazhabni tutgan hozirgi zamon ulamolaridan ba’zilarining fatvolarida bir namuna taqdim etishga ijozat bergaysiz. Bu fatvo Kuvayt davlati, Vaqf va Islomiy ishlar vazirligi fatvo hay’ati tomonidan chiqarilgan. JAMOAT ILA DUO QILISh2007. 2566. Hay’atga janob Fahddan quyidagi savol taqdim etildi:Ba’zi odamlar Allohga jamoat bo‘lib duo qiladilar. Majlislardan birida buni ko‘rib hayratlandim va o‘sha kishidan bu shariatda bormi deb so‘radim. U menga buning shariatda borligini ifoda qiladigan hadisni aytdi. U zot sollallohu alayhi va sallam «Bir qavm jamlansa va ba’zisi duo qilsa, qolganlari omiyn desa, albatta, Alloh ularni ijobat qiladi» degan ekanlar.Bu jamo’iy duo masjiddagi har bir dars yoki mav’izadan keyin bo‘lar ekan. Doimo shunday qilishar ekan. Men boshqa joylarda bunday duoni bid’at deb eshitgan edim. Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilinmagan ekan. Men haligi odamga bu ish, u odam duo qilib qolganlari uning duosiga omiyn deb turishi bid’at ekanini aytgan edim, u o‘z fikriga taassub qildi va menga qarab ham qo‘ymadi. Ushbu savolga javob berishingizni umid qilaman. Tashakkurlar bo‘lsin!Hay’at quyidagi javobni berdi:Istisqo va qunutda jamo’iy duo qilish shariatda borligiga hamma ittifoq qilgan. Nabiy sollallohu alayhi vasallam:«Bir kishi qavmga imomlik qilib, ularni qo‘yib xos o‘ziga duo qilmasin. Agar buni qilsa ularga xiyonat qilgan bo‘ladi», deganlar.Termiziy va boshqalar rivoyat qilgan.Ibn Asir: Bu bir kishi duo qilib turganida boshqalar omiyn deb turishidir. Qunutdagiga o‘xshab degan. Ibn Taymiya ham shunga o‘xshash gapni aytgan. (Sharhul muntaha. 11995)Jamo’iy duo zikr qilingan holatlardan umumiyroq joylarda ham shar’iydir. Hofiz «Fath»da Nabiy sollallohu alayhi vasallamning «Qachon qori «omiyn» desa, siz ham «omiyn» deng. Chunki farishtalar «omiyn» deydilar….» hadisining sharhida: «Qoridan murod namozdagi imomdir. Qoridan murod undan ham umumiyroq bo‘lishi ehtimoli bor» degan.Bu ishga (jamoat bo‘lib duo qilishga) Al-Hokim (sahih isnod bilan) va Tobaroniy Habib ibn Maslama al-Fehriy roziyallohu anhudan qilgan rivoyat ham dalildir. U kishi duosi qabul bo‘ladigan odamlardan edi. Bir askarga amir bo‘lib bordi. Dushmanga yo‘liqqanlarida Nabiy sollallohu alayhi vasallamning «Bir qavm jamlansa ba’zisi duo qilsa va qolganlari omiyn desa, albatta, Alloh ularni ijobat qiladi» deganlarini eshitgan edim», dedi. Keyin Allohga hamdu sano aytib turib: «Allohim! Qonlarimizni saqlagin. Ajrlarimizni shahidlarning ajrlaridek qilgin» deya duo qilib turgan edi dushmanning amiri (taslim bo‘lib) Habibning chodiriga kirib keldi.Al-Bahutiy «Kashful qino’» (1367)da quyidagilarni aytadi:«Imom Bomdod va Asrdan keyin o‘sha paytda farishtalar hozir bo‘lishi e’tiboridan duo qiladi. Qavm «omiyn» deb turadi. Shunda ijobatga yaqin bo‘ladi. Shuningdek, mazkur ikkisidan boshqa namozlarda ham duo qiladi. Chunki farz namozdan keyingi payt duo qabul bo‘ladigan vaqtlardandir».Bas, jamoat bo‘lib duo qilish mustahabdir. Bid’at emas. Ammo uni sunnat deb bilinmaydi.Majmu’atul fatavoi shar’iyya. 7-juz. 45-46-bet.- Bemazhablarning turli ig‘volariga e’tibor bermanglar. Ular o‘zlari ham tushunagan holda musulmonlarning o‘rtasida ixtilof chiqarib, ularning vaqti, aql zakovati va boshqa imkoniyatlarini zoe ketkazish payidan bo‘lgan odamlardir. Buning o‘rniga mazkur imkoniyatlarni o‘zingiz, oilangiz, diningiz, vataningiz, xalqingiz va barchaga foyda keltiradigan ishlarga sarflashga o‘tinglar.

21 Aprel 2022, 09:56 | Savol-javoblar | 186 | Duolar
|
Boshqa savol-javoblar