Savdoimizda shariatga zid ish qilmadikmi?

Assalomu alaykum! Bir do‘stimning g‘isht ishlab chiqaradigan zavodi bor. Hozir qish tabiiyki qurilishlar kam. Shuning uchun zavodda savdo ancha tushgan. Bizning zavodga esa pul kerak. Shu kunlarda bir tanishimiz “menga bahorda g‘isht kerak”, deb qoldi. Biz shu do‘stimizning pullarini agarda hozir bersa, bahorda unga zavodimizda chiqayotgan g‘ishtning narxidan 100 so‘m arzonroq berishimizni aytdik. U kishi ham rozi bo‘lib turibdi. Shu kilgan savdoimiz shariatga zid emasmi? Alloh dunyo va oxiratda o‘zi yordamchingiz bo‘lsin.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Shariatimizda salam savdosi degan savdo turi bor. O‘zi odatda sotiladigan narsa ham, puli ham naqd bo‘ladi yoki puli naqd narsa nasiya bo‘ladi. Bu savdoda pul esa naqd, sotiladigan narsa nasiya bo‘ladi. Qishloqlarda ko‘proq bug‘doy, sholilarga oldindan savdo qilib qo‘yiladi. Buning to‘g‘ri bo‘lishining sharti siz g‘isht chiqaruvchi “Manashu zavodimni g‘ishtidan” demasligingiz kerak, chunki va’dalashgan vaqtgacha u zavod bo‘lishi ham, bo‘lmasligi ham mumkin. Qishloqlarda bug‘doy yoki sholi hosil bermay qolishi mumkin. Shuning uchun siz ma’lum bir muddatda, ma’lum bir adadda, ma’lum bir so‘mga qaerdan bo‘lsa ham g‘isht etkazib berishni savdolashishingiz mumkin. Vaqti bo‘lganda o‘zingizni g‘ishtxonangizdan chiqarib berishingiz ham mumkin. Narxidan 100 so‘m degan gap to‘g‘ri emas. Narxini aniq tayin qilib olishingiz kerak. Shariatimiz janjal chiqishi ehtimoli bo‘lgan har qanday savdodan qaytargan. Vallohu a’lam!

4 May 2022, 10:17 | Savol-javoblar | 144 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar