Payg‘ambarimizning qarzlari

Assalomu alaykum! Payg‘ambarimz sollallohu alayhi vasallamning ham qarzlari bo‘lganmi? Hayotlari davomida kimdandir qarz olganlarmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qarz olish joizligini bildirib qo‘yish uchun qarz olganlar. Hamda qarzni uzishga aniq ko‘zlari etib olib, zirx(sovut)larini garovga qo‘yganlar. Hozirgi kunda ishini faqat yurishishini o‘ylab, yurmay qolsa butkul botqoqqa botishini o‘ylamasdan qarz olayotganlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni qarz olganlarini dalil qilishlari to‘g‘ri emas. عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: تُوُفِّيَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ وَدِرْعُهُ مَرْهُونَةٌ بِعِشْرِينَ صَاعًا مِنْ طَعَامٍ أَخَذَهُ لِأَهْلِهِ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَصَحَّحَهُ  Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam vafot etganlarida sovutlari ahllariga olingan yigirma so’ taom uchun garovga qo‘yilgan edi».
Termiziy rivoyat qilgan va sahih, degan.
Sharh: Johiliyat vaqtida ham garov qo‘yish bor edi. Ammo garov qo‘yuvchi belgilangan vaqtda pulni topib bera olmasa, mol egasi garovga qo‘yilgan narsani o‘ziniki qilib olar edi. Islomda esa bu hukm¬ga adolatli ravishda o‘zgartirish kiritildi. Agar garovga narsa qo‘ygan odam belgilangan vaqtda pulni topib bera olmasa, u garovga qo‘ygan narsasini sotib, pulni mol egasiga beradi, ortib qolganini esa o‘zi oladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning vafot etgan vaqtlarida ham urushga kiyadigan sovutlari u kishiga nasiyaga taom sotgan tojirning oldida garov sifatida turgani nimaga dalolat qiladi? U zotning nihoyatda sodda va oddiy hayot kechirganlari hamda ahli ayollari nafaqasi uchun o‘z mehnatlari bilan molga erishishga uringanliklarini ko‘rsatadi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning vafotlaridan oldin Islom Arabiston Yarim oroliga tarqalib bo‘lib, u er dunyoga tanilgan davlatga aylangan edi. Agar u zot xohlasalar, dunyo oyoqlari ostiga to‘shalar edi. Lekin Nabiy sollallohu alayhi vasallam buni xohlamadilar. Oddiy hayot kechirishda davom etdilar. Oilalarini boqishga qiynalib, taom sotib olishga pul topa olmay, sovutlarini garovga qo‘yib, yigirma so’ taom olgan hollarida vafot etdilar. U zotning ummatlari ushbu haqiqatni yaxshi tushunmog‘i kerak. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

4 May 2022, 12:03 | Savol-javoblar | 165 | Siyrat va tarix
|
Boshqa savol-javoblar