Qimmatga olib arzonga sotish

Assalomu alaykum! Bizni oilamizdagilar ushbu kunlardagi dolzarb bo‘lib turgan karantin vaqtida kartoshka-piyoz va shunga o‘xshash aholi tomonidan talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarni qimmatga sotib olib, arzon narhda aholiga sotishmoqda. (masalan kartoshkani 4200-4500 so‘mdan olib 3500so‘mdan sotishmoqda). Allohdan savob umidida albatta. Ko‘plab moliyaviy jihatdan qurbiyati yaxshi bo‘lgan do‘stlarimiz ko‘p. Shu ishga targ‘ib qilishni xam ajr savobi bor degan umidda, boshqalarga xam shunday tavsiyalar berish niyatidamiz. Sizlardan bu ishni xukmi qanday bo‘lishini so‘rab savol yo‘llamoqdamiz. Iltimos e’tiborsiz qoldirmanglar, javoblaringni do‘stlarimiz o‘qishsa ularni ham qalblarida ehsonlar uchun ishtiyoq paydo bo‘ladi InShaAlloh!
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Ajrni ko‘p va oz bo‘lishi qilingan ehsonni o‘rniga qilish yoki qilmaslika bog‘liq. Rosa chanqagan inson uchun bir piyola suv ham ulkan ne’mat hisoblanadi. Hatto Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hadislarida bir ayol chanqagan itni sug‘organi uchun jannatga kirganligi aytiladi. Chanqamagan kishiga berilgan shirin, salqin ichimlikda ham unchalik savobga ega bo‘linmaydi. Biz qimmatga olib arzonga sotayotganlarni yoki mutlaqo tekinga tarqatayotganlar chanqagan odamga suv berishga o‘xshatamiz. Shoyad o‘sha hadisda kelgan ajrdan Alloh nasib qilsa. Chunki hadislarni bekordan bekorga aytilgan emas. Shunday holat bo‘lganda siz bilan biz foydalanib qolishimiz uchun aytilgan. Aslida inson mol dunyo to‘lashidan maqsadi ham shu bo‘lishi kerak. Madina ahli chuchuk suvga muhtoj bo‘lishdi. Shunday suv Madinadagi bir yaxudiyning mulkida bor edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kim shuni sotib olsa evaziga jannat bo‘lishini aytdilar hazrati Usmon roziyallohu anhu sotib olib musulmonlarga vaqf qildilar. Bu holat faqat Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zamonalariga tegishli emas. Xalq nimaga muhtoj bo‘lsa molini sarflab qolganlar in shaa Alloh hazrati Usmon roziyallohu anhu ega bo‘lgan savoblarga ega bo‘ladi. Vallohu a’lam!

4 May 2022, 16:35 | Savol-javoblar | 177 | Moliya va tijorat
|
Boshqa savol-javoblar