Mavlud haqidagi xilof
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Mavlud haqidagi xilof
Mavlud marosimi ko‘pgina ixtiloflarga sabab bo‘lgan va bo‘lib kelayotgan masalalardan biri hisoblanadi. Ko‘pchilik musulmonlar mavlud qilganlar va qilib kelmoqdalar. Bir toifa mavludga qarshi chiqqan va qarshi chiqib kelmoqda.
Mavludga qarshi chiqadiganlar: bu ish bid’atdir, Nabiy sollallohu alayhi vasallam «Har bir bid’at zalolatdir. Har bir zalolat do‘zaxdadir», deganlar, Rasululloh sollalohu alayhi vasallamning, sahobalarning va salafi solihlarning davrida mavlud degan narsa bo‘lmagan, Qur’onda va Sunnatda mavlud qilish haqida buyruq yo‘q, deydilar.
Mavlud tarafdorlari, dastlabki vaqtlarda mavlud bo‘lmagan bo‘lsa ham, qadimdan hamma mavlud qilib kelgan, Rasululloh sollalohu alayhi vasallamni eslash, u zotga solavot aytish va hayotlarini o‘rganish yomon ish bo‘larmidi?!, deyishadi.
Mavludga qarshi chiqadiganlar: mavlud paytida shirk ishlar yuzaga keladi. Har xil noshar’iy amallar qilinadi. Shariatda yo‘q ishni qilish savob emas, gunoh bo‘ladi. Rasululloh sollalohu alayhi vasallam «Kim bizning bu ishimizda undan bo‘lmagan narsani paydo qilgan bo‘lsa, u marduddir», deganlar, deydilar.
Mavlud tarafdorlari: Nabiy sollallohu alayhi vasallamni ehtirom qilish, u zotning siyratlarini o‘rganish va o‘rgatish hamda u zotga salovot aytish shariatda yo‘q deyish mutlaqo noto‘g‘ri gap. Qur’onda Rasululloh sollalohu alayhi vasallamga salovot aytishga amr bor. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari ham bu ishga undaganlar. Katta ulamolar bu ishni to‘g‘ri deganlar. Ular mavludga qarshi chiqadiganlarcha ilmsiz emaslar, deyishadi.
Oradagi nizo kuchayib borib, bir-birlarini turli og‘ir ayblar bilan ayblash, ustlardan har xil hukmlar chiqarishgacha etadilar. Gohida og‘zaki tortishuvlar etishmay qolib, amaliy harakatlarga kirishib ketilgan hollar ham bo‘lgan. Mavludga qarshi gap namunasi
Adolat yuzasidan va bilib qo‘yish uchun mavludga qarshilarning gapidan namuna keltirsak, maqsadga muvofiq bo‘lar deb o‘ylayman.
Buning uchun «So‘fiylik me’zonlari Qur’on va Sunnat yog‘dusida» nomli kitobni oldik. Bu kitobning 277-betidan «Mavludlar bid’ati» deb nomlangan mavzu boshlangan. Muallif avval Rasululloh sollalohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilishning ahamiyati haqida gapirgan, uchta oyatini dalil qilgan va sharhlagan hamda sahobalarning bu boradagi ishlarini madh qilgan. So‘fiylar bunga zid ish qilishlarini aytgan.
Keyin «Mavludlar dinga xilofdir» deb sarlavha qo‘ygan va bu bir necha jihatdan ekanini ta’kidlagan.
«Birinchi jihat:
«Mavludlar yahudiylar, nasorolar va butparastlarning sunnatidir. Ular buni rozi qiladigan amal hisoblaydilar. Holbuki, bu ishlar shirk, butparastlik va bid’atdir. «Axir, qilgan yomon amali o‘ziga ziynatlab ko‘rsatilib, uni go‘zal deb bilgan odam...» (Fotir, 8-oyat).
«Sen: «Sizga amallari yuzasidan eng ziyonkorlarning xabarini beraymi? Ular bu dunyo hayotidayoq say’i-harakatlari botil bo‘lgan, o‘zlari esa, go‘zal ish qilyapman, deb hisoblaydiganlardir», degin» (Kahf, 103-104-oyat).
So‘fiylar mazkur bid’atlarda nasorolar va boshqalarga taqlid qiladilar va o‘shalarni rozi qilishga urinadilar!».
Keyinroq Jabartiy degan odamning «Ajoyibul osor» nomli kitobidan iqtibos keltiradi:
«Mavludlar va jamiyatlar ishi boshlanib, fransaliklar odamlarga bu haqda ruxsat berdi. Chunki ular bu ishlarda shariatdan chiqish, ayollarning to‘planishi, shahvat va lahvning ortidan ergashish va turli harom ishlarni ko‘rgan edilar. Shuning uchun mavlud boshqa qayta tiklangan ishlar qatori qayta tiklandi».
Keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Albatta, o‘zingizdan oldin o‘tganlarning sunnatiga qarichma-qarich, arshinma-arshin ergashasiz. Hattoki zobb-ning uyasiga kirishsa, siz ham kirasiz», degan hadislarini keltiradi.
Mulohaza:
Ushbu satrlarni o‘qigan odam mavludni faqat jinoyatchi va shariatni oyoq osti qiladigan odamlar o‘tkazadilar, degan fikr-ga keladi. Boz ustiga mavludchilar kofir va butparaslarni rozi qilish uchun faoliyat ko‘rsatar ekan, degan fikrga keladi. Bu fikr egasiga quyidagi sahih hadisni eslatamiz.
Ikki sahihda (Buxoriy va Muslimda) Ibn Abbosdan rivoyat qilinadi:
«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelib yahudiylar Ashuro kuni ro‘zasini tutayotganlarini ko‘rdilar va:
«Bu nima?», dedilar.
«Bu – solih kundir. Bu – Alloh Bani Isroilni dushmanidan qutqargan kun. O‘shanda Muso uning ro‘zasini tutgan, dedilar. U zot sollallohu alayhi vasallam:
«Men, sizlardan ko‘ra Musoga haqliroqman», dedilar va uning ro‘zasini tutdilar, tutishga amr qildilar».
Shu bilan birga, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu ishlarini nima deb baholash mumkin, deb so‘raymiz. Keyin «Bosh-qalarga taqlid va noshar’iy ishlar qilmay mavlud o‘tkazayotganlarga nima gap aytiladi, deb so‘raymiz.
«Ikkinchi jihat:
«Mavludlar Rasululloh sollallohu alay-hi vasallamning sunnatlari, sahobalar va dastlabki uch asr avlodining yo‘li emas. Bu mavludlar mazkur asrlardan keyin to‘rtinchi asrda zindiq fotimiylar tomonidan va ettinchi asrda shomdagi Malik Muzaffar tomonidan bid’at o‘laroq tashkil qilingan».
Keyin avvalgiga o‘xshash matn Ali Mahfuz degan odamdan naql qilinadi. Bu matn-da mavludlar oltita: mavludin-nabiy, mavludi Ali, mavludi Fotima, mavludi Hasan, mavludi Husayn va mavludi xalifa ekanligi aytiladi.
Mulohaza:
Bu bo‘limda ham bizga umuman begona gaplar aytilmoqda. Qachondir, kimdir ushbu aytilgan narsalarni qilgan bo‘lishi mumkin. Ammo buni hammaga umumiylashtirishga kimning haqi bor?!
Uchinchi jihat:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari mavludlarni bilmaganlar. Ularning Rasululloh sollalohu alayhi vasallamga muhabbatlari kuchli bo‘lishiga qaramay Allohga mavlud orqali ibodatqilmaganlar!».
Keyin Shotibiyning bid’at haqidagi ta’rifini, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Kim bizning bu ishimizda undan bo‘lmagan narsani paydo qilgan bo‘lsa, u marduddir», degan hadislarini keltiradi va sharh qiladi.
Oxir oqibat, xulosa qilib quyidagi gaplarni aytadi:
«Bas, so‘fiylarning mavludlari nashavandlarning dasturxonlaridir. Zotan, nasha o‘simligini o‘shalar kashf qilganlar. Bu mavludlar bachchavozlik, ayollarni ovlash yig‘inlaridir!».
Mulohaza:
Nashavandlik, bachchavozlik va xotinbozliksiz mavludlar yo‘qmi? Agar bor bo‘lsa, hukmi qanday bo‘ladi?!
Nima qilmoq kerak?
Mavlud haqidagi tortishuvlarni ilm tarozisiga solib tortsa bo‘ladimi? Insof bilan tahlil qilishning iloji bormi? Bu masalaning tarixini va tafsilotini o‘rganish imkoni bormi? Yoki bu janjal faqat janjal bo‘lib qolishi uchun yuzaga chiq-qanmi?
Buning uchun, menimcha, oldin bid’at nimaligini anglab etishimiz kerak. Anglab etganda ham, har kim o‘zicha emas, katta ulamolarning ta’riflari va ko‘rsatmalari asosida nazar solmog‘imiz lozim.
28 Aprel 2022, 16:37 | Savol-javoblar | 188 | Siyrat va tarix