Birovni haqqini o‘ziga bildirmay olish

Assalomu alaykum! Men bir necha yillar avval marketda g‘aznachi bo‘lib ishlar edim. Bizda foiz kartalar tarqatilar edi va o‘zimizda xam bor edi. Ba’zilar naqd pulda xarid qilgach chekni kutmay ketishardi, ketganlaridan keyin biz kattaroq summa bo‘lsa o‘sha kartani urib, oshiqcha pulga o‘zimiz uchun narsa olib er edik. Bu ishimdan keyin gunohligini bilib o‘sha paytdayoq bu ishni to‘xtatganman. Hozir afsusdaman buning uchun manga hukm qanday bo‘ladi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Eganlaringizni ado qilish zimmangizga qarz. O‘shalarni topib haqini ado qilib roziligini olasiz. Haq egasini qidirib topishingiz kerak. Hozir bir odamni topish qiyin bo‘lmay qolgan. E’lon qilasizmi yoki boshqa yo‘lini qilasizmi topishingiz kerak. Agar hamma choralarini qilgandan keyin ham topilmasa savob umid qilmasdan o‘shalar nomidan faqir-miskinlarga sadaqa qilasiz. Qachon haq egalari topilganida o‘sha haqni ado qilib roziligini olasiz. وَلِلنَّسَائِيِّ: وَالَّذِي نَفْسِي بِيَدِهِ لَوْ أَنَّ رَجُلًا قُتِلَ فِي سَبِيلِ اللهِ، ثُمَّ أُحْيِيَ ثُمَّ قُتِلَ، ثُمَّ أُحْيِيَ ثُمَّ قُتِلَ وَعَلَيْهِ دَيْنٌ مَا دَخَلَ الْجَنَّةَ حَتَّى يُقْضَى عَنْهُ دَيْنُهُ Nasaiy qilgan rivoyatda:
«Mening jonim qo‘lida bo‘lgan Zot ila qasamki, agar bir kishi Allohning yo‘lida qatl qilinsa, so‘ng tiriltirilsa, yana qatl qilinsa va tiriltirilsa, so‘ng yana qatl qilinsa-yu, uning zimmasida qarzi bo‘lsa, qarzi ado etilmaguncha jannatga kirmas», deyilgan.
Sharh: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning qasam ichib turib aytishlari ham bu ish qanchalik ahamiyatli ekanligini ko‘rsatadi.
Alloh taoloning yo‘lida shahid bo‘lish qanchalik ulug‘ maqom. Shahid uchun jannat eshiklari doimo katta ochiq. Lekin qarz ishi og‘ir. Agar inson Allohning yo‘lida bir emas, uch marta shahid bo‘lsa ham, qarzini ado qilmagan bo‘lsa, jannatga kira olmaydi. Unday odamning jannatga kirishi olgan qarzining uzilishiga bog‘liq bo‘lib qoladi. Qarzi uzilsa, jannatga kiradi, bo‘lmasa yo‘q.
Chunki qarz bandaning haqqi, bu haqni faqat o‘z egasi kechadi, xolos. Alloh taolo kechmaydi. Qarz olib, uni uzmay yurganlar bu haqiqatni yaxshilab anglab olmoqlari lozim. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

4 May 2022, 17:08 | Savol-javoblar | 177 | Moliya va tijorat
|
Boshqa savol-javoblar