Maslahat bering !

Assalomu Aleykum va rahmatullohi va barakatuh. "Bu dunyo ohirat hayotini oldida eng arzimas narsadir" eshitganimdan so‘ng, bu dunyoga umuman qiziqishimni yo‘qotdim. Maslahat bering ustoz...Iltimos mening haqimga duo qilib qo‘ying Alloh taoloning o‘zi to‘gri yo‘lga solib qo‘ysin. Bizlarga ham sizga o‘hshab hayrli ilm sohibi bo‘lishni Alloh taolining o‘zi nasib aylasin!
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- Islom bu dunyo va oxiratga bo‘lgan munosabatda ham mo‘’tadillikni yo‘lga qo‘ygan.Alloh taolo bu haqda Qur’oni Karimning «Qosos» surasida quyidagilarni aytadi:«Va Alloh senga bergan narsa bilan oxiratni izlagin, bu dunyodagi nasibangni ham unutma. Alloh senga yaxshilik qilganidek, sen ham yaxshilik qil. Er yuzida buzg‘unchilikni izlama. Albatta, Alloh buzg‘unchilarni suymas», (77-oyat).Alloh taolo bergan molu dunyoga qanday munosabatda bo‘lish kerakligi ushbu oyati karimada o‘z aksini topgan. Musulmon banda qo‘liga molu dunyo tushganda o‘zini xuddi shu oyatga mos tutmog‘i lozim.«Alloh senga bergan narsa bilan oxiratni izlagin...»Musulmon odam, avvalo, Alloh bergan molu dunyo bilan oxiratni izlashga intiladi. Ya’ni, molu mulkini shariatda ko‘rsatilgan, oxiratda foyda beradigan joylarga sarflaydi. Harom-xarish, gunoh, fisqu fujur va behuda ishlarga sarf etmaydi. Chunki, behuda ishlarga sarflangan molu dunyo bu dunyoda ham, u dunyoda ham foyda bermaydi. Aksincha, ikki dunyoda ham ziyon keltiradi. Lekin musulmon odam oxiratni o‘ylab, bu dunyosini tark qilib–unutib ham yubormaydi.«...bu dunyodagi nasibangni ham unutma.»Bu dunyoda ham yaxshi yashab, Alloh bergan molu dunyodan halol yo‘l bilan, takabburlik qilmay foydalanadi. Chunki, Alloh taolo halol-pok rizq-larni bandalar foyda, huzur va lazzat olishlari, so‘ngra ularni bergan zotga shukr qilishlari uchun yaratgan. Ana shunda tavozu’li, shirin va baxt-li-saodatli holga erishiladi.«Alloh senga yaxshilik qilganidek, sen ham yaxshilik qil.»Halol-pok molu dunyo Allohning bandasiga bergan hadyasi va yaxshiligidir. O‘sha ilohiy ne’matdan bahramand bo‘lgan har bir banda boshqa odamlarga ham yaxshilik qilishi kerak. Turli sabablarga ko‘ra noqulay iqtisodiy holatga tushib qolgan birodarlariga yordam berishi, beva-bechora, faqir-miskinlarning holidan xabar olishi, musulmonlar manfaati yo‘lida xayru ehsonlar qilishi shu jumladagi ishlar qatoriga kiradi.«Er yuzida buzg‘unchilikni izlama. Albatta, Alloh buzg‘unchilarni suymas.»Molu dunyoga quvonib, unga ishonib, buzg‘unchilik–fasod ishlarga berilish hech to‘g‘ri kelmaydi. Alloh buzg‘unchilarni xush ko‘rmaydi. Shuning uchun, ular ikki dunyoda xoru zor bo‘ladilar.Alloh taolo barchamizni O‘zining hidoyatidan ayirmasin!

4 May 2022, 19:52 | Savol-javoblar | 166 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar