Ulamolarimiz

Assalomu alaykum! Ulamo kim? Abror muxtor va Rustamjon domlalarni ulamo deb tan olishimiz kerakmi? Yoshlar orasida urf bo‘ldi, ulamolarga qarshi chiqsang kofir bo‘lasan va 7 avloding kuyib ketadi deb.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Ulamo olimning jami. Diniy ilmlarni egallagan kishilarga ulamo deyiladi. Ilmda peshqadam bo‘lgan kishilarni ulamo deb hurmat qilishingiz va ularga ergashingiz kerak. Bu Islom ummatining asrlar osha amal qilib kelyapgan, salafi solih ulug‘larimizdan bizga etib kelgan ta’limot hisoblanadi. Sahobalar, tobe’iy, taba’a tobe’iy va keyingi avlodlarda hammalari shunday qilishgan. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kattalarimizni ulug‘lamagan, kichiklarimizga rahim qilmagan va ulamolarimizning haqqini bilmagan bizdan emas”, deganlar. Sahobalardan ulug‘lari bo‘lgan, “Qur’onning tarjimoni” laqabi bilan mashhur bo‘lgan Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhuning ulovlarini tutib mindirmoqchi bo‘lganlarida: “Siz-a, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning amkilari o‘g‘li ansorlardan bir kishini ulovini tutasizmi?!” dedilar. Shunda Ibn Abbos roziyallohu anhu: “Habr – olim shunday ulug‘lanishi va sharaflanishi kerak!” deganlar. Shunga binoan shariatimizda ulamolarni hurmat qilish, ularni ulug‘lash musulmonlarni vazifasi hisoblanadi.  “Ulamoga qarshi chiqsang” deganda shariatga muvofiq aytgan gapiga qarshi chiqsang, hurmatsizlik qilsang degani bo‘ladi. Ulamolarni hurmat qilmaslik, Alloh asrasin ularni sha’niga yomon gaplarni gapirish va haqorat qilishning oqibati juda og‘ir bo‘ladi. Vallohu a’lam!

5 May 2022, 03:40 | Savol-javoblar | 150 | Ta’lim va muta’allim
|
Boshqa savol-javoblar