Hadis haqida

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar , quyidagi hadisni tushuntirib bersangiz , bu hadisda eslatilgan qiyomatga yaqin chiqadigan insonlar kim , ya’ni ona va qo‘yboqarlar? Hadis : U zot: “Ona o‘zining qiz xo‘jayinini tug‘mog‘i. Yalangoyoq, yalang‘och, kambag‘al qo‘yboqarlarning bino qurishda musobaqa qilayotganlarini ko‘rmog‘ing”, dedilar.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom!عَنْ عُمَرَ بْنِ الْخَطَّابِ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: بَيْنَمَا نَحْنُ عِنْدَ رَسُولِ اللهِ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم ذَاتَ يَوْمٍ إِذْ طَلَعَ عَلَيْنَا رَجُلٌ شَدِيدُ بَيَاضِ الثِّيَابِ شَدِيدُ سَوَادِ الشَّعَرِ، لَا يُرَى عَلَيْهِ أَثَرُ السَّفَرِ وَلَا يَعْرِفُهُ مِنَّا أَحَدٌ حَتَّى جَلَسَ إِلَى النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم فَأَسْنَدَ رُكْبَتَيْهِ إِلَى رُكْبَتَيْهِ وَوَضَعَ كَفَّيْهِ عَلَى فَخِذَيْهِ وَقَالَ: يَا مُحَمَّدُ أَخْبِرْنِي عَنِ الْإِسْلَامِ فَقَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم : الْإِسْلَامُ أَنْ تَشْهَدَ أَنْ لَا إِلَهَ إِلَّا اللهُ وَأَنَّ مُحَمَّدًا رَسُولُ اللهِ وَتُقِيمَ الصَّلَاةَ وَتُؤْتِيَ الزَّكَاةَ وَتَصُومَ رَمَضَانَ وَتَحُجَّ الْبَيْتَ إِنِ اسْتَطَعْتَ إِلَيْهِ سَبِيلًا. قَالَ: صَدَقْتَ قَالَ: فَعَجِبْنَا لَهُ يَسْأَلُهُ وَيُصَدِّقُهُ قَالَ: فَأَخْبِرْنِي عَنِ الْإِيمَانِ قَالَ: أَنْ تُؤْمِنَ بِاللهِ وَمَلَائِكَتِهِ وَكُتُبِهِ وَرُسُلِهِ وَالْيَوْمِ الْآخِرِ وَتُؤْمِنَ بِالْقَدَرِ خَيْرِهِ وَشَرِّهِ قَالَ: صَدَقْتَ، قَالَ: فَأَخْبِرْنِي عَنِ الْإِحَسَانِ قَالَ: أَنْ تَعْبُدَ اللهَ كَأَنَّكَ تَرَاهُ فَإِنْ لَمْ تَكُنْ تَرَاهُ فَإِنَّهُ يَرَاكَ قَالَ: فَأَخْبِرْنِي عَنِ السَّاعَةِ قَالَ: مَا الْمَسْئُولُ عَنْهَا بِأَعْلَمَ مِنَ السَّائِلِ قَالَ: فَأَخْبِرْنِي عَنْ أَمَارَاتِهَا قَالَ: أَنْ تَلِدَ الْأَمَةُ رَبَّتَهَا وَأَنْ تَرَى الْحُفَاةَ الْعُرَاةَ الْعَالَةَ رِعَاءَ الشَّاءِ يَتَطَاوَلُونَ فِي الْبُنْيَانِ، قَالَ: ثُمَّ انْطَلَقَ فَلَبِثْتُ مَلِيًّا ثُمَّ قَالَ لِي: يَا عُمَرُ أَتَدْرِي مَنِ السَّائِلُ؟ قُلْتُ: اللهُ وَرَسُولُهُ أَعْلَمُ، قَالَ: فَإِنَّهُ جِبْرِيلُ أَتَاكُمْ يُعَلِّمُكُمْ دِينَكُمْ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ وَزِيدَ فِي رِوَايَةٍ: فِي خَمْسٍ لَا يَعْلَمُهُنَّ إِلَّا اللهُ، ثُمَّ تَلَا النَّبِيُّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم "إِنَّ اللهَ عِنْدَهُ عِلْمُ السَّاعَةِ" الْآيَةَ ثُمَّ أَدْبَرَ فَقَالَ: رُدُّوهُ فَلَمْ يَرَوْا شَيْئًا، فَقَالَ: هَذَا جِبْرِيلُ جَاءَ يُعَلِّمُ النَّاسَ دِينَهُمْUmar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. Birdan ustimizda oppoq kiyimli, sochlari qop-qora odam paydo bo‘ldi. Unda safarning asari ko‘rinmas edi. Uni birortamiz tanimas ham edik. U kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘g‘rilariga o‘tirdi. Ikki tizzasini u zotning ikki tizzalariga tiradi. Ikki kaftini sonlari ustiga qo‘ydi va: «Ey Muhammad, menga Islom haqida xabar ber», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:«Islom – «Laa ilaaha illallohu Muhammadur Rasululloh» deb shahodat keltirmog‘ing, namozni to‘kis ado qilmog‘ing, zakot bermog‘ing, Ramazon ro‘zasini tutmog‘ing, agar yo‘lga qodir bo‘lsang, Baytni haj qilmog‘ing», dedilar. «To‘g‘ri aytding», dedi u. Biz undan ajablandik. O‘zi so‘raydi, o‘zi tasdiqlaydi. «Menga iymon haqida xabar ber», dedi. U zot sollallohu alayhi vasallam: «Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, rasullariga va oxirat kuniga iymon keltirmog‘ing, yaxshiyu yomon qadarga iymon keltirmog‘ing», dedilar. «To‘g‘ri aytding», deb tasdiqladi va: «Menga ehson haqida xabar ber», dedi. U zot sollallohu alayhi vasallam: «Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek, agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turgandek ibodat qilmog‘ing», dedilar.«Menga (qiyomat) soatidan xabar ber», dedi. U zot sollallohu alayhi vasallam: «So‘raluvchi bu haqda so‘rovchidan bilimliroq emas», dedilar.«Uning alomatlaridan xabar ber», dedi. U zot sollallohu alayhi vasallam: «Cho‘ri o‘z xojasini tug‘ishi, yalangoyoq, yalang‘och, kambag‘al cho‘ponlarning bino qurishda bir-birlaridan o‘zishga urinishlarini ko‘rmog‘ing», dedilar. So‘ngra u qaytib ketdi. Bas, men ancha vaqt g‘oyib bo‘ldim. So‘ngra u zot sollallohu alayhi vasallam menga: «Ey Umar, so‘rovchi kimligini bildingmi?» dedilar.«Alloh va Uning Rasuli biluvchiroq», dedim. U zot sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, u Jabroildir. Sizlarga dinlaringizni o‘rgatgani kelibdi», dedilar».Yana bir rivoyatda: «U (ya’ni, qiyomat soati) Allohdan boshqa hech kim bilmaydigan besh narsaning ichidadir», dedilar va Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, Allohning huzurida (qiyomat) soati ilmi bor» oyatini tilovat qildilar. So‘ngra u qaytib ketdi. U zot sollallohu alayhi vasallam: «Uni qaytaringlar», dedilar. Odamlar hech narsani ko‘rmadilar. Shunda u zot sollallohu alayhi vasallam: «Bu Jabroildir. Odamlarga dinlarini o‘rgatgani kelibdi», dedilar».Sharh: Ushbu hadisi sharif inson so‘zi vasfiga ojiz bo‘lgan ulkan haqiqatlarni o‘z ichiga olgan. Chunki unda Islom, iymon, ehsonning nima ekanligi, Qiyomat kuni haqida ma’lumotlar berilmoqda. Hadisning oxirida esa ushbu narsalarning jami «din» deb atalmoqda. Bu hadisda diniy ta’lim berishda amaliy-ko‘rgazmali dars ko‘rinishi bayon qilinmoqda. Imom Muslim Ammor ibn al-Qa’qo’dan rivoyat qilishlaricha, bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalar ichida o‘tirib: «Mendan so‘raydigan narsangizni so‘rab olinglar», dedilar. Odamlarni haybat bosib, biror narsani so‘ray olmay qoldilar. Shunda hadisda vasf qilingan, oppoq kiyimli, sochlari qop-qora, o‘zida safarning asari yo‘q, hech kimga tanish bo‘lmagan bir odam kirib kelgan va vasf qilingan hay’atda o‘tirib olib, hamma uchun o‘ta muhim bo‘lgan savollarni bera boshlagan. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam savol beruvchining: «Ey Muhammad, menga Islom haqida xabar ber», degan savoliga javoban:«Islom – «Laa ilaaha illallohu Muhammadur Rasululloh» deb shahodat keltirmog‘ing, namozni to‘kis ado qilmog‘ing, zakot bermog‘ing, Ramazon ro‘zasini tutmog‘ing, agar yo‘lga qodir bo‘lsang, Baytni haj qilmog‘ing», dedilar». Demak, uning Islom haqidagi savoliga javoban birinchi hadisda kelgan narsalarni zikr qilganlar. Faqat ro‘za bilan hajning o‘rni almashib, haj beshinchi bo‘lib zikr qilingan. So‘rovchining: «Menga iymon haqida xabar ber», degan so‘roviga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, rasullariga va oxirat kuniga iymon keltirmog‘ing, yaxshiyu yomon qadarga iymon keltirmog‘ing», deb javob berdilar. Bu savol iymonning shar’iy ma’nosida, ya’ni shariat bo‘yicha «Iymon deb nimaga aytiladi?» ma’nosidagi savoldir. Javobda esa shariat bo‘yicha iymonning bosh masalalari bo‘lgan narsalar umumiy ko‘rinishda aytilmoqda. «Allohga iymon keltirish» deyilgani umumiy gapdir. Lekin shariatga ko‘ra, «Allohning borligiga ishonaman», deyish bilan ish bitmaydi. Allohga iymon keltirishni tafsiloti bilan bilish lozim. Alloh taolo O‘zi aytganidek, U Zotning Payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallam vasf etganlaridek iymon keltirmoq lozim. Allohning borligiga, qadimiyligi, azaliyligi va abadiyligiga, ismlariga, sifatlariga va ishlariga to‘g‘ri ravishda iymon keltirish kerak. Shuningdek, Allohning farishtalariga iymon keltirish ularning borligiga iymon keltirish bilan tugal bo‘lmaydi. Farishtalarga tugal iymon Alloh taolo va Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek bo‘lishi kerak. Ularning vasflariga, xizmatlariga va xususiyatlariga ham iymon keltirish lozim. Shuningdek, Allohning kitoblariga, payg‘ambarlariga iymon keltirish ham Qur’on va Sunnat ko‘rsatmalariga muvofiq bo‘lishi lozim. Oxirat kuniga bo‘lgan iymon ham, yaxshiyu yomon qadarga iymon ham shariat ko‘rsatmasi bo‘yicha bo‘lishi kerak. Bu ishda birovga taqlid qilish bilan ish bitmaydi. Shuning uchun har bir musulmon ushbu masalalarni aqiyda ilmini biladigan taqvodor ulamolardan o‘rganib olmog‘i zarur. Iloji bo‘lsa, aqiyda kitoblaridan birortasini o‘rganish, muxtasar matnlardan birini yodlab olish lozim. Savol beruvchining uchinchi savoli: «Menga ehson haqida xabar ber», deyish bo‘ldi. «Ehson» lug‘atda «yaxshilik, go‘zal ish» ma’nosini anglatadi. Uning bu hadisdagi ma’nosi esa, ulamolarning aytishlaricha, «ixlos» ma’nosidadir. Javobda esa Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining oz iboralar bilan ko‘p ma’noni ifoda eta olish qobiliyatlarini ko‘rsatdilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ehson ta’rifida: «Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek, agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turgandek ibodat qilmog‘ing», dedilar. Ushbu ta’rifni va u orqali «ehson»ni to‘liq va to‘g‘ri tushunish uchun avvalo «ibodat» so‘zining ma’nosini batafsil anglab olmog‘imiz lozim. Bizda «ibodat» deganda namoz o‘qish, ro‘za tutish, haj qilish kabi narsalar tushuniladi. Albatta, bu narsalar ulkan ibodatlardir. Lekin ibodat ma’nosi faqat ushbu narsalar bilan chegaralanmaydi. Bu so‘z «abada» fe’lidan olingan bo‘lib, «qullik qildi – qul bo‘ldi» ma’nosini bildiradi. Abdulloh Allohning quli, deganidir. Demak, ibodat qullik qilish ma’nosidadir. Bu ma’no forschasiga «bandalik» deyiladi. Agar namoz, ro‘za va hajnigina ibodat deydigan bo‘lsak, o‘sha ibodatlarni ado etish paytida Allohga qullik qilinadi-yu, undan keyin Allohga qullik to‘xtaydimi? Unda inson namoz, ro‘za va hajdan boshqa vaqtda kimga qullik qiladi? Inson namoz o‘qib, ro‘za tutib, haj qilayotganida Allohni ko‘rib turgandek bo‘lishga harakat qilishi lozim-u, boshqa vaqtda lozim emasmi? Yoki o‘sha ibodatlar paytida Alloh meni ko‘rib turibdi, deb tasavvur qilishi kerag-u, boshqa vaqtlarda ko‘rmayapti, deb, o‘z bilganini qilaverishi kerakmi? Yo‘q, aslo unday emas! Alloh taologa insonning bandaligi-qulligi doimiydir. Namoz o‘qiyotgan inson ham, uxlayotgan inson ham Allohning bandasi. Ro‘za tutayotgani ham, ro‘za tutmayotgani ham Alloh taoloning bandasi. Haj qilayotgani ham, ilojini qila olmay, hajdan qolgani ham Alloh taoloning bandasi. Gap faqat o‘sha banda tomonidan o‘zining bandaligini tan olishida! Ya’ni, «Allohning quliman» degan odamning Allohga qullik qilishida! Boshqacha qilib aytganda, hayotning hamma sohalarida Allohning aytganini qilib yashashida! Bir xo‘jayinning xojaligini bo‘yniga olib, unga xizmatkor bo‘lgan kishi xo‘jayinning aytganlarini qilmasa, xizmatkorligi qolmaydi. Xojasidan qilmishiga yarasha jazo olishiga to‘g‘ri keladi. Allohga qul bo‘lgandan keyin ana shu qullikni o‘rniga qo‘yib yashamoq kerak. Shuning uchun ham ulamolarimiz: «Allohning roziligiga etkazadigan har bir ish ibodatdir», deydilar. Shundan kelib chiqib, musulmon odam har lahzada Alloh taoloni ko‘rib turgandek ixlos bilan yashamog‘i, U Zotning roziligini olishga harakat qilmog‘i kerak. Agar bu oliy maqomga erishishga ojizlik qilsa, har lahzasini Alloh taolo meni ko‘rib turibdi, degan e’tiqod bilan o‘tkazib, o‘shanga yarasha harakatda bo‘lmog‘i lozim. Ana o‘shandagina ehsonning quyi darajasiga erishadi. Agar bu darajaga erisha olmasa, namoz vaqtida Allohga, kasbi-kor paytida esa molu dunyoga bandalik qiladi. Ro‘za paytida Allohga, ovqatlanish paytida qorniga bandalik qiladi. Haj paytida Allohga, boshqa paytda esa turli urf-odatlarga yoki boshqa narsalarga qullik qiladi. Yuqorida o‘tgan uch o‘ta muhim savoldan keyin so‘rovchining: «Menga (qiyomat) soatidan xabar ber», deyishi, qiyomat kuniga bo‘lgan iymon ham g‘oyatda zarur ekanligini ko‘rsatib turibdi. Shu bilan birga, odamlar orasida, ayniqsa, qiyomatga ishonmovchilar orasida uchraydigan «qiyomat soati» haqidagi savolga uzil-kesil javob berishni taqozo qilmoqda. Darhaqiqat, qiyomat soati qachon ekanligi haqidagi savol qadimda ham berilardi, hozirda ham tez-tez takrorlanib turibdi. Ayni vaqtda ushbu savol soxta bashoratchilar bilan haqiqiy Payg‘ambarlar orasidagi farqni aniqlab beradigan savol hamdir. Soxta bashoratchilar o‘z atrofidagi johillarning ko‘tar-ko‘tariga berilib ketib, ko‘pincha qiyomat kuni va soatini oldindan belgilab qo‘yib, sharmanda bo‘lganlar va bo‘lmoqdalar. «Qiyomat soati qachon bo‘ladi?» degan savolga birdan-bir to‘g‘ri javob Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ushbu hadisi sharifda bergan javoblaridir. Bu javob juda sodda va o‘ta kamtarona javobdir. «So‘raluvchi u haqda so‘rovchidan bilimdonroq emas». Ya’ni, sen bu narsani bilmay, mendan so‘rayapsan, ammo men ham sen kabi qiyomat soatini bilmayman. So‘rovchi avvalgi savollarning javobini bilib turib so‘ragan. Shuning uchun ham javobni eshitgandan so‘ng «To‘g‘ri aytding!» deb tasdiqlagan. Ammo, qiyomat soati qachon bo‘lishini bilmay turib so‘ragan. So‘ralgan odam ham javob bera olmasligini bilgan. Ushbu maqomda Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ulug‘vorliklari alohida namoyon bo‘lmoqda. O‘zlariga ergashgan, u zotni insoniyatning eng afzali deb bilgan va Allohning Rasuli, deb chin ixlos qilgan kishilar huzurida begona odamning savoliga ochiqchasiga «bilmayman», deb javob bermoqdalar. O‘zlarining hadlarini ochiq tan olmoqdalar. Hozirgi kunimizda ba’zi bir kishilar o‘zlarining bilmagan narsalarini biladigandek ko‘rsatish uchun turli hiyla-nayranglar qiladilar, yolg‘on-yashiq gapiradilar. Aslida esa bu ishlari o‘z kamchiliklarining boshi ekanligini tushunishni ham xohlamaydilar. Muhammad sollallohu alayhi vasallam esa o‘zlariga tegishli narsaga ochiq-oydin javob berganlar. Bilmaydigan narsalarini ham ochiq-oydin «bilmayman» deb aytganlar. Chunki mutlaq hamma narsani bilish Alloh taologa xos. Bir qancha narsalar borki, ularni faqat Alloh taoloning O‘zigina biladi. O‘sha narsalardan biri qiyomat soatining qachon bo‘lishidir. Shuning uchun ham Imom Buxoriy va Imom Muslim Abu Hurayra roziyallohu anhudan qilgan boshqa bir rivoyatda yuqoridagi savolga javob bera turib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «U (ya’ni, qiyomat soati) Allohdan boshqa hech kim bilmaydigan besh narsaning ichidadir», dedilar va: «Albatta, Allohning huzurida (qiyomat) soati ilmi bor...» oyatini tilovat qildilar. Ya’ni, bu masala faqat Allohning O‘zigina biladigan ishlardan biri ekanligini bayon qildilar va unga oyatdan dalil keltirdilar. Ushbu narsa ham Muhammad sollallohu alayhi vasallamning Allohning haqiqiy payg‘ambari – elchisi ekanliklariga yorqin dalildir. U kishi Alloh bildirgan narsalarni ummatlariga etkazganlar, bildirmagan narsalarni «Bilmayman», deb aytganlar. Faqat soxta da’vogarlargina hamma narsani bilaman, deb chiranadilar. Ha, qiyomat soati qachon bo‘lishini Allohdan boshqa hech kim bilmaydi. Agar birov bilishi mumkin bo‘lganida, Muhammad sollallohu alayhi vasallam bilar edilar. Ammo Alloh taolo u zot sollallohu alayhi vasallamga qiyomatning alomatlarini bildirgan. Shuning uchun ham so‘rovchi: «Uning alomatlaridan xabar ber», deganida qiyomat soati yaqinlashganiga alomat bo‘luvchi narsalardan ikkitasini zikr qilib: «Cho‘ri o‘z xojasini tug‘ishi, yalangoyoq, yalang‘och, kambag‘al cho‘ponlarning bino qurishda bir-birlaridan o‘zishga urinishlarini ko‘rmog‘ing», dedilar. Ushbu hadisning ikki xil rivoyatida «Cho‘ri o‘z xojasini» degan jumlada sayyidini va sayyidasini, deb, ikki jinsga ishorat bo‘lgan ekan. Demak, cho‘ri ayolning o‘g‘li yoki qizi uning o‘ziga xo‘jayin bo‘lishini ko‘rasiz, shu narsalar yuzaga chiqadi, deganlar. «Cho‘ri o‘z xojasini tug‘ishi» degan gapni qanday tushunish kerak, degan masalada ulamolarimiz bir necha xil fikr aytganlar. Shu fikrlardan birida: «Buning ma’nosi bolalar orasida oqpadarlik, onabezorilik ko‘payib ketib, o‘g‘il-qizlar o‘z onalarini behurmat qilib, xuddi cho‘rilarga muomala qilgandek muomalada bo‘lishlariga ishoradir», deganlar. Alloh taolo ularni rahmat qilsin, xuddi hozirgi kunni nazarda tutib gapirganga o‘xshaydilar. Agar shu ma’noni oladigan bo‘lsak, qiyomat qoimning yana bir alomati yuzaga chiqib, uning qoim bo‘lishi yaqinlashganini anglaymiz. Ushbu hadisda zikr qilingan qiyomatning ikkinchi alomati yalangoyoq, yalang‘och, kambag‘al cho‘ponlarning bino qurishda bir-birlaridan o‘zishga urinishlaridir. Qadimgi ulamolarimiz mazkur sahro ahli – uy nimaligini bilmay, chodirda yashab yurgan odamlar haqida «Ular ahvol o‘zgarishi bilan uy-joyga ega bo‘lib, faxr uchun bir-birlaridan hashamatliroq uy qurishga urinib ketadilar», deb aytganlar. Bunga o‘z zamonlaridan misol keltirganlar. Ammo hozirgi bizning zamonimizda, ayniqsa, Arabiston yarim orolining turli joylarida mazkur vasfga ega bo‘lganlar va ularning avlodlari hashamga, zebu ziynatga, nom chiqarishga, xususan, uy qurishga berilganlarini ko‘rsalar, qiyomat qoim bo‘lishiga juda oz qolibdi, deyishlari turgan gap edi. Albatta, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu hadisni aytgan vaqtlarida bunday gaplar yo‘q edi, keyin paydo bo‘ldi. Bu ham Muhammad sollallohu alayhi vasallamning haq payg‘ambar ekanliklariga yorqin dalildir. Qiyomatning ushbu ikki alomatidan boshqa yana bir qancha alomatlari borki, ularni o‘rni kelganda o‘rganamiz. Hadisdan olinadigan foydalar: 1. Islom asoslari shahodat, namoz, zakot, ro‘za va hajdan iborat ekanligi. Ularning Islom binosining ruknlari ekanligi haqida birinchi hadisda gapirib o‘tdik.2. Iymonning asoslari – Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga, oxirat kuniga, yaxshiyu yomon qadar Allohdan ekanligiga ishonish va ularni tasdiqlashdan iboratligi. Ulamolarimiz Islom bilan Iymon orasidagi aloqa, farq va «qaysi biri umumiy», deganga o‘xshash savollar haqida uzundan-uzoq bahslar qilganlar. Ularning bu haqda alohida kitob yozganlari ham bor. Lekin gapning xulosasi shuki, Islom va Iymon tushunchalari umumiy tarzda bir-biriga qovushib ketaveradigan, biri ikkinchisini ifoda etaveradigan tushunchalardir. Ammo ikkisini alohida olib qaraydigan bo‘lsak, Iymon-e’tiqod nazariy masalalarga, Islom esa bo‘ysunish – amaliy masalalarga xosdir. 3. Ehson bandaning Allohni ko‘rib turgandek ixlos bilan Unga ibodat qilmog‘i, ishonmog‘i, hayot kechirmog‘idir. Juda bo‘lmasa, «Alloh meni ko‘rib turibdi», degan ishonch bilan, o‘shanga yarasha amal qilmog‘i, yashamog‘idir. Bu darajaga etmagan shaxs ehson-ixlos darajasiga etmagan hisoblanadi. 4. Qiyomat soati qachon bo‘lishini Alloh taologina biladi. Boshqalar esa qiyomatning Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bayon qilgan alomatlarinigina biladilar. 5. Bularning hammasi qo‘shilib, din deyiladi. Chunki ushbu narsalarni so‘ragan shaxs qaytib ketganidan so‘ng Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sahobalarga: «Uni qaytaringlar», dedilar. Sahobai kiromlar qarab, hech kimni ko‘rmadilar. Shunda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ularga: «Bu Jabroildir. Odamlarga dinlarini o‘rgatgani kelibdi», dedilar. Ya’ni, uning savollari odamlarga dinlarini o‘rgatish maqsadida berilgan edi, dedilar. Shundan, bu savollarda zikr qilingan masalalarning majmuasi «din» ekanligi tushuniladi. Biz o‘rganayotgan rivoyatning shu joyi hazrati Umarning bilganlari asosida bayon qilingan. Ya’ni, haligi so‘rovchi savollarni berib, javoblarni eshitib, o‘rnidan turib ketgach, Hazrati Umar ham turib ketganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Uni qaytaringlar», deganlaridan boshlab, to oxirigacha bo‘lgan gaplardan u kishi xabardor bo‘lmaganlar. Balki, o‘zlariga tegishli boshqacha davomning guvohi bo‘lganlar. Hazrati Umar o‘z guvohliklarini quyidagicha bayon qiladilar: «So‘ngra u qaytib ketdi», ya’ni, savol beruvchi turib ketdi. «Bas, men ancha vaqt g‘oyib bo‘ldim». Boshqa bir rivoyatda «Uch kun g‘oyib bo‘ldim», deganlar. Keyin yana Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan ko‘rishganlar. Shunda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam uch kun oldin bo‘lib o‘tgan hodisani eslab: «Ey Umar, so‘rovchi kimligini bildingmi?» dedilar. Hazrati Umar: «Alloh va Uning Rasuli biluvchiroq», deb javob berdilar. U zot sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, u Jabroildir. Sizlarga dinlaringizdan ta’lim bergani kelibdi», dedilar. 6. Farishta turli insonlarning shaklida, qiyofasida ko‘rinishi mumkin ekan. Jabroil alayhissalom Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning oldilariga odam shaklida kelganlarida ko‘proq Dihyatul Kalbiy ismli sahobiy suratlarida kelganlar. Ammo bu hadisda hech kim tanimaydigan odam shaklida kelganlari ta’kidlanmoqda. Demak, u zot Dihyatul Kalbiy roziyallohu anhuning suratlaridan boshqa suratda ham kelganliklari ma’lum bo‘ladi. 7. Ushbu hadisda tilga olingan narsalarga iymon keltirish vojibligi. 8. Odamlarga o‘rgatish maqsadida bilgan narsasini ham ko‘pchilik oldida so‘rash mumkinligi. 9. Ikki bilgan odam biri so‘rab, ikkinchisi javob qaytarib, ko‘pchilikka diniy ta’lim berishlari joiz ekanligi. 10. Qiyomat qachon qoim bo‘lishini Allohdan boshqa hech kim, hatto Payg‘ambarlarning ulug‘i Muhammad sollallohu alayhi vasallam ham, farishtalarning ulug‘i Jabroil alayhissalom ham bilmasliklari. 11. Qiyomatning ba’zi alomatlarinigina bilish mumkinligi. 12. Boshliq va ustozlar huzurida odob bilan turish. Sahobalar ana shunday odob o‘rnaklarini ko‘rsatib, o‘zlari tanimaydigan begona shaxs kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga savollar berganida indamay, jim turdilar. U ketganidan keyin ham «U kim edi?» deb so‘ramadilar. 13. Boshliq va ustozlar ko‘pchilik bilmay qolgan, lekin bilishi lozim bo‘lgan narsalarni savol berilishini kutmay, bayon qilishlari lozimligi. Chunki Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam shunday qildilar. 14. Jabroil alayhissalom Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida cho‘kkalab, qo‘llarini sonlariga qo‘yib o‘tirishlaridan tolibi ilm odoblarini o‘rganib olamiz. 15. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam faqat savol berish bilan kifoyalangan Jabroil alayhissalom haqida «O‘rgatgani kelibdi», dedilar. Bundan yaxshi va o‘rinli savol ta’lim o‘rniga o‘tishini bilib olamiz. 16. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning «So‘raluvchi bu haqda so‘rovchidan bilimliroq emas», deyishlari bilmagan narsasini «bilmayman», deyish ham ilm ekanligini ko‘rsatadi. 17. Jabroil alayhissalomning «To‘g‘ri aytding», deb Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning javoblarini tasdiqlashlaridan bilgan odam javobdan qoniqqanligini shu yo‘l bilan ifoda qilishi mumkinligi kelib chiqadi. Hadisi sharifdan kelib chiqadigan hikmatlar: Ushbu hadisi sharifdan juda ko‘p hikmatlar chiqishini u bilan tanishish davomidayoq tushunib etdik. Bu hadis o‘z ichiga olgan ma’nolar hikmati, uning insoniyatga etkazadigan foydalari haqida son-sanoqsiz kitoblar bitilib, talay gaplar aytilgan. Biz esa, o‘z odatimiz bo‘yicha, qisqa va umumiy mulohazalar bilan kifoyalanamiz. So‘zni ushbu hadisdagi iymon va uning ruknlari haqidagi ma’nolardan boshlaymiz. Iymon-e’tiqodning inson hayotidagi ahamiyati cheksiz ekanligini insoniyat iymonsizlik jafosini tortib ko‘rganidan keyingina tushunib-etib turibdi. Qadimdan iymonsizlikning turli ko‘rinishlari zohir bo‘lib kelsa ham, u bor haqiqat sifatida o‘rtaga chiqqan emas edi. Hamma u yoki bu tarzda iymonga yuzlanar edi. Ko‘pchilikning xatosi Alloh bayon qilgan tarzdagi iymonga yuzlanmaslikda edi. Hech kim «Alloh taolo yo‘q» demas edi. Ammo ko‘pchilik U zotga shirk keltirar, U zotning ismlari, sifatlari va amallarining ba’zilarini inkor qilar yoki noto‘g‘ri tushunar edilar. Shuning uchun ham qadimgi aqiyda kitoblarimizda Allohning borligi haqida emas, U Zot taoloning tavhidi, sifatlari, ismlari va amallari haqida so‘z yuritilgan. Aqoid ulamolari Allohning borligi haqida bahs yuritib o‘tirmaganlar. Chunki bu haqiqatni ba’zi e’tiborsizlardan boshqa hech kim inkor qilmagan. Islomda iymon Alloh taolodan bandalarga berilgan ne’matlarning eng ulug‘i sifatida qadrlanadi. Islom insonning qadrini iymon bilan o‘lchaydi. Iymonsiz odam ikki dunyoda ham hech bir narsaga erisha olmasligini qattiq ta’kidlaydi. Islom hamma narsa iymon asosida olib borilishiga alohida ahamiyat beradi. Ushbu hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Jabroil alayhissalomning «Menga Iymon haqida xabar ber», degan so‘rovlariga javoban birinchi bo‘lib, «Allohga bo‘lgan iymon»ni zikr qildilar. Darhaqiqat, Allohga bo‘lgan iymon bu masalada bosh rukn hisoblanadi. Allohga iymon bo‘lmasa, boshqa narsaga iymon bo‘lishi mumkin emas. Shunday ekan, iymon masalasining bosh rukni bo‘lmish Allohga iymon keltirish nima o‘zi? Islomiy nuqtai nazarga ko‘ra, Allohga bo‘lgan iymon Alloh taoloning borligiga, yagonaligiga, xoliqligiga, mudabbirligiga, roziqligiga hamda boshqa sifatlari va ismu amallariga til bilan iymon keltirish, dil bilan tasdiqlash va a’zolar bilan amal qilishdir. Bu iymon Alloh taoloning O‘zi va Allohning Rasuli sollallohu alayhi vasallam bayon qilganlaridek bo‘lishi zarur. To‘g‘ri, ba’zi bir ulamolar iymonning istilohiy ma’nosiga amal qo‘shilmaydi, deganlar. Lekin bu lafziy xilof bo‘lib, amal iymonning ajralmas qismi ekanligiga hamma ittifoq qilgan. Gap iymon amal qilinmagan vaqtda botil bo‘ladimi, yo‘qmi, degan savol yuzasidan paydo bo‘lgan xilof haqida ketmoqda. Ba’zilar «Mo‘min kishi iymonga xilof ish qilishi bilan kofirga aylanadi», deganlar. Boshqalar esa «Bu holatda darhol iymondan chiqib, kofirga aylanmaydi, ya’ni iymonga xilof amal qilishi mo‘minni darhol iymondan chiqarmaydi, unday odam katta gunoh qilgan bo‘ladi, qilgan gunohi uchun javobgar bo‘ladi. Bordiyu o‘sha gunohni «Qilsa bo‘laveradi», degan e’tiqodda bo‘lsa, kofir bo‘ladi. Lekin gunoh qilganiga afsuslanib, qayta qilmaslik ahdi bo‘lsa, gunohiga yarasha shar’iy jazo oladiyu mo‘minligi bo‘yicha qoladi», deganlar. Bu bahs o‘tmishdagi ulamolarimiz oralarida juda qizigan. Lekin ulardan birortasi ham iymon taqozo qilgan amallarni qilmaslik joiz, deb aytmagan. Ha, Allohga bo‘lgan iymon o‘z egasini har bir narsada Allohning amri bilan yashashga chorlaydi. Allohga iymoni bor odam: «Har bir ishim-qilmishimni Alloh ko‘rib turibdi», degan ishonch ila yashaydi. Shuning uchun u faqat Allohga xush keladigan ishlarni qilib yashaydi. Allohga iymoni bor odam: «Har bir gapimni Alloh eshitib turibdi», degan ishonch bilan yashaydi. Shuning uchun doimo o‘zidan yaxshi ovoz, gap, so‘z va ma’nolar chiqishiga harakat qiladi. Allohga iymoni bor odam: «Har bir narsamni Alloh hisoblab turibdi, qiyomat kuni so‘roq-savol qiladi», degan ishonch bilan yashaydi. Shuning uchun doimo yaxshilik qilib, yomonlikdan qochadi. Allohga iymoni bor odam: «Tavbani faqat Alloh qabul qiladi», degan ishonch bilan yashaydi. Shuning uchun ham, o‘zidan xato o‘tsa, darhol tavba qilishga, chin qalbdan afsus chekishga, o‘sha xatoni takror qilmaslikka shoshiladi. Allohga iymoni bor odam barcha yaxshi fazilatlarni o‘zida jamlashga, barcha razolatlardan chetda bo‘lishga harakat qiladi. Bu esa har bir inson uchun, har bir oila uchun, har bir jamiyat uchun va butun insoniyat uchun o‘ta muhim narsalar ekanligini odamlar ko‘rib-bilib turibdilar. Ha, boshqa masalalar qatori, iymon masalasida ham hamma narsa Allohning O‘zi ko‘rsatganidek bo‘lishi kerak. Inson o‘zicha: «Unga iymon keltiramanu, bunga iymon keltirmayman», deyishi kulgili. Bunda iymon-e’tiqod, dinu diyonat masalasini Alloh emas, banda joriy qilgan bo‘ladi. Allohga iymon qanday bo‘lishi kerakligini Allohning O‘zi bayon qilib berishi faqat Islomdagina sobitdir. Shuningdek, Allohdan boshqa iymon keltirish lozim bo‘lgan narsalarni Alloh bayon qilib berishi ham faqat Islomda sobitdir. Jumladan, ushbu biz o‘rganayotgan hadisda bu haqiqatning bayoni qisman kelganligi aytib o‘tildi. Allohning farishtalariga bo‘lgan iymon ham katta hikmatlarga molikdir. Farishtalarga bo‘lgan iymon har bir shaxs, jamiyat va barcha insoniyat uchun koni foydadir. Allohning inson ko‘ziga ko‘rinmaydigan, charchamaydigan, g‘aflatda qolmaydigan, gunoh qilmaydigan, o‘zlariga berilgan amrni so‘zsiz bajaradigan va yana bir qancha oliy sifatlarga ega bo‘lgan va «farishtalar» deb nomlangan askarlari borligiga iymon keltirish qachon, kimga zarar keltiribdi? Mo‘min-musulmon inson o‘ziga ikki farishta biriktirilganiga ishonadi. Agar o‘zi to‘g‘ri yurib, to‘g‘ri tursa, o‘sha ikki farishta Allohning izni ila uni muhofaza qilishiga iymon keltiradi. O‘sha farishtalarning biri zarracha bo‘lsa ham yaxshi amallarni, ikkinchisi yomon amallarni nomai a’moliga yozib borayotganiga, qiyomat kuni shu yozilgan narsalar asosida hisob-kitob bo‘lishiga iymon keltiradi. Bu esa har bir insonni doimo yaxshilik qilib, yomonlikdan qochishga undovchi juda kuchli omildir. Bu omil har bir inson, jamiyat va barcha insoniyat uchun o‘ta zarurdir. Farishtalarga iymon bo‘lmagan jamiyatda esa odamlar xohlagan yomonligini xohlagan vaqtda, xohlagan joyda qiladigan bo‘ladi. Iymonsiz jamiyat mafkurachilari to‘qib chiqargan vijdon azobi kabi narsalar foyda bermadi. Chunki iymonsizda vijdon bo‘lishi umuman mumkin emas. Iymonsizlik natijasida inson tabiati ham buziladi. Ba’zi insonlar o‘zlariga bo‘lgan ishonchni yo‘qotib, qo‘rqoq, shaxsiyatsiz bo‘lib qoladilar. Boshqalari esa har qanday yomonlikdan tap tortmaydigan nobakor maxluqqa aylanadilar. Shuningdek, farishtalarga nisbatan iymoni buzuq bo‘lgan yurtlar va xalqlarda ham turli muammolar kelib chiqadi. Ularning ba’zilari farishtalarni Allohga shirk keltirsalar, boshqalari ularni dev, pari va o‘zga xurofiy narsalarga aralashtirib yuboradilar. Oqibatda turli zararli urf-odatlar va tasarrufotlar kelib chiqadi. Demak, biz musulmonlar boshqa narsalardagi kabi, farishtalar haqida ham eng to‘g‘ri iymonga ega ekanligimiz bilan faxrlanishimiz va undan foydalanishimiz lozim. Allohning Kitoblariga iymon keltirish ham ulkan hikmatlarga molik ishdir. Bu Alloh taolo vaqti-vaqti bilan bandalariga o‘z Kitoblari, ya’ni ko‘rsatmalari to‘plamini tushirib, ularni ikki dunyo saodatiga erishtiradigan yo‘lga hidoyat qilib turganiga iymon keltirishdir. Bu Alloh har zamonni o‘ziga yarasha kitob bilan ta’minlab, asta-sekin insoniyatni tayyorlab borgani va voyaga etkazganiga iymon keltirishdir. Bu insoniyat o‘z kamoliga etganida Alloh unga barkamol Kitob, qiyomatgacha mo‘’jiza bo‘lib qoluvchi Qur’oni Karimni nozil qilganiga iymon keltirishdir. Bu insoniyat bundan buyon faqat Qur’onga amal qilgandagina maqsadga erishishi mumkinligiga iymon keltirishdir. Allohning Kitoblariga iymon keltirmaydiganlar esa ushbu ezguliklarning barchasiga, insonning asli bir ekanligiga kufr keltiruvchilardir. Ular Alloh insonni ulug‘lab, unga O‘z ta’limotlarini berganiga, boshqa maxluqotlardan ustun ekanligini isbot qilganiga kufr keltiruvchilardir. Shuning uchun ham, Allohning Kitoblariga yoki ularning ba’zisiga iymon keltirmaganlardan faqat yomonlik chiqadi, xolos. Allohning payg‘ambarlariga iymon keltirish ham g‘oyatda purhikmat ishdir. Alloh taolo insonlar ichidan O‘ziga payg‘ambar tanlab olishining o‘zi insoniyat uchun ulkan sharafdir. Odam Atodan boshlab, Muhammad sollallohu alayhi vasallamgacha bo‘lgan payg‘ambarlar silsilasi esa insoniyatning sharaf silsilasidir. Payg‘ambar alayhissalomlar insoniyat uchun shonu sharaf, faxr bo‘lgan shaxslardir. Ular Robbul olaminning ko‘rsatmalarini odamlarga etkazib bergan shaxslardir. Ularning hammalari bir Allohning bandalari, bir Allohning payg‘ambarlaridir. Ular bir-birlari bilan birodardirlar. Ular bir-birlarini to‘ldirib, bir-birlarini tasdiqlab kelganlar. Ular orqali insoniyatning asli bir ekanligi, bir Allohga sig‘inganligi, bir dinga amal qilganligi tushuniladi. Shuning uchun ham, Islomda ularning orasini farqlamay, hammalariga birdek iymon keltirish farzdir. Payg‘ambar alayhissalomlardan birortalarini inkor qilgan kimsa xuddi hamma payg‘ambarlarni inkor qilgan kabi kofir bo‘ladi. Payg‘ambar alayhissalomlarning har birlari yaxshilik, fazilat bobida insoniyat uchun o‘rnak va namunadirlar. Ularning har biri hidoyat mayog‘idir. Ularning oxirgisi – Muhammad sollallohu alayhi vasallam qiyomatgacha hammaga o‘rnakdirlar. Insoniyat bugungi kunda payg‘ambarlardan o‘rnak olishga o‘ta muhtoj bir holga kelgandir. Buning uchun ularning ehtiromini o‘rniga qo‘yish, ular haqida Islom ko‘rsatganidek iymon keltirish lozim. Chunki Islomdan boshqa din va mafkuralarda bu narsa yo‘q. Iymonsizlar insoniyat tarixining gultoji bo‘lmish Payg‘ambar alayhissalomlarni hiylagar, yolg‘onchi, buzuq, kazzoblar deb e’lon qildilar va bu bilan insoniyat qadrini yana bir bor erga urdilar. Iymonsizlar insoniyatni payg‘ambarlardan emas, o‘zlarining nafsi buzuq, aroqxo‘r, maymunsifat boshliqlaridan o‘rnak olishga chaqirdilar. Ular mazkur nobakorlarni payg‘ambarlardan ustun qo‘yib, afzal ko‘rsatishga urindilar. Ammo vaqti-soati kelib, ular sig‘inib yurgan shaxslar shaytondan battar, tuban maxluqlar ekanligi ma’lum bo‘ldi. Islomdan boshqa ayrim dinlarda Payg‘ambar alayhissalomlarning ba’zilarini o‘z qizi bilan zino qilishda ayblab, ba’zilarini umuman tan olishmaydi. Boshqa bir dinda esa g‘uluvga ketib, ular ilohiylashtirib yuboriladi. Xudoning o‘g‘li yoki xudo deb e’tiqod qilinadi. Bunga o‘xshagan xatolar to‘lib yotibdi. Demak, ushbu masalada hamma narsa o‘z o‘rniga tushishi uchun ham Islom kerak. Islom oxirat kuniga iymon keltirishni ham iymondagi rukn masalalaridan qilgan. Iymon keltirish lozim bo‘lgan narsalar ichida bu masalaga alohida e’tibor beriladi. Nima uchun bunday qilinganini bugungi kunda yaxshi tushunib turibmiz. Oxirat kuniga iymon bo‘lmasa yoki mazkur kunga iymon zaif bo‘lsa, insoniyat tanazzulga yuz tutishini tajriba ko‘rsatdi. Oxirat kunida hamma odamlar qayta tirilishiga, bu dunyoda qilgan amallarining zarra-zarrasigacha mukofot yoki jazo olishiga iymoni yo‘q odamdan yaxshilik chiqishi amri mahol. Agar oxirat kuniga iymon-ishonch qolmasa, er yuzida ezgulik va adolatga erishib bo‘lmaydi. Oxirat kuniga iymon yo‘qolib, «Odam o‘lganidan keyin chirib, yo‘q bo‘ladi, qayta tirilmaydi», degan fikr hokim bo‘lsa, er yuzida kuchli kuchsizni eb bitiradigan «o‘rmon qonunlari» joriy bo‘ladi. Ha, agar zolim o‘z zulmiga javob bermasa, yolg‘onchi-firibgar o‘z yolg‘oni, firibi bilan davr surib qolish payidan bo‘laversa, xullas, hamma bu foniy dunyo matohi uchun har qanday yomonlikdan, ifloslikdan qaytmasa, bu dunyo qanday dunyo bo‘ladi? Kuchsizlar, mazlumlar, bechoralarning holi nima kechadi? Hayot kechirish o‘z-o‘zidan cheksiz azobga aylanib, jamiyatda noumidlik, loqaydlik va o‘zini-o‘zi o‘ldirishlar ko‘paymaydimi? Mazkur balo-ofotlardan qutulish uchun kishilar insofli, diyonatli, to‘g‘riso‘z bo‘lishlari, barcha yomonliklardan qaytishlari lozim. Yomonlikdan qaytish uchun esa oxirat kuniga iymon albatta lozim. Biz o‘rganayotgan hadisda ta’rif qilingan ehsonga – ixlosga insoniyat bugungi kunda qanchalar muhtoj ekanligini gapirib o‘tirmasak ham bo‘ladi. «Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek, agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turganidek ibodat qilmog‘ing». Bugungi dunyomizning asosiy musiybati unda Allohni ko‘rib turgandek ibodat qiladiganlarning yo‘qligidandir. Bugungi olamimizning mushkuli unda «Alloh meni ko‘rib turibdi», degan ishonch bilan ibodat qilib yashovchilarning yo‘qligi yoki kamyobligidandir. Shuning uchun hech bir narsada ixlos yo‘q. Hech bir narsani yaxshilab bajarish yo‘q. Oqibati esa hammaga ma’lum. Islom esa bu maqomni o‘n besh asr ilgari Islom va Iymonning oliy maqomiga aylantirgandir. Ehsonning, ixlosning maqomini yuqori ko‘targandir. Darhaqiqat, mo‘min-musulmonlar ichida ushbu maqomga erishganlar ko‘p bo‘lgan davrlarda ular dunyoni boshqardilar. Bu maqomdagilar ozayganda esa olamda ularning tutgan o‘rni ham pastladi. Bu maqomdagilar yo‘q bo‘lganda esa musulmonlarning mavqei tushib, yo‘q darajaga keldi. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

21 Aprel 2022, 11:23 | Savol-javoblar | 211 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar