Fol ochadigan qo‘shni

Assalomu alaykum! Bizni bir qo‘shnimiz bor, fol ochadi, chilyosin qiladi va qaralas qiladi. Odamlar uyiga tovuq va boshqa kichik mol olib kelib, turli xil qo‘rquv chiqaruv, qaralas qilish kabi ishlarni o‘sha tovuqlarga qiladi. Tovuqlar esa 3-4 kun o‘tib o‘ladi. O‘lib qolmasidan oldin o‘sha folbinning o‘g‘li o‘sha tovuqlarni bozorga olib borib sotadi. Lekin o‘sha tovuqlarni sotganidan keyin o‘ladi. O‘sha bola bu ish gunohligini biladi, lekin baribir sotadi. Ularni qilayotgan ishlari to‘g‘rimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Harom ishlar va aynan ma’siyatu gunoh bo‘lgan amallarga yordam berish ham eng og‘ir gunohlardan hisoblanadi. Butparastlarning bir nechta ilohlari bor. Bittasini rizq beruvchi deyishadi, birini omad keltiruvchi, birini yaxshilik, birini yomonlik, birini suv, birini temir, birini er, birini osmon xudosi deb tushunishadi. Biznikilar ham ayni shunday shirk e’tiqodga o‘tirib bo‘lishgan. Dovud alayhissalomni temir xudosi deyishadi, garchi lafzini pir deb o‘zgartirishgan bo‘lsa ham. U kishiga atab jonliqlar so‘yishadi. Madad qilishini so‘rashadi. Nuh alayhissalomni yog‘och xudosi qilib olishgan. Bu boraga tegishli hamma ishlarda u kishidan madad so‘rashadi. U kishiga atab taomlar pishirishadi, oxliqlar atashadi. Imom Naqshbandiy rahmatullohi alayhni yaxshiliklar xudosi, yomonliklarni daf qiluvchi balogardon deb yuqoridagi ishlarni qilishadi. Bundan tashqari farzand tilanadigan, rizq tilanadigan xudochalarini hisobi yo‘q. O‘zlaricha har bir maqbaraning tagida shunday xudocha qilib olishgan. Buni shirk va ko‘pxudolik bo‘lishidan hech qanday farqi yo‘q. Chunki u kabi ishlarni aslida Alloh taoloning O‘zigina qodir va Alloh taoloning o‘zidangina so‘rash kerak. Ko‘pxudolik tarixini o‘qib hozirgilarni “pir”iga qilayotgan muomalasidagi farqni topingchi. Vallohu a’lam!

5 May 2022, 09:19 | Savol-javoblar | 153 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar