taxorat sinadimi

Muxtaram Shayx Muxammad Sodik xazratlariUstoz taxoratli bulgan vaktlarda el chikishining juda oz mikdori uchrab turadi, (bilmadim buni el chikishi deyiladimi yoki boshkami)bunda xid xam, ovoz xam sezilmaydi, lekin orka peshob kismida bir narsa kimirlab zarra mikdoricha pufakcha tashkariga chikkani tana kismiga seziladi. Bu xolat beixtiyor sodir buladi, shu xolatda taxorat sinadimi..?Shunday xolat jum’a ma’ruzasini tinglayotgan vaktimda sezilgandi, lekin xid va ovoz chikmagani uchun taxoratni yangi olmagan edim..Javob uchun oldindan raxmat
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- Abbod ibn Tamiym roziyallohu anhu o‘z amakilaridan rivoyat qilganlar:«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga namozda bir narsa bo‘lgani xayoliga keladigan odam haqida shikoyat qilindi. U zot:«Toki ovoz eshitmagunicha yoki elni topmagunicha namozini buzmaydi», dedilar». Boshqa bir rivoyatda: «Qachonki birortangiz qornida biror narsani topsa, unga undan bir narsa chiqdimi-yo‘qmi aniq bo‘lmay qolsa, toki ovozni eshitmagunicha yoki elni topmagunicha masjiddan chiqmasin», deganlar». Beshovlari rivoyat qilishgan.Inson hayotida to‘liq ishonchga, aniq va mustahkam mavqega ega bo‘lishi katta o‘rin tutadi. Shak-shubha va ikkilanish esa foyda keltirmasligi aniq. Shak-shubha, ishonchsizlik va ikkilanish shaytonning ishi hisoblanadi. Shayton insonni doimo noqulay holatda bo‘lishini xohlaydi. Bu ish ayniqsa, musulmon inson uchun namozda yaqqol bilinadi. Shayton namoz paytida ko‘proq vasvasa qilishga urinadi. Uning bu holdagi vasvasasidan biri, kishining xayoliga tahorati ketganga o‘xshash fikr kelaverishidir. Bu haqiqat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ba’zi hadislarida o‘z ifodasini topgan.Ibn Xuzayma, Ibn Hibbon va Hokimlar Abu Sa’id al-Hudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilishgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:«Vaqtiki, birortangizga shayton kelib, tahoratingni ketkazding, desa, «yolg‘on aytibsan», desin. Magar burni ila hid hidlasa yoki qulog‘i bilan ovoz eshitsa», deganlar.Abbod ibn Tamiym roziyallohu anhudan rivoyat qilingan biz o‘rganayotgan bu hadisni ulamolarimiz Islomning asl qoidalaridan biriga asos bo‘lgan ulug‘ hadislardan, deb baholaganlar. O‘sha qoida: «Narsalar, hattoki aniq-ravshan suratda teskarisi voqe’ bo‘lmaguncha o‘z aslida qolur. Oriz bo‘lgan shak-shubha ularga zarar qilmas», deb ta’rif qilingan.Ushbu hadis misolida asl tahorat – xayolda tahorat ketganga o‘xshaydi, degan fikr bo‘lishi bilan ketib qolmaydi. Tahorat ketgani elning hidini sezish, ovozini eshitish bilan aniq-ravshan bilingandan keyingina sobit bo‘ladi. Bungacha o‘z aslida turaveradi. Boshqa barcha ishlar ham shunga taqqoslanadi.

20 Aprel 2022, 19:26 | Savol-javoblar | 198 | Tahorat
|
Boshqa savol-javoblar