Exson hisoblanmaydimi?

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, restaranda osh berib ehson qilgan odam stolga prokatdan meva va chaq-chuqla olib exsonni o‘tkazsa va miqdoridan kamaygan meva va chaq-chuqla uchun pulini to‘lasa bu prokatdan olinganligi uchun exson bo‘lmaydimi? Hamma ham sotib ololmaydiku.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Siz hozirgi kunda muhim va hamma bilishi kerak bo‘lgan savolni so‘rabsiz. Shariatimizda oziq-ovqatlarni ijaraga berish ya’ni siz aytgandek prokatga berish va olish degan narsa yo‘q. Shuning uchun hozirgi shaklda ish yuritish noto‘g‘ri. Qolaversa bunday ishni qiluvchilar faqat riyo uchun qiladilar hamda imkon qadar kelganlar uni iste’mol qilmasligini xohlaydilar. Bir necha bor meva-cheva emoqchi bo‘lgan keksalar artishga pichoq so‘raganlarida xizmatchi bolalar “Bu eyish uchun emas namoyish qilishga arendaga olingan” deb ogohlantirar ekan. Bu qanaqasiga ehson bo‘lsin? Hech bo‘lmasa ehson qiluvchi dasturxonga qo‘yilishidan avval naqd puliga sotib olsin. Ehson tugagach ortganini qaytarib egasiga sotib yuborishi mumkin. Shunda eganlar ham ehson qiluvchining mulkidan egan bo‘lishadi. Aks holda mehmonlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Mo‘min kishining qalbdan chiqmagan narsasini eyish halol bo‘lmaydi” degan hadislariga tushib, nopok narsalarni iste’mol qilgan bo‘ladilar. Chaq-chuqlarning sotuvchisi bilan og‘zaki tarzda qaytarib olishini va’dalashishi mumkin. Ammo qaytarib olish sharti bilan sotib olaman deyish shar’an joiz emas. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir savdoda ikki savdoni qilishdan qaytarganlar. Boshqa bir rivoyatda savdo qilib shart qo‘yishdan qaytarganlar. Bunday holatda o‘sha sotuvchi qaytarib olmaslikka ham haqqi bor. Vallohu a’lam!

21 Aprel 2022, 11:23 | Savol-javoblar | 174 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar