Shu to‘g‘rimi

Assalomu alaykum! Men bir makola ukidim shu makolada yozilganlar to‘g‘rimi? Iktibos "Hozirgi matbuot erkinligi davrida internet tarmoqlaridagi turli diniy saytlar orqali ko‘plab ma’lumotlar berilayotgani kishini quvontiradi, albatta. Lekin ba’zi ma’lumotlarning ichida mavzu’ (to‘qima, soxta) hadislarning ham xalq ichida keng ravishda tarqalib ketayotgani va bu musulmonlar orasida turli bahs va tortishuvlarga sabab bo‘layotgani achinarli holdir. Hozirgi kunimizda keng tarqalayotgan va o‘z navbatda muhaddis ulamolardan Imom Ahmad, Imom Zahabiy va Imom Hokim, Haysamiy va keyingi muhaqqiq muhaddis ulamolar tomonidan mavzu’ hadis deb e’tirof etilgan ba’zi hadislarning ayrimlarini quyida keltirib o‘tamiz: "Ey Ali, senga besh ming qo‘y beraymi yoki ham dunyo, ham oxirat uchun foydali besh kalimani o‘rgatayinmi?" – deb so‘radilar. "Yo Rasulalloh, besh ming qo‘y ozmuncha foyda emas. Biroq menga o‘sha besh foydali kalimani o‘rgatishingizni xohlayman, – dedim"... Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytdilar: "Shunday gunohlar borki, ularni na besh vaqt namoz, na ro‘za, na haj va na umra ketkaza oladi". Sahobalar: "Yo Rasululloh, (bo‘lmasam) ularni nima ketkaza oladi?"– deyishganida, U zot:"Halol rizq topish yo‘lida g‘am-tashvish chekib yurish",– dedilar. (Tabaroniy va Daylamiy rivoyati) Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Kimki menga bir bora salavot aytsa, Alloh unga u (salavoti) sababidan o‘nta salavot aytadi. Kimki menga o‘nta salavot aytsa, Alloh unga u(salavoti) sababidan yuzta salavot aytadi. Kimki menga yuzta salavot aytsa, Alloh unga u (salavoti) sababidan mingta salavot aytadi. Kimki menga mingta salavot aytsa, unga do‘zax o‘ti tegmaydi”. "Kim har kuni “Qul huvallohu ahad"ni ikki yuz marta o‘qisa, uning ellik yillik gunohlari o‘chiriladi". Yana shunga o‘xshash boshqa hadislarda zikr qilingan: "Kim "Qul huvallohu ahadni" har kuni ellik marta o‘qisa..." kabi hadislar va yana «Ramazonning o‘n beshinchisi, juma oqshomida qichqiriq ro‘y berishi» haqidagi tarqalgan rivoyatlar ham shular jumlasidandir. Aziz dindoshlar, avvalo, mening bu borada biror sayt yoki kanallarga adovatim yo‘q. Ammo, ilm omonat bo‘lganligi uchun ham, kamina bu hadislarning mavzu’, ba’zilari esa juda va o‘ta zaif, hatto, rivoyat qilinishi halol emasligini xolis Alloh uchun sizlarga etkazib qo‘ymoqchiman. Ulamolar mavzu’ hadislarni tarqatish mutlaqo joiz emas, deyishgan. Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlab o‘tmoqchimanki, duch kelgan gapni hadis deb tarqatishdan qachon to‘xtaymiz, axir! Istardimki, turli kanallardagi mutasaddi insonlar (admin) bu haqda javobgarlikni his qilib, agar ularda biror mavzuga tegishli hadisga ehtiyojlari tug‘ilsa, mana shu ishning ahllariga, ya’ni o‘zimizda etishib chiqayotgan hadisshunos ahli ilmlarga murojaat qilib ushbu hadisning darajasi – sahihmi, hasanmi – ya’ni, amal qilsa bo‘ladigan yoki zaif (kuchsiz) yoki mavzu’ to‘qilgan hadismi – shu haqda ulardan surishtirib, keyin saytga joylashlari maqsadga muvofiq, deb o‘ylayman. Chunki, Alloh ko‘rsatmasin, ertaga bunday to‘qima hadislar xalq orasida keng tarqalib ketsa, avom xalq unga bilar-bilmas amal qila boshlaydi. Keyin bir ahli ilm chiqib qolib, shu hadisning botil yoki to‘qimaligi haqida unga xabar bersa, haligi odamning hadisga bo‘lgan umidi puchga chiqib, boshqa hadislardan ham bezillab qoladi. Buning oqibatida boshqa sahih hadislardan ham shubhalana boshlaydi. Eng yomoni shundaki, xalq orasida keng tarqalib ketgan ba’zi mavzu’ hadislarni ko‘pgina musulmonlar sahih deb o‘ylab rivoyat qilib yuradilar. Endi ularga buning mavzu yoki to‘qima ekanini tushuntirish ancha qiyin bo‘ladi. Masalan, "Faqirlik mening faxrimdir..." shu kabi: "Ilmni, garchi Chinda (ya’ni Xitoyda) bo‘lsa ham talab qilinglar", degan hadislarni ko‘pgina ilmli kimsalar ham aytib yurishadi. Afsuski, bu hadislarning mavzu’ – to‘qimaligini hamma ham bilavermaydi. Vallohu a’lam Barcha ilm Allohning huzuridandir. Doniyor Fayz" iktibos tugadi.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Foydali maqola yozibdi. Vallohu a’lam!

5 May 2022, 10:24 | Savol-javoblar | 164 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar